Buyuk Ipak yo'llarida…

yoki yurtimiz o'tmishiga qiziqish va muhabbat tuyg'usi
Yaxshi eslayman. Bir umr yodimda qolgan. O'tgan asrning elliginchi yillari edi. Uyimizda Sharq mamlakatlari tarixi, adabiyoti, muzeylari, olimlari, yodgorligu ehromlari, tosh stadionlariga oid turli adabiyotlar bo'lar edi. Bu vaqtda kichik akam O'rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O'zbekiston Milliy universiteti)ning sharq fakultetidagi arab bo'limiga o'qishga kirishi va ularning ko'pdan-ko'p va bir-biridan qiziq kitoblarni olib kelishi men uchun ham katta quvonch, yoqimli “ermak” bo'ldi. Adabiyotlarning asosiy qismi rus, arab va boshqa tillarda edi. Toshkentning ishchilar shaharchasida yashaganimiz, u paytlar ruslar ko'p bo'lgani sababli, ulardan rus tilini ancha-muncha o'rganib olganim qo'l kelardi.
Akamning tovuq patlari solingan yostig'i tagiga bekitib qo'yib o'qiladigan “O'tkan kunlar”ning lotin alifbosida bosilgan nusxasini qo'rqqan holda hech kimga bildirmay o'qib yurgan paytlarimni ham yaxshi eslayman.
Xullas, ana shunday kunlarning birida qo'limga “Buyuk Ipak yo'li” haqidagi maqola tushib qoldi. Uni o'qib, juda qiziqib qoldim. Bir necha ming kilometrlik yo'lning turli variantlari bo'lganligi, uning qanchadan-qancha shaharu qishloqlar, turli-tuman mamlakatlar, dengiz va okeanlardan o'tganligi haqidagi ma'lumotlar meni juda qiziqtirib qo'ygan edi. Bu yo'llar Xorazm, Farg'ona, Samarqand kabi shaharlarimiz orqali o'tganligi haqidagi ma'lumotlar, ayniqsa, men uchun o'sha vaqtlarda mutlaqo yangilik, shu vaqtgacha umrimda eshitmagan tarixiy ma'lumotlar edi.
Kichik akam o'sha vaqtlarda “Qizil O'zbekiston” (hozirgi “O'zbekiston ovozi”) gazetasida ishlar, goh-gohida mening qanday ishlar bilan mashg'ulligimni surishtirar, ularning atrofimdagi do'stlarim bilan ham suhbatlashgan paytlari ko'p bo'lardi. Shunday kunlarning birida men akamdan “Buyuk Ipak yo'li”ning nega bunday atalishini so'radim. Akam savolimga javoban: “Nima, tarixchi bo'lmoqchimisan?” dedi. Shu tobda nima deyishni bilmay qoldim. Ammo oradan bir-ikki oy o'tib, “Men ham siz singari jurnalist bo'lish orzusidaman, nima deysiz?” deb maslahat so'radim. Suhbatimiz asnosida akam menga jurnalist bo'lish oson emasligi, buning uchun juda ko'p kitoblar, gazeta, jurnallar o'qish zarurligi, o'z ona tili bilan bir qatorda, rus va boshqa chet tillarini mukammal o'rganish kerakligini tushuntirdi. Vaqti kelib bu “maslahat” ota-onalarimiz va katta akamiz ishtirokida ham bo'ldi. Lekin menga jurnalist bo'lish nasib etmagan ekan. Baribir aniq fanlarga qiziqishim ustunlik qildi. O'rta maktabni oltin medal bilan bitirganim bois, Politexnika instituti (hozirgi Toshkent davlat texnika universiteti)ning kimyo-texnologiya fakultetiga imtihonsiz qabul qilindim. Besh yillik talabalik davrimiz ko'z ochib yumguncha o'tib ketdi…
…1960 yilning aprel oylarida institutimiz rektoratiga kelgan xatda meni “O'qituvchi” nashriyotiga ishga yuborish so'ralgan edi. Bu xabar menga ancha yoqib tushganligini eslayman. Buni kursdosh do'stlarim Abduvohid Rahimovga, To'lqin Mo'minov bilan Rustam Abdurahmonovlarga ham aytdim. Lekin shu orada fakultetimiz dekani, dotsent I.P.Levsh meni huzuriga chaqirib, kafedrada ishga olib qolishlarini aytib qoldi. Tez orada Moskvadagi M.V.Lomonosov nomidagi kimyo-texnologiya instituti (hozirgi Akademiya)ga stajirovkaga ketishim va keyingi yildan boshlab institutimizda ochiladigan “Asosiy organik sintez texnologiyasi” kafedrasida assistent bo'lib ish boshlashim mumkinligini ma'lum qildi. Vaqt o'tib, o'sha maskanda aspiranturani bitirdim. Nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarini himoya qildim. Ilmiy-uslubiy va jamoat ishlarida, “O'zbekiston ensiklopediyasi”da o'rindoshlik asosida mehnat qildim. Har holda, o'zligimni topdim, desam, yanglishmayman.
