Havoda obraz yaratgan sanʼatkor
Özbekiston radiosi boş rejissyori bölgan ustoz Rahmat Jumayevni yod etib…
Öylab qarasam, milliy teleradiojurnalistikamizning qariyb bir asrlik şonli tarixining çorak qismiga şerik ekanman. Albatta, bu oqsoç tarix oldida kökrak kerib ğururlanadigan vaqt emasdir. Lekin men uçun bu davr hayotimning eng yorqin, kiroyi eslaşga munosib pallasi; bu yoği yaşalgan umrning naq yarmi axir! Şu vaqt orasida sohaning juda köp piru murşidlari bilan yonma-yon işlaş, davradoş böliş baxti nasib etdi.
Teleradiomizda azaldan yaxşi bir anʼana şakllangan: jurnalistlar avval radioga işga olinadi, u yerda obdan tajriba oşirib, jurnalistikaning nozik sir-asrorlarini özlaştirib, odamiylik fanidan saboq olib, keyin televideniyega “kötarilib” ketadilar. Radioda har doim yaxşi ijodiy muhit, kuçli maktab bölgan. Radio televideniyedan avvalroq paydo bölgani uçunmi yo boşqa sabablari bormi, aniq bilmayman, lekin eng zabardast ijodkorlar ham dastlab radioda faoliyat olib borişgan. Ölmas Umarbekov, Omon Muxtor, Tohir Malik, Usmon Azim, Erkin Aʼzam, Pölat Mömin, Abdusaid Köçimov, Saʼdulla Siyoyev, Orziqul Ergaş, Şoyim Bötayev, Şukur Qurbon, Odil Ikrom, Halima Ahmad, Zebo Mirzo, Faxriyor, Olim Toşboyev, Vafo Fayzullo kabi şoir-yozuvçilarimiz radioda ijod qilişgan. Ğafur Ğulomdan Abdulla Orifgaça, Said Ahmad, Şukur Xolmirzayevdan Xayriddin Sultongaça — hamma-hammasi hali siyohi qurib ulgurmagan asarlarini avval radioga eltişgan. Bu asarlarning eng birinçi muxlislari radio tinglovçilar bölişgan. Yana radioning biz entikib eslaydigan jihati — nihoyatda samimiy muhiti va şunday muhit bunyodkorlari bölgan beğaraz, betama insonlariki, bunday ajoyib jamoani yana boşqa bir joyda uçratiş mahol. Bu yerda ijodni moddiy neʼmatlardan, ötkinçi hoyu havaslardan, hatto baʼzilari özining hayotidan-da afzal bilişardi. Mana şunday ijodkorlar işlaydigan maskan edi radio.
Bu yil radioning töyi emas, marosim yetmişvoy televideniyeniki. Demak, bu galgi olqişu maqtovning hammasi uniki bölmoği lozim, aslida. Lekin “uka”ning töyida “aka”ni ham bir siylab ötiş, obrazli qilib aytganda, yelkasiga tön yopiş özbekligimizga xos iş.
