Ikki umr orasi
yoki Özbekiston xalq yozuvçisi Odil YOQUBOV yodi
Prezidentimizning “Mamlakatimizda madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalarini rivojlantirişga ulkan hissa qöşgan bir guruh marhum ijodkorlarni mukofotlaş töğrisida”gi Farmoniga köra özbek adabiyotining fidoyilaridan biri, elimizning suyukli adibi Odil Yoqubovning betakror ijodi hamda jamoatçilik faoliyatida keçgan örni yuksak qadrlanib, uluğ yozuvçi “Buyuk xizmatlari uçun” ordeni bilan mukofotlandi.
Atoqli yozuvçining “Uluğbek xazinasi”, “Diyonat”, “Köhna dunyo”, “Muqaddas”, “Tengdoşlar”, “Adolat manzili”, “Oqquşlar, oppoq quşlar”, “Billur qandillar” va boşqa köplab asarlari nafaqat yurtimizda, balki butun dunyoda ham maʼlumu maşhurdir.
Davlatimiz rahbari Şavkat Mirziyoyev tomonidan madaniyat, sanʼat va adabiyot ahliga, şu jumladan, marhum ijodkorlar xizmatiga yuksak hurmat körsatilayotgani alohida eʼtirofga molik.
Şuni taʼkidlaş joizki, uluğ ijodkor Odil Yoqubov tomonidan yozilgan betakror asarlar qatorida adib hayotlik paytidagi suhbatlar, u haqidagi xotiralar, yodnomalar ham öquvçilar uçun ulkan ahamiyatga ega.
Majnuntol tagiga ötqazing meni,
Men uçun yiğlasin,
men yiğlab böldim…
MIRTEMIR
1.
Odil Yoqubovning vafotini eşitib, ança paytgaça özimga kelolmadim. Rahmatli juda yaxşi, samimiy va mehribon odam edilar…
2004 yilning erta bahorida, xorijiy ellar sari ketişdan oldin taniqli jurnalist Karim Bahriyev (netongki, bugun u ham oramizda yöq. Alloh rahmat qilsin) bilan bir dona arman konyagini olib, uylariga borgan edik.
Odil aka anvoyi gullarga burkangan hovlilarida şoir va adib Ramz Bobojon bilan suhbatlaşib ötirgan ekanlar.
U kişining öğillari Iskandar bilan biz döst edik. U xalq xöjaligi instituti (hozirgi Toşkent davlat iqtisodiyot universiteti)da talabalarga dars berardi.
Odil aka bizni körib: “Ana, Iskandarning döstlari ham kelişdi”, deb salomimizga alik oldilar-da, suhbatlarini davom ettiraverdilar. U kişi bizni odatdagiday Iskandarning oldiga kelişdi deb öyladilar, şekilli…
2.
Lekin biz Karimjon bilan töppa-töğri ularning oldiga borib, konyakni stol ustiga qöyganimizdan söng, yuzlari yorişib ketib: “E-e, bular bizning ham döstlarimiz ekan-ku!” deb quvonç bilan kutib olgan edilar.
Öşa kuni biz ança mahalgaça suhbatlaşib ötirdik.
Iskandar universitetdan hali qaytmagan edi, şekilli, biz uning ham kelişini kutib, ötirib qolgan edik.
Öşanda Odil aka birinçi marotaba Moskvadagi SSSR Xalq deputatlarining 1-sʼyezdi bölib ötgan kunlardagi men bilan boğliq baʼzi hodisalarni xotirlab, iliq fikr bildirganlarini hikoya qilib bergandilar.
