Ilmga baxshida umr
O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, texnika fanlari doktori,
professor Husan Zokirovich Igamberdiyev haqida so'z
Ilm-ma'rifat insonni yuksaklikka yetaklaydigan eng ulug' yo'llardan biri. Ilm insonning dunyoqarashini kengaytiradi, fikrlash qobiliyatini chuqurlashtiradi, jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiladigan yangi g'oyalar va ixtirolarni yaratishga undaydi. Kitob esa ana shu yo'lning asosiy manbai hisoblanadi. Kitoblar inson tafakkurini boyitadi, hayot sir-sinoatlarini anglashga yordam beradi, avlodlar tajribasini keyingi avlodlarga yetkazadi.
Ilmga chanqoq insonlar hayotda kam uchraydi. Bunday insonlar ko'p gapirishdan ko'ra ko'proq fikrlashni afzal ko'radilar. Chunki ilm izlash insondan sabr-toqat, izlanish va doimiy mehnat talab qiladi.
Ana shunday ilm sohiblaridan biri — O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, texnika fanlari doktori, professor Husan Zokirovich Igamberdiyevdir.
Darhaqiqat, ilm insonga ulkan imkoniyatlar eshigini ochadi. Tarixga nazar tashlasak, barcha buyuk taraqqiyotlar ilm-fan va tafakkur mayog'i bilan bog'liq ekanini ko'ramiz. Bugungi kunda ham yurtimizda ilm-fan va innovatsion rivojlanishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Ilm-fanning ta'lim va ishlab chiqarish bilan integratsiyasini kuchaytirish davlat siyosati darajasida qo'llab-quvvatlanmoqda.
Mehnat qilgan, ilm olgan inson hech qachon ortda qolmaydi: u doimo yuksak dovonlardan oshib, baland cho'qqilar sari intiladi. Ilm maydoni esa cheksiz ummon kabi keng va barcha uchun ochiqdir.
Akademik Husan Zokirovich Igamberdiyev texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishlarni avtomatlashtirish, murakkab dinamik ob'yektlarni identifikatsiyalash, baholash va adaptiv boshqarish tizimlarini yaratish sohasidagi yirik olimlardan biri.
Hozirgi kunda u Toshkent davlat texnika universitetining “Axborotlarga ishlov berish va boshqarish tizimlari” kafedrasida professor lavozimida faoliyat yuritmoqda.
Taqdir taqozosiga ko'ra, olim bilan turli tadbirlar, yig'ilishlar va maskanlarda uchrashish nasib etgan. U kishi haqida nimadir yozish, so'z aytish fikri xayolimizga bir necha bor kelgan va bilgan-eshitganlarimizni asta-sekin qog'ozga tushira boshladim. Keling, ushbu insonning hayot yo'liga nazar tashlasak.
Husan Zokirovich 1946 yil 24 may kuni Toshkent shahrida harbiy xizmatchi oilasida, bahorning tabiat yashnab, maysalar ko'm-ko'k bo'lgan go'zal faslida dunyoga keldi. Bu davr Ikkinchi jahon urushi tugaganidan keyingi, xalq sekin-asta osoyishtalik va tinch hayotga qaytib borayotgan yillar edi. Odamlar og'ir kunlarni ortda qoldirib, yangi umid va maqsadlar bilan yashashga intila boshlagan edi. Qalblardagi yaralarni mehnat va bir-biriga ma'naviy yordam berish orqali davolashga harakat qilar edi.
Uning otasi harbiy shifokor, polkovnik, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, respublikada xizmat ko'rsatgan shifokor, tibbiyot fanlari nomzodi va ijodkor inson edi. U kishi nafaqat tibbiyot sohasida, balki ijod maydonida ham faol bo'lib, ko'plab maqolalar yozgan, jurnalist va yozuvchilar bilan yaqin hamkorlik qilardilar. Uning ijodkor do'stlari orasida mashhur yozuvchi Odil Yoqubov ham bo'lgan.