2000 yil. Özbekiston milliy universitetining talabasi edim. Öşa yili maşhur yozuvçimiz, özbek hikoyaçiligining qoyasi Şukur Xolmirzayevning 60 yillik yubileyi fakultetimiz dekani, professor Qozoqboy Yöldoşning jonbozliklari bilan universitetda keng nişonlanadigan böldi. Kunduzi rasmiyroq anjuman şaklida boşlangan tadbir keçqurun jaydari köriniş oldi. Adabiyot, sanʼat ahlining bari yiğildi. Qizğin gurunglar, şirin xotiralar, yubilyarning şaʼniga aytilgan alqovlar… Bularning hammasi, albatta, taomilga köra, bir piyola çoy bilan böldi. Tun yarimlab qolganda Qozoqboy domla imlab çaqirdi-da, yonidagi insonga işora qilib: “Şu kişini taksiga çiqarib, kuzatib keling”, dedilar. Mehmon izzatli odam ekanligini u kişining salobati-yu, domla qöltiqlab olib çiqib, mening qöltiğimga uzatib yuborganidan fahmlab turardim. Odob bilan mehmonni yöl yoqasiga — taksi tutsa böladigan yerga boşladim. Mehmon kaminani hayallatmay söroqqa tuta boşladi, qayerda öqişim, kelajakdagi orzularim va qanday kasbning boşini tutişim va hokazo. Tabiiyki, siz kim bölasiz, nima iş qilasiz, kabi savollar berişim odobdan emasligi bois sukut saqladim, faqat u kişining savollariga javob berib turdim. Nihoyat, kamqatnov yöldan bir taksini tutdik. Mehmon örindiqqa şartta ötirdi-yu, “hayda!” dedi. Maşina jilişga ulgurmay, derazadan boşini çiqarib: “Ey yigit, agar radioda işlaşni istasang, ertaga Gosradioga bor, Rahmat Jumayev desang, meni hamma taniydi”, dedi ortiqça takallufsiz. Radiorejissuraning darğalaridan biri, radiopostanovkalarning piri, radioda yaratilgan dastlabki serial asosçilaridan biri Rahmat Jumayev bilan mening ilk tanişuvim şunday keçgan edi. Darvoqe, ertasi kuni men “Gosradio”ga Rahmat Jumayevni qidirib bormadim. Radioda işlaşni xayolimga ham keltirganim yöq edi. Öqişni bitirib, “Tafakkur” jurnalida işlab yurgan kezlarim bir kuni boş muharririmiz, yozuvçi Erkin Aʼzam qabuliga çaqirayotganini aytişdi. Borsam, Erkin aka dabdurustdan: “Yoşing neçada?” deb sörab qoldi. “Tafakkur” 21 yaşar bolaning joyi emas, 3 oyda bitta soni çiqadigan jurnalda ötiraverib, qarib ketasan, sening joying qaynoq ijodiy jarayonda bölişi kerak. Ertaga radioga borib, Faxriddin Nizomov degan odamga uçraşasan”, dedi. Radioga kirib, ilk qilgan işim — bundan bir yil muqaddam “meni Gosradiodan topasan” degan odamni, ikkovlaşib taksi yollagan öşa kundan beri ismi xotiramda mixlanib qolgan Rahmat Jumayevni qidirişdan boşladim. Eşik peşlavhida “Özbekiston radiosi boş rejissyori Rahmat Jumayev” degan yozuvni öqidim, kirib: “Esingizdami, huv öşa sizni taksiga solib kuzatgan men edim”, demoqçi böldim. Eşik tutqiçini uşladim-u, qilmoqçi bölgan işimdan özim uyalib ketdim. “Kuzatgan bölsang, kuzatgandirsan, meni sendan boşqa ham ne bir zotlar kuzatmagan” desa, nima deyman axir?
Hamma narsaning öz mavridi, peşonasiga bitilgan muddat-muhlati bölarkan. Endi öylasam, agar öşanda Rahmat Jumayevni qidirib “Gosradio”ga borganimda… men radioçi bölolmasdim, radioga işga kirgan kunlarim “men öşaman” deb qabuliga kirganimda, ehtimol, Rahmat Jumayevning men haqimdagi tasavvurlari umuman boşqaça bölgan bölar edi. “Oşiqma, oy tölgunça” degani şu bölsa kerak-da! Biz keyin iş yuzasidan, kasb taqozosi bilan köp-köp uçraşadigan böldik. “Yoşlar” radiokanalida har tun efirga uzatiladigan “Bedorlik” dasturida radioning “Oltin fondi”ga olingan asarlar qöyilardi. Ularni esa kamina tanlardim, eşitib olardim, texnik yoki ijodiy kamçiliklari bölsa, tuzatardim. Texnik kamçilik deganimki, magnit tasmalar yopişib qolgan, notöğri öralgan bölişi mumkin edi. Ijodiy “nuqson”ni bartaraf qiliş esa, öşa paytning mafkuraviy talabi bölgan baʼzi mavzular, iboralar, şaxslardan materialni “pok”laşdan iborat bölardi. Aytaylik, oktyabr revolyutsiyasi, uning dohiylari ismi şarifi, hatto jadid degan sözlardan ham tinglovçini parhez tutişga majbur bölardik. Ana şu kezlarda bizning eng asosiy maslahatgöyimiz Rahmat Jumayev edi.
