O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yoshlar kuniga bag'ishlangan tantanali marosimdagi nutqi
Aziz yoshlar!
Qadrli o'g'il-qizlarim!
Sizlar bilan islohotlarimizning ilk davridan boshlab shakllangan yaxshi an'anamizga ko'ra, bugun – Yoshlar kunida yana bir bor uchrashib turganimdan mamnunman.
Fursatdan foydalanib, barchangizni, sizlar orqali butun yurtimiz yoshlarini ushbu qutlug' bayram bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Biz yoshlarni qo'llab-quvvatlash, ularning orzu va intilishlarini ro'yobga chiqarishni islohotlarimizning dastlabki kunlaridan davlat siyosatining eng ustuvor yo'nalishlaridan biri sifatida amalga oshirib kelmoqdamiz. Shu maqsadda har bir mahallada o'g'il-qizlarimizning tashabbuslarini qo'llab-quvvatlab, ularga ko'makchi bo'ladigan yoshlar yetakchilari korpusini shakllantirdik.
Yoshlarning ta'lim-tarbiyasi, bandligi, ma'naviyati, vaqtini mazmunli o'tkazishiga Davlat xavfsizlik xizmatini (B.Qurbonov) viloyat va tumanlardagi tizimi bilan birga mas'ul etib belgiladik.
Navqiron avlodni Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga sadoqat, kattalarga hurmat va ezgu insoniy fazilatlar ruhida tarbiyalash maqsadida nuroniy otaxon va onaxonlarimizning boy hayotiy tajribasidan foydalanishni keng yo'lga qo'ydik.
Mamlakatimizda har haftaning payshanba kunini Yoshlar kuni deb e'lon qilib, barcha vazirlik va idoralarni yoshlar muammolarini o'rganish va ularga yechim topish masalasiga to'liq safarbar etdik.
Mana shunday sa'y-harakatlarimiz tufayli yurtimizda yoshlar bilan ishlash muhiti tubdan o'zgardi. Xususan, bilim olish, kasb-hunar egallash, til o'rganish, ish topish va biznesni boshlashda qiyinchilikka uchragan 1,5 million nafar yigit-qizning muammosi “Yoshlar daftari” orqali hal qilindi; alohida dasturlar asosida jozibador biznes muhiti va imtiyozli resurslar yaratib berganimiz hisobidan yosh tadbirkorlar soni 5 karra ortib, 287 ming nafardan oshdi; o'quv markazlarini ko'paytirish bo'yicha qulay sharoit yaratganimiz uchun xorijiy tillarni intensiv o'rganayotgan o'g'il-qizlarimiz 3,5 million nafarga yetdi; iqtidorli o'quvchi va talabalarimiz nufuzli fan olimpiadalarida 434 ta, yosh sportchilarimiz xalqaro musobaqalarda 2 ming 245 ta medalni qo'lga kiritdi; tarbiyasi og'ir yoshlarni huquq-tartibot idoralari va hokimlarga biriktirganimiz uchun ikki yilda yoshlar o'rtasida jinoyatchilik 2,5 karra kamaydi.
Albatta, bu – yoshlar bilan bog'liq barcha masalalar hal bo'ldi, degani emas. Davlat xavfsizlik xizmati (B.Qurbonov), Yoshlar ishlari agentligi (A.Sa'dullayev), Mahallalar uyushmasi (Q.Quronboyev), vazirlar, ularning viloyat va tumanlardagi tizimi, hokimlar, rektorlar, texnikum va maktab direktorlari yoshlarning muammosi, ularning ehtiyoj va qiziqishlari bo'yicha tinimsiz ishlashi kerak.
Bosh vazir A.Aripov har bir vazir, hokim, tarmoq va bank rahbari yoshlar masalasida qanday ishlayotganini qattiq nazorat qilib, har oyda mas'ullardan bu borada hisobot olib boradi.
O'tgan hafta Namanganga amalga oshirgan tashrifim davomida Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi rahbari Abdurauf Jumanov eng og'ir mahallalarda yoshlar muammolari bo'yicha tahlil markazi, “Bir oy – to'rtta mahalla” loyihasi, “mahalla ustozi” tizimi va texnikumlarni otaliqqa olish haqidagi o'z tashabbuslari to'g'risida axborot berdi.
Bu tashabbuslar menga juda ma'qul. Endi har bir viloyat davlat xavfsizlik xizmati boshqarmasi rahbari, shahar va tuman hokimlari yoshlar bilan ishlash bo'yicha o'zlarining ana shunday tajribalarini yaratishi zarur.
Yaxshi natijalarga erishgan rahbarlarga yil yakunida va kelgusi yil Yoshlar kuni arafasida oylik maoshiga alohida ustama va davlat mukofotlari beramiz. Ko'rsatkichlari past, yangilikka intilmagan hudud rahbarlariga nisbatan esa qattiq chora ko'riladi.