Husan akaning aytishicha, ularning uyida Odil Yoqubovning “Muqaddas”, “Matluba”, “Tilla uzuk”, “Billur qandillar”, “Ulug'bek xazinasi” kabi asarlari doimo mutolaa qilingan. Kitobga bo'lgan mehr va hurmat oila muhitida shakllangan. Otasidan qolgan kitoblar eng qadrli meros sifatida saqlanadi.
Padaribuzrukvorlari hayoti davomida 36 ta kitob va risola, 500 dan ortiq ilmiy-ommabop maqolalar yozib, kelajak avlodlarga boy ma'naviy meros qoldirdi. U “Insonparvarlik faoliyatidagi xizmatlari uchun” N.I.Pirogov nomidagi nishon bilan taqdirlangan.
Onasi Huri aya esa mehribon, kitobsevar va oilaparvar uy bekasi bo'lgan. U farzandlar tarbiyasiga alohida e'tibor qaratgan.
Husan Zokirovich maktab yillaridayoq tirishqoq, bilimga chanqoq va intizomli o'quvchi sifatida ajralib turardi. Uning fikrlashi, o'zini tuta bilishi va muloqot madaniyati tengdoshlari orasida alohida e'tiborga sazovor edi. O'rta maktabni namunali tarzda tamomlab, sinf yetakchilaridan biriga aylandi.
Ayniqsa, u bolaligidan texnikaga qiziqdi. Ota-onasi ham uning qiziqishlarini qo'llab-quvvatlab, rivojlanishiga yordam berdi. 1963 yili Toshkent shahridagi 46-sonli maktabni tamomlab, Toshkent politexnika instituti (hozirgi Toshkent davlat texnika universiteti)ning “Avtomatika va telemexanika” fakultetiga o'qishga kirdi.
U talaba sifatida barcha kuch-g'ayratini ilm olishga sarflab, besh yil davomida ustozlaridan chuqur bilim oldi. 1968 yili avtomatika va telemexanika mutaxassisligini muvaffaqiyatli egalladi.
Uning intizomi, a'lo o'qishi va namunali xulqi institut rahbariyati va ustozlari e'tiborini tortdi. Husan aka ilmning mashaqqatli yo'l ekanini yaxshi anglab, ustozlaridan eshitgan maslahatlarga amal qilgan holda tinimsiz mehnat qildi.
Kutubxona uning eng sevimli maskani edi. U bo'sh vaqti bo'ldimi, darhol kutubxonaga yo'l olar, tushunmagan masalalari bo'lsa, erinmasdan ustozlariga murojaat qilib, bilimlarini yanada boyitardi.
Ulug'larning: “Najot — ta'limda, najot — tarbiyada, najot — bilimda” degan hikmatini Husan Zakirovich o'z hayotining bosh shioriga aylantirgan edi. U bu g'oyani qalbiga chuqur joylab, o'z istiqbolini aynan shu tamoyil asosida belgiladi. Uning asosiy maqsadi va muddaosi — ilm olish, o'z ustida tinmay ishlash bo'ldi.
Yosh tadqiqotchining ana shu intilishi ustoz va o'qituvchilari e'tiboridan chetda qolmadi. Ularning nazarida Husan aka ilmga chanqoq, izlanuvchan va matonatli talaba sifatida shakllanib borardi. Uning asosiy vaqti kutubxonada o'tar, kitob mutolaasi uning kundalik ehtiyojiga aylangan edi. Bu holatni nafaqat talabalar, balki professor-o'qituvchilar ham yaxshi bilishardi: kimki uni izlasa, albatta, kutubxonadan topardi.
Oliy ta'lim maskanida tahsil olagan yillarida Husan Zokirovich o'zining bilimga chanqoqligi va fidoyiligi bilan yirik olimlar — akademik Muzaffar Zohidxonovich Homidxonov hamda Zarbdor Mirzakarimovich Salixovning e'tiborini qozondi. Bu ikki ustoz yosh Husan uchun go'yo ikki qanot bo'lib, uni ilm osmoniga ko'tarilishga ilhomlantirdi. Ular doimo shogirdga yo'l-yo'riq ko'rsatib, uni qo'llab-quvvatlab turdilar.