“Maslahatli to'y tarqamas” degan xalq maqoli to'g'riligiga ishondim, ota-ona va akalarimning fikrlariga qo'shilganim ham foydadan xoli bo'lmaganini aytishim kerak. Shu bilan birga, agar inson o'zini qo'lga olsa, yaxshi orzu va niyatlarni maqsad qilib yashasa, tinimsiz mehnat qilsa, umidbaxsh kunlarga yetishi mumkinligiga qat'iy ishondim. Qolaversa, senga yaxshilik qilgan ustozlar, ilm darg'alari, do'stu birodarlar va qarindosh-urug'lar hurmatini joyiga qo'yish zimmamizdagi ma'naviy burch ekanligini anglash ham fazilat sohiblari tomon yetaklashiga hayotim davomida imon hosil qildim.
Shuni aytishim kerakki, yoshlikdan ko'ngil bergan ijod, mutolaa zavqi garchi jurnalistikani tanlagan bo'lmasam-da, umr bo'yi meni tinch qo'ymasdi. Shu bois yozishni, badiiy adabiyotlarni o'qishni kanda qilmadim.
Buning bir isboti sifatida ko'pgina Yevropa va Osiyo mamlakatlaridagi muzey, ehromlar, shahar obidalari, olimlar bilan suhbat va reportajlarimning gazeta va jurnallarda, kitobcha hamda broshyuralar sifatida e'lon qilinganligini va quyida keltirilayotgan qiziqishim orqasidan yuzaga kelgan “Buyuk Ipak yo'li yo'llari”da kechgan safarlarim, bu ulug' yo'l haqida o'qiganlarim, eshitganlarim asosida yozgan quyidagi mulohazalarimni siz mushtariylar e'tiboriga havola etmoqchiman.
* * *
Buyuk Ipak yo'lidagi maskanlarni diqqat ko'zi bilan ko'rish, bu boradagi xabarlar, hodisalar, voqealar, turli-tuman mamlakatlar xalqlari orasidagi savdo munosabatlarini o'rganish, tahlil qilish va insoniyat tarixidagi rolini ijobiy tushunib yetish kishidan tarixni yaxshi bilishni, ko'p mutolaa qilish, o'sha yo'llarni ko'rish, turli xalqlar bilan muloqotda bo'lishni taqozo etadi. Yarim asrdan ortiqroq vaqtdagi ilmiy va ijodiy kuzatuvlarim, tahlil hamda adabiyotlardagi ma'lumotlar, o'z ko'zim bilan ko'rgan-kechirganlarim, sayyoh va tomoshabin sifatidagi taassurotlarim jamlangan muxtasar fikrlarim dengizdan bir tomchi ekanligini yaxshi bilaman.
Mening nazarimda, Buyuk Ipak yo'lining tarixini o'rganish — mustaqil O'zbekiston tarixini o'rganishning tarkibiy va uzviy qismidir. Bu mavzu bo'yicha tadqiqotlar olib borish, ularni keng jamoatchilikka yetkazish hozirgi yosh olimlarimiz oldida turgan muhim masalalardan biridir.