“Öşanda men Sizning otangiz haqida ham u kişiga (Islom Karimovga) gapirib berdim, — degandilar Odil aka. — Qaşqadaryoda işlaganimda men ham otasi haqida köp yaxşi gaplar eşitganman. Ismatni Qarşi pedinstitutida partiyaga qabul qilişmay, nohaq qiynaşganida, otasi Moskvaga — KPSS Markaziy Komitetiga borib, öğlining işini ijobiy hal qilib kelganini eşitib, Uluğ Vatan uruşi iştirokçisi bölgan bunday adolatparvar va kuraşçan keksa kommunistga qoyil qolganini aytib: “Nega şunday odamning öğli Toşkentda hanuz öz örnini topa olmadi?” deb söragan ekanlar Islom aka.
Şu suhbatdan söng Odil aka özining örinbosari, yozuvçi Mamadali Mahmudovga: “Ismatga aytib qöying, köp kuyunavermasin, yaqinda hamma işlari yaxşi bölib ketadi”, — deb quvonib gapirganlarini Mamadali aka menga aytgan edi.
Lekin mening kutilmaganda hukumat odamlari qatoriga qöşilib, amaldor bölişimga asos va poydevor bölgan siyosatçi arbob Islom Karimov bilan betakror yozuvçi Odil Yoqubov örtasidagi bu samimiy suhbat tafsilotlarini men öşa kungi taşrif asnosida ilk marotaba batafsil bilib olgan edim…
3.
…Odil Yoqubov Ğafur Ğulom nomidagi Adabiyot va sanʼat naşriyotida boş muharrir bölib işlab yurgan kezlarida men Özbekiston naşriyotida kuryer (naşriyot bilan bosmaxona örtasida qölyozmalarni taşuvçi yugurdak) bölib xizmat qilardim.
Işdan böş vaqt yo tuşlik paytlarida Navoiy köçasining 30-binosida joylaşgan naşriyotlar uyining törtinçi qavatida biz yoş işçi va xizmatçilar Odil Yoqubov, Erkin Vohidov, Ibrohim Ğafurov, Maşrab Boboyev va Nizom Komilovlarning özaro şaxmat öyini musobaqalarini ajib bir havas va hayrat bilan köp bor kuzatganmiz.
Keyin yillar ötib, Odil aka Asqad Muxtorning örniga “Özbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi boş muharriri bölgan kezlarda u kişi bilan bevosita uçraşib, suhbatlaşiş baxtiga muyassar böldik.
Unga qadar biz Odil akaga yaqinlaşiş yo suhbatlaşişga jurʼat etolmasdik. U kişi biz yoşlar uçun yetib bölmas orzu, ilohiy va qöl yetmas bir yozuvçi edi…
4.
Baloğat yillarida, talabalikning oltin damlarida sevgiga zor xayollarimizni ostin-ustun qilib yuborgan “Muqaddas”, “Tilla uzuk”, “Billur qandillar” kabi dilbar asarlarni öqib, muhabbatning bepoyon kengliklarida şavq va zavq bilan parvoz etarkanmiz, işq va vafo mavzusini hali heç kim özbek adabiyotida Abdulla Qodiriydan keyin Odil Yoqubovçalik teran va pokiza, latif bir holda taʼrif va tavsif etib bera olmagan deb qatʼiy işonardik.
Mana, neça ön yillarki, bizning qalbimizda Odil Yoqubovning durdona asarlari bois mehmon bölgan bu işonç va bu latif tuyğu hanuz ölgan emas…
5.
1984 yil Rossiyaning Rostov-Don şahrida harbiy xizmatni ötab bölganimdan söng, yöl-yölakay Mixail Şoloxovning yurti — Veşenskaya stanitsasida mehmon bölib, Özbekistonga qaytdim.
Safar xotiralari asosida buyuk yozuvçi bilan Stalin munosabatlari xususida “Siyosatçi Stalin va sanʼatkor Şoloxov” nomli bir narsani qoralab, “Özbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasiga bordim.
Odil aka öşanda gazeta boş muharriri edi. Yozganlarimni öşa zahotiyoq öqib körib: “Bu maqolaning manbai bormi sizda?” deb söradi.