Aziz farzandlarim!
Bir haqiqatni bilib olinglar, bugungi kunda davlatlar hududi bilan emas – bilimi bilan, aholi soni bilan emas – texnologiyasi bilan, tabiiy boyliklari bilan emas – inson kapitali bilan raqobatga kirishmoqda.
Endi zamonaviy ilm-fan va tafakkur mahsuli bo'lgan yangi iqtisodiyot – bilimlar iqtisodiyoti hal qiluvchi kuchga aylanib bormoqda.
Men bilaman, o'g'il-qizlarimizning har birida katta salohiyat, iste'dod va iqtidor bor. Sizlar o'z davrida buyuk kashfiyotlari bilan dunyo sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo'shgan, Birinchi va Ikkinchi Renessansning “aql chirog'i” bo'lgan buyuk ajdodlarimizning munosib vorislarisiz.
Albatta, vorislik – bu faqat faxrlanish emas, balki ulkan mas'uliyat hamdir.
Ajdodlarimiz insoniyat taraqqiyoti yo'lida qanday buyuk ishlarni amalga oshirgan bo'lsa, sizlar Yangi O'zbekistonda yangi Uyg'onish davri – Uchinchi Renessans poydevorini yaratadigan kuch bo'lishingiz kerak.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Bugungi kunda o'zining bilimi, iste'dodi, tashabbuskorligi va fidoyiligi bilan Yangi O'zbekiston ravnaqiga munosib hissa qo'shib kelayotgan yoshlarimiz safi tobora kengayib borayotgani barchamizni xursand qiladi.
Kecha mana shunday o'g'il-qizlarimizning 20 nafarini “Kelajak bunyodkori” medali bilan, yana 28 nafarini “Mard o'g'lon” davlat mukofoti bilan taqdirlash haqidagi farmonni imzoladim. Hozir avval mukofotlarni egalariga topshirib, keyin muloqotni davom ettirsak.
Davlat mukofotlari sohiblarini butun xalqimiz nomidan yana bir bor tabriklayman. Ushbu yuksak e'tirof sizlarni yangi marralar sari yetaklasin! Safingiz yanada kengayaversin!
* * *
Hurmatli yig'ilish qatnashchilari!
Bu yil 472 mingdan ziyod yoshlarimiz maktabni bitirdi. Ularning 300 mingga yaqini oliygohlarda, 80 ming nafari texnikumlarda o'qishni davom ettiradi.
Vazirlar va hokimlar qolgan 90 mingdan ziyod yoshlarni kasb-hunarli qilish, ular o'z biznesini boshlashi uchun ko'maklashish bo'yicha hozirdan aniq reja va chora-tadbirlarga ega bo'lishi kerak. Bundan tashqari, bu yil oliygohni tugatgan 324 ming bitiruvchidan 222 ming nafarining ish joyi aniq bo'ldi.
Rektorlar, Milliy bank (A.Mirsoatov) va Aloqabank (K.Irisbekova), viloyat va tuman hokimlari korxonalar va tadbirkorlar bilan birgalikda faol ishlab, shu yil 1 sentyabrgacha yana 102 ming nafar yoshga kafolatli ish joyini aniq belgilab berishi zarur.
Shuningdek, kasb-hunarga ega bo'lmagan, o'qigan bo'lsa ham o'ziga mos ish topa olmagan 112 ming nafar yoshlarimiz bor. Yoki diplomi bo'lgani holda, yangi bilim va ko'nikma yetishmagani uchun 3-4 million so'm oylikka ishlayotgan o'g'il-qizlarimiz 100 ming nafardan ko'p.
Agar tuman hokimi, tumandagi banklar o'z hududidagi bunday yoshlarga ozgina turtki berib, malakasini oshirish, yangi kasblarga o'rgatishni yo'lga qo'ysa, ularga 10-15 million so'm daromad topishi uchun katta imkoniyat yaratgan bo'ladi.
Hozirgi vaqtda qancha-qancha sharoitlar mavjud, katta-katta mablag'lar beryapmiz. Vazirlar, banklar, hokimlar ozgina jon kuydirib, shu ishlarni albatta qilsa bo'ladi.
Qadrli yoshlar!
Bugungi kunning muvaffaqiyat formulasi, ertangi taraqqiyotning mustahkam zamini – uchta eng muhim ustunga tayanadi. Bu – bilim, kasb va texnologiya.
(Davomi 2-sahifada).
(Davomi. Boshlanishi 1-sahifada).
