Bashariyat qayig'i

Bayram ALI

Muallif haqida: Bayram ALI – Qashqadaryo viloyatida tug'ilgan. “Bolangman, dunyo”, “Kuz yomg'irlari”, “Bosiriq” kabi nasriy kitoblari chop etilgan. “Sharq yulduzi” jurnalida faoliyat yuritadi.

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi ­a'zosi.

 yoki ulug' adib Chingiz Aytmatovning avlodlarga vasiyati

“Cheksiz kenglik qarshisida qayiqda o'tirgan odamning hech narsaga arzimasligini chol yaxshi bilardi. Lekin inson o'ylari bilan Dengizga va Osmonga tenglasha oladi…”

Din insoniyatning eng katta ma'naviy tayanchi hisoblanadi. Biroq oxirzamon tushunchasini faqat dinga bog'lab tushunish shart emas. Yer yuzida zulm, fahsh hamda yovuzlik mavjud ekan, insoniyat tasavvurida do'zax va qiyomat haqidagi qo'rquv, qay bir ko'rinishda bo'lmasin, mudom yashayveradi. Faqat yashayveradi emas, balki dunyo tubanlashgani sayin bashariyat tanazzuli muqarrar ekanligi haqidagi hadik ham orta boradi. Ehtimol, shuning uchundir, jahon adabiyotining asrlar osha unutilmasdan yashab kelayotgan eng sara asarlari aynan mana shu g'oyani o'z ichiga singdirgan. Jumladan, dunyo miqyosidagi ulug' adib Chingiz Aytmatov ham o'zining “Sohil bo'ylab chopayotgan Olapar” qissasida “Olamni tanazzuldan kim qutqaradi?”, “Qanday qutqaradi?”, “Insonning hayot oldidagi burchi nimalardan iborat?” kabi umrboqiy savollarga javob izlagan, ta'bir joiz bo'lsa, o'zining bu boradagi munosib javobini ayta olgan.

Chingiz Aytmatov ijodining o'ziga xos jihatlaridan biri shundaki, adib o'zining har bitta asarida mif, afsona va rivoyatlardan detal sifatida unumli foydalanadi. Adibning qaysi asari haqida gapirmaylik, undagi biror bir afsona yo rivoyatni eslamaslikning iloji yo'q. “Qiyomat” romanidagi bo'rilar yoki monastirdagi qo'shiq haqidagi afsona, “Asrga tatigulik kun”dagi “Ona Bayit” yoki “Qora nor” rivoyati, “Qulayotgan tog'lar”dagi qayliqlar yoki arxarlar haqidagi afsonalar bunga yetarlicha misol bo'lishi mumkin. Adib o'zining bu uslubi bilan, mening nazarimda, go'yoki bugungi madaniyat va qadriyatlar yemirilib, tobora axloqiy tanazzul yoqasiga yaqinlashayotgan insoniyatni xalq orasidagi qadimiy afsona hamda rivoyatlar asrab qolishi mumkin, demoqchi bo'lganga o'xshaydi… “Sohil bo'ylab chopayotgan Olapar” asarida ham u o'zining shu uslubiga sodiq qolgan tarzda afsonani, yanayam aniqrog'i, Oxota dengizi bo'yida yashovchi kam sonli Nivix xalqi og'zaki ijodida yashab kelayotgan tyulen ovlovchilari bilan bog'liq kichik bir rivoyatni asos qilib oladi. Bilishimcha, asar aynan shuning uchun Nivix xalqi yozuvchisi Vladimir Sangenga bag'ishlangan.

Ammo “Sohil bo'ylab chopayotgan Olapar” Aytmatovning bo'lak asarlaridan shu jihati bilan farqlanadiki, adib o'zining boshqa asarlarida rivoyatlardan asarning faqat ma'lum bir qismi uchungina foydalansa, mazkur qissasini to'laligicha afsonaning ustiga qurgan.

Shu yerda Aytmatovning yozish uslubiga xos bo'lgan ikkita muhim jihatga e'tibor qaratish zarur deb hisoblayman. Bulardan birinchisi: avvalo, dengizda ro'y bergan voqea oddiy bir afsona edi, yozuvchi uni badiiy haqiqatga aylantirib, hayot haqiqati darajasiga ko'taryapti. Ikkinchisi: adib ushbu afsona asosida o'zi ham mifga tortib ketadigan bir rivoyat to'qib, asar mag'ziga singdirib yuboryapti. Bu ham bo'lsa, “Ko'k sichqoncha” to'g'risidagi rivoyatdir. Menimcha, “Ko'k sichqoncha” rivoyati haqida gapirishdan oldin asar voqealarini qisman eslamoq va uni tahlil qilmoq joiz.