Husan Zokirovich keyinchalik o'z ilmiy faoliyatini ustozi, texnika fanlari doktori Zarbdor Mirzakarimovich Salixov rahbarligida davom ettirdi. Ilmiy izlanishlar qisqa fursat ichida o'z samarasini bera boshladi.
Husan aka ustozi, akademik Muzaffar Zohidxonovichni katta ehtirom bilan eslab, shunday dedi: “U kishi nihoyatda ochiq ko'ngil, bilim doirasi keng, hayotning past-balandini teran anglaydigan, insonni va ilmni yuksak qadrlaydigan zot edi. Doimo: “Ilm taraqqiyotning o'q ildizi va tomiridir. Ilm bor joyda buyuk ixtirolar tug'iladi, jamiyat yuksaladi”, deb ta'kidlar edilar”.
Husan Zokirovich ustozlaridan nafaqat nazariy bilim, balki hayotiy tajriba va insonparvarlik saboqlarini ham olganini alohida ta'kidlaydi. Uning ilmiy rahbari Zarbdor Mirzakarimovich Salixov esa O'zbekiston Fanlar akademiyasi huzuridagi “Energetika va avtomatika” ilmiy-tadqiqot institutida direktor lavozimida faoliyat yuritgan, avtomatika va telemexanika sohasida yetuk va nufuzli olimlardan biri edi. U yosh avlodga ta'lim berib, ko'plab shogirdlar tarbiyalagan ulkan ustoz edi.
Ustozlardan olingan ta'lim va tarbiya Husan Zokirovich xotirasida bir umrga muhrlanib qoldi. U ana shu saboqlar asosida ilm yo'lini tanladi va shu yo'lda sobitqadam bo'ldi.
1968 yildan Husan Zokirovich o'z mehnat faoliyatini Toshkent politexnika instituti (hozirgi Toshkent davlat texnika universiteti)ning “Avtomatika va telemexanika” kafedrasida assistent lavozimidan boshladi. U ustoz professor-o'qituvchilar safida sidqidildan mehnat qilib, qisqa vaqt ichida o'zining bilimdonligi va tashkilotchilik qobiliyati bilan jamoa e'tiborini qozondi.
1974 yilda u dotsent Zarbdor Mirzakarimovich Salixov rahbarligida “Texnik kibernetika va axborotlar nazariyasi” ixtisosligi bo'yicha “Paxta tolasini quritish jarayonini matematik modellashtirish va boshqarishni tadqiq etish” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Bu uning ilmiy faoliyatidagi ilk yirik qadam bo'ldi.
Husan Zokirovich ilmni faqat nazariy o'rganish bilan cheklanmay, uni amaliyotga tatbiq etishga ham alohida e'tibor qaratdi. Ilmiy ishlari va amaliy natijalari uni yanada yuqori marralarga intilishga undadi.
Ilm yo'li mashaqqatli va uzluksiz mehnatni talab qiladi. Husan Zokirovich buni yaxshi anglar, ustozlaridan o'rganish, doimiy izlanish orqali o'z ustida ishlashni davom ettirardi. U atrofidagi fan doktorlari va akademiklarga havas bilan qarab, o'ziga katta maqsadlarni qo'ydi.
1991 yili akademik Nodirbek Rustambekovich Yusupbekov va professor Zarbdor Mirzakarimovich Salixovlarning maslahatlari ostida “Tizimli tahlil va avtomatik boshqarish” ixtisosligi bo'yicha “Dinamik boshqarish ob'yektlarini muntazam identifikatsiyalash usullari va algoritmlari” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Bu ish uning ilmiy maktab yaratish yo'lidagi muhim bosqich bo'ldi.
Husan Zokirovichga 1977 yilda dotsentlik, 1994 yilda esa professorlik ilmiy darajasi berilgan. Bu yillar davomida u nafaqat yosh, izlanuvchan va ilmga tashna mutaxassis sifatida, balki o'zining keng qamrovli ilmiy salohiyati va tashkiliy qobiliyati bilan ham namoyon bo'ldi. Oliy ilm dargohi rahbariyati tomonidan yuklatilgan vazifalarni halollik va mas'uliyat bilan bajarib, katta obro'-e'tibor qozondi. O'z amaliy ishlari va natijalari bilan boshqalarga namuna bo'la oldi.