O'tmishdan ma'lumki, Buyuk Ipak yo'li tashkil topmasdan avval Markaziy Osiyo va qadimgi Sharq hududida turli-tuman savdo (karvon) yo'llari mavjud bo'lgan. Ana shunday eng qadimgi yo'llardan biri — “La'l yo'li” deb atalgan. Bu yo'l miloddan avvalgi 3-2 ming yilliklarda vujudga kelgani aytiladi. U Pomir tog'laridan boshlanib, Eron, Old Osiyo va Misr orqali o'tgan. Badaxshondan qazib olinadigan la'l toshi, lojuvard qadimgi sharq zargarlari tomonidan yuksak baholangan. Badaxshon la'lisi ishlatilgan buyumlar Misr fir'avnlari maqbaralaridan ham topilgan. Ba'zi manbalarda bu yo'l “Lojuvard yo'li” deb ham aytiladi.
Yana bir qadimiy savdo yo'li — bu “Shoh yo'li”dir. U Eron ahamoniy shohlarining yo'li bo'lganligi uchun shunday nomlangan. U miloddan avvalgi VI-IV asrlar Kichik Osiyo shaharlarini, O'rta Yer dengizi bo'yidagi Efes, Sar va boshqalar bilan bog'lagan bo'lsa, ikkinchi bir tarmog'i ko'hna Eron poytaxtlaridan biri Suza bilan bog'lagan. Mazkur yo'lning ikkinchi tarmog'i Eron, Baqtriya orqali Sug'diyona, Toshkent vohasi va hozirgi Qozog'iston hududidan o'tgan va Oltoygacha borgan. Tog'li Oltoyda ko'chmanchilar zodagonlari yashagan, miloddan avvalgi V-IV asrlarga oid Pazariq qo'rg'oni ochib o'rganilganida kigiz, gilam, jun gazlamalar, oltin, mis va kumush buyumlar, Markaziy Osiyo va Eron matolaridan tikilgan kiyim qoldiqlari topilganligi shundan guvohlik beradi. Ular qalin muz qatlamlari bilan qoplangani uchun yaxshi saqlangan. Yevropa bilan Osiyoni bog'lovchi xalqaro savdo va muloqot yo'li hisoblangan Buyuk Ipak yo'li hali tashkil topmasdan — miloddan avvalgi ikki ming yilliklarda boshlangan. O'rta Osiyo, jumladan, O'zbekiston xalqlarining janubda Hindiston va Eron, janubi-g'arbda Old Osiyo xalqlari bilan o'zaro aloqalari miloddan avvalgi IX-VIII va VI-V asrlarga kelganda yanada kengaydi. Farg'onadan topilgan Haq va Aflotun topilmalari farg'onaliklarning bu davrda janubiy, janubi-sharqiy Osiyo xalqlari bilan yaqindan aloqada bo'lganligining guvohidir. Umuman olganda, mazkur qadimiy savdo (karvon) yo'llari mamlakatlararo siyosiy, iqtisodiy va madaniy munosabatlarda katta o'rin tutgan. Yo'l yoqalarida karvonsaroylar, mehmonxonalar, borib-borib, yangi shaharlar qad rostlagan. Savdo yo'llari orqali olib borilgan aloqalar natijasida ko'pgina xalqlar boshqa qo'shni xalqlarning madaniyati, turmush tarzi, urf-odatlari bilan tanishgan, o'zaro mol ayirboshlab, qo'ni-qo'shnichilik qilgan. Shuningdek, bu yo'llar urushlar davrida u yoki bu davlatning harbiy-siyosiy manfaatlari uchun ham xizmat qilgan. Ishlab chiqarish munosabatlari o'sishi, xalqaro aloqalar taraqqiysi, tashkil topgan buyuk saltanatlar, o'zaro boylik orttirish, mamlakat hududlarini kengaytirish kabi omillar, shubhasiz, yangi-yangi yo'llarni qidirib topish, kashf etish yoki bunyod qilish ehtiyojini yuzaga keltirgan. G'ildirakning kashf etilishi, g'ildirakli transport vositalarining harakatlanishi, katta-katta harbiy qo'shinning muayyan yo'nalish bo'ylab siljishi uchun ham doimo yo'l zarur bo'lgan. Binobarin, bu kabi ehtiyoj va taraqqiyot silsilasida Buyuk Ipak yo'lining ham o'ziga xos o'rni bor.
