Yuzi nurli, so'zi sehrli

O'zbekistonda  xizmat ko'rsatgan jurnalist, taniqli sharhlovchi 

Qobilbek Karimbekov haqida so'z

Qobilbek Karimbekov… Bu nomni katta avlod vakillari o'tgan asrning yetmishinchi yillar oxiri — saksoninchi yillarning boshlaridagi “So'nggi axborot”, “Xalqaro kundalik”, “Xalqaro panorama” kabi radioeshittirishlar, “Bugun olamda nima gap?”, “Siyosiy sharhlovchilar davrasida”, “Xarita”, “Siyosiy portretga chizgilar”, “Sharhlovchi minbari” singari teleko'rsatuvlar orqali yaxshi bilishadi. Ko'rkam va ochiq chehrali, shijoati, bilimi, iqtidori, dadilligi, xalqaro va siyosiy mavzularda dolzarb, mazmunli, qiziqarli, o'ziga tortadigan ko'rsatuvlar tayyorlab, ko'plab muxlislar orttirgan tug'ma sharhlovchi Qobilbek Karimbekov haqida qancha gapirib, qancha yozsa ham arziydi.

Bundan 45-50 yillar ilgari hozirgidek mobil telefonlar, smartfon, gadjetlar bo'lmagan, odamlar har kuni uyining ayvoni ustunida osig'liq turadigan va kechasi-yu kunduzi ham tinmay gapiradigan mo''jazgina radiopriyomnikdan eshittirishlarni jon qulog'i bilan tinglar, televizor esa, har bir xonadonning to'ridan joy olgan aziz mehmon edi go'yo. Ayniqsa, shu davrlarda radioning “Axborot” informatsion dasturi o'z nomiga munosib, aholini eng so'nggi yangiliklardan xabardor qilib turadigan muhim eshittirish bo'lgan. Ha, radioeshittirishlar mamlakatimizning turli burchaklarigacha yetib borardi. Eshitilishi qulay va beminnat bo'lgan bu axborot vositasining auditoriyasi juda keng bo'lib, uni bekorga “millionlar minbari” deyishmagan o'sha davrlarda. Aksariyat aholi uning yangiliklari va ohanrabo kuy-qo'shiqlari bilan birga, turli mavzulardagi eshittirishlarini sabrsizlik bilan kutishar edi.

Qobilbek Karimbekov bilan Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zMU)ga deyarli bir vaqtda ishga kelganmiz. M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetini muvaffaqiyatli tugatgach, meni yo'llanma bilan Toshkentga yuborishdi. Dastlab ishni respublika markaziy gazetalaridan birida boshladim. Oradan ko'p vaqt o'tmay, meni Toshkent davlat universiteti jurnalistika fakultetida yangi ochilgan “Televidenie va radio” kafedrasiga o'qituvchilik lavozimiga ishga taklif etishdi. Fakultetimiz universitet besh qavatli binosining birinchi qavatida, o'sha paytdagi “KPSS tarixi” kafedrasi ham shu qavatda joylashgan edi. Q.Karimbekov universitetning barcha fakultetlariga dars o'tiladigan ana shu kafedrada o'qituvchi bo'lib ishlardi. Qaddi-qomati kelishgan, vujudidan kuch-g'ayrat yog'ilib turadigan bu yosh o'qituvchi o'zining bilimi, iqtidori, ayniqsa, xushmuomalaligi bilan yon-atrofdagilarda yaxshi taassurot qoldirgan edi.

Q.Karimbekovning maktabda yaxshi o'qigani, tarix faniga qiziqishi tufayli yoshlikdagi yuksak orzu-havaslar uni Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zMU)ning tarix fakulteti xalqaro munosabatlar bo'limida o'qishga yetakladi. Universitetni imtiyozli diplom bilan bitirgach, o'zi uchun qadrdon bo'lib qolgan qutlug' dargohda o'qituvchi bo'lib ishga qoldi.