Mening niyatim – har bir yigit-qiz ana shunday imkoniyatga ega bo'lib, hayotda munosib o'rnini topsin. Shuning uchun har yili 500 ming nafar o'g'il-qizning zamonaviy kasbga ega bo'lishini ta'minlaydigan “Kelajak bilimlari ekotizimi” yo'lga qo'yiladi.
Hududlarimizda o'quv markazi qurib, yoshlarga kasb va til o'rgataman degan yigit-qizlarimiz soni ko'payib borayotgani meni xursand qilyapti. Endi bu maqsadlar uchun yer va davlat ob'yektlari imtiyozli narxda auksionga chiqariladi. Yoshlar to'lovni besh yilda foizsiz, bo'lib to'laydi. Infratuzilmaga zarurat bo'lsa, davlat barpo qilib beradi. O'quv markazini qurish va jihozlash uchun kredit stavkasining 7 foizi kompensatsiya qilinadi. Yoshlarimiz o'quv markazlariga ilg'or xorijiy o'quv dasturlari va o'qituvchilarni olib kelsa, xarajatining yarmini qoplashga ham tayyorman.
Barcha hududlarda zamonaviy savdo va servis, yirik turizm komplekslari ko'payib boryapti. Ular ishga kiraman deganlarga katta oylik taklif qiladi. Lekin talabi ham shunga yarasha bo'ladi. Shu bois qo'lida kasbi bo'lib, xalqaro talablar asosida yangi ko'nikmalarni egallamoqchi bo'lgan yoshlarga kasb vaucheri berishni yo'lga qo'yamiz. Ushbu kasb vaucheri foizsiz ssuda shaklida bo'lib, bu orqali har yili 50 ming nafar yoshlarimizning zamonaviy kasblarni o'rganish xarajatlari qoplab beriladi. Ehtiyojmand oilalardagi 85 ming nafar ishsiz yoshlarga xususiy o'quv markazida kasb egallashi uchun bepul vaucher taqdim etiladi. Shu yilning o'zida kasb vaucheri va bepul vaucher tizimi uchun 120 milliard so'm ajratiladi. Talab bo'lsa, bu mablag'ni ko'paytirib boramiz.
Xorijiy tilni puxta o'rganib, yuqori natija bilan sertifikat olgan yoshlarga xarajatini qoplash tizimini yo'lga qo'yganimiz o'zini oqladi. Endi buni xalqaro kasb sertifikatini olganlarga ham tatbiq qilsak, sizlarga ma'qulmi?
Yoshlarga kasb o'rgatishning eng muhim bo'g'ini bo'lgan texnikumlarda xususiy sektor ishtirokini yanada kengaytiramiz. Buning uchun texnikum ochishdagi litsenziya shartini soddalashtirib, 20 dan ortiq talabni bekor qilamiz. Yangi o'quv yilidan xususiy texnikumlarga ham kasbga o'qitish bo'yicha davlat granti beriladi.
Yana bir yangilik – xalqaro kasb tanlovlarida g'olib bo'lgan davlat va xususiy texnikum o'quvchilari 100 million so'mdan, ularni tayyorlagan ustozlari 50 million so'mdan mukofot oladi.
Bugungi kunda xorijiy tillarni mukammal biladigan yoshlarimiz soni 650 mingdan oshdi. Ularga buyuk tariximiz, boy madaniy merosimiz to'g'risida xorijiy tillarda kontent tayyorlashni o'rgatsak, ular yurtimizning turizm salohiyatini targ'ib qilishga katta hissa qo'shib, yuqori daromadga ham ega bo'ladi. Shu maqsadda Raqamli kontent platformasini ishga tushirib, har yili 20 milliard so'mdan ajratib boramiz.
Hozirgi vaqtda 150 mingdan ziyod yoshlarimiz xorijda ta'lim olyapti, ilm-fan bilan shug'ullanmoqda. Yurtimizning turizm va eksport salohiyatini oshirishda bu yoshlarning imkoniyatlaridan foydalanib, ularning o'ziga ham daromad keltiradigan tizim yaratamiz.
Bunda Turizm qo'mitasi (A.Aqqulov), Savdo-sanoat palatasi (D.Vahobov), Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi (N.Xolmurodov), 9 ta sanoat uyushmasi rahbarlari 10 ming talabani turoperator, sanoat korxonalari va eksportchilarga bog'lab, ularga grant ajratadi. Talabalar esa o'zi o'qiyotgan davlatdagi bozor, mahsulot va xizmatlarga talabni tahlil qilib, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga yetkazadi.
Milliy aviakompaniyamizning 26 ta davlatda vakolatxonasi va aeroportlarda joyi bor. Bu joylarda ham xorijda o'qiyotgan yoshlarimiz uchun alohida sharoit yaratib beramiz. Ular yurtimiz salohiyatini namoyish etadigan stendlarni joylashtirib, turistik marshrut va mahalliy mahsulotlarni taqdimot qilib boradi.