Qadimgi dunyoda — Sharq bilan Fapb xalqlari o'rtasidagi tarixiy-madaniy aloqalar va savdo munosabatlari taraqqiyotida Buyuk Ipak yo'li muhim o'rin tutadi. Bu yo'lning paydo bo'lishi va rivojlanishi bevosita Xitoy bilan bog'liq.
Tarixiy ma'lumotlarga ko'ra, miloddan avvalgi I ming yillikning 2-yarmida Xitoyda bir necha davlatlar tashkil topgan bo'lib, ular doimo bir-birlari bilan yovlashib yurganlar. Miloddan avvalgi III asrga kelib, ular ichida Sin podsholigi eng kuchli davlatga aylanadi. Sin podshosi gohida kuch, gohida nayrang ishlatib, boshqalar o'rtasidagi dushmanlikdan foydalanib, butun Xitoyni itoat ettirdi. Miloddan avvalgi 221 yili Sin podshosi o'zini “Sin Shi-xuandi”, ya'ni birinchi Sin xoqoni, deb e'lon qildi.
Xitoydan shimolda urishqoq xyin qabilalari yashar, ular vaqti-vaqti bilan mamlakat shahar va qishloqlariga hujum qilib turardi. Sin Shixuandi mamlakatni xunlardan himoya qilish maqsadida butun shimoliy hudud bo'ylab devor qurishni buyurdi. Uni qurish va buzilgan joylarini tuzatib borish ishlari to'xtab-to'xtab, qariyb 1 ming yilcha davom etdi. Shunday qilib, qalinligi 5-6 metr, uzunligi 4 ming km keladigan, keyinchalik Buyuk Xitoy devori nomini olgan devor yuzaga keldi.
Xitoy podsholari mudofaa ishlari bilan chegaralanib qolmay, balki mamlakat tashqarisidagi yerlarni bosib ola boshladilar. Xitoyda miloddan avvalgi II asrdan to milodiy II asrgacha hukmronlik qilgan Xan xonadoniga mansub podsholar, ayniqsa, katta istilochilik urushlari olib bordilar.
Shimoli-g'arbga tomon muvaffaqiyatli yurishlar qilish uchun, avvalo, xunlarga qarshi ittifoqchilar topish zarur edi. Mana shu maqsadda miloddan avvalgi 138 yili Xitoy imperatori By Di elchi Chjan Syanni ko'chmanchi xun qabilalariga qarshi kurashda ittifoqchi va hamkorlar topish uchun jo'natdi. Xunlar doimo Xitoyning shimoliy tumanlariga xavf solib turganlar. Elchi xunlar qo'liga asir tushadi va 10 yilcha hibsda yotadi. Bir kun kelib u asirlikdan qochadi. Markaziy Tyanshan dovonlari orqali Issiqko'lga chiqadi. Norin daryosi bo'ylab Farg'ona vodiysiga tushadi. U vodiydagi davlatni (bu o'rinda Dovon, ya'ni Farg'ona davlatini) o'zi uchun kashf etib, uning podshosidan xunlarga qarshi kurashda yordam olmoqchi ekanini aytadi. Farg'ona hukmdori Xitoy bilan faqat savdo aloqalari o'rnatish istagini bildiradi, xolos. Xitoyning ko'p sonli va yaxshi qurollangan qo'shini nihoyat xun qabilalarni mag'lub etib, uzoq vaqt mobaynida shimoliy-g'arbga olib boradigan yo'llar ustidan o'z nazoratini o'rnatdi. Shunday qilib, Chjan Syan yurgan yo'l bo'ylab miloddan avvalgi II-I asrlar Xitoyni Markaziy va G'arbiy Osiyo bilan bog'lovchi jahon ahamiyatiga ega bo'lgan Buyuk Ipak yo'li deb ataluvchi karvon yo'liga asos solindi. Bu yo'l orqali mavjud yo'nalishlar bo'ylab Xitoydan ipak tashilar edi, ipak butun dunyoda juda qadrlangan. Xitoyliklar ipak-shoyi ishlash usulini qattiq sir tutganlar, ipak savdosidan katta foyda olganlar. Shuning uchun ham keyinchalik bu yo'l Buyuk Ipak yo'li nomi bilan mashhur bo'lib ketdi. Yanada aniqroq qilib aytganda, bu yo'lga “Ipak Yo'li” degan nom 1877 yilda nemis tarixchisi K.Rixtgofen tomonidan berilgan, u ilk bor o'zining “Xitoy” deb nomlangan risolasida shu atamani qo'llaydi. Bunda mazkur yo'l orqali olib o'tilgan har xil matolar, buyumlar orasida ipak alohida o'rin tutganligi e'tiborga olingan.