1981 yil edi, yanglishmasam… Bir kuni Qobilbek Karimbekovning ovozini radiodan eshitib qoldim. Ertasiga ishxonada ko'rishdik va bu haqda qiziqib so'radim. U xalqaro hayot va siyosiy mavzularga juda qiziqishi, respublika radiosi eshittirishlariga qatnashayotgani haqida zavqlanib gapirib berdi. Biz ishlayotgan kafedra bevosita radio va televideniega ixtisoslashgani bois, professor-o'qituvchilar, talabalar ham eshittirish va ko'rsatuvlardan muntazam xabardor edilar. 1980 yillarda O'zbekiston radiosida bittagina radiokanal bo'lib, aksariyat aholi shu radiokanal orqali berilayotgan eshittirishlarni tinglar edi.

Q.Karimbekov dastlab radioning “Axborot” informatsion muharririyati tarkibidagi “Kundalik” xalqaro eshittirishida qatnashib yurdi. Bu eshittirishning hajmi dastlab 10 daqiqa edi. Muxlislari ko'paygach, u “Xalqaro kundalik” eshittirishiga aylantirilib, 20 daqiqaga, keyinchalik yarim soatga yetkazildi. Yosh boshlovchining intiluvchanligi, eng muhimi, bilimi, salohiyati, ayniqsa, ovozining yoqimliligi, tinglovchi diqqatini o'ziga tezda jalb qilish qobiliyati tufayli tez orada radiotinglovchilarning e'tirofini qozona boshladi. Albatta, dastlabki bu yutuqlar tinimsiz izlanishlarning samarasi edi. Boshlovchi sharhlovchi Q.Karimbekov mashhur so'z ustasi Qodir Maxsumov, taniqli diktorlar Telman Yo'ldoshev, Davron Zunnunovlardan saboq oldi. Unga, ayniqsa, “Axborot”ning bosh muharriri, tajribali radiojurnalist, bag'rikeng inson Abdusamad Isoqov yaqindan ko'mak berdi, ish tajribalarini o'rgatib bordi. Yana bir jihati, endigina radioga kirib kelgan tarixchi yigit tinglovchilarga “Kundalik” eshittirishi orqali dunyo mamlakatlarida sodir bo'layotgan eng muhim yangilik, xabarlarni juda maromiga yetkazib uzatishning hadisini olgan edi.

A.Isoqovning tashabbusi bilan bir soat davom etadigan “Xalqaro panorama” dasturi tashkil etilib, u to'g'ridan-to'g'ri efirga uzatiladigan bo'ldi. Bu tashabbusdan birinchilardan bo'lib Q.Karimbekov juda xursand bo'ldi va ustoz bilan hamkorlikda birga ishlashga kelishib olishdi. Albatta, bu yangi loyihani amalga oshirish oson kechgani yo'q. Ammo tinib-tinchimas, harakatchan, o'sha davrlarda radiodek nufuzli tashkilotda mehnatlari tufayli yaxshigina mavqe va obro'ga ega bo'lgan A.Isoqov maqsadga erishish yo'lida bor kuchi, tashkilotchiligi va tajribasini ayamadi.

Muhimi, tinimsiz izlanishlar, bor imkoniyatlarni ishga solish tufayli yangi dastur ilk eshittirishidanoq radiotinglovchilarga manzur bo'la boshladi. Haftasiga bir marotaba efirga uzatilayotgan bu “panorama”ni A.Isoqov bilan Q.Karimbekov erkin tarzda olib boradigan bo'lishdi. Odatda, yangilikning istagan jamiyatda, ma'lum ish sharoitida tezda singishi oson kechmaydi. Ochig'i, yangi tashkil etilgan eshittirish hammaga ham ma'qul bo'lmadi, orqavoratdan “tosh otish”lar ham bo'ldi. Chunki bu yangi eshittirish boshlangunga qadar radioeshittirishlar faqat diktorlar tomonidan o'qib berilardi, endi esa uni boshlovchilar to'g'ridan-to'g'ri efirga uzatadigan bo'lishdi. Eshittirishni tashkil qilishga bosh-qosh bo'lgan Abdusamad aka va u bilan birga ishlaydigan radiojurnalistlar xotirjamlikka berilishmadi, tinmay izlanib, har bir eshittirishni imkon darajasida qiziqarli va mazmunli tarzda efirga chiqarishga astoydil harakat qilishdi. Bunga erishishdi ham.

