“Do'rmon hangomalari”ning davomi
Xurshid DO'STMUHAMMAD
Taniqli adib va tarjimon Shodmon Otabek kashf etgan “Do'rmon hangomalari” turkumi nihoyatda keng ommalashdi. Adabiyotimizda iz qoldirdi. Ushbu turkumning davomi sifatida qog'ozga tushirilgan xotiralar ayni kunlar tavalludining 80 yilligi nishonlanayotgan aka-do'stimizning aziz xotirasiga bag'ishlandi.
Gazetalar binosida ustoz adib Said Ahmadga ro'para kelib qoldim. Salomlashdik.
— Yosharib ketibsiz, Said Ahmad aka, ko'rinishdan g'irt navqiron yigitlardan farqingiz yo'g'-a! — dedim astoydil hayratlanib.
Said Ahmad aka zumda javob topdi:
— Ko'rinishim — bor-yo'g'i muqova, u yog'ini surishtirma!
* * *
Gashtak a'zolari yig'ila boshlashdi. Hammaning og'zida kuni kecha Yaponiyada sodir bo'lgan dahshatli sunami ofati. Ofat qanchadan-qancha odamning hayotiga zomin bo'lgani.
— Yaxshiyam bizda dengiz yo'q, — dedi donishmandlarcha bosiqlik bilan O'tkir aka Hoshimov.
Anvar Obidjon luqma tashladi:
— Bittagina dengizimiz bor edi, o'shani ham sunamisiz quritdik.
* * *
Respublika miqyosidagi bir amaldorga shaxsiy yumush yuzasidan iltimos qilishga to'g'ri keldi. Baraka topgur, so'zimni ikki qilmadi.
— Ertaga ertalab xabar oling, — dedi bamaylixotir.
Ertasiga ertalab bordim, amaldorning yordamchisi o'zim istagan hujjatni taxt qilib qo'limga tutqazdi. Hayajonda rahbarning huzuriga kirdim, minnatdorlik bildirdim, kamiga o'zimning yangi chiqqan kitobimdan bir nusxa hadya qildim. Rahbarning avzoyi o'zgargandek bo'ldi.
Kitobning u yoq-bu yog'iga ko'z yugurtirdi-da, avzoyi o'zgarishi sababini samimiy oshkor qildi:
— Sizning iltimosingizni bitirib berganim yetmaganday, endi kitob ham o'qiymanmi?!
* * *
“Fan va turmush” jurnali tahririyatida ko'p yil ishlagan Ibrohim Naziriy ismli keksa xodim keksalik nafaqasiga chiqayotib, hujjatlarni rasmiylashtirishga kirishdi. U kishi shoir Usmon Nosirning yaqin oshnasi sifatida 1937 yilda avval qamalgan, so'ng ko'p yillik surgunda jazo muddatini o'tagandi.
— Domla, bir necha kundan buyon yelib-yugurib yuribsiz, hujjatlar taxt bo'layozdimi? — so'rab qoldi hamkasbimiz Rustam Obid.
Ibrohim Naziriy xunobi chiqib turgan ekan, zardasini yashirolmadi:
— Surgundan qaytishda ham buncha hujjatbozlik bo'lmagandi, uka, bu redaksiyada shu-uncha yil ishlab, oyog'imga bitta paytava olgan bo'lmasam?!
* * *
Qish. Sovuq. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga saylovlar boshlanib ketgan. Partiyamizning bir guruh faollari bilan dastlabki natijalar, imkoniyatlar muhokama qilinmoqda.
— Meni Olmaliq shahar okrugidan qo'yishibdi, — dedi O'tkir Hoshimov o'pkalanib, — u tomonda, asosan, rusiyzabon saylovchilar yashaydi, bu ahvolda bizning ishimiz nima bo'ladi, bilmay qoldim-da!