Buyuk Ipak yo'li 12 ming chaqirim uzunlikda bo'lgan. U Xitoyning qadimiy poytaxti Sian shahridan sariq dengiz sohillaridan boshlanib, Sharqiy Turkiston, Markaziy Osiyo, Eron, Mesopotamiya orqali O'rta Yer dengizi sohillarigacha borib yetgan. Ikkinchi yo'nalish Markaziy Osiyo orqali Hindistonga olib borgan. Bu yo'lda qator qadimiy shaharlar joylashgan (Sian, Dunxuan, Yorkent, Samarqand, Buxoro, Termiz, Marv va boshqalar). Savdogarlar moldan tashqari turli fan va madaniyat sohalari yangiliklarini ham keltirganlar. Masalan, Sug'diyonadan Xitoyga jun, gazlama, gilam, bezak buyumlari va qimmatbaho toshlar olib borilgan. Baqtriyadan tuyalar, Farg'onadan nasldor otlar, Badaxshondan la'l, Hindistondan kumush va fil suyagidan ishlangan buyumlar, ziravor va boshqa mahsulotlar olib borilgan. Buyuk Ipak yo'lida joylashgan me'morchilik yodgorliklarini o'rganishda turli hunarmandchilik buyumlari, tangalar topilgan. Masalan, Termizdan Rim tangalari, Afrosiyobdan Rim shamdonlari, Misr muhrlari, Kushon tangalari esa O'rta Yer dengizi hududlaridan topilgan. O'rta Osiyo hududlarida ham antik davrdan boshlangan taraqqiyot jarayonlari, shubhasiz, Buyuk Ipak yo'li bilan uzviy bog'liqdir. Xususan, miloddan avvalgi II asrdan boshlab Xitoy va O'rta Osiyo tarixiy-madaniy viloyatlari bilan savdo, ijtimoiy aloqalar rivojlanib bordi. Farg'ona, Sug'd va Baqtriyaga ipakchilik kirib keldi. Kushonlar davriga (I-IV asrlar) kelib, Buyuk Ipak yo'lining janubiy tarmog'ini, shuningdek, bir qancha mahalliy ichki tarmoqlarni nazorat qilish mahalliy aholi qo'liga o'tdi. Ma'lumki, 2019 yil 25-27 aprel kunlari Pekinda “Bir makon, bir yo'l” ikkinchi xalqaro forumi bo'lib o'tdi. Xitoy tashabbusi o'tgan 5 yil davomida zamonaviy global rivojlanish kun tartibining ajralmas qismiga aylandi. U bugungi kunda Osiyo, Yevropa va Afrikaning 4,4 mlrd aholisi bo'lgan 60 dan ortiq mamlakatini birlashtiradi. O'zbekiston Respublikasi “Bir makon, bir yo'l” tashabbusini avvalboshdanoq qo'llab-quvvatladi. Xalqaro forumda so'zlagan nutqida O'zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyoda o'zaro bog'liqlikni kuchaytirish, oziq-ovqat xavfsizligi muammolarini hal etish, aholining ijtimoiy ehtiyojlarini qondirish, madaniy-gumanitar va turistik aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Bugungi kunda O'zbekistonning avtomobil va temir yo'llar orqali jahonga chiqish masalasi davlat siyosati darajasiga ko'tarildi. Xulosa qilib aytganda, O'zbekiston Buyuk Ipak yo'li an'analari zamirida Shimol, Janub, Sharq va G'arbga chiqadigan darvozalarga ega bo'lmoqda. Zero, hech bir mamlakat aloqa yo'llarini, avtomobil, havo va temir yo'l tarmog'ini rivojlantirmay turib, taraqqiyotga erisha olmagan. Hech shubha yo'qki, Markaziy Osiyo davlatlarining bu sohadagi bahamjihat harakati kelajakda qudratli va buyuk davlatga aylanishimiz, ko'hna Turkiston zaminida yashayotgan barcha xalqlarning farovon turmushi uchun barqaror zamin yaratadi hamda qadimiy Buyuk Ipak yo'li orqali shakllangan an'anaviy aloqalarimizga umrboqiylik baxsh etadi.