Oliygoh bitiruvchisini ishga olgan tadbirkorga yosh mutaxassis uchun daromad solig'i va ijtimoiy soliq bir yil davomida 1 foiz darajasida bo'ladi. Bu – 200 mingga yaqin oliygoh bitiruvchisini ishga olgan tadbirkorlar uchun katta rag'batga aylanadi.
Umuman, yoshlarga yangi bilim, kasb va texnologiyani o'rgatishga kambag'allikni qisqartirish va bandlik vaziri B.Zohidov, oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri Q.Sharipov, Kasbiy ta'lim agentligi rahbari A.Husanov, Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Sa'dullayev, hokimlar mas'ul bo'ladi.
Hozirgi paytda ijtimoiy reestrga kirmagan, lekin ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan, harbiy xizmat va migratsiyadan, jazoni o'tab qaytgan, jismoniy imkoniyati cheklangan yana 1 million nafar yoshlarimiz bor. Ularga ozgina yordam berilsa, hayotda o'z o'rnini albatta topib oladi. Shu bois “Yoshlar daftari” transformatsiya qilinadi. Misol uchun, 38 mingdan ziyod uyushmagan yoshlarga “ustoz-shogird” an'anasi asosida kasb-hunar o'rgatish, ularni ishli qilish, biznesini boshlashiga ko'maklashish bo'yicha yangi tizim yaratiladi. Bunday yoshlar bilan ishlash bo'yicha “Kafolatlangan birinchi qadam” paketi joriy etiladi. Bunda “Ustoz-talaba” dasturi asosida uyushmagan yoshlarni o'qitib, oliygohga kirishiga ko'maklashgan talabalarga magistraturaga kirishda qo'shimcha ball, davlat stipendiyalarini olishda yengillik beriladi.
Hozirgi kunda savdo, servis, ishlab chiqarish sohalarida o'z brendiga ega bo'lgan minglab yoshlarimiz bor. Ular uyushmagan tengdoshlariga biznesni o'rgatsa, o'z brendi asosida ishlashga sharoit yaratib, daromad topishiga ko'maklashsa, juda minnatdor bo'lardim. Shu maqsadda “Yoshlar mini-franshizasi” dasturini ishga tushiramiz. Ularga faoliyatini kengaytirish uchun imtiyozli shartlarda yer va kredit beriladi. Mahalliy brendlar franshizasini oladigan yigit-qizlarga Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamg'armasidan 300 million so'mgacha foizsiz ssuda ajratiladi. Bu dasturlarni moliyalashtirish uchun 500 milliard so'm yo'naltiriladi.
Yoshlar uchun kasb va til o'rganish, ishga joylashish, tadbirkorlik bo'yicha o'nlab xizmatlar mavjud. Bu xizmatlardan “yagona darcha” tamoyili asosida foydalanish uchun “Yoshlar xablari” tashkil etiladi. Ushbu tajribani Surxondaryo viloyatidan boshlab, boshqa hududlarda ham bosqichma-bosqich ommalashtiramiz.
Hozirgi vaqtda 87 ming davlat xizmatchisidan 16,5 ming nafarini 30 yoshgacha bo'lganlar tashkil qiladi. Shundan 902 nafari rahbarlik lavozimida ishlamoqda. Salohiyatli yoshlarimiz juda ko'p. Vazir va hokimlar yoshlarga ishonch bildirib, mas'uliyatli lavozimga qo'yishdan cho'chimasligi kerak.
Shu maqsadda yosh liderlarni aniqlash bo'yicha 5 ta yo'nalishda “TOP-100” dasturini amalga oshiramiz. Dastur doirasida “yangi iqtisodiyot”, IT va sun'iy intellekt, ta'lim, tibbiyot va qishloq xo'jaligi bo'yicha yurtimizdagi yoshlar va chet eldagi vatandoshlarimiz uchun ochiq tanlov e'lon qilinadi. Har ikki yilda bir marta o'tadigan bu tanlovning 100 nafar g'olibi 50 million so'mdan mukofotlanadi va rahbarlik lavozimiga tayinlanadi.
Yaqinda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkilotining tanlovida g'olib bo'lgan 50 nafar iqtidorli o'g'il-qizimiz ushbu tashkilotning dunyodagi ofislariga stajirovkaga yuboriladi. Ular stajirovka dasturini muvaffaqiyatli tamomlaganidan keyin mazkur xalqaro tashkilotga ishga joylashish imkoniyatiga ega bo'ladi.
