Farida Afro'zning “qalb telefoni…”

Texnologiya va tezkorlik davrida yashayapmiz. Bugungi kun insonini ilm-fan, san'at va madaniyat yangiliklaridan ko'ra, ko'proq yangi rusumdagi avtomobillar, ayniqsa, “Iphone 17” kabi trendga chiqqan smartfonlar jalb qilmoqda. Jamoat joylari va transportda yoshlarning suhbatiga beixtiyor quloq osaman, ularning aksariyati faqat texnik yangiliklar haqida so'zlaydi:

“Iphone 17” oldingmi?”

“Men “Iphone 15”ni sotib, yangi “Iphone 17” olmoqchiman…”

Ochig'ini aytsam, internetda ham, real hayotda ham “Iphone 17” muhokamasidan shunchalar charchadimki…

Ijtimoiy tarmoqlardagi maza-bemaza kontentlar, bir-biridan saviyasiz reklamalar…

Ko'plab insonlar internetning iskanjasiga ilingan zamonda adabiyot va she'riyatda yangilik yaratish, yangilik bo'lsa ham portlash darajasida yangilik qilish nihoyatda murakkab va mushkul.

Ana shunday paytda O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o'rinbosari, taniqli shoira, yozuvchi, dramaturg va tarjimon Farida Afro'z o'zbek adabiyotida yangi tasbeh janrini yaratib, yuksak iste'dodini namoyish etdi.

Sevimli shoiramizning yangicha format va o'zgacha dizaynda “Ijod nashr” nashriyotida tayyorlangan, Istanbuldagi “Mega Basim” bosmaxonasida nashr etilgan “Shuur” kitobi 10 000 nusxada chop etildi. Kitob uch misralik kichik she'rlardan iborat bo'lib, lirik kompozitsiya va tugal mazmunga egadir. Har bir uchlikda hayajon, hayrat va haroratli hislar teranlik bilan jamlangan, ular 143 tasbehga jo bo'lib, betakror ruhda o'quvchiga taqdim etilgan. Aksariyat insonlar “Iphone 17” bilan ovora bo'lgan bir pallada Farida Afro'z qalb telefoni yaratdi. Bu uchliklar qisqa, ammo ichiga bir olam ma'no va mazmunni jam etgan bo'lib, o'zining badiiy qudrati, fikr sehri va ruhiy manifesti bilan o'quvchilar qalbiga chuqur ta'sir o'tkazadi. Har bir uchlikning so'zlari — nafaqat so'z, balki ruhiy manzil, falsafa va hayotiy dramatikaning sarmoyasidir. Bu uchliklar Sharq va G'arb falsafasi, modern va klassika, tasavvuf va psixologiyaning uyg'unlashgan betakror mahsulidir. Shoira bu uchliklarda inson qalbining ichki sukunatini, hayotiy sinovlar, ruhiy izlanishlar va his-tuyg'ularni ajoyib tarzda uyg'unlashtiradi.

 

Sen menga hech do'st bo'lolmaysan,

Ayt-chi, qachon, qanday chumoli,

Ko'tarolgan filning yukini.

 

Do'st kim? Do'st shunday insonki, yaxshi-yomon kuningda yo'ldosh, kerak bo'lsa, do'sti uchun molidan kechadi, jonidan kechadi. Afsuski, shoir o'z she'rida tilga olgan do'st undaylar sirasiga kirmaydi. Shuncha payt o'zini do'stman, deb yurgan do'sti haqida so'nggi qarorga keladi va “Sen menga hech do'st bo'lolmaysan”, deydi. Qarang, birgina satrga joylangan ma'no yukining zalvorliligini! O'zini do'stdek tutib, aslida, bir koriga yaramagan, og'ir kunida suyamagan, shodligida quvonmagan, tosh kelsa, kemirib, suv kelsa, simirib, do'stini asramagan odamni, do'stni do'st deb bo'ladimi? Endi e'tibor bering, keyingi misrada chumoli haqida gap boradi. Mitti jonzot chumolilar har qanday mehnatkash bo'lmasin, uning jismi fil ko'taradigan katta yukni ko'tarolmaydi. Shu o'rinda ajoyib qiyoslash qo'llanilganini ko'rish mumkin. “Do'st” o'z zimmasidagi mas'uliyatni, do'stlik vazifasini, insoniylik burchining yukini ko'tarolmaydi, shu sabab chin ma'nodagi haqiqiy do'st bo'lolmaydi. Go'yo fil ko'taradigan yukni chumoli ko'tarolmaganiday.