Bir narsani eslatiş muhimki, bugun radio arxivida saqlanayotgan eng sara asarlar Rahmat Jumayevga tegişli. U kişi radioda köp va xöp ijod qilgan rejissyor edi. Men qayerinidir “kesmoqçi” bölayotgan asarlarning aksariyati Rahmat akaning ijod mahsuli edi. Asarlarini farzandi ölaroq qabul qilgan ijodkorga asarining hamma joyi, hatto nuqsonlari ham qadrli. Lekin Rahmat aka donişmandlarça iş tutar, bir yonda jigarining porasini yulib oliş, bir tarafda davrning aççiq talabiga böysunişday murakkab vaziyatlarda eng oqilona yeçimni topar, “sixni ham, kabobni ham kuydirmaslik”ni eplardi.
Esimda, bir gal Şukur Xolmirzayevning “Qora kamar” pyesasi asosida yaratilgan radiopostanovkani efirga uzatadigan böldik. Asarda öşa davrning quyuşqoniga siğmaydigan “bosmaçi”, “inqilob” degan sözlar köp uçrardi. Şunda yana jonimga Rahmat aka ora kirgan. Asar yozilgan tasma öramni olib kelişimni buyurdilar. Qöltiqlab kirdim. Xonalarida magnitofon bölardi. Tasmaning uçini ikkinçi tarafdagi böş doiraga örab, tugmani bosdim. Maşhur asar “til”ga kirdi. Diqqat bilan tinglab ötirib, “xavfli nuqta”larga kelganda Rahmat aka sapçib turardi, jumlaning boşini topib, “duşman” sözni kesib taşlab, maʼnoga zaxa yetkazmasdan ulab yuborişni aytib turardi. U kişining maslahatlari bilan amalga oşirilgan qayta montaj işlarini tinglovçi sezmasdi, çunki maʼno buzilmasdi. Xayriyatki, zamonning zayli bölgan bu “nobakorlik”lar original asar ustida qilinmagan, Rahmat Jumayevning maslahatlari bilan garçi öşa paytlarda ohangtasma anqoning uruği bölsa ham, avval undan nusxa olinib, keyin kesilardi, yaʼni asarning asliga teginilmasdi.