Har bir vazirlik va tarmoq o'z yo'nalishida “TOP-100” iqtidorli yoshlar dasturini boshlaydi. Masalan, iqtisodiyot va moliya vaziri J.Qo'chqorov – 100 nafar moliyachi va iqtisodchi; suv xo'jaligi vaziri Sh.Hamrayev – 100 nafar yosh suv innovatori; energetika vaziri J.Mirzamahmudov – 100 nafar yosh energetik; qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vaziri Sh.Hidoyatov, urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo'mitasi raisi Sh.Qudbiyev – 100 nafar yosh quruvchi, arxitektor va urbanistni saralab, o'z yo'nalishidagi xalqaro tashkilotlarga stajirovkaga yuboradi.
Vazirlar Mahkamasi va Prezident Administratsiyasi vazirliklar uchun yiliga 2 ming nafar yoshni xalqaro tashkilotlarga stajirovkaga yuborish bo'yicha rejani tasdiqlab, ijrosini nazorat qiladi.
Biz yoshlar balansida 14 yoshdan 30 yoshgacha bo'lgan 9 million 300 ming nafar yoshlarning bazasini shakllantirdik. Endi ularning yutuqlarini yaxlit portfolio shaklida yuritadigan elektron tizimga o'tamiz. Bunda “O'zbekiston yoshlar ligasi” platformasi ishga tushiriladi. O'g'il-qizlarimiz o'z natijasini platformaga kiritadi. Bu ma'lumotlar vazirliklar tomonidan o'rganiladi va yoshlarga ball beriladi. Yuqori ball to'plagan o'g'il-qizlarimizga ta'limda – grant, kontraktga chegirma, kasb o'rganishga vaucher beriladi, xorijda o'qish puli qoplanadi; tadbirkorlikda – imtiyozli kredit olish, akselerator dasturida qatnashish imkoni yaratiladi; ish joyida – xorijiy stajirovka tashkil etiladi, davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasiga kiritiladi; uy-joy olishda – imtiyozli ipoteka ajratiladi. Yil yakunida eng yuqori natijalarga erishgan yoshlar tantanali ravishda taqdirlanadi.
Umuman, “O'zbekiston yoshlar ligasi” barcha maktab va texnikum o'quvchilari, yurtimizda va xorijiy oliygohlarda o'qiyotgan va ilm-fan bilan shug'ullanayotgan yigit-qizlarimiz, davlat va xususiy sektorda ishlayotgan yoshlarimizni; chet eldagi vatandoshlarimizning farzandlarini Yangi O'zbekistonni barpo etish yo'lida birlashtiradigan umummilliy harakatga aylanadi.
Bu masalaga Prezident Administratsiyasi rahbari o'rinbosari I.Sirojev, oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri Q.Sharipov va Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Sa'dullayev mas'ul bo'ladi.
Hozirgi paytda 14 mingdan ortiq o'g'il-qizlarimiz AQSh, Yevropa, Yaponiya, Xitoy, Koreyaning yetakchi oliygohlarida ta'lim olmoqda. Bunday yoshlar ta'tilda yurtimizdagi vazirlik, hokimlik, davlat va xususiy kompaniyalarda amaliyot va stajirovka o'tashi uchun sharoit yaratamiz. Buning uchun bir oyda ish beruvchilar va xorijda o'qiyotgan talabalarni bir-biri bilan bog'laydigan raqamli muloqot platformasi ishga tushiriladi.
Shuningdek, “El-yurt umidi” jamg'armasi hisobidan har yili 700 nafarga yaqin o'g'il-qizlarimiz dunyoning “TOP” oliygohlariga yuborilmoqda. Biz islohotlarimizning ilk bosqichida iqtidorli yoshlarimizni asosan davlat tashkilotlarida ishlab berish sharti bilan chet elga o'qishga yubordik. Xususiy sektorda ham bunday kadrlarga ehtiyoj kundan-kunga ortib boryapti. Endi yoshlarimiz “El-yurt umidi” jamg'armasi orqali xususiy sektor buyurtmasi asosida ham nufuzli xorijiy oliygohlarda o'qishi mumkin bo'ladi.
Ana shu masalalarning ijrosini Boshqaruv samaradorligi agentligi (U.Husainov), “El-yurt umidi” jamg'armasi (G.Ismoilova) va Savdo-sanoat palatasi (D.Vahobov) tashkil qiladi.
Yuqoridagi tashabbuslarni moliyalashtirish uchun kelgusi uch yilda 1,5 trillion so'm ajratamiz. Kambag'allikni qisqartirish va bandlik vazirligi (B.Zohidov) yil yakunigacha ushbu maqsadlar uchun chetdan yana 100 million dollar olib keladi.
Hurmatli yig'ilish qatnashchilari!
Yurtimizda odamlarni ishli qilib, yuqori iqtisodiy o'sishni ta'minlashga xizmat qilayotgan eng asosiy qatlam bu – tadbirkorlar. Ularning orasida bilimli va tashabbuskor yoshlarimiz bor ekan, bizni hech kim hech qachon rivojlanishdan to'xtata olmaydi.