Yoxud sahroda qum barxanlarini kechib, horib, tolib, tanidan madori ketib borayotgan yo'lovchini tasavvur qiling. Hayotdan, yashashdan umidi uzilay deb turgan pallada ko'kka bo'y cho'zgan yashil daraxtni va uning soyasida, quyosh nurida jilvalanib oqib turgan buloq suvini ko'rgach, qanday holga tushadi? Albatta, yo'lovchi nafaqat chanqog'ini qondiradi, balki qalbida hayotga, yashashga bo'lgan umid qayta uyg'onadi. Ha, hayot go'zal, yashash yanada zavqli. Shoira she'rlarini o'qigan muxlis nafaqat qalb chanqog'ini qondiradi, balki hayot, umr mazmuni, mohiyatini yanada teranroq anglay boshlaydi.

 

Uxlayotgan erkak boshida

Sayrayotgan bulbul —

Baxti qaro ayol.

 

Yana bir uchlikdagi fikrlar shodasi katta bir asar ruhini beradi.

Oila, erkak va ayol. Jamiyatning kichik bo'g'ini. Baxt ham, baxtsizlik ham, bor ham, yo'q ham aynan oiladagi muhitga bog'liq.

Muhit sog'lom bo'lsa, er-xotin bir-birini hurmat qilsa, tushunsa, o'zaro muhabbat, ahillik, mehr-oqibat rishtalari mustahkam bo'lsa, unday oilalar eng baxtli oilalar sirasiga kiradi.

Shoira uchligidagi er-xotinlar aksincha. Er parvoyi falak, ayolining dardi, qalbida kechayotgan iztiroblar, og'riqlarni his qilmaydi. Uxlab yotibdi.

Shoira ayolni bulbulga qiyoslaydi.

“Sayrayotgan bulbul”…

Bulbul chiroyli qush…

Nihoyatda chiroyli sayraydi. Uning xonishidan ko'ngillar yayraydi. Lekin bu “bulbul” ayol “Baxti qaro”.

Baxtsizligi sababi o'zi ishonib, katta-katta orzular bilan turmushga chiqqan erida.

Ayolining baxtli oila bekasi bo'lishi uchun erkak harakat ham qilmagan. Ayolining hech bir dardi, fikrini tinglamagan. Shoira ayolga nisbatan “baxti qaro” iborasini qo'llayapti. Demakki, ayol shu erkakka turmushga chiqib, ro'shnolik ko'rmadi. Qadr topmadi. E'tibor ko'rmadi. Orzulari sarob bo'lib chiqdi. Shoira baxtsizlik tushunchasini yanada chuqurroq ifodalash uchun “baxti qaro” iborasini qo'llaydi. “Uxlayotgan erkak boshida Sayrayotgan bulbul — Baxti qaro ayol”. Uchlikning har satrida bir olam ma'no mujassam. Bu esa katta mahorat mevasi. Bir oiladagi muhitni rassom yanglig' uch misragina she'rda chizib bera olish har kimning ham qo'lidan kelavermaydi.

 

Bir hovuch suvman kaftingda,

To'kib yuborsang,

To'lqinman…

 

Bu uchlikdagi suv — shoiraning tasbehlaridagi ruh timsoli.

Kaftdagi suv — inson qalbidagi ehtiyotkorlik, munosabat, qadrlash ehtiyojidir.

Agar qadr topmasa, suv to'kiladi, lekin u yo'qolib ketmaydi, aksincha, ulkan bir to'lqinga aylanadi.

Bu to'lqin — ruhiy o'sish, ichki uyg'onish, og'riqdan tug'ilgan ma'naviy kuch.

 

Bir vaqtlar nonga navbat turardik,

Suvga, donga, har nega…

Bugun esa qadrga?

 

Bu uchlik bugungi jamiyatning eng katta fojiasiga ishora qiladi: odamlar kundalik ehtiyojlar uchun emas, balki qadr uchun navbat kutadigan zamon keldi.

Bu — Farida Afro'zning “Shuur” kitobidagi asosiy ruhiy magistral: insonning ichki qadrini anglash, qalbning haqiqiy qiymatini bildirish.