O'tgan asrning saksoninchi yillari oxirlarida moskvalik geograf olim M.V.Voloshnikov Buyuk Ipak yo'li Markaziy Osiyo mintaqasining 200 kilometrlik masofadagi qismini tadqiq qilib o'rganib chiqishga muyassar bo'ldi. U yo'ldagi osori-atiqalar, tarixiy binolar, qo'rg'onlar, tunash maskanlari, saroylar, tog' yo'llarini suratga tushirdi. Yamchun, Panj, Pomir, Turfan atroflarini ko'zdan kechirdi, buddaviy cherkovlar, haykallar, devoriy suratlar, dehqon xo'jaliklari bilan tanishdi. Ilmiy kuzatuvlarini matbuotda e'lon qilar ekan, Buyuk Ipak yo'lining Udi davridagi g'arbiy chegarasidan farqli o'laroq sharqiy chegarasi O'rta Osiyo bo'lganligini ta'kidlab o'tadi. X-XI asrlarda yo'lning mazkur mintaqasi juda rivoj topadi. Buning boisi Pomir atrofida kumush bilan qimmatbaho toshlar (shpinel va boshqalar) qazib chiqarish ko'payishi, ulardan mol ayirboshlashda foydalanilishi bo'ldi. Rossiya imperiyasi savdoni kengaytiradi. G'arbiy mamlakatlar ham faollashadi. Buning natijasi o'laroq O'rta Osiyoning kumush dirhamlari o'sha mintaqalarda ancha-muncha yig'ilib qoladi. Shu davrlardagi Murg'obning Bozor-Dara kumush konidagi ishni Ispaniyaning Rio-Tinto oltin konidagi ishning ko'zgudagi aksiga o'xshatilganligi tarixiy manbalardan ma'lum.
Buyuk Ipak yo'li tarixi bilan bir qatorda tabiatning global holatda bo'lib o'tgan o'zgarishlari tarixi orasida o'ziga xos analogiya (o'xshashlik) borligiga nima deysiz? Ana shunday bog'lanishlardan biri har yarim ming yillik davr ichida Kaspiy dengizi suvining ko'tarilishi va pasayishi, Buyuk Ipak yo'lining goh janub tomon yoki shimolga qarab surilganligi, tabiat injiqliklari yoki yaxshilanishi ham shu hodisalarga bog'liq holda ro'y berganligi tarixiy manbalarda qayd qilinadi. Keyingi ikki yuz yillikda Kaspiy dengizi suvi pasayishi Rossiya imperiyasi va keyin SSSR deb atalmish davrda katta davlatning tarkib topishi, rivojlanishi bilan xarakterlanadi. Katta kengliklarda uzluksiz transkontinental yo'llar qurib ishga tushirilishi, Sharqiy Ukraina bilan G'arbiy Sibir oralig'idagi cho'l va yarim cho'l o'rmon zonalarida qishloq xo'jalik ekinlari uchun joy ochilishi bunga sabab bo'lgan.
