“Saltanat”ni silkitgan surat
Har bir kasb egasining hayotida esda qoladigan lahzalar, maqtanishga arziydigan voqealar bo'ladi, shubhasiz. Ba'zilarda ko'p, ba'zilarda yakkam-dukkam degandek. Lekin shunday paytlar uchraydiki, uning tebranishi ancha katta hududlarni, bir necha odamlarni… qamrab oladi. Fotomuxbir sifatida Shomurod Sharopovning shunday baxtga musharraf bo'lganini ko'pchilik bilgan o'shanda. Qolaversa, “qizil imperiya”ning poyonsiz hududida kimlardir bu voqeadan o'z qiziqishi doirasida xabardor bo'lgan. Albatta, nima ro'y berganligining tafsiloti ancha mazmunli. Yaxshisi, bir boshidan…
Erta bahor kunlarining birida (o'shanda 1988 yil bo'lsa kerak) imperiya “to'rtinchi hokimiyat”i — matbuotining bayroqdori “Pravda” gazetasida bir fotosurat e'lon qilingan. Ma'lumki, O'zbekistonda bahor janubdan, jumladan, Qashqadaryodan boshlanadi. O'sha suratda ilk bahor manzarasi muhrlangan. Unda chechak ochayotgan bodom va unga yaqin joyda kuymanib yurgan chol va kampir. Surat juda jonli chiqqan, negaki, u shunday obro'li nashrga loyiq ko'rilibdimi, nimadir bor; necha yuz millionlab nusxada bosiladigan gazetada beriladigan suratni tanlash… necha chig'iriqdan o'tib hal bo'ladi — chol biroz qiyshayib, kampirga mehr bilan qarab turibdi.
Manzara shundayki, bir paytlar navjuvon nigohini tortgan momo qarib, munkillab qolgan bo'lsa-da, bobo o'sha yigitlikdagi ishtiyoq bilan “qari kampiri”ga boqmoqda. Cholning ishtiyoqidan hatto bodom gullab ketgandek. Bu o'rinda mo''jiza shundaki, fotosuratchi ayni shu o'lchamni topgan, uchqundek o'tib ketuvchi lahzani ob'yektivga muhrlagan. Bu manzara umumiy yaxlitlikda hayot falsafasini shundoq so'zlab turganga o'xshaydi: umr o'tkinchi, odam ham, daraxt ham yer yuzida boqiy emas, ammo to tiriklik bor ekan, bahor kelaveradi, qurigan (ya'ni bargini tashlab yalang'och bo'lib qolgan) daraxtda tiriklik nafasini qaytaradi, hayot yangidan boshlanadi, shu uyg'onish nafasiga sherik bo'lgan odam esa borliq bilan yoshligiga qaytadi. Sillasi qurib borayotgan chol, bir paytlar yosh va suluv bo'lgan sevgilisiga o'zgacha ishtiyoq bilan termiladi. Bu tasvirni ko'rganlar beixtiyor o'zlari haqida xayol surishga kirishib ketishlari, bir so'z bilan aytganda, umr mazmuni yuzasidan xayyomona tafakkurga berilishlari bor gap.
Kaftdekkina surat ana shunday tuyg'ularni qo'zg'atadi. U gazeta sahifasidan tiriklik nafasi ufurib turgandek taassurot uyg'otardi: qish uyqusiga cho'mgan, qor ostida orom topayotgan, haroratli issiq kunlarni intizor bo'lib kutayotgan bepoyon kenglikka bahor kirib kelyapti. U borliqqa jon bag'ishlab, daraxtlarga chechaklar taqib, hatto munkillab qolgan chol-kampirni yana muzaffar hayotga qaytarib, vazmin qadamlar bilan janubdan tashrif buyuryapti… “Odamlar, siz uyqudamisiz, g'aflatdamisiz, bedormisiz? Ogoh bo'ling va hayotbaxsh nasimlarga peshvoz chiqing, qish bo'yi tambalangan, zichlab yopilgan tirqishlarni oching…” Gazeta o'zining biroz sarg'imtil qog'ozi sahifalari aro shunday deya hayqirardi go'yo!..