Uchlikning yana bir og'riqli savoli — kitobning umumiy ruhiy xitobi bilan uyg'un: bu savolning javobi o'quvchining o'zida uyg'onadi.

 

Poraxo'rlikka kurash —

Shamolga qarshi

Kurashga o'xshaydi…

 

Bu uchlik jamiyatning axloqiy qatlamini ochadi. Shamolga qarshi kurashish — ko'rinmas kuchga qarshi kurash, bir insonning butun tizimga qarshi yolg'izligidir.

Bu fikr ham Farida Afro'z tasbehlaridagi firoq, ichki qayg'u va ruhiy og'riq bilan uyg'un.

Qisqa, lekin juda kuchli tashbeh orqali jamiyat illati ochiq-oydin tasvirlangan.

 

Eski bir qishloqning

Eski kulbasida

Tug'iladi yangi bir daho.

 

Daholar shohona sharoitda emas, ko'hna kulbalarda, ammo ulkan qalblarda tug'iladi.

Eski kulba — soddalik, halollik va tabiiylik makoni.

Aynan shu soddalikdan yangi bir iste'dod paydo bo'ladi.

Bu uchlik “Shuur”ning ichki g'oyalaridan biriga juda yaqin: buyuklik soddalikdan tug'iladi.

Shu uchliklar ham, “Shuur” ta'limoti ham bitta haqiqatni anglatadi: insonni buyuk qilgan narsa — gadjetlar, trendlar yoki “Iphone 17” emas, balki qalb qadri, ruhiy uyg'oqlik va so'z sehridir.

Farida Afro'z o'z kitobida shuning isbotini bergan: bir uchlik — bir dunyo.

Bir uchlik — bir hayot.

Bir uchlik — bir hakimlik.

Shu sababli, “Shuur” kitobi nafaqat kitob, balki qalbga yetkazilgan ruhiy sehrdir.

Kitobni qo'lingizga olganingizda, xuddi smartfonga o'xshash tuyg'uni his qilasiz: har bir uchlikning mazmuni so'zlar bilan birga, tanlab joylashtirilgan vizual elementlar orqali ham tasavvuringizda yanada jonli tasvirlanadi.

Bu shoiraning she'riyat ixlosmandlariga berilgan qalb telefoni — haqiqiy ruhiy tuhfadir.

Farida Afro'zning uchliklarida Sharq va G'arb falsafasi, modern va klassika, tasavvuf va falsafa birlashib, mukammal yangilik yaratadi.

Har bir uchlik o'quvchida ichki dramatik kuch, ruhiy tafakkur va falsafiy tafsilot uyg'otadi. Kitobdagi uchliklar o'quvchida so'zning sehrini, adabiyot qudratini va shoiraning ulkan iste'dodini ruhan his qiladigan imkoniyat yaratadi.

“Shuur”da adabiyotning kuchi, beqiyos qudrati uchliklarning har bir satrida yanada yorqinroq namoyon bo'ladi.

SO'Zdan qalbingizga oqib kiradigan huzurbaxsh oniy lahzalar, tuyg'ular, betakror fikr, xulosalar Sizni o'zga, go'zal bir olamga olib kiradi. Bu olam zilol suv kabi tiniq, osmon kabi beg'ubor, ona allasiday hazin va yoqimli. Bu adabiyot olami, she'riyat olami.

Farida Afro'z she'riyati, uchliklari ham ana shu olamdagi chaqnoq, yorqin nur kabi ko'ngillarga yorug'lik olib kiradi. O'ylashga, mushohada qilishga, xulosalar chiqarishga undaydi.

Bugun men uchun juda quvonchli kun: sevimli shoiram menga va barcha o'quvchilarga “Iphone 17”dan ham bebaho va qimmatli “Shuur” qalb telefonini tuhfa etdi.

Ushbu kitob orqali o'quvchi so'zning sehri, adabiyotning qudrati va shoiraning ulkan iste'dodidan ruhan bahramand bo'ladi.

“Iphone 17” ololmay, armonda yurganlar endi Farida Afro'zning “Shuur” qalb telefonini olib, tanishing, o'qing!

Ushbu mo''jaz va go'zal kitob bilan muallifni va barcha kitobxonlarni tabriklasak juda yarashiqli ish bo'ladi.

Jahongir NAMOZOV.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three + eleven =