Lider bo'lish — qo'lingizda!

Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbari Otabek Hasanovning “Liderlar kitobi” asarini o'qiy boshlaganimda hayratim oshdi. Qoyil, kitob shu qadar xalqona yozilganki, uni o'qigan sari mutolaa dengiziga sho'ng'ib ketganingizni bilmay qolasiz.

“Hamma o'qishi shart” deb atalgan maqolada fikrlar lo'nda, sodda va tiniq bayon etilgan. Ayrim kitoblarni o'qisangiz, zerikib, uyqungiz keladi. Yo'q, “Liderlar kitobi” esa borgan sari sizni sergak torttiradi. Har bir mavzu oxirida “Qaydlar uchun” degan bo'limcha bor. Unda “Men nimani tushundim?”, “Menga yoqdi” va “Xulosa” degan so'rovlar bor.

Kitobdagi qiziq hangomalar, rivoyatlar, latifalar, mantiqiy jumboqlar bamisoli ohanrabodek o'ziga tortadi. Beixtiyor lider deganda rahbar, boshqaruvchi degan tushunchalar yodga keladi. Aslo unday emas. Rahbarning ma'naviy qiyofasi, uning jamoadagi o'rni haqida psixologik ruhdagi kitoblar ko'p chiqqan. Lider amaldor bo'lmasligi mumkin, rahbar va yetakchilik bir-biridan farq qilib, yetakchilik — bu ko'pchilik emas, balki bir shaxs yoki shaxslar guruhini ifodalaydigan, yuqoridan pastga yo'naltiriladigan xususiyatga ega bo'lgan hokimiyat ko'rinishlaridan biridir. “Etakchi” (“Lider”) so'zi ingliz tilidagi “Leader” so'zining tarjimasi — “etakchi, boshchilik qiluvchi” ma'nolarini beradi. Lider guruhdagi faolligi sabab, hokimiyat yo'qligi uchun rahbardan farq qilsa-da, yetakchiga aylanadi. Mashhur olim, akademik Vladimir Kvintning yozishicha, “etakchi ma'lum ma'noda strategiyani jonlantiruvchi shaxsdir”. Otabek Hasanov liderlikning o'ziga xos jihatlariga dunyo olimlari bildirgan fikrlarni taqqoslaydi.

Ushbu kitobda “Liderlar” telegram kanalining “7 savolga 7 javob” rukni orqali berib borilgan savol-javoblar ko'rinishidagi ajoyib suhbatlar matni keltirilgan.

Fikrni bayon etishda aniq savol qo'yish va unga mos javobni ifoda etish kitobxon uchun eng qulay va mo'ljalga yetib boradigan shakl hisoblanadi. Masalan, ushbu bobdagi yettinchi savolni o'qiylik.

“Otabek aka, bu judayam ko'pchilikni qiziqtiradi, ya'ni sizni tanimaganlar, bilmaganlar siz haqingizda yaqinroq bilishni xohlaydi. O'zingiz haqingizda qisqacha ma'lumot bersangiz, xobbilaringiz, qiziqishlaringiz…”

Javob quyidagicha: “Xobbim — sport. Har bir rahbarda bugun yaxshi ko'rgan sport turi bo'lishi kerak, ya'ni ruhiy bosim-stressni yechish uchun. Bugun ish juda ko'p, mas'uliyat katta rahbarlarimizda. Men bugun haqiqiy vatanparvar rahbarlarni ko'rib turibman, kerak bo'lsa, 24 soat ishlayotganlarini ham bilaman.

Har bir rahbarda stressni tarqatadigan, charchoqlarni yozadigan omillar bo'lishi kerak, lekin bu spirtli ichimlik yoki o'yin-kulgi emas.

Sport kerak va shart bizga bugun, har bir insonga! Nega, bilasizmi? Ruhan va jismonan salomatligimizni mustahkamlash uchun. Biz Akademiya o'yingohida haftada bir-ikki marta futbol o'yini tashkil etamiz. Yakshanba kuni katta tennis o'ynashga harakat qilaman. Shuningdek, dam olish kunlari ko'proq oilamga vaqt ajratishga, farzandlarim bilan suhbatlashish, teatrga, kutubxonaga borishga harakat qilaman. Oila — muqaddas. Kelajak uchun uyimda ikki nafar lider (farzandlarim) tarbiyalayapman. Agar telegramdagi kanalimga e'tibor qaratib, yonimda turgan kichik liderlarimga ahamiyat bermasam, bu mening eng katta xatom bo'ladi.

Bilasizmi, liderda shavq bo'lishi kerak, siz hamma narsani ishtiyoq bilan qilishingiz kerak, futbol o'ynayapsizmi, unda ishtiyoq bilan futbol o'ynang. Uyda ba'zida taom pishirib turaman, albatta, ishtiyoq bilan. Erkak kishilarning ovqati nima uchun ayol kishinikidan shirin chiqadi? Sababi ovqat tayyorlash — ayol kishining kundalik ishi, qolaversa, u bir vaqtning o'zida uch-to'rtta yumushni bajaradi, erkak kishi taom pishirayotganida e'tibori faqat shu ishda bo'ladi, ishtiyoq bilan tayyorlaydi va natijada ovqati shirin chiqadi. Ishxonadayam bugun men shu ishni sifatli bajaraman, degan kayfiyatda ishlash kerak.