Firqadoshimiz, sirdaryolik Mamatqul Bozorboy hozirjavobligini namoyish qildi:
— Xavotiringiz asosli, Olmaliqdan O'tkir Hoshimov tugul, Abdulla Qodiriy ham o'tolmaydi, aka.
* * *
O'tgan asrning 80-yillari. Latviyadan tashrif buyurgan uch nafar yozuvchi Xudoyberdi To'xtaboyevning xonadonida mehmon bo'lishadi. Kechki taom o'rnida laganga uyub suzilgan palovxonto'ra dasturxonga qo'yiladi. “Oling-oling” boshlanadi. Biroq mehmonlar laganga deyarli qo'l uzatishmas, ular, asosan, “o'ttizta-o'ttizta”ni qizdirib yuborishadi. Ichkilikka unchalik xushi bo'lmagan Xudoyberdi aka esa, xayol izmida, bir o'zi oshdan bosh ko'tarmaydi.
Ertalab Xudoyberdi aka samimiy gap ochadi:
— Tuni bilan uxlolmadim, — deydi adib mehmonnavozlik bilan, — kecha oqshom mutlaqo ovqat yemadinglar, yotishdan avval ham odam shunchalar ichadimi, deb xavotir olib yotdim.
Samimiylikda mehmonlar ham mezbondan qolishmas ekan.
— Biz ham uxlaganday bo'lmadik, — debdi ulardan biri, — odam ham uxlash oldidan shu-uncha osh yeydimi, deb tuni bilan sizdan xavotir olib yotdik.
* * *
Shodmon Otabekning farzandlari yangi uy-joy qurishgani munosabati bilan ixchamgina “hovli to'yi”ga taklif etildik.
— O'g'illar baraka topsin, — deya lutf qildilar Erkin aka Vohidov, — chiroyli uylarda chiroyli to'ylar bo'lsin.
— Uch o'g'lim bor, — dedi Shodmonbek aka, — bolaligidan qattiqqo'llik bilan tarbiya qilganman. So'ramasdan ko'chaga ketsa, kamar bilan ayovsiz savalagan paytlarim ham bo'lgan. Yaxshi ijodkor-rassom bo'lishgani boisi shunda.
Suhbatga Ahmadjon Meliboyev xulosa yasadi:
— O'sha kamar dadangizda bo'lmagan ekan-da, Shodmonbek!
* * *
Viloyat safaridamiz. Havo tund. Tushlikdan so'ng bog'da sayr qildik. Har kim o'z xayoli bilan band.
— Quyosh chiqsa, havo ochilib ketardi-da, — deb qoldi to'satdan osmonning avzoyidan ko'z uzmay O'tkir Hoshimov.
Ibrohim G'afurov o'tkir nigohlarini O'tkir akadan uzmay qarab turdi-turdi-da, juda vazminlik bilan savol qotdi:
— O'tkirjon, tabiatning shu-unday hikmatlarini qaerdan bilasiz?
O'tkir Hoshimov javobni qotirdi:
— Siz yozgan kitoblarni o'qiganmiz-da, aka.
* * *
Chorbog'dagi yozuvchilar dala bog'ida ertalab boshlangan ijodkorlar orasida shaxmat musobaqasi yakunlanib qolayozdi. Shomga yaqin respublika shaxmat federatsiyasi raisi, taniqli jamoat arbobi A'zam Gadoyboyev g'oliblarni taqdirlash maqsadida kelib qoldi. Bir muddat burun Jizzaxdan kelgan shaxmat muxlisi kaminaga murojaat qilgan, uch kishi o'ynaydigan shaxmat ixtiro qilgani, lekin bu g'oyani hech kim, hatto shaxmat federatsiyasi mutasaddilari ham qo'llab-quvvatlamayotganidan arzi hol qilgandi. Shu murojaatni eslab qoldim-u, vaziyatdan foydalanish niyatida A'zamxon akani chetga tortdim:
— Aka, uch kishi dona suradigan shaxmat juda qiziq g'oya, xodimlaringizga ayting, bir shug'ullanib ko'rishsin.