O'qirman eslasa, asar O'rxon bobo, Milxun, Emrayin hamda o'spirin yoshiga yaqinlashayotgan Kiriskning tyulen ovlash uchun dengizga chiqishi bilan boshlanadi. Oydinlashtirish lozim esa, Emrayin Kiriskning otasi, Milxun amakisi. O'rxon bobo – ovchilar jamoasining boshlig'i hisoblanib, qarindoshlik jihatidan ularga begona. Asarda voqealarning aynan dengizda ro'y berishi, ya'ni odamzodning dengiz va osmon orasidagi hayot uchun kurashi tasvirlanishi, shubhasiz, ramziy, albatta. Holbuki, qissaning asosiy g'oyasi ham insoniyatni yo'qlik qariga g'arq bo'lishdan nima asrab qolishi hamda buning uchun inson qanday usulda kurash olib borishi kerakligini tushuntirishdan iborat edi. Shunga qaramay, biz inson va dengiz voqeasini ramzlashtirmasdan, oddiy hayotiy voqelik sifatida qabul qilgan taqdirimizda ham qissa o'z zimmasiga olgan badiiy yukini bemalol oqlagan bo'lardi.

Muallif juda ko'p o'rinlarda O'rxon boboning xayolot olamiga, ichki kechinmalariga murojaat etadi. Asar boshrog'ida uning o'zi kema yasagan daraxt bilan gaplashgani keltirib o'tilsa, o'rtarog'ida Luvr o'rdak haqida, undan sal quyiroqda Suv parisi bilan bog'liq ilohiy xayollari haqida aytiladi. Uning bunday ilohiy xayollari esa o'z-o'zidan bizning yodimizga kema yasab, dunyoni halokatdan asrab qolishga uringan Nuh payg'ambar rivoyatini solib yuboradi…

Aslida, O'rxon boboni har qanday timsolning o'rniga qo'yib fikr yuritishimiz mumkin. Diniy jihatdan olib qarasangiz, O'rxon boboni xoh Muhammad alayhissalom deng, xoh Iso alayhissalom yoki Nuh alayhissalom, ushbu har bitta timsolga u g'oyaviyligi bilan, baribir, mushtarak. Rost emasmi – kema bo'ron halokatiga uchrab, yo'lovchilar jonini asrash uchun qolgan ozgina suvdan hamma ichganida O'rxon bobo ichmay o'zining ulushini Kiriskka qoldiradi. U nega shunday qiladi? Axir bola unga tomchi qoni qo'shilgan qarindosh emas edi-ku, O'rxon boboni qanday mas'uliyat bunday qilishga majbur etdi ekan?..

Agar yaxshilab e'tibor qilsak, u bu yerda faqat suvdan ichmadigina emas, balki o'z jasorati bilan insonning kelajak avlod oldidagi burchini esga solib, Milxun hamda Emrayinlarning ham tasavvurini butkul ijobiy tomonga o'zgartirib yuboryapti. O'shanda O'rxon bobo o'z rizqidan kechib, uni Kiriskka ilinmasdan, hech bo'lmaganda og'iz ho'llaganda edi, Milxun bilan Emrayin ham uning harakatlarini takrorlamagan va oqibatda insoniyatning avlodlari oldidagi mangu burchi bajarilmasdan qolgan bo'lardi. Mana shu sifatlari bilan O'rxon bobo obrazi insoniyatni o'zgartiradigan, bashariyat uchun o'zini javobgar hisoblagan va oxir-oqibat dunyoni halokat yoqasidan asrab qolishi mumkin bo'lgan o'ta buyuk inson timsolidir. Lekin men hali yuqorida bu obrazni istalgan timsolning o'rniga qo'yib tahlil qilish mumkinligini e'tirof etgandim. Bu so'zimning isboti o'laroq, mabodo O'rxon boboni odam deb hisoblamasdan, o'z farzandlari uchun hech narsasini ayamaydigan, farzandlari uchun mudom o'zini qurbon qilib kelayotgan ona tabiat, borliq ramzi deb hisoblasak ham, asar g'oyasiga oid haqiqatlar o'zgarmasdan qoladi.

Mana, nihoyat, asarning falsafiy jihatdan eng kulminatsion nuqtasi – Kirisk kasal bo'lib isitmalab qolganda onasi unga aytib bergan “Ko'k sichqoncha” haqidagi rivoyatga ham yetib keldik. O'sha rivoyat taxminan shunday boshlanadi: “Onasi yalinib-yolvorib, uni suv ichishdan tiyar edi. Tashnalikka chidasang, kasallik sendan qochadi, deb tushuntirardi.

