So'zga, so'zlarga ishonaman

Bir kunda qancha she'r o'qiysiz, lekin ularning hammasi ham yodingizda qolmaydi.

Bugun bir she'r yodimda qoldi:

 

To'zonu xazonlar o'ynagan yo'lak,

Oppoq boshlarini mag'rur tutgan tog',

Qishning elchilari kelmoqda bo'lak,

Ma'yus ko'rinadi biydek dala, bog'.

 

Tog' bag'ri. Tomlardan o'rlaydi tutun,

Havoda qarg'alar charx urar betin.

Og'ochlar ship-shiydam, chiyillar shamol,

Kuz endi faslmas, kuz endi xayol…

 

Kech kuz manzarasi musavvirona chizilgan. She'r sarlavhasi ham “Kech kuz”. She'rda xazonlar to'zg'igan yo'lak, birinchi qor tushgan tog', biydek dala, yupun bog' ko'rinishlari detal, shtrix – unsurlarigacha aniq chizilgan. Ayniqsa, tog' bag'ridagi quyoshga qaragan o'zbekona uylarning og'ir tomlarini ko'z oldingizga keltiring. Bu faslda mo'rikon va mo'rilarga ish topilgan, endi ular bahor kelib, kunlar iligunga qadar shu uyda ildiz otib ko'kargan bir oilaga beminnat xizmat qiladi. Sovuq va mehnatdan qo'llari yorilgan ona tongda turib cho'yan pechga tarasha-o'tin qalaydi. Oila – ota-ona, bola-baqrasi bilan saxovat ramzi bo'lgan o'zbekona dasturxon atrofida jamuljam bo'ladi. Katta oiladagi turli sinflarda o'qiyotgan har xil yoshdagi bir necha o'g'il-qiz tongda uyg'onib, qoraygan novda, butoqlardan shudring tomib turgan hovliga chiqadi. Tog'ning toza havosidan ko'kragini to'ldirib simirarkan, qo'radagi qo'y-qo'ziga, og'ildagi sigir-buzoqqa o't-xashak tashlashga oshiqadi. Yaxshiyam, yemish vaqtida berildi, agar sal kechikilsa, sigir-buzoq, qo'y-qo'zi ma'rab dunyoni buzardi. Bolalar maktab kiyimlarini kiyishga taraddudlanadi, ona kuymalanib, farzandlarni maktabga kuzatadi. Ota allaqachon ketmonning loyini tozalagan. Ketmon ishga shay. O'zbek hovlisida kech kuzda ketmonga ish topiladi.

Ana shunday tasavvurlarni  uyg'otgan mazkur she'r Zayniddin No''monxonning “Ishonch istagi” kitobidan. Bu shoir kim ekan, deb qiziqayotgandirsiz? Zayniddin No''monxon ko'p yillardan buyon beta'ma qog'oz qoralab kelayotgan, bugun yetmish besh yoshning dovonidan oshgan, bir talay shogirdlarga ustozlik qilayotgan tajribali, zahmatkash, o'z so'zi, o'z ovoziga ega bo'lgan ijodkor. Uning o'z muxlis-o'quvchilari, sodiq kitobxonlari bor. Shu paytga qadar shoirning “Izhor”, “Sog'inchning rangi” kabi she'riy to'plamlari o'quvchilar hukmiga havola etilgan. Kitoblari, she'rlari talabchan o'quvchilar tomonidan iliq kutib olingan.