Radiodagi sa'y-harakatlar samarasini bera boshladi. Q.Karimbekov qisqa vaqt ichida yaxshigina tajriba to'pladi, shijoati va yoqimli tili, mazmunli va o'ziga xos ijodi bilan tinglovchilar e'tiborini qozona bordi.

Qobilbek Karimbekovdagi iqtidor, izlanish, o'z ustida muntazam ishlash kabi xususiyatlar televidenie rahbariyatining ham e'tiboriga tushdi, u endi televidenie ko'rsatuvlarida ham qatnasha boshladi.

Q.Karimbekovda xalqaro sharhlovchilik ustunlik qildi va 1983 yili Milliy teleradiokompaniyaga “Siyosiy sharhlovchi” lavozimiga ishga qabul qilindi. O'sha davrlarda televidenieda sharhlovchilik ancha nufuzga ega lavozim hisoblanib, bu darajaga erishish hammaga ham nasib etavermasdi. Endi radioda ozmi-ko'pmi tajriba orttirgan siyosiy sharhlovchi uchun mas'uliyat yuki ikki karraga oshdi, chunki televidenieda ko'rsatuv olib borishning o'ziga xos talab va qoidalari bor edi. Bu qaynoq ijodiy muhitda u taniqli voizlar Erkin Hayitboyev, Ahmadjon Meliboyev, Tursun Qoratoyev, Nasriddin Muhammadiyev va boshqa ustozlar bilan “Bugun olamda nima gap?”, “Siyosiy sharhlovchilar davrasida”, “So'rang — javob beramiz” kabi ko'rsatuvlarni tayyorlashda faol qatnashdi. Keyinchalik “Tinchlik qadri”, “Xarita”, “Siyosiy portretga chizgilar”, “Asr sadosi”, “Sharhlovchi minbari” singari teletomoshabinlarning e'tiborini qozongan ko'rsatuvlarni tayyorlashga erishdi. Ta'kidlash lozim, Q.Karimbekov milliy televideniemizda jurnalistikaning jiddiy va dolzarb hisoblangan sharh janrining yangi qirralarini ochish, har bir xalqaro va siyosiy mavzuni millionlab teletomoshabinlarga ta'sirchan, qiziqarli tarzda yetkazishga katta hissa qo'shdi.

Aytish kerakki, qulog'imiz sharhlovchi, sharhlovchilik kabi istilohlarni eshitishga o'rganib qolgan, ammo uning mazmun-mohiyati, qanchalik mas'uliyatli vazifa ekanini hamma ham tushunib yetavermaydi.

Sharhlovchi — alohida kishilar bilan teleko'rsatuvda biror-bir narsa haqida suhbat qiluvchi mutaxassis hisoblanadi. U o'z shaxsiy fikrlari bilan videotasvirlar mazmunini ochish va mehmon bilan studiyada suhbat qiluvchi boshlovchi hamdir. Odatdagidek, u boy hayotiy tajribaga ega sayohatchi, butun yer sharini aylanib chiqqan kosmonavt yoki xizmat ko'rsatgan shifokor yoki taniqli balerina bo'lishi mumkin. Albatta, ular o'z ish faoliyati va hayoti haqida chiroyli gapira oladigan haqiqiy ziyoli kishi bo'lishi lozim. Yana unda “kamerani seza bilish” — ko'rinmaydigan auditoriya bilan aloqa qilish qobiliyati bo'lishi zarur. Taniqli kishining qobiliyati — murakkab narsa to'g'risida gapira bilish mahoratida ko'rinadi. Keyin sharhlovchining har qanday holatda xolis bo'lishi, kasb odobiga qat'iy rioya qilishi kabi xususiyatlar ham uning oltin qoidasiga kiradi.