− Chidagin, jon bolam! – derdi u. – Ichingda “Ko'k sichqoncha, menga suv ber!..” deb tinmay qaytaraver. So'ragin, jonim, ko'k sichqonchadan suv so'ra. U yugurib keladi va senga suv beradi… Faqat tinmasdan, chin dildan so'ra…”

O'shanda isitma otashida yonayotgan Kirisk onasining aytganini qilib, ko'k sichqonchani chaqira boshlaydi. Sidqidildan, komil ishonch bilan “Ko'k sichqoncha, suvingdan ber, ko'k sichqoncha, suvingdan ber…” deb tinmasdan yolvoradi. Va mana shu usul bilan u o'z nafsini tiyib, butun bir qiynoqli kechani yengib o'tadi. Keyinchalik dengizdagi tashnalikda ham onasi aytib bergan aynan shu “Ko'k sichqoncha”ning yugurib kelishi va unga suv berishiga bo'lgan ishonch Kiriskning bardoshiga bardosh qo'shadi, uni muqarrar halokatdan omon saqlaydi…

O'qirman esga olsa, shunga o'xshagan yana bir islomiy rivoyat bor. Alqissa, Haj safariga otlangan taqvodor bir odam yo'lda cho'pon kishining chaylasida tunab qolibdi. U saharda ibodat qilish uchun uyg'onsa, cho'pon chaylaning bir burchagiga o'tirib olib “Oq qo'yning kallasi, qora qo'yning kallasi… Menam Xudoning umidvor bandasi!” deb namoz o'qib o'tirgan emish. Haligi odamning bundan juda jahli chiqibdi. Cho'ponni kufrda ayblab, shartta turib, uning chaylasini tark etibdi… Ammo u bir kuni Haj ziyoratiga yetib, Ka'bani tavof qilayotgan paytda “Sen nega bir mo'minning qalbidagi ixlosini so'ndirding?” deb ko'kdan vahiy kelgan ekan… Xuddi o'sha cho'ponda bo'lganiday, “Ko'k sichqoncha” ham bu yerda Nivix xalqining e'tiqodi timsoli, Yaratgan bilan bog'lanishning bitta usuli. Biz asar syujetidan kelib chiqib, insoniyat Osmon bilan Dengiz, ya'ni Tiriklik bilan O'lim o'rtasida azaliy kurash olib boradi va uni olislarda Saodat cho'qqisi dengiz qirg'og'idagi “Olapar” misoli chorlab turadi, deb bilsak, inson mana shu kurashga bo'lgan kuch va bardoshni, matonatni e'tiqoddan oladi, degan yechim kelib chiqadi. Yanayam aniqrog'i, banda ich-ichida kechayotgan ruhoniy janglarni faqat e'tiqod bilan bostirishi, shu yo'l bilangina nafsi damini qirqishi mumkin, deb tushunmoq o'rinli.

Lekin rivoyatning ahamiyat berish shart bo'lgan yana bir ingichka qirrasi bor. Axir asarda aytilayotgan sichqoncha oddiy emas, aynan ko'k sichqoncha! Har qalay, sichqonchaning ko'k ekaniga muallif tomonidan alohida urg'u berilgan. Xo'sh, siz ko'k sichqoncha haqidagi rivoyatni yana qaerda o'qigan yoki eshitgan edingiz? Balki bu sichqon maqola boshrog'ida ham siz bilan biz eslab o'tgan – ­dunyoni halokatdan qutqarmoqchi bo'lgan Nuh payg'ambarning kemasini teshgan o'sha mashhur ko'k sichqonchadir?! Ha, menimcha, shunday. Aytmatov aslida to'qigan mana shu mif-rivoyati misolida o'zi yaratgan paradoks bilan xalqlarning turli-tuman e'tiqodi o'rtasidagi tafovut pardalarini sidirib tashlamoqchiday, nazarimda…

Alqissa, shuncha ramz va simvollarni, shuncha ulkan g'oyalarni o'z ichiga sig'dirolgan mazkur asar “Dunyoni kim qutqaradi?”, “Qanday qutqaradi?” kabi umumbashariy savollarga xulosaviy yechim bilan yakun topadi. Bu xulosa shundan iboratki, dunyoni o'zgartirish uchun bombardimon urushlar olib borish yoki olamshumul inqiloblarga homiylik qilish shart emas. Odamzodda birgina O'rxon boboning jasorati bo'lsa, bas, dunyo tubdan o'zgaradi. Basharti, har bitta insonning avlodlari oldidagi mangu burchi ham, aslida, shudir…

Qolaversa, siz va biz bilan zamin cheksiz fazo uzra dengizdagi qayiqday chayqalib turibdi. O'rxon boboning hayot tajribasi, Emrayinning ibrati, Kiriskning matonati unutilar ekan, u “Olapar” cho'qqisidan tobora olislashib boraveradi…

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 − 12 =