E'tibor bering, hozirgi vaqtda yillik aylanmasi 500 milliard so'mdan oshgan yosh tadbirkorlarimiz soni – 15 nafarga; 100 milliard so'mdan oshgani – 194 nafarga; 50 milliard so'mlik marradan o'tganlari 68 nafarga yetdi. Bundan 8-9 yil ilgari yoshlarimiz katta korxonalarga rahbarlik qiladi, milliard-milliard so'mlik mablag'ni boshqaradi, desa kim ishonardi?
Bunday “yosh chempion tadbirkorlarimiz” safi kengayishi uchun o'g'il-qizlarimizni yangi – “Bilimlar iqtisodiyoti”ga o'rgatishimiz zarur.
Endi yoshlarimizni muvaffaqiyatli biznes sari yetaklaydigan yangi tizimni yo'lga qo'yamiz. Milliy bank va Aloqabankda yoshlar biznesiga mas'ul o'rinbosar lavozimi joriy etiladi va ular Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamg'armasiga hamrais bo'ladi. Bank-moliya akademiyasi yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish bo'yicha “aql markazi” sifatida belgilanadi. Bundan buyon akademiya tinglovchilari hududlarda yoshlar va tadbirkorlar bilan uchrashadi va tayyor biznes loyihalarni shakllantiradi.
Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamg'armasi (A.Sa'dullayev, A.Mirsoatov, K.Irisbekova) tayyor loyihani biznes rejasi bilan qulay shartda yoshlarga taklif qiladi. Endi bu Jamg'arma yoshlarning yuqori daromad keltirib, ko'plab ish o'rni yaratadigan loyihalariga 5 milliard so'mgacha investitsiya kiritadi. Eng yaxshi loyihalar akademiya tinglovchilarining magistrlik dissertatsiyasi sifatida qabul qilinadi. Bunday loyiha mualliflari hududiy bank rahbari va hokimlarning iqtisodiyot bo'yicha o'rinbosari lavozimlariga eng birinchi nomzod bo'ladi.
Ushbu tizim kamida 300 ming nafar yoshlarimizga o'z biznesini boshlashi uchun yo'l ochadi. Buning uchun Milliy bank (A.Mirsoatov) chetdan 200 million, Aloqabank (K.Irisbekova) 50 million dollar olib keladi.
J.Qo'chqorov, ushbu 2 ta bank rahbari, A.Sa'dullayev yuqoridagi tashabbuslar orqali yoshlar tadbirkorligini yangi bosqichga olib chiqishga mas'ul bo'ladi va yil yakunida bu bo'yicha batafsil hisobot beradi.
Aziz do'stlar!
Biz 2030 yilgacha iqtisodiyot hajmini 240 milliard dollardan oshirishni reja qilganmiz. Bunga erishish uchun barcha sohalarga yangi g'oya olib kiradigan innovatsion startaplar kerak.
So'nggi to'qqiz yilda mahalliy startap ekotizimi 15 barobar o'sib, 4 milliard dollardan oshdi. Venchur jamg'armalar soni 23 taga, ularning umumiy kapitali 200 million dollarga yetdi. O'tgan davrda 1 ming 200 dan ziyod istiqbolli startap loyihalar paydo bo'ldi. Bu yo'nalishda 3 mingdan ziyod yoshlarimiz yuqori daromad topmoqda.
Ushbu yo'nalishdagi ishlarimiz xalqaro tashkilotlar tomonidan ham e'tirof etilmoqda. “Global startap indeksi”da O'zbekiston 31 pog'ona yuqori ko'tarilib, dunyoda eng tez rivojlanayotgan startap ekotizimi, “2026 yil mamlakati” deb e'lon qilingani ham buning yaqqol isbotidir.
Hali bu sohada juda katta imkoniyatlar bor.
Kambag'allikni qisqartirish va bandlik vazirligi (B.Zohidov) yoshlar startaplari uchun 5 million dollarlik, Namangan viloyati hokimi (Sh.Abdurazzoqov)ning 5 milliard so'mlik venchur jamg'arma ochish haqidagi tashabbusi menga ma'qul bo'ldi.
Endi har bir vazir, tarmoq rahbari va hokimlar “1 mingta masalaga – yoshlardan 1 mingta yechim” loyihasini ishga tushiradi. Bunda har bir rahbar o'z tizimidagi dolzarb muammolarni ochiq platformada joylashtirib, eng yaxshi yechimlar uchun mukofot e'lon qiladi. Buning uchun har bir vazir va hokim kamida 10 milliard so'mlik venchur jamg'arma tashkil etadi. Ushbu mablag'lar g'oliblarni mukofotlash va 20 tadan eng yaxshi startapning g'oyadan amaliyotgacha bo'lgan barcha bosqichlarini moliyalashtirishga sarflanadi.
