Xorazmdan chin yurtiga

yoki xorazmlik xitoyshunos

XXI asrda fan va texnika rivojlanib, imkoniyatlar ko'paygan davrda o'zi yashab turgan hududdan boshqa o'lkalarga turli maqsadlarda borish ham odat tusiga kirdi. Kimdir ish, kimdir dam olish, yana birovlar o'qish yoki ilmiy izlanish tufayli xorijga yo'l oladi. Eng asosiysi, dunyo sari otlangan insonning dunyoqarashi keng bo'lgani ma'qul. Negaki, o'nlab, yuzlab diyorlarga safar qilish mumkindir, ammo insonda hayratlanish hissi bo'lmasa, uning safari qarg'aning uchishidek gap.

Shu boisdan ham o'tmishda bir hududdan boshqasiga yuzlab elchilar, savdogarlar va boshqa kasb sohiblari taqdiri azal sabab safar qilishgan. Ammo ularning hammasi ham ibn Battuta, Marko Polo, Klavixo, ibn Fadlon, Jenkinson, Rizoqulixon, Aminaddin Yoqub, Bobooxun Salimov singari turli diyorlarga qilgan tashrifini safarnoma tarzida bitib qoldirmagan. Bu xuddi ibn Sino yashagan davrdagi undan ham kuchli tabiblarning faqat odam davolab, tajriba o'tkazib, bilganlarini o'zi bilan u dunyoga olib ketishidek gap. Ya'ni ko'rgani, anglagani, hayratlangani, maqsadu muddaolarini yozma bitikda qoldirgan insonning umri, sayohati uning vafotidan keyin ham avlodlar qalbida davom etaveradi. Shu ma'noda, o'tmishdan farqli o'laroq, samolyot, poezd va avtomashinalarda yuz minglab insonlar bir hududdan boshqasiga harakatlanmoqda. Klavixo, Marko Polo, Rizoqulixon singari otda, tuyada ming mashaqqatlar chekib safar qilish olis tarixda qoldi.

Ammo imkoniyatlar kengaygan davrda ham ko'rgani va anglaganini o'z oilasidan boshqaga so'zlab bermaydigan minglab bandalar biz bilan zamondosh.

Afsuslanarlisi shundaki, Xorazm tarixida ham yuzlab elchilar Eron, Rossiya, Kavkaz, Yaqin Sharq davlatlariga diplomatik missiya maqsadida safar qilgan-u, biron hisobot tarzidagi hujjat qoldirishmagan. Biroq Xorazm elchilarining Orenburg, Sankt-Peterburg, Tehron, Mozori Sharif va boshqa hududlarga borganiga oid manbalar xorij arxivlarida saqlanib qolgan. Hatto Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Osiyo departamenti arxivida Xorazm elchilariga ajratilgan mablag', qachon va qaerda bo'lib, kim bilan uchrashganigacha bo'lgan hujjatlar bor. Elchi bo'lib borgan shaxslarning qancha litr vino ichganidan tortib, imperatorga olib borgan maymun, tulki va boshqa sovg'alarigacha qayd etilgan. Yoki uylanib, Qozon, Orenburgda qolib ketgan elchilarning ism-sharifi, kasbu korigacha yozilgan. Biroq shu elchilarning safar oldidan va qaytganidan keyingi hukmdor bilan mashvarati borasida Ogahiy, Munis, Bayoniy asarlarida ham ma'lumot topib bo'lmaydi.

Hatto 1873 yildagi bosqin davrida Sankt-Peterburgga olib ketilgan Xiva xonligi arxiv hujjatlarida ham… Achinarlisi, hukmdorga hisobot taqdim etilmaganidir. Xalqaro siyosat, diplomatiya haqida tasavvur yo'qligi o'z yo'liga, elchi bo'lib borgan insonda hayratlanish hissi bo'lmaganiga achinasan. Negaki, savdogar, mudarris, mirob singari xorijga yuborilgan elchilar hatto o'z avlodlari uchun ham ko'rgan-kechirganlarini qog'ozga tushirishmagan. Agar oila uchun ham biron bitik qoldirishganida, Xorazm tashqi siyosati tarixini o'rganish, boshqa manbalarga taqqoslash uchun noyob meros bo'lib qolardi. Afsus…

Yanayam afsuslanarlisi, ijodkor deb biladiganimiz Feruzxon, Asfandiyorxonlar necha martalab Moskva, Nijniy Novgorod, Sankt-Peterburg, Kavkaz hududlariga borishgan, ammo safarnoma yozib qoldirishmagan. Vaholanki, ularning zamondoshi — Buxoro amiri Abdulahadxonning “Sankt-Peterburg kundaligi” mavjud.

Shu voqeliklardan ham asrlar o'tdi. Mana, yana ko'plab xorazmliklar turli maqsadlarda safar qilishmoqda. Ular orasida xalqaro konferensiyalarda, loyihalardagi ishtiroklar ham bor. Ammo men shu paytgacha oliy ta'lim muassasasidagi xabarnomadan tashqari, xorij safarnomalarini o'qiganim yo'q.