Ana shunday mo''jizaning, millionlab odamlarning qalbiga ishtiyoq uyg'otgan, g'ofillarni hushyorlikka chorlagan sehrning ijodkori fotomuxbir Shomurod Sharopov bo'ladi. Bilmadik, “O'zimniki o'zimga ma'lum” deganlaridek, ustaning boshqa suratlari shunchalik shuhrat qozonganmi, yo'qmi, biroq dunyoni zir titratgan kommunistik partiyaning bosh nashrida chop etilgan surat ana shu darajada imperiyani silkitib o'tgani bor gap…
Shomurod Sharopov Qashqadaryodagi pedagogika institutida o'qib yurgan yillarida gazetachilikka mehr qo'ydi, muxbirlar kursini bitirdi. Yozganlari bilan vaqtli matbuotda ishtirok etib yurdi. U, ayniqsa, dunyoni fotoqog'ozda aks ettirishga qiziqardi. Oddiy havaskorlik uni fotomuxbir darajasiga ko'tardi, dastlab ko'p tarmoqli gazetada, keyinroq esa O'zA (O'zTAG) singari obro'li muassasalarda faoliyat ko'rsatdi. Hatto “Xalq so'zi” degan minbarlarda ham.
Tabiiy, o'shanda bunday baland rutbada (“baxtiyor insonlar bahorni shodumon kutib olyapti!”, demak, hammasi joyida, degandek) o'lka hayotidan yoqimli mujda taralishi quyidagi barcha mulozimlarni oyoqqa turg'izgan. Albatta, “yuqori”dan maxsus topshiriq bo'lgandir, rayon (tuman) partiya qo'mitasi birinchi kotibi boshchiligida bu “olamshumul” voqeani xalqqa yetkazish uchun jiddiy bosh qotirilgan, mufassal tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan (buni keyingi bezovtaliklardan bilsa bo'ladi). Albatta, xo'jalik rahbarlari oyoqqa qo'yilgan, “komissiya a'zolari” gazeta qahramonlari yashab turgan Zumrad posyolkasidagi reja bilan qurilgan beton uy (ularni odamlar “tosh qo'rg'on” deb atashardi)ga yetib kelgan, birdaniga hovli supurilib, ariqlar tozalanib, ko'cha tartibga keltirilgan.
Bu tadbirlardan biroz xabar topganlar “Endi nima bo'ladi?” deya tomoshaning davomini kutgan, shartaki qishloq odamlariga xos hazil-mazax avj olgan: “Kach bova bilan Tongyulduz momani qaytadan ZAGSdan o'tkazib, go'shangaga tiqisharmish…”. Xullas, Kasbi tumanidagi uyqudan mudrab uyg'onayotgan lohas cho'l qishlog'iga bir olov nafas kirib kelgan… Buning sababchisi — Shomurod Sharopov, uning dunyo hamjamiyati, afkor ommasi nazaridagi, “Pravda” gazetasida bosilgan jimitdekkina fotosurati, ya'ni ijodiy asari!.. Ana, davr manzarasi… U kunlar shulari bilan shukuhli, zerikishdan xoli edi.