Rostov şahridan sotib olgan Konstantin Primaning “Stalin va Şoloxov” degan suratlarga töla hujjatli kitobini qöllariga tutqazdim.
Ertasi kuniyoq Odil aka safar xotiralarimni “Şoloxov Vatanida” sarlavhasi ostida gazetada eʼlon qildilar…
Keyin maʼlum bölişiça, “Özlit” degan idoraning rahbari Erkin Komilov degan kişi Odil aka bilan Stalin masalasida ança tortişib, Konstantin Primaning kitobidagi hujjatlarni körganidan keyingina maqolani eʼlon qilişga izn bergan ekan. Ha, u paytlar senzura degan taşkilot bor edi va uning ruxsatisiz gazeta-jurnallar çop etilmas edi.
Bu haqda Odil aka öşa Karimjon bilan uylariga borganimizda: “Bir gap kep qoldi-da, Ismatboy”, deb hikoya qilib bergan edi…
6.
Talabalik yillarimizda Toşkentda biz bilan birga öqiydigan oltiariqlik Alişer Ibodinov degan yigitning “Dengizçi” nomli ilk hikoyasi Odil akaning “oq yöl”i bilan “Guliston” jurnalida eʼlon qilinganida biz Alişerga juda havas qilgan edik.
Keyinçalik bu baxt navoiylik Ğaffor Hotamov, jizzaxlik Abulqosim Mamarasulovlargagina nasib etdi, xolos.
Odil aka bu yoş ijodkorlarni imkon qadar avaylab-asradi, hayotda ham, ijodda ham qöllab-quvvatlab keldi.
Bugun ularning uçalovi ham yurtimizning taniqli va salohiyatli yozuvçilari bölib yetişdilar.
Lekin bizga Odil akadan oq yöl oliş şarafi nasib etmadi.
7.
Odil aka bilan, asosan, Moskvada öqigan paytlarimda xiyla yaqinlaşib, qadrdon bölib qolgan edik.
Özbek yozuvçilari Moskvaning sölim va bahavo Peredelkino, Maleyevka, Barvixa kabi sobiq ittifoq Yozuvçilar uyuşmasiga qaraşli dam oliş maskanlarida hordiq çiqarişni yoqtirişardi.
Jumladan, Odil aka ham.
Sobit Madaliyev öşa paytlarda SSSR Yozuvçilar uyuşmasida özbek yozuvçilarining vakili sifatida xizmat qilardi.
Ular Odil aka bilan mening Şvernik köçasida joylaşgan yotoqxonamga tez-tez mehmon bölib kelib turişardi.
8.
Oradan yillar ötib, Moskva davlat universitetining jurnalistika fakultetini tugatib, Toşkentga qaytdim.
Şahrisabz va Qarşidagi mulozim böliş yölidagi urinişlarimdan söng yana Toşkentga — jurnalistikaga qaytarkanman, bu yerda yana Odil akaning mehri va qöllovidan bahramand bölgan edim.
1989 yilning may oyida Moskvada ötgan SSSR Xalq deputatlarining 1-sʼyezdiga ham şaxsan Odil Yoqubovning tavsiyasi va “Özbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasining yöllanmasi bilan safarbar etilgan edim.
9.
Özbekistondagi “Hayot va iqtisod” jurnalida boş muharrir bölib yurgan masrur va şukuhli kunlarimda ham Odil akaning siylovidan köp bor bahramand bölganman.
Men öşa vaqtlar hukumatga ança yaqin bölsam-da, Abdulla Oripov bilan munosabatlarimiz öşanda biroz sovib qolgan paytlar edi.
1992 yilning Navröz kunlarida Abdulla akaning 50 yillik yubileyi Alişer Navoiy nomli opera va balet teatrida nişonlangan edi.
Keçani Odil Yoqubov boşqarib borgandi.
Öşanda meni nima jin urdi-yu, Abdulla aka bilan munosabatim yaxşi bölmasa-da, uni tabriklaşga jazm qildim.
