Bir kitobga jo bölgan olam
Yaqinda sevimli yozuvçimiz Odil Yoqubovning maşhur “Uluğbek xazinasi” romanini öqib çiqdim. U yerda jahonga maşhur olim, davlat arbobi Mirzo Uluğbekning boy kutubxonasidan joy olgan, alloma va uning şogirdlari qalamiga mansub asarlar, şuningdek, xorijlik olimlarning nodir kitoblari asl xazinaga tenglaştirilib taʼrifu tavsif qilinadi: qattiq muqovali, qalin, salmoqli kitoblar…
“Uluğbek xazinasi”ni öqib turgan vaqtimda dramaturg, xalqaro şarhlovçi, siyosatşunos olim, Özbekiston Yozuvçilar va Jurnalistlar uyuşmalari aʼzosi Laziz Rahmatovning “Dunyo mamlakatlari” kitobini muallifning dastxati bilan keltirib berişdi.
Avval bu kitob çiqqanini ijtimoiy tarmoqlarda, televideniye orqali efirga uzatilgan körsatuvlarda körgan, eşitgan, muallif bilan körişganda uni bu salmoqli yutuği bilan tabriklagan ham edim. Lekin naşrni qölimga oldim-u… menda “Uluğbek xazinasi”da taʼriflangan kitoblarni tutib turgandek tasavvur paydo böldi. Bunday öxşatiş qilganimizning boisi şuki, Laziz Rahmatov bundan bir neça yillar avval “Dunyo mamlakatlari: Avstraliyadan Hindistongaça” kitobini (Toşkent, Ğafur Ğulom naşriyoti, 2019. — 848 bet) öquvçilar hukmiga havola etgan va u ança şov-şuvga sabab bölgan edi.
Birinçi naşr hozirgi ikkinçi naşrga qaraganda hajman va şaklan ança kiçik edi. Öşanda ham muallif kitobning bir nusxasini oilamizga tuhfa etgan, özim va turmuş örtoğim jurnalistlar, ijodkorlar ekanimiz sabab iş faoliyatimizda aksariyat hollarda şu kitobga murojaat qilib turardik.
Uşbu naşr biz uçun beminnat dastyor vazifasini ötaydi. Çunki iş, ijod, tarjima jarayonida xilma-xil mavzudagi matnlar uçraşi tabiiy. Ayrim faktlarni aniqlaştiriş, soliştiriş-taqqoslaş, fakt-çeking tekşiruvidan ötkazib, maʼlumotlar aniq, haqqoniyligiga işonç hosil qiliş talab etiladi. Aks holda, zakiy, bilimdon öquvçi bir qaraşdayoq notöğri maʼlumot keltirilganini bilib oladi, haqiqatni noaniq, tekşirilmagan dalillardan ajrata biladi. Mana şunday hollarda “Dunyo mamlakatlari” kitobi sizga beminnat yordamçi, beğaraz dastyor böla oladi.
Çunki öziga öta talabçan muallif unda keltirilgan har bir sanani, raqamni, nomni va boşqa köplab maʼlumotlarni ming çiğiriqdan ötkazgan, tekşirgan, töğriligiga işonç hosil qilgaçgina sizu bizning eʼtiborimizga havola etgan.
Ayrim ota-onalar bolalarining dunyoqaraşini oşiriş uçun oila davrasida quyidagi öyinni öynaşadi: kattalar davlatlarning nomlarini aytişadi, bolalar esa ularning poytaxtlarini topişlari lozim böladi.
Dunyoda davlatlar köpligidan bu öyinning neçoğliq murakkabligini taxmin qiliş qiyin emas. Lekin sönggi vaqtlarda bolalarning bu öyinida poytaxtlarning nomlariga boşqa vizual jihatlar, masalan, davlatlarning bayroği kabilar ham qöşildiki, bularning hammasini “Dunyo mamlakatlari” kitobida uçratiş mumkin. Bu nafaqat kelajagimiz poydevori bölmiş bolajonlarning, balki kattalarning ham bilim doirasi oşişiga olib kelişi şubhasiz.
Endilikda Özbekiston dunyoning barça qitʼasida joylaşgan köplab davlatlar bilan yaqin hamkorlik qiladi, 170 ga yaqin mamlakatlar bilan diplomatik aloqalar örnatdi.
Har bir davlat haqidagi barça maʼlumotlarni, özingizni öylantirgan savollar javobini “Dunyo mamlakatlari” kitobidan topasiz. Tadbirkorlik bilan şuğullanmoqçi bölsangiz, qaysi mamlakatlar iqtisodiyotning qaysi sohalariga ixtisoslaşgan, qanday mahsulotlar işlab çiqaradi, qanday xizmat turlarini körsatadi, nimasi bilan maşhur kabi savollarga asosiy javoblarni ham şu kitobdan topasiz.
Yoki, deylik, sayohatga otlanib turibsiz, lekin qaysi yönalişni tanlaşda ikkilanyapsiz. Marhamat, “Dunyo mamlakatlari”da siz izlagan maʼlumotlarning hammasi mujassam. Xullas, bu kitob sizga hayotingiz davomida asqatişi aniq.
Naşrning lotin yozuvida, ensiklopedik tartib asosida tayyorlangan ilmiy-ommabop kitob ekanligi, kitobning barça sahifalari rangli bölib, unda davlat bayroqlaridan taşqari, har bir mamlakatning relyef xaritasi berilgani, ölkalarga doir tabiat manzaralari, şaharlari fotosuratlari rangli körinişda çiroyli joylaştirilgani, kitobning informativligi eʼtiboringizni tortadi.