Rahmat Jumayevning boşqa rejissyorlardan farqi şunda ediki, u kişi asarga falsafiy yondaşardi. Çunki badiiy asar, yaʼni qoğozdagi voqelik sahnaga, ekranga, havo mavjlariga köçar ekan, garçi mazmunni saqlasa-da, endi boşqaça şakl oladi, bu şaklning qanday bölişi rejissyorning mahorati, isteʼdodi va albatta, adabiy hodisaga falsafiy yondaşuvi bilan boğliq holda yuz beradi. Teatr sahnasida Bahodir Yöldoşev qanday faylasuf bölgan bölsa (darvoqe, ular kursdoş, saboqdoş edilar), ekran sahnasida Şuhrat Abbosov qanday donişmandlik namoyon qilgan bölsa, radioning havodagi virtual sahnasida Rahmat Jumayev ham şunday daho edi. U yaratgan radioasarlar adabiyot kabi mangu, spektakl yoki kinofilm kabi boqiydir. Çunki bu asarlarda sizu bizga öxşagan odamlar yaşaydi, tirik insonlar taşviş çekadi, quvonadi, tafakkur qiladi. Şu bois biz ularni yaxşi köramiz yoki yomon köramiz, qay biriga öxşagimiz kelsa, yana qaysi biriga öxşab qolişdan ehtiyot bölamiz. Rahmat Jumayev havoda obraz yaratardi, ovozda tirik insonlarning qabariq qiyofasini çizardi. Usmon Qöçqorning “Imom Buxoriy”, Omon Muxtor qalamiga mansub “Mavlono Lutfiy”, Şukur Xolmirzayevning “Bulut tösgan oy”, Murod Muhammad Döstning “Daştu dalalarda”, Erkin Aʼzamning “Piyoda” asarlari asosida yaratilgan radiopostanovkalar MTRK arxivining noyob javohirlaridir. “Jaloliddin Manguberdi” radiopostanovkasi öşa yillarning eng maşhur tanlovlaridan biri bölgan “Ofarin”ning ğolibi bölgan edi. Bahodir Yöldoşev buyuk rejissyor böliş bilan birga, zör aktyor ham edi. Teatr sahnasida yaratgan önlab rollari tomoşabinlar yodida qolgan. Şuhrat Abbosov ham yaxşigina aktyor edi. Uning ekrandagi obrazlari tarix zarvaraqlariga muhrlangan. Buyuklarga xos xuddi şu serqirralik Rahmat Jumayevda ham bor edi. Omon Muxtorning “Mavlono Lutfiy” asarini sahnalaştirişni diliga tugib, işga kirişadi. Olti oylik maşaqqatlardan söng ham Lutfiy hazratlarining timsolini yaratadigan aktyor topolmaydi. Şunda şogirdi Alişer Amirov: “Ustoz, Lutfiyning asardagi xarakteri xuddi özingiz. Siz öynasangiz, rosa örniga tuşardi-da”, degan bir oğiz eʼtirofidan dalda olgan Rahmat aka, nihoyat, Mavlononi “topadi”. “Daştu dalalarda” radiopostanovkasida Rahmat aka yaratgan personaj ham örniga tuşgan. Rahmat Jumayev bu rollarni aktyor yöqligi yoki özining ham ovozini arxivlaştiriş uçun yaratgan emas. U rejissyor sifatida qahramonlarning içki dunyosiga mos aktyor qidirardi. Şu zarurat uni baʼzan öziga aktyor sifatida murojaat qilişiga töğri kelgan.
Serqirralik haqida gap ketganda, Rahmat Jumayevning maromiga yetkazib ğazal öqiş mahoratini eslamaslik mumkin emas. Alişer Navoiy, Mavlono Lutfiy, Sakkokiy, Bobur, Amiriy va hokazo mumtoz şoirlarimizning Rahmat aka öqigan ğazallari radiomiz arxivida saqlanmoqda. Aruzning murakkab qoidalariga amal qilingan holda öqilgan bu mumtoz asarlar Rahmat Jumayevning biroz xirqiroq, ammo nihoyatda şirador ovozini mangulikka muhrladi, desak, xato bölmas.
Rahmat Jumayev aksar isteʼdodlarga xos jununvaş odam edi. Har doim ijod oğuşida yaşardi. Negadir u kişi haqida öylaganimda yana bir ijodkorni qöşib eslayman. Yozuvçi Şukur Xolmirzayev “Dörmon”dagi çaylasidan köpam çiqqisi kelavermas, “izdihomdan töygan, töda-töda joylarga bormay qöygan” (A.Oripov) ijodkorlardan edi. U kişining hamma bilan apoq-çapoq bölib ketavermasligi, davralariga köpçilikni doritmasligini yaxşi bilamiz. Lekin Şukur aka çaylani yolğizlatib, ataylab izlab keladigan odamlaridan biri Rahmat aka edi. Ularning feʼl-xöylarida ham, ijodga munosabatlarida ham va yaşirişdan ne maʼni, biroz mayxörliklarida ham öxşaşlik bor edi.