Federatsiya raisining ta'bi aynidi.
— Ochig'ini aytaman, — dedi u sirli ravishda. — O'zim hayotda shaxmat o'ynamaganman. Federatsiyaning moliyaviy ahvoli haminqadar. O'zi ikki kishilik shaxmatni eplolmay turibmiz-u, uch kishilik o'yinni ovoza qilmay turaylik.
* * *
Oliy Majlisda O'tkir Hoshimov Axborot qo'mitasi raisi sifatida Yaponiyadan tashrif buyurgan mehmonlarni qabul qilayotgandi. Yoz, havo issiq, baland va katta hashamatli eshiklar lang ochilgan. To'satdan qo'shni xonadan qo'mita raisi o'rinbosari G'ayrat akaning telefondan shovqin solib baralla bo'g'ilib gapirgani tinchlikni buzdi. Mezbonlar, ularga qo'shilib mehmonlar ham xijolat. G'ayrat akaning bo'g'iq, buning ustiga, zardali tovushi hademay tina qolmasdi.
Xijolatda qolgan O'tkir aka vaziyatni yumshatish umidida mehmonlarga tushuntirishga kirishdi:
— Kechirasizlar, xodimimiz Qo'qon shahri bilan gaplashayotgandi, hozir tugatadi…
Shunda yaponiyalik mehmon hayron bo'lib savol qotdi:
— Qo'qon bilan… Nima, sizlarda telefon yo'qmi?..
* * *
Shaxmat shinavandalarining navbatdagi “anjumani” uchun yozuvchi Shodmon Otabekning Xumsondagi dala hovlisi tanlandi. Ikki tomon tog', qir-adir, etak tomondan qishin-yozin sharqirab oqib o'tadigan Ugom daryosining shovqini tinmaydi. Erkin Vohidov, Mirpo'lat Mirzo, Xurshid Do'stmuhammad va Habib Temir mingan sut rang “Dons” G'azalkent bozori yoniga borib to'xtadi.
— Juda fayzli bozor, kirasiz-u, nima kerak bo'lsa, muhayyo, olasiz-u, yo'lingizda davom etaverasiz!
Karvonboshi Erkin akaning shu bir og'iz lutfi do'stlarning kayfiyatini ko'tarib yubordi. Bozor-o'char qariyb bir soatdan mo'lroq davom etdi: ham xarajat, ham hazil-mutoyiba, ham askiya-qahqaha qizigandan-qizidi.
Mashinaning yukxonasi “bo'g'zi”gacha to'ldirildi, bu yog'i Xumsonga qancha barvaqt borilsa, bas!
Katta yo'lga chiqib olmasimizdan Mirpo'lat aka: “Ishlar bitdi, Otaboyevni xotirjam qilib qo'yay”, dedi-da, raqam terishga kirishdi. Otaboyev telefonni zumda oldi. Salomlashdilar.
— Kep qoldinglarmi? Yaxshi-da, xarajat nima bo'ldi? — so'radi Shodmonbek aka.
— Shunisi o'xshamadi-da, — dedi jiddiy tortib Mirpo'lat aka. — G'azalkent bozoriga kirdik, aksiga olib, do'xtirlar muhrlab ketibdi.
— Bozornimi?
— Bozorni.
— Iya, hayotda bo'lmagan-a bunaqasi!
— Biz ham hayronmiz. O'zingiz ro'zg'ordagi masalliqlar bilan amallasangiz…
— Amallashga amallayman-a, lekin kam-ko'stiga olish kerak-da, Mirpo'lat!
— Kam-ko'stiga nima olaylik, ayting?
— Habib Temirga aytganman, bittalab yozib olgan.
— Habibulla o'sha siz aytgan ro'yxatni uyida unutib qoldiribdi.