Yana bir jihat. 2019 yilgi naşrda tahrir hayʼatida 24 nafar aʼzo bölgan bölsa, uning kengayib borişi bilan ular soni 49 nafarga yetkazilgani ham nihoyatda töğri iş bölgan.
Kitobda futbol böyiça 2026 yilgi jahon çempionatida qatnaşadigan ayrim, nomlari juda köpçilikka notaniş bölgan mamlakatlar haqida atrofliça maʼlumot berilgan. Masalan, Kyurasao.
Kitobning birgina “A” harfi bilan boşlanadigan mamlakatlari haqidagi maqolalarni öqiş asnosida quyidagi qimmatli maʼlumotlar eʼtiborimizni tortdi:
— Andorra davlati poytaxti Andorra-la-Velya Yevropada eng baland joylaşgan poytaxtdir;
— dunyoda aholisi bor-yöği 16 ming kişini taşkil etadigan Angilya (ha, xato öqimadingiz, Angliya emas, aynan Angilya) davlati (Britaniyaning okean ortidagi özini özi boşqaruvçi hududi) ham bor ekan;
— Angola davlatida, ming afsuski, 2015 yil 3 sentyabrda islom dinini taqiqlaş haqida Prezident farmoni qabul qilindi, bu davlat poytaxti Luanda yaşaş uçun dunyodagi eng qimmat şaharlardan biri hisoblanadi, mamlakat ikkinçi prezidenti Joze Eduardu duş Santuşning qizi Izabel Afrikadagi eng boy ayoldir;
— Antigua va Barbuda Hamdöstligi hududidagi eng baland nuqta — dengiz sathidan 402 metr balandda joylaşgan Boggi tepaligi AQŞ prezidenti Barak Obama şarafiga Obama tepaligi deb ataladi;
— jahonning eng janubiy şahri Uşuayya Argentinada joylaşgan, 1920 yilda Argentinada dunyoda birinçi bölib radiostansiya tölqin uzatişi amalga oşirila boşladi;
— Armaniston aholisi 3,1 million kişini taşkil etgani holda arman millatiga mansub 5,6 million kişi boşqa mamlakatlarda istiqomat qiladi, Armaniston nasroniylikni davlat diniga aylantirgan jahondagi birinçi mamlakatdir, bu yerdagi maktablarda şaxmat fakultativ emas, majburiy predmet sifatida kiritilgan;
— Avstraliya uran zaxiralari böyiça dunyoda 1-örinda turadi (33%), uni qazib oliş böyiça esa Qozoğiston va Kanadadan keyin 3-örinni egallaydi.
Xullas, kitobni öqigan kişi köplab qiziqarli maʼlumotlarga duç kelişi va dunyoqaraşi ança kengayişi aniq.
Hozir muştariylar ikki toifaga bölinadi: birlari bosma kitobni mutolaa qilişni afzal körsa, boşqalari elektron tarzdagi naşrlarni öqişni yoqtiradi. Kitobning elektron nusxasi ham alohida bot orqali tarqatila boşlagani öquvçilar auditoriyasining yanada kengroq bölişini taʼminlaydi va xorij safariga otlanganlarga qöl keladi.
Muallifning maʼnaviyatni yuksaltiriş, buning uçun kitob öqiş madaniyatini tarğib etiş, yoş, isteʼdodli mualliflarni topiş, kitoblarini çiqarişga yordam beriş, ularning erkin ijod qilişiga kömaklaşiş, naşrdan çiqqan kitoblarni matbuot anjumanlari orqali tarğib etiş kabi fazilatlari, albatta, bugungi kunimiz uçun juda manfaatlidir.
Ötmişda Mirzo Uluğbekning asl xazinasi bölmiş ilmiy kitoblarni saqlab qolib, uni kelgusi avlodlarga beşikast, beziyon yetkaziş uçun uning sodiq şogirdlari Ali Quşçi, Miram Çalabiy, Qalandar Qarnoqiy va boşqalar qançalik zahmat çekkani, jonini garovga qöygani maʼlum. Çunki Mirzo Uluğbek ölimidan söng hokimiyatga kelgan Mirzo Abdullatif va uning tarafdorlari dunyoviy kitoblarning tarqalişiga tiş-tirnoği bilan qarşi çiqqan.
Hozir esa bizda buning mutlaqo aksi — davlat rahbari kitobxonlikni tarğib qiliş, ijod ahliga turfa xil imtiyozlar yaratiş, kitobxon yoşlarni maʼnaviy va moddiy jihatdan qöllab-quvvatlaş taşabbuskori bölib turibdi. 22 may kuni esa muhtaram Prezidentimiz “Milliy kitobxonlik harakati”ni boşlab bergani, uşbu dastur uçun umumiy yillik 240 ming AQŞ dollari miqdoridagi mukofot fondi ajratilgani fikrimizning yorqin dalilidir.
Şu jihatdan, Laziz Rahmatovning mutolaa madaniyatini ommalaştiriş borasidagi saʼy-harakatlari, özi asos solgan “Qanot” loyihasini faol qöllab-quvvatlab kelayotgani ham şak-şubhasiz eʼtiborga molikdir.
Abduvohid UMIROV,
Özbekiston Yozuvçilar va Jurnalistlar
uyuşmalari aʼzosi,
tarjimon.