Yoshlar ishlari agentligi biznes, IT, kreativ iqtisodiyot yo'nalishida 100 ta eng yaxshi loyihani tanlab, ularga 1 milliard so'mgacha investitsiya kiritadi.
Biz Raqamli hukumat markazida birinchi superkompyuter klasterini ishga tushirdik. Kelgusi yil klaster quvvatini 3 karra oshiramiz. Joriy yil 20 ta oliygohda sun'iy intellekt laboratoriyasi tashkil etiladi. Yoshlarimiz tarmoq va hududdagi masalalarga sun'iy intellekt orqali yechim topishda ushbu superkompyuter va laboratoriyadan bepul foydalanadi.
So'nggi yillarda Toshkent, Nukus, Qarshi, Termiz, Urganch, Farg'ona shaharlarida zamonaviy IT parklarni ishga tushirdik. O'tgan hafta Yangi Namanganda yana bir yirik loyihaga start berildi. Andijon, Samarqand, Jizzax, Buxoro, Guliston, Chirchiq, Nurafshon, Navoiy shaharlarida ham umumiy maydoni 100 ming kvadrat metr bo'lgan yirik IT parklar barpo etish boshlanmoqda. Bularning hisobiga 20 mingdan ziyod o'g'il-qizlarimiz uchun yuqori daromadli ish o'rinlari yaratiladi.
Bizning maqsadimiz aniq – IT va sun'iy intellekt bo'yicha yosh liderlar korpusini yaratish.
Bu sohalarda eng asosiy ish quroli nima? Albatta, kompyuter. Shu bois “Mening birinchi kompyuterim” dasturini boshlab, ehtiyojmand oilalardagi 10 ming nafar yoshlarga noutbuk olish xarajatining yarmi Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamg'armasi hisobidan qoplab beriladi, qolgan qismiga esa uch yilda bo'lib to'lash sharti bilan foizsiz ssuda ajratiladi.
Endi IT va sun'iy intellekt sohalari uchun kadr tayyorlaydigan oliygohlarning uchinchi kurs talabalari IT parkda dual ta'lim asosida o'qishni davom ettiradi.
Bu yo'nalishlardagi iqtidorli talabalar uchun Muhammad al-Xorazmiy nomidagi davlat stipendiyasini joriy etsak, nima deysizlar?
Iqtidorli qizlarimiz uchun muhandislik, IT va sun'iy intellekt yo'nalishlari bo'yicha “Muhandis qizlar” stipendiyasini ta'sis etamiz. Yangi o'quv yilidan boshlab to'lanadigan ushbu stipendiyalar xususiy oliygoh talabalariga ham beriladi.
Bugungi kunda kimyo, biologiya, fizika, matematika va informatika fanlari bo'yicha nufuzli xalqaro olimpiadalar g'oliblari 1 milliard so'm, ularning ustozlari 200 million so'm mukofot olmoqda. Endi bu rag'batlantirish mexanizmi sun'iy intellekt bo'yicha xalqaro olimpiada g'oliblariga ham tatbiq etiladi.
Ikki yil oldin Xorazmda “Al-Xorazmiy vorislari” loyihasini boshlab, 4 mingdan ortiq iqtidorli o'quvchilarni xorijiy til va IT bo'yicha o'qitishni yo'lga qo'ygan edik. Raqamli texnologiyalar vaziri Sh.Shermatov bu loyihani joriy yildan viloyatlar markazlari va Qoraqalpog'istonning barcha tumanlarida, kelgusi yillardan boshlab barcha tuman va shaharlarda ishga tushirib, 50 ming nafar yoshni unga qamrab oladi.
Aziz yurtdoshlar!
Biz yoshlarimizda milliy ruhni shakllantirish, ularning qalbiga Vatanga muhabbat, el-yurtga hurmat hissini singdirish to'g'risida ko'p gapirayapmiz. Bu – juda dolzarb masala.
Ochiq aytishimiz kerak, bugungi kunda yoshlarimiz asosiy vaqtini raqamli makonda o'tkazmoqda. Birgina misol, o'tgan yili 84 million dollarlik kompyuter va mobil o'yinlar eksport qilindi.
Raqamli texnologiyalar vaziri Sh.Shermatov viloyat hokimlari bilan birga barcha 15 ta IT park hududida kompyuter va mobil o'yinlar yaratuvchilari uchun inkubatsion markaz ochib, milliy ruhdagi o'yinlarni ko'paytirish bo'yicha yangi tizimni yo'lga qo'yadi.