Sözga çiqişi mumkin bölgan va yubileyga uzoq-yaqindan kelgan mehmonlar röyxatini Abdulla akaning nazaridan allaqaçon ötkazib olişgan edi.
Mening bu röyxatlarda, tabiiyki, nomim yöq edi.
Lekin men öşimça negadir “sözlaşim va şeʼr öqişim” şart degan xulosaga kelib, Odil akaga ikki enlik xat yozib jönatdim.
Bilmadim, bir paytlar Moskvada infarkt bölganida qirq kun holidan xabar olib turgan şoir yubileyi mening tabrigimsiz ötişi alam qildimi, har qalay, öşanda “men ham gapirişim şart” degan öjar bir xulosaga kelgan edim…
Vo ajab, xatni olgan zahoti Odil aka: “Endigi söz navbati Abdullajonning şogirdi, taniqli jurnalist Ismat Xuşevga” deb eʼlon qilib yubordilar. Holbuki, hali söz navbatini kutib turgan taniqli va alloma yozuvçilar talaygina edi.
Ajabmaski, Odil aka ham öşanda Moskvadagi ayni voqeani eslab, menga söz berib yuborgan bölişlari ham mumkin. Çunki öşa şoir infarkt bölgan jarayon — Moskvadagi Yozuvçilar sʼyezdida u kişi ham iştirok etgan edilar…
Zal bir lahza sukutga çömdi. Abdulla aka kutilmaganda tipirçilab qoldi.
Odil aka esa heç narsa bölmagandek, menga tabassum bilan boqib: “Bemalol, gapiravering”, deb dalda berdilar.
Men Abdulla akaning betakror isteʼdod sohibi ekanini aytib, bir paytlar özim yaxşi körgan qizga bağişlab yozgan ğazallarini öqib berdim…
Mening “qovun tuşirmay”, tuppa-tuzuk gapirganimni körgan şoir “xayriyat” deb, yengil tin oladi.
Lekin, baribir, ertasi kuni keçki mahal Özbekiston televideniyesidan eʼlon qilingan yubiley keçasidagi mening çiqişim Abdulla akaning talabi bilan kesib taşlangan edi…
10.
Özbekiston Yozuvçilar uyuşmasining raisi vazifasidan Odil akaning nohaq olinişidek noxuş voqea ham hanuz xotiramda saqlanib qolgan.
Biolog olim Jahongir Hamidov öşa vaqtda Özbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining mafkura böyiça kotibi edi.
U kişi bir kuni Odil akaning Darxondagi “dom”iga borib, mehmon böladi. Aytişlariça, tört soat davom etgan “muzokara”dan söng Odil aka “öz xohişiga köra” işdan böşaş haqida ariza yozib beradi…
Biz tört soat davomida Odil akaning öğillari Iskandar ikkimiz Darxondagi pivoxonada Markazqöm kotibi bilan uluğ yozuvçining muloqoti nima bilan tugarkan deb yurak yutib kutgan edik…
Men öşanda Devonga borib, xuddi öz otamni nohaq işdan olişganidek kuyinib, endigina Prezidentning kadrlar böyiça Davlat maslahatçisi etib tayinlangan Mavlon Umrzoqovdan: “Nega bunaqa böldi, axir”, deb köp söradim.
Şunda Mavlon aka: “Şunaqa bölişi kerak, Ismatjon, men bu yerda heç narsa qilolmayman”, deb javob bergan edilar…
11.
Biz mustaqillik yillarida “Özbekiston Qahramoni” bölgan Said Ahmad, Ozod Şarafiddinov, Tölepbergen Qaipbergenov, Ibroyim Yusupov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov kabi şoir va yozuvçilarni yaxşi bilamiz.
Lekin Odil aka ham öz ijodi bilan, ham halol va pokiza hayoti bilan, nazarimda, baland edi.
