Mana shunaqa bizning SOLIYEV
(Yarim hazil, yarim chin to'yxat)
Bu inson haqida samimiy yozish kerak. Agar rasmiy yoki yasama so'zlar bitilsa, nafaqat qog'oz va qalam, balki qadrdonlari ham ranjiydi. Quyidagi bitiklar ko'cha gaplari emas, xoh ishoning, xoh ishonmang, bari chippa-chin gaplar.
* * *
Shahrixonda so'lim bir bog' bor. Ilgari bir texnikumning oromgohi bo'lgan. Bundan yigirma yil avval hamkasbimiz — “Andijonnoma”ning tirgaklaridan biri, “O'zbekiston ovozi” gazetasining viloyatdagi salkam o'ttiz yillik muxbiri Ahmadillo Soliyevning 50 yoshini shu yerda nishonladik. To'yga bu yog'i Surxondaryodan, u yog'i Nukusdan sobiq kursdoshlar keldi.
To'y nihoyatda yaxshi o'tdi. Ertasiga ish kuni edi. Tahririyat binosiga kirsak, Ahmadillo Soliyev xonama-xona yuribdi. Og'zidan bir gap tushmaydi:
— Yaxshi o'tirdilaringizmi? Kamchiliklar bo'lmadimi?
Aslida buni biz undan so'rashimiz kerak edi. Xonada muharrir o'rinbosari Ilhomjon Egamnazarov bilan o'tirgan edik, u kirib keldi:
— Ilhomjon, hamma narsa siz aytganday bo'ldimi, kamchiliklar yo'qmi? Rostini aytsam, 50 yoshga birinchi marta kirishim, rosa shoshib qoldim.
Shunda Ilhomjon aka aytdi:
— Yanagi safar 50 ga kirganingizda o'zim ro'yxat qilib beraman, esdan chiqmasin…
* * *
Tahririyatda har hafta yakunlar va rejalarga bag'ishlangan yig'ilish bo'lardi. Bir kuni ko'pchilik esankirab qolay dedi. Soliyevning “Saratepaning sara poyabzallari” sarlavhali o'n qatorlik xabari gazetaning ikkita sonida ketma-ket chiqib ketibdi. Muharrir norozi bo'ldi:
— Bu shunchalik olamshumul gapmi, gazetada ikki marta beribsizlar? Aybdorni jazolaymiz!
Kompyuterda bu xabar o'chirilmasdan, zaxira arxivda qolib ketgan ekan. Tunda qarashsa, ikkinchi betda o'sha xabar sig'adigan joy bo'sh turganmish. Shartta qo'yib yuborishibdi.
Yig'ilishda hajvchi yozuvchi, hamkasbimiz Halimjon Tohirov vaziyatni yumshatish va hazil bilan chiqib ketish uchun shunday dedi:
— Ahmadilloning bu xabari juda yaxshi yozilgan. Men taklif qilaman: uni nafaqat ikkita sonda, balki har kuni berish kerak. Odamlar o'rganadi. Gazetani qo'liga olib, ikkinchi sahifaga ko'z yugurtiradi-da: “Mana, yana chiqibdi!” deyishadi. Gazetamiz matbuot do'konlarida qo'lma-qo'l bo'lib ketadi.
Xonani kulgi tutib ketdi.
* * *
Ustozimiz — ko'p o'qiydigan, ko'p yozadigan, hatto chigit ekish yoki pilla terimi boshlangani haqidagi oddiy xabarlarga ham az-Zamaxshariy, Konfutsiy kabi buyuklardan iqtibos keltirib qo'shadigan dilkash inson edi. Bir kuni yig'ilishda u shunday dedi:
— Allomai davron Suqrot: “Yaxshi odam yaxshilik qiladi”, degan. Bu gap yuz foiz Soliyevga tegishli…
Shunda bir chekkada o'tirgan Omadxon ismli kompyuterchi qiz sherigiga shivirladi:
— Qarang-a, Soliyevni Suqrot ham tanir ekan…
* * *
Darhaqiqat, viloyatda qirq yil ichida bizning Soliyev kirmagan tashkilotu idora, u tanimaydigan katta-kichik rahbar qolmagan. Tan berish kerak. Bittaga o'ntani qo'shib gapiradigan, shaldir-shuldur suratkash muxbirimiz Azamatjon Toshmatov bir kuni suhbatni ilib ketdi:
— Soliyevni bir kuni yo'lda “DAN”-YPX xodimi to'xtatib, obdan tekshiribdi. Shunda akamiz: “Endi, uka, men ketaveray, hamma hujjat joyida. Katta muxbirman, meni boshlig'ing ham taniydi”, debdi. Xodim esa: “Shunaqa-da, qoidabuzarlarning hammasi boshlig'ingni taniyman, deydi”, deya turib olibdi.
Tortisha-tortisha, viloyat “DAN” boshqarmasiga borishibdi. Zinadan rahbarning o'zi tushib kelayotgan ekan:
— E-e-e, Ahmadillo Soliyev! Sizni ham ko'radigan kun bor ekan-ku! Bir suhbatlashaylik. Kechga yaqin Asakaning “Cho'ntagi”da kutaman, osh mendan! — debdi.
Rahbar ketgach, Soliyev viqor bilan xodimga yuzlanibdi:
— Qalay, men yutdimmi? Uni qo'ying, buni qo'ying, meni Rim papasi ham taniydi!
— Endi oshib ketdi, aka. Rim papasi qayda-yu, siz qayda?
— Olib bor Rimga! Tanimasa, qilgan hamma xarajatingni ikki barobar qilib qaytaraman!