Bu ikki ijodkor haqida bir voqeani keltirsam. 2005 yilgaça yozuvçilar bilan teleradioçilarning poliklinikasi bitta bölardi. Har yili şu yerdan tibbiy körikdan ötib turiş majburiy sanalardi. Bir şifokorning qabuliga kirgan Rahmat Jumayevga tezda davolanişi kerakligi aytiladi, bunga könmagan bemorga heç bölmaganda içib turişi lozim bölgan dorilar yozilgan emröyxat beriladi. Şunda Rahmat aka şifokorga minnatdorçilik bildirib, davolanişga ham, dori-darmon içişga ham hojatu hafsalasi yöqligini qatʼiy aytadi. Bu gapni eşitib, şifokor hayratdan qotib qoladi. Rahmat aka döxtirning taajjubini boşqaça tuşunib, davolanişni istamasligiga yana izoh bera boşlasa, vraç unga u kişidan oldin kirgan yozuvçi Şukur Xolmirzayev ham xuddi şu vajni aytib, muolajadan boş tortganini aytadi va battar hayrati ortib: “Sizlar egizak emasmi?” deb söragan ekan. Demak, çinakam döstlik odamlarni egizakday bir xil qilarkan-da. Yoki teskarisi — ruhiyatdagi muştaraklik döstlikka sabab bölarmikan? Harqalay, ikkisi mana şunday köngil yaqin döst-oşnalar edi. Bu döstlikning mangu muhri bölib, ikkalasidan hamkorlikda yaratilgan gözal radioasarlar qoldi…
90-yillarning oxiri — 2000 yillarning boşlarida radioga ham yangi janrlar, yönalişlar kirib kela boşladi. Radioserial va radiomultfilm şunday yangiliklardan edi. YUNESKO bilan hamkorlikda “Ipak yöli” loyihasi doirasida radioserial yaratiladigan böldi. Uşbu ilk serialga radiopostanovkaning maktabini yaratgan Rahmat Jumayevdan boşqa ijodkor tanlanmasligi aniq edi. Şunday ham böldi. “Har dardning davosi bor” nomi bilan efirga uzatilgan bu serialda Rahmat aka nafaqat rejissyor sifatida, balki dramaturg sifatidagi mahoratini ham namoyon qildi. Dastlab serial ssenariysini özi yozdi. Aktyorlar ansamblini tanlaşda, ssenariyga yondaşuvda yana buyuk rejissyorning mahorati, öziga xos uslubi iş berdi. Ötkir syujetlarga boy, ziddiyatli holatlar, oğriqli muammolar kötarilgan bu serialning tinglovçilari bisyor edi. Xatlar yoğilib ketar, har hafta tinglovçilarning taassurotlari aks etadigan eşittirişlar tayyorlanardi. Albatta, serial muvaffaqiyatida Rahmat Jumayevning hissasi alohida böldi. Ammo serialni yakuniga yetkaziş u kişiga nasib etmadi. Avvaliga bemorlik, keyin… umr vafo qilmadi. Lekin unga yana bir radiojanrning asosçisi böliş baxti muyassar böldi.
Mendan nima qolar:
ikki misra şeʼr,
Ikki sandiq kitob,
bir uyum tuproq, —
deb yozgan edi şoir Muhammad Yusuf öz aʼmoli, maslagiga işora qilib. Rahmat Jumayevdan bir etak farzand qolmadi, katta boylik, köşku koşona ham meros qolgani yöq. Undan bir asrlik tarixga ega radiomizning “Oltin fondi”ni bezab turgan olamjahon asarlar qoldi. Uning umri ana şu asarlarida, şogirdlarida, yaratgan ulkan maktabida davom etajak.
Ikrom ÇORIYEV,
“Mahalla” teleradiokanali direktori.