Ana shu tarixiy haqiqatlarni biroz bo'lsa-da, o'z ko'zim bilan ko'rish niyatida hayotim davomida bir necha bor sayohatlarga chiqdim. Buyuk Ipak yo'lini ko'rish, O'rta Yer dengizining suvi bir-biriga aralashmaydigan Marmar, Egey kabi dengizlarini, Santorin oroli va boshqa orolchalarda vujudga kelgan bog'lar, Nil daryosining dengiz quyilish havzasidagi manzaralarini tomosha qilish mumkinligini eshitganimizda, shodlanib yo'lga otlanganman. Yo'lning boshlanishida Istanbulning “To'p qopi” muzeyida payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning oltin sandiqda saqlanuvchi tuya yungidan tikilgan choponlari, bibi Fotimaning kumush sandiqchadagi buyumlari, Ka'batullohning eshiklari, Choriyorlar qilichlari kabi buyumlarni ko'rdim. Bosfor bo'g'ozidan o'tib borar ekanmiz, pastdagi suvning tez oqimda Qora dengizdan O'rta Yer dengiziga qo'shilayotgani qiziqarli tuyuldi. Shu kuni vaqt topib, sakkiz qavatli “Lev Tolstoy” teploxodi kapitani Fedor Zinko qabuliga kirdim. Suhbat davomida oqim ostidan shuncha suvning yana Qora dengizga qaytishini bilib oldim. Suv osti harakatining mavjudligini bilib olishim men uchun yangilik bo'ldi, albatta. Suhbatdan so'ng kapitan menga o'zining O'rta Yer dengizi tizimiga oid kitobchasini, men esa o'zimning O'zbekiston Respublikasi kimyogar olimlari ishlariga bag'ishlangan miniatyura xilida bosilib chiqqan kitobchamni hadya qildim.
Sayohatim davomida Santorin nomli dengiz o'rtasida o'sib chiqqan gullarga to'la orolni, port shaharu qishloqlarni tomosha qilib, Gretsiya poytaxti Afinagacha borgan edim. Shaharda bir necha kun bo'lib “Akropol”, qadimiy tosh stadioni, bozorlar, apelsin, limon, gullar va boshqa o'simliklar to'la bog'larini sayr qildik. Buyuk Ipak yo'liga oid osori-atiqalar, binolar, tarixga oid kitoblar, muzeylardagi eksponatlar bilan tanishganimni, Suriyaning Lataqiya nomli portida teploxodda sayr etganimni unutolmayman…
So'ngra 3000 yil oldin qurilgan go'zal Palmiraning tomi, derazalari va eshiklari yo'q bo'lib, faqat baland devorlari-yu ustunlari qoldiqlarini ko'zdan kechirarkanman, chang va qum ostida qolib ketgan shaharni tozalab, ochiq osmon ostida muzeyga aylantirgan fransiyalik fidoyilarga dilimda tashakkurlar aytdim.
Bu xotiralarni eslar ekanman, keng dunyoning bepoyon maskanlarini, Orol dengizidan Qizil dengizgacha bo'lgan mamlakatlardagi tog'li o'lkalar, go'zal go'shalar, orollarni tomosha qilib o'tishning o'ziyoq dilga orom, qalbga surur bag'ishlaydi. O'tmishi necha ming-ming yillarga borib taqaladigan ona yurtimizning hikmatlarga to'la tarixini, dunyo aro o'z o'rniga bo'lgan aloqalarini, Buyuk Ipak yo'llari aro kechmishini, qani edi, har bir yurtdoshimiz yaxshiroq bilsa, o'rgansa. Jahonning necha o'nlab o'lkalari, shaharlari bilan bog'lagan bu yo'l xaritasini o'z ko'zlari bilan ko'rsa…
Zero, o'tmishni o'rganish yorug' kelajakka, istiqbolga yetaklovchi yo'ldir.
Qudrat AHMEROV,
kimyo fanlari doktori,
professor, O'zbekiston Respublikasi
xalq ta'limi a'lochisi.