Xullas, Italiyaga borishibdi. Katta maydon, hashamatli bino. Rim papasi har kuni ulkan balkonga chiqib, ikki-uch yuz chog'li odamga va'z aytar ekan. Soliyev ichkariga kirib ketibdi va… balkonning o'zida paydo bo'libdi! Hayratdan yoqa ushlagan xodim yonidan o'tayotgan bir mahalliy aholi vakilidan so'rabdi:
— Menga qarang, anavi kuloh kiyib turgan odam haqiqatan ham Rim papasimi?
Haligi odam:
— O'n sakkiz yildan beri shu yerda arava haydayman. Uning papaligini bilmadim-u, lekin yonida turgan odam andijonlik jurnalist Ahmadillo Soliyev bo'ladi, — der emish…
* * *
Men Soliyevni 48 yildan beri bilaman. Shahrixonning Segazaqum qishlog'i yonidagi Cho'ntak mahallasida tug'ilgan. Akasi To'ychiboy Mamasoliyev ham jurnalist bo'lgan, uzoq yillar “Bo'z haqiqati” gazetasiga muharrirlik qilgan. Onasi nihoyatda mehnatkash, xokisor ayol edi. Soliyev qishloqdan chiqib, Andijon davlat tibbiyot institutida tahsil olayotgan bo'lajak shifokor Hafizaxonga ko'ngil qo'ygan. Qiz o'sha paytlari onaxonning holidan xabar olib turar ekan. Shunday qilib, Soliyev salomatlik posboniga uylandi. To'rt qiz ko'rdi, ularning orasida ham shifokorlar bor.
Qirq yillik mehnat faoliyati davomida “Andijonnoma”, “O'zbekiston ovozi” (“Sovet O'zbekistoni”) gazetalarida ijodi gurillab yashnadi. U maqola sarlavhalariga zo'r e'tibor berardi: “Yo'ldan toygan Yo'lchiyev”, “Shunday joy vayronaga aylandi” (1-maqola), “Vayrona edi, koshona bo'ldi” (2-maqola)…
Bir kuni o'zimcha nimadandir achchig'im chiqib: “Falonchi siz haqingizda noto'g'ri gaplar gapiribdi. Qarab tursin, po'stagini qoqaman!” desam, u vazminlik bilan: “Qo'ying, uka, yaxshi gaplardan gaplashaylik”, deb turibdi.
O'tgan asrning saksoninchi yillarida uning akasidan qolgan “Moskvich” mashinasi bo'lardi. Yukxonasi doimo to'la, u yog'i Qo'rg'ontepa, bu yog'i Ulug'norgacha hech yo'q demay ketaverardi. To'g'ri yo'lda ham ta'mirlash uchun ikki-uch bor to'xtashga to'g'ri kelardi. Lekin bu “Moskvich” tutqator deysizmi, sholipoya deysizmi — shartta yo'l solib ketaverardi. Yomg'irli kunlari, agar to'plangan ko'lmak suvdan o'tish kerak bo'lsa, o'rindiqda ikkala oyoqni ham shartta tepaga ko'tarib olish kerak edi. Aks holda, botinkayu shim tizzagacha shalabbo bo'lishi tayin edi.
Bir kuni Shahrixonga qarab yo'l oldik. Katta yo'ldan ketayotganimizda orqaga qarasam, yo'lning o'rtasida ketmon sopidek keladigan bir quvur tutab yotibdi.
— Aka, anavi burqsiyotgan quvurning chap tomonidan o'tdikmi yo o'ngidan? — desam, peshonasidagi ko'zoynagidan orqaga qarab:
— Ie, bu bizning glushitel-ku! Tushib qolibdi-da, — dedi.
Ortga qaytdik. Tutun chiqaradigan moslamani ariqdagi suvda sovitib, men to'g'rilab ushlab turdim, Soliyev esa bor kuchi bilan tepib, joyiga tushirib qo'ydi.
Kunlardan bir kuni hamkasblarimizdan biri Shahrixonga boradigan bo'lib qoldi. “O'zim olib ketaman!” dedi Soliyev. Yo'lga tushdilar. Biz bu “Moskvich”ni “Ko'kqashqa” der edik. Darhaqiqat, u chunonam tarillardiki, yo'lning o'ng tarafi qolib, chapidan ham ketaverardi. Mashinalar andak tirband bo'lsa, piyodalar yo'lakchasi asqatardi. Orqa o'rindiqda o'tirgan hamkasbimizning qo'rquvdan ko'zlari chaqnab, charm suyanchiqni g'ijim qilib tashlabdi. Shahrixonga yetib borishgach, Soliyev so'rabdi:
— Qalay, mashinani zo'r haydar ekanmanmi?
Hamkasbimiz allaqanday qo'rquv aralash, rangi quv o'chgan ko'yi:
— Mashinangizda Shahrixonga yetib olish — 1941 yilda Ikkinchi jahon urushiga ketib, 1945 yilda sog'-salomat uyga qaytib kelish bilan barobar ekan, — debdi.
* * *
Mana shunaqa bizning Soliyev. Ko'ngli pokiza, niyatlari oq, qo'lidan yaxshilik qilishdan boshqa ish kelmaydigan inson — Ahmadillo Soliyev shu kunlarda 70 yoshga to'ldi.
Nima ham derdik, ko'rinishidan hali 60 ni ham urmagan Ahmadillo Soliyev “60 yoshni nishonlamagan edim, endi 70 yoshga bir tadbir qilsakmikan?” deb yaxshi niyat qilib yuribdi.
Albatta-da. 200-300 kishilik osh bilan kam bo'lib qolarmidi? Eng muhimi, salomat bo'lsinlar!
G'olibjon ABDULLAYEV.