Olimning ko'p yillik samarali mehnati ilmiy jamoatchilik tomonidan yuksak baholandi. Ilmiy kashfiyotlari nafaqat respublika, balki xorijiy mutaxassislar tomonidan ham tan olindi. Shu bilan birga, u faqat ilmiy faoliyat bilan cheklanib qolmay, mas'ul rahbarlik lavozimlarida ham samarali ish olib bordi.
2000 yilning yanvaridan 2001 yilning fevraligacha hozirgi Toshkent davlat texnika universitetining ilmiy kotibi lavozimida; 2001 yilning fevralidan 2004 yilning 31 yanvarigacha “Elektronika va avtomatika” fakulteti dekani lavozimida; 2004 yilning 31 yanvaridan 2012 yilning 2 sentyabriga qadar “Avtomatlashtirish va boshqaruv” kafedrasi mudiri lavozimida ishladi. 2012 yildan hozirga qadar esa mazkur universitetning “Axborotlarga ishlov berish va boshqarish tizimlari” kafedrasi professori sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
Husan Zokirovich murakkab dinamik ob'yektlarni muntazam identifikatsiyalash va adaptiv boshqarish sistemalarini sintezlash nazariyasi sohasida yirik ilmiy maktabni shakllantirgan. Olim tomondan ishlab chiqilgan murakkab dinamik ob'yektlarni muntazam identifikatsiyalash va adaptiv boshqarish sistemalarini sintezlash nazariyasining fundamental asoslarini shakllantirishga imkon beruvchi muntazam sintezlashning bazaviy konsepsiyasi konstruktiv metodologiya sifatida keltirilmoqda. U rahbarlik qilgan yirik ilmiy maktabda nokorrekt masalalarni yechish usullari asosida dinamik ob'yektlarni identifikatsiyalash sohasida katta natijalarga erishildi; muntazamlashgan algoritmlarni yaratishning umumiy sxemasi asoslangan va sintezlangan bo'lib, bu identifikatsiyalash masalalarida ham zaif, ham mustahkam muntazamlashni ta'minlash uchun barqarorlashtiruvchi funksionalni tanlash uchun konstruktiv jarayonlarni amalga oshirish imkonini beradi. Texnologik ob'yektlar uchun interval-noparametrik noaniqlikda boshqaruv tizimlarini identifikatsiyalash va sintezlash; noaniq g'alayonlar sharoitida murakkab dinamik ob'yektlarning adaptiv invariant boshqaruv tizimlarini sintezlash; model noaniqligi sharoitida stoxastik boshqaruv ob'yektlarining holatini adaptiv baholash usullari taklif qilindi.
Olimning ilmiy natijalari xalqaro miqyosda e'tirof etilib, nufuzli ilmiy nashrlarda chop etilgan. Uning ilm-fandagi merosi juda salmoqli: ustoz 600 dan ortiq ilmiy ish, 11 ta monografiya, 9 ta darslik va o'quv qo'llanmalar muallifi hisoblanadi. Shuningdek, u 30 dan ortiq patent va EHM uchun dasturiy guvohnomalarga ega.
Akademik Husan Zokirovich rahbarligida 11 nafar fan doktori va 24 nafar fan nomzodi tayyorlangan. Uning shogirdlari ham yuqori natijalarga erishib, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasi sohiblari, shuningdek, “Avtomatlashtirish texnologiyalari va boshqaruv” yo'nalishi bo'yicha respublika tanlovlari g'oliblari bo'lgan. Husan Igamberdiyev ilmiy-pedagogik sohadagi yetuk kadrlar tayyorlaganligi uchun 2000 yilda “O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi” unvoniga sazovor bo'ldi.