Shu bilan birga, har yili kamida 20 ta milliy ruhdagi kompyuter va mobil o'yinlar yaratish bo'yicha davlat buyurtmasi berib boriladi. Buning uchun yiliga 10 milliard so'm yo'naltiramiz.
Umuman, yoshlarning IT, sun'iy intellekt va startap loyihalarini amaliyotga joriy qilishga Prezident Administratsiyasi departament boshlig'i B.Xodjayev, raqamli texnologiyalar vaziri Sh.Shermatov, Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Sa'dullayev mas'ul bo'ladi.
Hurmatli anjuman qatnashchilari!
Biz yoshlarga yaratib berayotgan imkoniyatlardan hech bir o'g'il-qizimiz chetda qolmasligi kerak. Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Sa'dullayev, Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o'rinbosari Sh.Mirziyoyeva bu yil “Vatan mehri – ijtimoiy tashabbuslar” tanlovini o'tkazib, aholi muammolari bo'yicha eng yaxshi yechim bergan volontyorlar va 50 ta ijtimoiy loyiha muallifini taqdirlaydi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi (M.Olloyorov), Ichki ishlar vazirligi (A.Toshpo'latov), Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi (E.Karimova), Yoshlar ishlari agentligi (A.Sa'dullayev) ijtimoiy xavf guruhidagi bolalarni qo'llab-quvvatlash uchun “Qanot” loyihasini ishga tushiradi. Ushbu loyiha bunday yoshlarni ijtimoiy xizmatlar, ta'lim, sport, musiqa va san'atga yo'naltirib, qayta huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olishga xizmat qiladi.
Iyun oyida o'tkazilgan “Yoshlar tashabbuslari marafoni”da yoshlarimiz tomonidan ilm-fan, madaniyat, biznes, startap, sun'iy intellekt yo'nalishlarida loyihalar bo'yicha minglab takliflar ilgari surildi.
Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Sa'dullayev bir hafta muddatda “Tashabbuslar ofisi”ni tashkil qilib, har bir g'oyani – loyihaga, mahsulotga va xizmatga aylantirish bo'yicha ishlarni boshlaydi. Buning uchun 50 milliard so'm ajratiladi.
Hurmatli yig'ilish qatnashchilari!
Bugun narkotik va psixotrop moddalar bilan bog'liq jinoyatlar aholi genofondiga jiddiy tahdid solmoqda. Bunday jinoyatlarning uchdan biri yoshlar tomonidan sodir etilayotgani juda xavotirli. Shu bois O'zbekistonda giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish masalasini umummilliy harakatga aylantirib, bu yo'lda katta kuch va vositalarni safarbar qilyapmiz.
Yaqinda ushbu jinoyatlarga nisbatan javobgarlikni keskin kuchaytirish bo'yicha qonun qabul qildik. Bu yovuz illatning yoshlarimiz orasida ildiz otishiga aslo yo'l qo'ymaymiz, bu baloni tag-tomiri bilan quritmaguncha to'xtamaymiz.
Qadrli farzandlarim!
Giyohvandlik insonni eng qimmatli boyligi – sog'lig'i, aql-zakovati, irodasi va orzu-maqsadlaridan ayiradi.
Unutmang, hayot insonga bir marta beriladi.
Bunday illatlarga nisbatan murosasiz bo'ling, umrning har bir daqiqasini ezgu ishlarga sarflab yashang!
Aziz ota-onalar!
Farzand oilada kamol topib, voyaga yetadi. Uning yorqin kelajagi uchun mustahkam poydevorni, eng avvalo, sizlar yaratasiz.
Shunday ekan, kun sayin o'zgarib borayotgan o'ta murakkab sharoitda farzand tarbiyasiga har qachongidan ham e'tiborli bo'laylik, bunga hamisha mas'uliyat bilan qaraylik!
Qadrli o'g'il-qizlarim!
Men sizlardagi shijoat, bilimga tashnalik va yangilikka intilishni ko'rib, doim ruhlanaman.
Siz – aziz farzandlarimdan bir narsani so'rayman: katta-katta marralar sari olg'a qadam tashlang, o'qing, yangi bilim, yangi kasb va zamonaviy texnologiyalarni egallang, qiyinchilikdan cho'chimang, mehnat qilishdan, o'rganish va intilishdan hech qachon to'xtamang!
Shuni bilingki, ortingizda sizlarni katta orzu-umidlar bilan voyaga yetkazgan ota-onangiz, sizlarga bilim va tarbiya bergan, kasb o'rgatgan ustoz va murabbiylaringiz, sizlarga ishonib, doimo qo'llab-quvvatlab kelayotgan xalqimiz, Prezident tog'dek tayanch bo'lib turibdi.
Hamisha yo'lingiz ochiq, niyatingiz ulug', qaddingiz baland bo'lsin!