Shoirning kitobga nom sifatida berilgan “Ishonch istagi” nomli she'ri chuqur ramziy ma'no singdirilgani bilan ajralib turadi. Shoir baland tog'lar ortida moviy dengiz borligiga ishonishni istaydi. Baland tog'lar – bu hayot qiyinchiliklari, murakkabliklari, gohida insonga o'tib bo'lmas kabi ko'ringan mushkulliklar… Bunday og'ir tugunlar kimning hayotida yo'q deysiz? Baland tog'lar ortidagi moviy dengizni esa hayot qarama-qarshiliklarini yengib o'tgach, ruhiyat va vujudga taskin va halovat bag'ishlaydigan turmush g'alabalari, deb aytish mumkin. Yoki baland tog'lar – yuksak orzular bo'lsa, dengizni – orzularning ro'yobi ramzi o'laroq xayol qilish mumkin. She'rning lirik qahramoni ana shunday nekbin, ezgu va yorug' niyatlarni ko'ngliga tukkan va ana shunday nurli maqsadlarga ishonishni istaydi. Shu boisdan ham she'r “Ishonch istagi” deb nomlangan bo'lsa, ajabmas.

Biz  tahlil qilayotgan “Ishonch istagi” she'rida satrlar silsilasiga, misralarning zanjir singari ulanib kelishiga, fikr va ifodaning jo'shqin oqimiga e'tibor qarating:

 

Daryo suvin qumlik shimgani kabi,

Yetimning ko'zlari yosh to'kkan misol,

Yulduzlar tong oldi pirpirab asta,

Osmonning qa'riga ketgandek singib,

 

Kuz daraxt barglarin uzgandek bir-bir,

Uyurlar, otarlar solgan kabi iz,

Soyga kelgan sellar toshlarni ochib,

To'zg'igan qumlarni yiqqani kabi,

 

Yovuzlik yaxshilik ustidan hukm

Chiqargani kabi gohi-gohida…

 

She'r to'rtta “kabi”, bitta “misol”, ikkita “…dek” ishtirokidagi o'xshatishlar, qiyoslashlar bilan davom etadi hamda shoirning badiiy tajribasi va mahoratidan darak beradi. Zero, bu kabi silsilalarni tizish uchun ijodkor o'z dili va ongida mavjlangan tuyg'u va fikr to'lqinlarini jilovlashi va bir tizimga yo'naltira olishi talab etiladi. Ko'rinib turibdiki, shoir bu vazifa – shartni uddalay olgan. Shu boisdan ham she'rning yaxlit maromi, ravonligi buzilmagan.

 

Bular bor gaplar-ku ishonmay bo'lmas…

Ammo, men ishonmoq istardim yana,

 

Huv-anuv, ko'ringan tog'ning ortida

Moviy bir dengizni bor, deb ishongan

Bola tasavvuri kabi beg'ubor,

So'zlarga, azizim, takror va takror.

 

Lirik qahramon hech narsaga ishonmasa ham so'zga, bola tasavvuri kabi beg'ubor so'zlarga ishonadi. U yana she'rda ishtirok etayotgan lirik personajning yuragida buyuk sevgi borligiga ishonishni istaydi. Bu “buyuk sevgi” lirik qahramonning butun hayotini tashkil etadi:

Ishongum men yana birgina so'zga,

Sening yuragingda buyuk sevgi bor…

Ushbu kitobga kiritilgan she'rlardagi metaforalarga, obrazlar va ramzlarga bir misol keltirish bilan cheklanmoqchiman. O'ylaymanki, shu bir misolda ham, tomchida dengiz aks etgani kabi, shoirning badiiy san'atlar qo'llashdagi o'ziga xosligi, she'rlarining muhim jihatlari, qirralari o'quvchi-kitobxonda shoir va uning she'rlari xususida muayyan tasavvur uyg'otadi.

 

Qushlar uchib ketdi yiroqqa,

Ushalmagan orzular misol…

 

Shoir bir she'rida:

 

Bozorga aylandi dunyoi qadim,

Izlasang topasan anqo urug'in:

Samodan tushgan tosh – oyning parchasi,

Dengiz tubidagi baliqning go'shtin…

 

deb yozar ekan, afsuski, bugun butun dunyo oldi-sotdidan iborat bo'lib borayotgani, mehr-oqibat, ma'naviyat, madaniyat go'yoki bozorda o'tmas matoga aylanib qolayotganidan kuyunadi. Ko'pchilik, puling bo'lsa, anqoning urug'ini, samodan tushgan tosh – meteorit parchasini-yu, dengiz tubidagi baliqning go'shtini ham topish mumkin, deb o'ylaydi va shunday yashashni umrining mazmuniga aylantirgan. Aslida, shoirning bunday zangin kayfiyatga berilishi asossiz emas, mutlaqo… Zero, muallif atrofimizda yuksak orzu-ideallar bilan emas, kundalik va o'tkinchi hoyu havasga berilgan, moddiyat tashvishini umrining ma'no-mazmuniga aylantirgan toifa ko'payib borayotganidan tashvishlanadi. O'z she'rida, bu bozorda shoir yuragini so'rovchi kimsa – xaridor yo'qligidan o'kinadi, hatto qayg'uradi. Uning nazarida esa, shoir yuragini ezgu his-tuyg'ular, ezguliklar qo'rg'oni, deb aytish mumkin.

“Bolalik xotiralari” – shoirning eng yorqin she'rlaridan biri. She'rda inson umri-hayotining eng beg'ubor, pok davri – bolalik umumiy gaplar bilan emas, bolalikni haqiqatan ham bolalikka aylantirgan aniq manzaralar, detallar orqali chiziladi-tasvirlanadiki, she'rni bolalik haqidagi doston deb ta'riflash mumkin. “Lolazor; qirlar to'shi; pichanzor qo'ynida jim yotish; to'rg'aylar qo'shig'i; javdarzor; qovun paykali; jayraning hurpayib bolani qo'rqitishi; “ajinakovush”; paxsa devorga chiqib olgan qizg'aldoq; rangin kamalak; yersovun; bir qoshiq yovg'onu burda zog'ora…” Bolalikning bundayin chizgi va ranglari ushbu she'rning badiiyatini ko'tarib, oshirib turibdi. Mazkur she'rda shu jadval – shu tadrij-dialektika davom etadi-o'sadi va yakuniy misralar quyidagicha jaranglaydi:

 

Uzoq buloq boshi, ko'hna tegirmon,

Novdan oqayotgan suvning shiddati,

Tegirmon toshi-yu charxpalak, to'zon,

Xuddi kechagidek yodimda bari…

 

Darhaqiqat, hayot – ko'hna tegirmon. Tegirmon – charxpalak uzluksiz aylanadi, uning shiddati va to'zonida inson orzulari, niyatlari, hayratlari, hasrat va armonlari tegirmonga tashlangan bir hovuch don kabi yemirilib, maydalanib, ozayib boradi; shunday boraveradi… Axir, tegirmon to'xtamaydi-da…

Muallifning bir turkum she'rlari borki, ularda dunyo bino bo'lgandan buyon barcha shoiru adiblarni qo'lga qalam olib, kunlarni tunga, tunlarni tongga ulashga majbur etgan qiylu qolning azaliy haqiqatlari, ayni chog'da tazodli ziddiyatlari, bir qarasang – tartib-intizomli, bir qarasang – betartib, intizomsiz, hayotning maromini maromsizlik doirasiga, maromsizlikni marom aylanasiga soladigan zarbu turtkilarni, undovlarni o'qiysiz:

 

Qaytdi, ketgan turnalar qaytdi,

Bahor qaytdi, qaytdi turfa rang.

Qorlar erib, tog'lar yashnadi,

Soylar suvi bugun serjarang.

 

Dalalarga omochlar qaytdi,

Orzu qaytar qalblarga, inon.

O'tgan umr qaytmaydi faqat,

Qaytmagandek yo'qotilgan shon.