Albatta, Qobilbek Karimbekovda ana shu muhim xususiyatlar yillar davomida shakllandi, o'qib-o'rganishdan erinmadi, ustozlarning o'gitlariga amal qildi va xolisona aytganda, oldiga qo'ygan ezgu maqsadlariga erisha oldi.

Kechagidek esimda, 1986 yilning bahori edi. Fakultetimizga Tbilisi universitetining professori Nikolay Leonidzeni talabalarimizga ma'ruza o'qish va mahorat maktabi o'tib berishi uchun taklif qilgan edik. N.Leonidze Toshkentda bir hafta bo'ldi: talaba, aspirantlarga ma'ruza o'qidi, darsdan keyin esa mehmon professorni poytaxtimizning muzeylari, manzarali joylariga olib bordik. U navbatdagi ma'ruzaga kirishidan oldin shunday dedi: “Men kechki paytlari O'zbekiston televideniesi ko'rsatuvlarini ko'rib boryapman. Kecha birinchi telekanaldan xushsurat, og'ir-bosiq, ammo dadil-dadil gapiradigan bir yigit ko'rsatuv olib bordi. To'g'risi, men o'zbek tilini tushunmayman, mehmonxonadagi sherigim — o'zbek birodarimizdan so'rab bildim, u biz tomosha qilayotganimiz “Bugun olamda nima gap?” ko'rsatuvi ekani, uni Qobilbek Karimbekov degan sharhlovchi olib borayotganini aytdi. To'g'risi, teleekrandagi yigitning o'zini tuta bilishi, harakatlari, emin-erkin gapirishlaridan ancha mahoratli sharhlovchiligini bilib olish qiyin emasdi. Odatda, televideniening maqomini yuqori darajaga olib chiqadigan, ko'rsatuvlarni qoyilmaqom tarzda olib borib, teletomoshabinlarni o'ziga jalb qiladigan ana shunday bilimli va mahoratli insonlar bo'ladi”.

Telekanallarda nima ko'p, ko'rsatuv ko'p: agar tomoshabinga biri yoqmay qolsa, qo'lidagi kichkinagina uskuna tugmachasini bosib, boshqasini ko'raveradi. Men Q.Karimbekovning deyarli barcha ko'rsatuvlarini ham mutaxassis, ham bir teletomoshabin sifatida kuzatib borganman. Odatda, sharhlovchilar ma'lum ko'rsatuv tayyorlash uchun juda ko'p ma'lumotlarga ega bo'lishlari, dalillar, fakt-raqamlar esa ularning mavzuni atroflicha ochib berishlari uchun muhim vositalar bo'lib xizmat qilishi va ulardan unumli foydalangan holda, o'sha mavzuni to'laqonli yoritishda aslo muammo bo'lmasligi kerak. Menimcha, Q.Karimbekovdagi eng muhim “qurol”, birinchidan, uning bilimi, yuksak salohiyati bo'lsa, keyingisi kuchli quvvai hofizaga egaligidir. Bu noyob xususiyat — Alloh o'zi yuqtirgan ne'mat bo'lib, bu kabi iqtidor hamma sharhlovchilarga ham nasib etavermaydi. U ko'rsatuvni bir maromda, chiroyli tarzda olib borar ekan, “…falon yili, falon sanada BMTning falon rezolyutsiyasi qabul qilingan edi”, yoki “…yilning mana shu sanasida bu masala ko'rib o'tilganida…” deya davom etadi. Dadil fikrlash, o'ziga tortadigan ovozda, faktlardan joy-joyida foydalanib, uni muxlisga yetkazib, o'ziga jalb qila olish — mana, sharhlovchining mahoratini ko'rsatib beradigan omillar. Aytib o'tilganlar maqolamiz qahramonida to'la mujassam.