— Xo'p, yozing: yarim kilo dumba yog'i, bir baklajka pista yog'i, piyoz, go'sht — qo'y go'shti, sabzi, sarimsoq piyoz…
— Aytavering. Ziravor…
— I-i-i, zira esdan chiqmasin, zira!
— Suv bilan tuz-chi?
— Zira juda zarur, tuz bilan suv har ehtimolga qarshi…
— Ro'zg'orda hech narsa qolmagan ekan-da, Otaboyev? Habib Samarqanddan kela turib tarvuz olibdi.
— Qovun-chi?
— Qovun topilmabdi.
— Samarqandda qovun qolmabdimi? Bemazaning topgan gapini qarang!
— Qovun ham mayli, Xurshid bilan Habibda pul yo'q emish!
— Iya! Voy! Shundan-shunga pulsiz keladimi, kap-katta odamlar?!
— Otaboyev bir akalik qilsa, degan o'yda kelaverishgan-da! Har ikkovi bir partiyadan shaxmatda yutqazib berarmish!
— Ikkoviga ayting, bir partiya bilan ish bitmaydi! Bu gaplarni Erkin aka eshitmasin.
— Telefonda ovozingizni hammamiz eshityapmiz, bemalol o'zingiz aytavering!..
Bu orada to'rtovlon mingan, yukxonasi masalliqqa to'la mashina Xumson guzaridan ancha ilgarilab qo'ygandi…
* * *
“Yosh kuch” jurnali tahririyatiga bir yigit kirib keldi. Qashqadaryodan ekan. Toshkentga birinchi marta kelishi, futbolchi bo'lish orzusida Chilonzordagi futbol internatiga kelibdi. Biroq uni internatga qabul qilish u yoqda tursin, darvozadan ichkariga yo'latishmabdi ham.
Internatga bir necha qayta qo'ng'iroq qildim. Foydasi bo'lmadi. Shu payt bosh muharririmiz Xudoyberdi To'xtaboyev kelib, tushlikka taklif qildilar. Yonimga mehmon yigitni olib, ustozga ergashdik. Liftga yaqin borganimizda Xudoyberdi aka “Bu yigit kim?” degan mazmunda yonimdagi yigitga bosh-oyoq razm soldilar. Men vaziyatni tushuntirib aytdim. Nazarimda, Xudoyberdi aka hozirning o'zida xonaga qaytadilar-u, futbol internatiga qo'ng'iroq qilib, muammoni hal qiladigandek.
Gapimni diqqat bilan tinglagan Xudoyberdi aka mehmon yigitga qayta bosh-oyoq nigoh yugurtirdi. Qaysi viloyat va qaysi tumandan kelganini so'radi. Yigit aytdi.
— Onang nima ovqat qilib beradi?
Ustozning kutilmaganda bergan savoli yigitni dovdiratib qo'ydi. U bir zum o'ylab qoldi-da, bo'shashibgina javob qaytardi:
— Moshxo'rda…
Xudoyberdi aka birdan va keskin bosh chayqay-chayqay dedi:
— Yo'q, yo'q, Maradona moshxo'rda ichmagan. Qishloqqa borgin-da, boshqa hunar qil. Tushundingmi? Maradona moshxo'rda ichib to'p tepmagan!..
* * *
Do'rmon ijod uyi. Shaxmatchi adiblar o'rtasidagi navbatdagi “jang” qizigan palla. Bosh hakam Mahmudjon ota Yunusov raqiblarni taxta yoniga chorladi:
— Mirpo'lat Mirzo va Xurshid Do'stmuhammad — uchinchi stol!
Stolga yaqin kelgan Mirpo'lat Mirzo hakamga qarata baralla murojaat qildi:
— Mahmudjon ota, kim — oq, kim — qora?
Shodmon Otabek yayrab kulib yubordi:
— Mirpo'lat, kap-katta shoirsiz, Xurshid bilan o'zingizni solishtiring, kim oq yo qora ekanligini e'lon qilish shartmi?!