Ha, afsuski, faqat o'tgan umr qaytmaydi. Umr faqat bir martalik, o'-o'tadi-ke-etadi… Bu – she'r lirik qahramonining shamol kabi yelib-yugurib, aylanib-aylanib kelgan xulosasi…

Shoir bo'lish oson, ammo vatanparvar fuqaro bo'lish mushkul, deydilar. Zayniddin Ne'matxon esa, ham shoir, ham el-yurtparvar fuqaro sifatida,  millat yoshlari, ularning taqdir-qismati xususida astoydil qayg'uradi:

 

Omon bo'lsin hozirgi yoshlar…

Ehtirosi bo'lsa bordir-u,

Iztirobi yo'qqa o'xshaydi…

 

Muallif bu o'rinda yorug' iztirobni, insonning qalb javharini charxlab-qayraydigan, yoshlik saodatini billurlashtiradigan iztirobni nazarda tutgan. Shunday iztirobgina yoshlikning kuch-qudratini Vatan va millatga fidoyi, Insonga, bani basharga muhabbatli va sadoqatli bo'lishga, ko'ngil yoshligini yo'qotmaslikka, Yoshlikning ko'nglini boy bermaslikka, ya'ni yoshlikning xalq, el-yurt, qolaversa, hayot va insoniyat oldidagi qarzini uzishga, yoshlik burchi oldidagi mas'uliyatni teranroq, yanada chuqurroq anglashga undagan bo'lur edi.

O'tgan XX asrda O'zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Erkin Vohidov: “Boshqacharoq chiqdi hozirgi yoshlar… Eh, hozirgi yoshlar, hozirgi yoshlar…” deb bir qadar o'kingan, bir qadar qayg'urgan, bir qadar afsuslangan, alalxusus, yaxshi – oq niyatlar qilgan, millat shoiri Shavkat Rahmon esa, “Qodiriy va hozirgi yoshlar” she'rida: “Hozirgi yoshlarda pokizalik bor, tirik qalblariga diyonat ega, go'yo pok tabiat yomon ko'zlardan asrab qo'yganini shularga bergan” deb bir qaraganda yoshlarni alqagan, aslida, davr va zamonning tektonik siljishi-silkinishlari oldidan yosh avlod zimmasiga g'oyat cho'ng mas'uliyat, juda ulkan ishonch yuklagan bo'lsa, biz tahlilga tortgan she'r muallifi bugungi – XXI asr yoshlariga iztirobni, og'riqni, bezovtalikni, jonsaraklikni sog'inadi. Bugungi yoshlarga iztirob, yana iztirob  kerak, deydi. Yuqorida ta'kidlaganimizdek, iztirob – bu yorug'lik, ezgulik demoqchi bo'ladi shoir.

Xullas, Zayniddin No''monxonning ijodi bugungi she'riyatimiz xususiyatlarini muayyan darajada o'zida namoyon etgan. U bugungi kun uchun, yurtdoshlarimiz va zamondoshlarimiz uchun an'anaviy yo'lda asarlar yaratayotgan ijodkorlardan biridir. Shoirlar bor, she'riyat taraqqiyotiga yaxshi she'r yozib hissa qo'shadi, shoirlar bor, she'r yozmasligi bilan she'riyat taraqqiyotiga hissa qo'shadi. Ularning orasida Zayniddin No''monxon dunyoni o'z nigohi bilan ko'radi va shu fazilati bilan boshqa ijodkorlardan ajralib turadi.

 

Tokim borliq turarkan yashnab,

Hayot ramzi bo'lgay toabad –

Haqiqatni kuylagan she'rlar…

 

U “haqiqatni kuylagan” she'rlarida zamonning, zamondoshlarimizning tashvishlariga ochiq yuz va to'g'ri ko'z bilan qaraydi, yon-atrofimizdagi voqea-hodisalar to'g'risida o'z fikr va qarashlarini badiiy tarzda ifodalaydi. Bu uning mumtoz adabiyotimiz, shuningdek, dunyo adabiyotidan xabardor ekanidan darak beradi.

Shu ma'noda men “Ishonch istagi” kitobini mutolaa qilar ekanman, undagi goh muloyim, goh keskir so'zlar meni o'ziga ishontirdi. To'plamdagi she'rlar tiniq tuyg'ularga, yorqin ifodalarga boyligi, jozibasi, da'vatkorligi, mayin ohangi bilan kitobxon qalbidan chuqur joy oladi, deb o'ylayman.

Salim AShUR,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist,

shoir.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 − 11 =