Qaltis hazil

yoxud bolalarni qo'rqitmaylik!

Hammada bolalikdan qolgan bir “yomon xotira” bo'ladi. Kimdadir vaqt o'tgan sari unut bo'lib ketsa, kimdadir ruhiy jarohat bo'lib, bir umrga muhrlanib qoladi, afsuski. Samandar bugun katta qutqaruvchi bo'lsa-da, bolalikdagi ayrim xotiralarini unuta olmas, shu sabab liftda yoki uyda yolg'iz qulflanib qolgan bolalar haqida xabar topgudek bo'lsa, yoshlikdagi “men”ini qutqargani chopganday oshiqar edi.

Bolaligida ota-onasi ustidan doim qulflab ketar, to'rt devor ichida yolg'iz o'ynab, borib-borib, yopiq joylarda ichi siqiladigan bo'lib ulg'aydi. Ilmiy tilda olimlar buni “klaustrafobiya” deb atar ekan. Ammo qutqaruvchi bo'lib ish boshlaganidan so'ng bu “kasali” bir qadar chekindi.

Navbatchilik qismidagi odatiy kunlarning birida u jamoada o'tgan navbatchilikdagi chaqiruv tafsilotlari haqida suhbatlashar edi. Gurung ayni avjiga chiqqan mahal hammaning e'tibori birdan eshikka qadaldi. Hamma bir zum nima haqida gaplashayotganini unutganday eshik oldida turgan muxbir qizga nigohlarini qadab turardi. Muxbir qizning muddaosi qutqaruvchilardan qutqaruv voqealari haqida ma'lumot olib, hikoyalar yozish. Qizni suhbatga tortish uchunmi yo o'z mehnatini ko'rsatish uchun, har qalay, hamma birdan katta qiziqish bilan muxbirni o'rab olib, o't o'chiruvchilar suhbatga o't qalab ketishdi.

— Mening hikoyamni yozing, men ko'p yong'inga chiqqanman!

— Yong'inga chiqish odatiy hol, sen hali odam qutqarmagansan, men esa qutqarganman, mendan intervyu oling!

— Men o'tgan safargi navbatchilikda chiqqan chaqiruvda tomdagi o'tning qo'shni uy tomiga o'tib ketishining oldini oldim, odam ham qutqardim…

Qutqaruvchilarni suhbatga chorlasangiz, kun yakuniga yetsa yetadiki, suhbat yakuniga yetmaydi. Chunki ularning aytadigan gapi ko'p. Har bir qutqaruvchining o'z hikoyasi bor. Masalan, Samandar ishlayotgan qutqaruv qismida 56 ta qutqaruvchi bo'lsa, kamida 56 ta hikoya bor degani. Darhaqiqat, Samandar suhbatga qo'shilmay, chetda qarab turar edi. Shu payt muxbir qiz jim turgan vulqonga tegma, maqoliga teskari amal qilgan holda uni suhbatga torta ketdi:

— Menga sizning suhbatingiz qiziq. Hozir sherigingizga hikoya qilib berayotgandingiz-ku. Meni o'sha sherigingiz deb tasavvur qilib aytib bering, iltimos!

— Men chiqqan bu qutqaruv yong'in hikoyalari kabi vahimali emas. Sizga qanday hikoya kerak o'zi? Balki, shunga mos boshqa voqea aytib berarman, — deya kalovlandi Samandar.

— Menga yaxshi hikoyalar kerak.

— Qutqaruvchida yaxshi hikoya bo'lmaydi. Doim xavf, talafot, ba'zan yaradorlar, ba'zan o'liklar bilan yuzma-yuz keladi. Buning nimasi yaxshi?

— O'sha xavfni bartaraf etib, talafotni kamaytirganining o'zida ham bir olam yaxshilik bor… Aytib berasizmi? — muxbir qizning shashtidan qaytmas fe'lini kuzatib, Samandar chuqur nafas oldi. Ohista bosh silkib, tasdiq ishorasini berdi-da, nim tabassum bilan hikoyasini boshladi:

— Avvalgi navbatchilikda ko'p qavatli xonadonlarga uy ichida qulflanib qolgan bolani qutqarishga chiqdim. Bola yig'lasa, uning onasi doim: “Yig'lama, hozir ustingdan qulflab ketaman, bo'lmasa, bo'ri yeb ketadi seni!” deb hazillashib koyir ekan. Go'dakkina bunga ishonib, doim yig'lashdan to'xtarkan. Kunlardan bir kuni bola hali uyg'onmagan mahal ona ko'chadagi ishlarini darrovgina bitirib kelaman deb uyni qulflab, ko'chaga chiqib ketgan. Bola uyg'onsa, ona yo'q, eshik qulf. Sarosimaga tushib, yig'lay boshlagan. Ona ishlarini bitirib uyga qaytsa, ichkarida bolasi chinqirib yig'layotgan ekan. U shoshilganidan eshikka qadalgan kalitni sindirib qo'ygan. Kalitning yarmi qo'lida, yarmi qulf ichida tiqilib, eshik ochilmay qolgan. Natijada ayol qutqaruvchilarga, ya'ni bizga murojaat qilishiga to'g'ri kelgan. Biz darhol manzilga yetib borib, eshikni ochib, bolani ichkaridan olib chiqib, onasiga topshirdik. Bolakayning ko'zchalari shishib ketgan, yig'lay turib, onasiga talpinar ekan: “Boshqa yig'lamayman, meni bo'rilarga bermang!” deya qaltirab qoldi. Kattalar bolalar bilan bunday qaltis hazillashmasliklarini so'rab qolar edim. Bunday qaltis hazillar mening ham boshimdan o'tgan va buning asorati yo'qolishiga yillar kerak bo'lgan… Shu.

— Rahmat. Bolalar xavfsizligi borasidagi xavotir yong'innikidan kam emas. Muvaffaqiyatli qutqaruvlaringiz bardavom bo'lsin.

Qutqaruvchilar muxbir qizning ortidan kuzata turib, keyingi gal kelganida qaysi voqeani aytib berishlarini muhokama qilishga kirishib ketishdi…

Qutqaruvchining hikoyasini

jurnalist Yulduz O'RMONOVA oqqa ko'chirdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × one =