Genri Ford aytganiday, “Har kuni ishga xursand bo'lib keladigan va uyiga shoshilib, xursand bo'lib ketadigan inson eng baxtli insondir”.

Qolaversa, salomatligingiz joyida bo'lsagina, hammasi yaxshi bo'ladi. Siz faqatgina aqliy emas, jismoniy ham baquvvat bo'lishingiz kerak. Tasavvur qiling, siz aqlan salohiyatlisiz, kuniga o'ntalab kitob o'qiysiz, lekin sog'lom emassiz, ko'rinishingiz nimjon, demak, siz lider emassiz. Lider ham jismonan, ham aqlan, ham ma'nan baquvvat bo'lishi kerak. Haqiqiy lider bo'lish esa, albatta, o'z qo'lingizda, hammasi o'zingizga bog'liq.

Muallifning o'ziga xosligi shundaki, u kitobxonning ro'parasida turgandek fikrlaydi va suhbatdoshini mulohaza yuritishga, mantiqiy silsilaga qo'shilishga undaydi. O'quvchi beixtiyor “Haqiqatdan ham shunday!” deb yuborganini bilmay qoladi.

Boshqa boblarni o'qiganingiz sayin muallifning yangi qirralarini kashf etasiz. Hayotda komil inson bo'lish uchun odam bolasidan nimalar talab qilinadi? Umuman, bu dunyoda komillik nima uchun kerak? Bu yo'lda inson uchun kitobning o'rni qanday? “Liderlar kitobi”da shu savollarga hayotiy misollar orqali javob olasiz.

Kutilmagan savollar kitobxonni qiziqtirib qo'yadi. Aytaylik, to'rtinchi suhbatda mana bu savolga nazar tashlang: “Nima uchun ko'p narsani bilamiz-u, lekin amalga oshirishga kelganda qo'rqamiz yoki qiynalamiz?”

Javobni o'qiymiz: “Bu hol faqat bizda emas, butun dunyoda bo'layotgan muammodir. Mashhur universitetlarda ham iqtisodiyotdan dars beradi yoki tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash bo'yicha dars beradi, lekin shu odamning o'zining ijtimoiy va iqtisodiy holati o'rtacha, ya'ni shuncha qonun-qoidalarni, nazariyalarni biladi-yu, nega o'zi millioner emas? Bilasizmi, buning psixologik tarafini ham inobatga olish kerak. Masalan, men ba'zi bir insonlarni bilaman. Ingliz tili grammatikasidan 100dan 95 oladi, uch mingdan ortiq so'z biladi, lekin ingliz tilida xorijlik inson bilan 5 daqiqa ham gaplasha olmaydi. Sababi, unda qo'rquv bor, tortinchoqlik bor. Yoki yana bitta misol: ba'zi bir do'stlarimning mashina haydash uchun guvohnomasi bor, uyida avtomobili ham bor, lekin hayday olmaydi. Bilimi bor, shablon yodlash bo'yicha chempion, hamma belgilarni biladi, yo'l qoidalarini YPX xodimlaridan yaxshi tushunadi, lekin boshqara olmaydi. Ko'nikma yo'q, qo'rquv bor”.

Kitobning “Chet elda nimalarni ko'rding?” sarlavhali maqolasi yanada diqqatga sazovordir. Yer kurrasining boshqa joylaridagi odamlar hayoti tasavvurimizni o'zgartiradi.

Siz hayotingiz davrida otangiz o'gitlarini eslaysizmi? Agar do'ppini yerga qo'yib, ota-ona sizga qilgan nasihatlar haqida mulohaza yuritib ko'rsangiz, ko'p narsa yutasiz. Mana, Otabek Hasanovga otasi aytgan o'gitlari:

“Kam gapirib ko'p eshit, kitobni sev, o'qi, xulosa chiqar, rioya qil! Olimlarni, ustozu murabbiylarni hurmat qil, e'zozla. Ularga ishon, ardoqla, chunki ular seni saodatga, baxt va komillikka yetaklaydi.

* * *

Bolam, agar bir ish uchun rahbariyatdan maqtov eshitsang, bu jamoamning mehnati degin, bu juda muhim. Agar biror-bir ish uchun tanbeh eshitsang, bu mening xatoim deyishni bilgin. Shundagina sening yoningda yaxshi va fidoyi insonlar yig'iladi”.

Qanchalar hayotiy gaplar.

Kitobning beshinchi bo'limida insoniyat allomalari, donishmandlari aytib qoldirgan bebaho aytimlarni saralab keltiradi. Donolar fikrlari kitobga o'zgacha bezak baxsh etgan.

Kitobda Ezop masallari, hayotiy hangomalar, O'tkir Hoshimovning “Daftar hoshiyasidagi bitiklar”i, ijtimoiy tarmoqlardan olingan qiziqarli hikoyalar, mashhur zotlar saboqlari ham o'rin olgan.

Ko'pincha bir kitob o'qiganda, kelgan joyiga xatcho'p qo'yish odatimiz bo'lgan. Ayrim hollarda detektiv asar bo'lsa, uyqusiz tunlar hisobiga tugatib qo'yishni ma'qul ko'ramiz. Otabek Hasanovning “Liderlar kitobi”ning har bobini o'qigandan keyin o'y-xayollarga berilib, yozilgan satrlarni hazm qilsangiz, xato bo'lmaydi.

Shuhrat JABBOROV,

O'zbekistonda xizmat

ko'rsatgan jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

six − 6 =