So'nggi yillarda u bir nechta fundamental va amaliy davlat ilmiy-texnikaviy dasturlarida mas'ul ijrochi sifatida ishtirok etdi. 2017-2020 yillarda “Identifikatsion yondashuv asosida dinamik ob'yektlar adaptiv boshqarish tizimlarini sintezlashning nazariy asoslari va muntazam usullarini ishlab chiqish” mavzusidagi fundamental loyihaga ilmiy rahbarlik qildi. Hozirgi kunda ham “Texnologik jarayonlarni kompleks avtomatlashtirish konsepsiyasi va metodologiyasini yaratish va nazariyasini takomillashtirish” mavzusidagi fundamental va “Identifikatsion yondashuv asosida tabiiy gazni qayta ishlashning asosiy texnologik jarayonlarini adaptiv boshqarish tizimlarini ishlab chiqish” amaliy loyihalariga rahbarlik qilmoqda.
Uning ilmiy natijalari munosib baholanib, 2017 yilda O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a'zosi etib saylandi.
Ustoz bugun ham shogirdlar davrasida jamiyat va xalqqa ilm yo'lida munosib xizmat qilib kelmoqda. Olim rahbarligida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan o'nlab iqtidorlar bor. Ular bugun ustoz yonida mehnat qilib, uning ilmiy maktabini davom ettirmoqdalar.
Ustoz — ulkan maktabni ko'rgan, hayot va ilm tajribasini chuqur o'zlashtirgan inson. Shogirdlar ehtiromi va e'zoziga sazovor bo'lgan bu kamtarin olimning suhbatini eshitgan kishining ko'ngli yorishadi. Husan aka bilan qaysi mavzuda suhbatlashmang, u har doim teran fikr yuritib, asosli va mazmunli xulosa ayta oladi. Ustozning butun umri ilmga bag'ishlangan desak xato bo'lmas.
Bir suhbat davomida ustoz shunday degan edi:
“Bilasizmi, so'nggi yillarda Prezidentimiz tashabbuslari bilan mamlakatimizda ta'lim sohasiga avvalgi davrlarga nisbatan ancha yuksak e'tibor qaratilayotgani, bu o'zgarishlar kelajak avlod taqdiriga bo'lgan yuksak e'tiborning yorqin namunasi ekanligi bilan ahamiyatlidir. Ta'lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, yangi imkoniyatlar va keng qamrovli dasturlar nafaqat yoshlarimizning bilim olish darajasini oshirishga, balki ularni zamonaviy fikrlaydigan, raqobatbardosh yetuk kadrlar sifatida shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, ta'lim sifati va samaradorligiga ta'sir etuvchi omillarni chuqur anglash, ularni ilmiy asosda takomillashtirish va amaliyotga tatbiq etish — bugungi taraqqiyotning eng muhim shartiga aylanmoqda. Zero, ilm-fan va innovatsiyalarga tayanilgan jamiyatgina barqaror rivojlanishga erisha oladi”.
Ustozning bu fikrlaridan uning nafaqat olim, balki mamlakat taraqqiyotiga daxldor masalalarni chuqur anglaydigan zukko shaxs ekani yaqqol namoyon bo'ladi. U kabi ilm sohiblari o'z umrini xalq va jamiyatga xizmat qilishga bag'ishlaydilar.
Husan Zokirovichning har bir suhbatida ilm nuri ufurib turadi. Uning yoshlarga bo'lgan mehr-muhabbati beqiyos. U shogirdlarini o'zining haqiqiy vorislari deb biladi. Kitobni, ilm-ma'rifatni sevuvchi yoshlar yetuk olimning eng yaqin va qadrli hamsuhbatlaridir.
Husan aka Igamberdiyev — fidoiy inson, mashhur olim hozir ham shogirdlar davrasida, ilm-fan bilan bandlar. Har gal uni ko'rganimda, xuddi tirishqoq yosh tadqiqotchidek ilm og'ushida ekaniga guvoh bo'lamiz. Chunki haqiqiy olim — doimo izlanishda, doimo kitob va fikrdoshlar davrasida yashaydi.
O'ktam MAMIROV,
texnika fanlari doktori,
professor.
Mamadali ERONOV,
jurnalist.