Qobilbek Karimbekov televideniedagi qizg'in ish jarayonida faqat ko'rsatuvlar tayyorlash bilan cheklanib qolgani yo'q. U sharhlovchilik faoliyati davomida Yaponiya, Fransiya, Chexiya va Slovakiya singari o'nlab xorijiy davlatlarga qilingan rasmiy safarlar haqida xilma-xil, o'ziga xos hujjatli ko'rsatuvlar tayyorlab, millionlab “zangori ekran” muxlislariga taqdim etdi.

Qobilbek Karimbekovning tinimsiz mehnatlari, jo'shqin ijodi, sa'y-harakatlari tufayli 1996-1997 yillarda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Devonida bosh konsultant bo'lib ishlash nasib etdi. Bu nufuzli idorada ishlash unga boy tajriba to'plashi, siyosiy tafakkuri va tushunchasining yanada kengayishiga yordam berdi. Ana shu tajriba, o'ziga xos maktablar uni obdan chiniqtirdi. Natijada O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi qoshidagi “Ma'naviyat targ'ibotchisi” o'quv markazi, Abdulla Avloniy nomidagi Respublika xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish markaziy institutida mas'ul lavozimlarda faoliyat olib bordi.

Q.Karimbekov yillar davomida to'plagan tajribalarini boshqalarga, o'zidan keyingi avlodga yetkazishda ham o'z o'rniga ega jurnalist hisoblanadi. Nufuzli xalqaro YuNESKO tashkilotining akademigi, o'z ovozi, ish uslubiga ega jurnalist mehnat faoliyati davomida ancha-muncha sharhlovchilarning yetishib chiqishiga o'z hissasini qo'shdi, desak, to'g'ri bo'ladi. Quddus A'zamov, To'lqin Po'latov, G'ofir Jamolov, Madamin Safarov, Xayrulla Nuriddinov, Sobir Turdiyev, Farhod Hojiyev, Ikrom Choriyev kabi jurnalistlarga Qobilbek Karimbekov o'z tajribalarini o'rgatgan holda, kerakli maslahatlar berdi, ularning shu maqomga yetishlariga imkon darajasida o'z hissasini qo'shdi.

O'ziga xos bilim, tajriba, ovozga ega bo'lgan taniqli sharhlovchining salkam yarim asrlik mehnat faoliyati davomida turli gazetalarda 300 dan ziyod, jurnallarda 50 dan ortiq, ilmiy to'plamlarda 70 ga yaqin maqolalari, 30 ga yaqin ilmiy taqrizlari, Rossiya, Germaniya, Qozog'iston va boshqa qator xorijiy davlatlarning jurnallarida esa maqolalari chop etildi.

Katta tajriba, iqtidorga ega Qobilbek Karimbekovning jurnalistlik hamda voizlik xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib baholanib kelinmoqda. U 1996 yilda “Yilning eng faol jurnalisti” tanlovi g'olibi, 2001 yili “Shuhrat” medali, 2022 yili “O'zbekiston Respublikasi xalq ta'limi a'lochisi” ko'krak nishoni, 2016 yilda esa O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan jurnalist faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

Tinib-tinchimas, doimo harakatda bo'lishni yoqtiradigan sharhlovchi Q.Karimbekov ayni kunlarda ham Mudofaa vazirligi hamda Ichki ishlar vazirligining bo'linmalarida, mahallalarda “Ma'rifat darslari”ni olib bormoqda.

Qobilbek Karimbekov bugun qutlug' yoshida ortiga qarab, o'tgan yillarini sarhisob qilar ekan, “Kamtarona ijodim bilan mehnatsevar, bag'rikeng, mard xalqimizga, aziz radio va televidenie muxlislarimizga manzur bo'ladigan ijod qila olgan bo'lsam, o'zimni baxtli inson deb hisoblayman”, deyishga haqli.

Yusufjon HAMDAMOV,

filologiya fanlari doktori.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × five =