Özbek adabiyotida Abdulla Qodiriydan keyin peşonamizga bitgan yorqin yulduz Odil Yoqubov edi.
Lekin negadir u kişiga “Qahramon” böliş nasib etmadi…
Holbuki, u kişi bunday narsalarga xohiş ham bildirgan emas. Parvo ham qilmagan.
12.
Bugun tuni bilan ötirib, Odil akani eslab, şu xotiralarni yozar ekanman, hayotda menga şunça yaxşilik qilgan, suyab, qöllab-quvvatlagan insonga bir piyola çoy quyib berolmaganimdan, könglini ololmaganimdan ökinç tuydim, puşaymon qildim.
Men xorijiy yurtlarga ketarkanman, biroz ötib, alamlarni unutib qaytib kelaman, hali yana amaldor bölib, Odil akaga yaxşilik qilişga ulguraman deb öylagan edim.
Çunki keyingi yillarda Odil akaning hukumatdagi baʼzi amaldorlardan bir qadar köngli qolganini bilardim…
Hatto u kişining sakson yillik oşida ham mulozimlardan heç kim kelmaganini eşitib, juda qayğurgandim…
13.
…Men Odil akaning “Diyonat”ini öqib, professor Normurod Şomurodov obrazida hayotda köp nohaqliklarni boşidan keçirgan öz otamni körgan va oxir-oqibat Odil akani ham xuddi otamdek yaxşi körib qolgan edim.
Bir kun kelib, Ikkinçi jahon uruşi va öqituvçilik kasbi soçlarini juda erta oqartirgan jafokaş otam vafot etdilar.
Dunyo közlarimga tor böldi! Toğlar qulab tuşdi yelkamga! Bu nomard hayotning şunaqa beşafqat sinovlari ham bor ekan!
Odil akaning “Diyonat”idagi professor Şomurodov vafot etganida ham uning jiyani Otaqözi bilan bab-barobar kuygan va qayğurgan edim…
Holbuki, bu voqealar kitob, badiiy asar ekanini bilsam-da, otamni qömsab, soğinib, iç-içimdan qattiq iztirob çekkan va ökingan edim…
14.
Bugun yaralarim yana yangilandi.
Bugun endi Odil akadan ham ayrildim.
Endi bu yoruğ dunyoda işonganim ham, ilinjim ham qolmadi hisob…
Şunda beixtiyor şoir döstim Sirojiddin Sayyidning quyidagi şeʼrlari yodimga tuşdi:
Umr — bizga berilgan sarhad,
Çegaraçi — ölim qöymaydi.
Umr töxtar. Vaqt — beşafqat,
Umr töxtar. Vaqt ölmaydi.
Tiriklikning kirmay söziga,
Çegaraga eltar qadamlar.
Ketmoqdamiz yerning yuzidan,
Yaşamoqqa şoşing, odamlar!
Hayot, sen ham anglab yetasan,
Heç iş kelmas u payt qölingdan.
Sen bizlarni taşlab ketasan,
Poyoni yöq, mangu yölingdan.
Umrin yaşar bardoş va sabot,
Tark etaman qismatlarimni.
Sen bir kuni körmaysan, hayot,
Sirojiddin, Ismatlaringni…
Lekin bugun tongda nogahon nafaqat Odil aka, balki şoir döstim yozganidek, umr ham ötib ketganini anglab yetdim…
15.
Joyingiz jannatdan bölsin, Odil aka!
Amalidan olinganiga aççiq qilib, irodasizligi bois xorijiy ellar sari yuzlangan va oxir-oqibat sizdek diyonatli, buyuk bir insonni hatto sönggi manzil tomon kuzatişga ham yaramagan şogirdingizni keçiring…
Ismat XUŞEV,
“Dunyo özbeklari” internet naşri
boş muharriri.
Toronto şahri, Kanada.
2009 yil 23 dekabr.