Men shuncha dabdabayu as'asaga sabab bo'lgan chol va kampirni yaqindan tanirdim. Butun hayoti dalada o'tgan, bilmadim, suratga tushishga emas, ko'zguga qarashga ulgurganmi, yo'qmi, umri mehnatdan boshqa narsani bilmagan tirkishdek chayir odamlar edi chol ham, kampir ham. Tirikchilik bor bo'y-basti bilan azobga aylangan, odamlar mehnatning tagida iyig'i chiqib, tugamaydigan muttasil qiynoqlar nimaga ekanligini tushunmasdi. “Dunyo ishining bo'lgani asli shunday, yig'lab bu olamga tushib kelgan inson zurriyoti tuganmas azoblar uchun yaratilgan”. Qismat hukmiga qoyim bo'lib, mehnatkash eshak yoki ho'kiz qatorida qo'shilib qolishgacha borgan yillarda inson bolasiga yashash zavqining bir chimdimini ulashib, o'limga bo'yin egmay, tirik qolishiga undagan tuyg'u ba'zan ko'ngilda zavq uyg'otadi. U quruqshagan lablarda yarimta iljayish, siniq kulgi, g'amgin qahqaha tarzida zohir bo'lgan xush lahzalar daqiqada uyg'ongan zavq bilan tabassum qilishga ham izn bergan va sho'xlik, hatto hazilga ham yo'l ochib, cholga Kachga (tortishuvlarda hech kimga yon bosmay, doim bir tomonga tortib yurgani, demak, o'jarligi uchun), kampirga Tongyulduz(i) (hali tong otmay, muttasil dalaga yo'l tortgani, boshqalarga ham tinchlik bermagani uchun, demak, ayol ancha g'ayratli bo'lgan) degan laqablarni taqqan edi. Aslida, o'sha tuproqqa qorishib, zaminga singib, o'z qiyofasini yo'qotgan davronda har kimning insoniy “ismini rad etib”, laqab bilan atash urf bo'lgan.
Zamon yo'rig'idan yetarlicha bahramand bo'lgan chol-kampir yashash huquqini hayotdan tortib olgan, farzandlar ko'rib, tiriklik zavqidan yetarlicha bahra topgan edilar. Tinim bilmagan sayyor fotomuxbirning nishoniga ilinguncha ular saksondan sakrab o'tib, to'qsonni ko'zlab turishgandi. Katta o'g'il Mahmanazar aka (Olloh rahmat qilsin) pochtalon, xizmat yuzasidan odamlarga gazeta ham tarqatadi, garchi hamma nashrlar bilan tanishib chiqishga ulgurmasa ham, gazeta-jurnal o'qiganlarning shukuhli chehrasiga guvoh bo'lgan, ma'rifatning bu qaldirg'ochlarini juda qadrlaydi. Tasodifni qarangki, ota-onasi gazetaga chiqib, dunyoning yarmini larzaga solib turganini raykom vakilidan eshitib, bu g'ofilligi uchun o'zini ayamay so'kadi: “Shuncha gazeta-jurnalni yelkamga yuklab, necha odamlarga zavq ulashaman (rostdan, u zamonlar kundalik nashrlar bilan xonadonlarga zavq-shavq, baraka kirib borar edi), o'lamanmi o'sha kuni “Pravda”ni birinchi bo'lib o'zim ko'rsam? Butun dunyoga jar solmasmidim?”. Lekin qarzi bo'ynida qolmadi, shu munosabat bilan o'tkazilgan tadbirlarda to'y egasidek bo'lib xizmat qildi. Rostdan, “Sh.Sharopov fotosi” tumanda katta qo'zg'alish yuzaga keltirdi, qishloqdagi yaqinda qurib, foydalanishga topshirilgan madaniyat uyida tantanali yig'ilish bo'lgan, unda kazo-kazo odamlar qatnashgan, “qahramon”lar munosib siylangan… Xuddi ertaklardagidek… Bu mashvaratning egasi, ijodkori ham — Shomurod Sharopov!
Xullas, Sh.Sharopov o'z dastxatini munosib davom ettirdi, hatto Toshkentga kelib, ba'zi “yirik”larni ham panada qoldira oldi. Gali kelganda maqtanchoqlik qilib, “Qirqdan ortiq kitob chiqardim” desam, sovuqqonlik bilan “Nima bo'libdi, men oltmishta chiqardim…” dedi. Men bunga ishondim, harakatchan, kirishimli, tadbirkor odam hammasiga ulguradi. Yurtimizda qulochni keng olib yashash uchun hamma sharoitlar yaratib berildi. Albatta, tinimsiz harakati bilan ko'zga tashlanadigan natijalarga erishgan Shomurod Sharopov o'z faoliyati bilan ko'plab yoshlarga o'rnak bo'ladi.
Hakim SATTORIY