Bu borada xolislik yuzasidan aytishim kerakki, tarixchi Bekzod Abdirimovning Mo'g'uliston, Turkiya, Rossiyaga qilgan safarlari kitoblar, videolar tarzida tarix mulkiga aylandi. Shuningdek, filolog olima va shoira Sayyora Samandarning Turkiya, Gruziya va Rossiyaga ijodiy safarlari she'riy turkumlar tarzida respublika matbuotida va kitoblarida aks etdi.

Aynan Urganch davlat universiteti katta o'qituvchisi, tarix fanlari bo'yicha falsafa doktori Mardonbek Hasanovning Mo'g'uliston va Xitoyga safarlari esa maqolalar, kitob tarzida chop etildi. Shu jihatdan qaraganda, Aminaddin Yoqub singari Hindistonga, Bobooxun Salimov kabi Rossiyaga borgan xorazmliklarning hayratlari shukrki, oz bo'lsa-da, XXI asrda ham davom etmoqda.

Mardonbek Hasanovning Xorazmdan Xitoyga qilgan ilmiy safari esa hayratlar og'ushidagi tadqiqotchining Marko Polo singari sayohatnomasi bo'libdi. Mardonbek Xitoyga borishdan oldin va kelganidan keyin ham Xitoy va xitoyliklarni o'rganishda davom etmoqda. Ya'ni Xorazmda aynan Mardonbek timsolida xitoyshunoslikka asos solinmoqda. O'ylaymanki, uning izdoshlari ko'payaveradi.

Endi taassurotlar, hayratlar va anglaganlari tarzidagi sayohatnomaga kelsak. Mardonbekning yozish uslubi, voqeliklarni tasvirlashi tarixchidan ko'ra, ko'proq adibning esse bitishini eslatadi: “…meni samimiy tabassum bilan, hatto o'zbekchasiga “salom” deb qarshi oldi. Shu oddiy so'zning o'ziyoq oramizdagi masofani yo'qotdi…”

“…Masjidga yaqinlashganimiz sari ichimdagi hayajon kuchayib borardi: bu shunchaki bir binoga borish emas, balki olti asrlik tarix bilan uchrashuvdir…”

“…Ko'chalar bo'ylab ildam qadam tashlab borar ekanmiz, ortimda qolib borayotgan Lanjou menga g'alati bir tuyg'uni qoldirdi: go'yo men bu shaharni ko'rib ulgurmadim, balki u menga biroz ko'rinib, yana yashirinib olgandek edi. Shaharni tark etarkanman, bir narsani aniq tushundim: ba'zi joylar senga o'zini to'liq ochmaydi, ularga yana qaytish kerak bo'ladi. Lanjou ham shunday shaharlardan. Sayohatni mana shuning uchun yaxshi ko'raman…”

Bu singari misollarni yana ko'plab keltirish mumkin. Yoki “mengzar”, “shu vaj”, “ishqiy ishtiyoqdir”, “qopular”, “gizlab yotgan”, “so'ylashuvga”, “chorlov maktubi”, “gazik”, “havojoy”, “emakxona”, “girgitton”, “qora so'vudlar” kabi o'zbek adabiy tilida kam yoki umuman ishlatilmagan so'zlarni sayohatnomada qo'llashi Mardonbekning ziyolilarga xos til ilmidan xabardorligini ham ko'rsatadi.

Mardonbekning yana bir fazilati — chin ma'noda kitobxonligidir. Kitobni o'qib, ma'no izlab mutolaa qilishi va boshqalarga ham tavsiya etishi, fikrlashishidir. Aynan shu tufayli bo'lsa kerak, mazkur sayohatnomada allomalardek aforizmlarni ham yarata olgan. Bu jumlalarni u tashbeh sifatida atayin qo'llamagan. Balki, sayohatnomaning yozilish jarayonidagi hayratlanishlari falsafiy mushohadalarga sabab bo'lgan:

“…Zamon qanchalik ilgarilamasin, xabar yetkazish usullari ichida yozuv o'z tarovatini hech qachon yo'qotmayajak. Chunki u bir necha ming yillik tarixga ega. Yana unda insonni tarbiyalaydigan axloqiy kuch ham bor. Tag'in biz bilmaydigan yana qandaydir quvvatlar mavjudki, shuning uchun ham u tarixiy jozibasini hanuzgacha yo'qotgan emas…”

“…Olimlar qanchalik ilmli bo'lgani sari shunchalik kamtar va tavozeli bo'lib boradilar”.

“…Agar bu yerlarda inson bo'lmasa, bu go'zallik bor kuchini yo'qotadi. Ya'ni Yer inson bilan aziz ekan”.

“…Insoniylik har millatda borki, shu xislat farqli millatlarni bog'lab turadi”.

“…Yaxshi inson — bu tabiat bilan uyg'un yashaydigan insondir”.

“…Xitoyliklarning oddiyligi va kamtarligi men uchun ularning eng katta kuchidek tuyuldi. Menimcha, vaqt Misr ehromlaridan emas, balki asrlar davomida o'zligini saqlab kelayotgan Xitoy xalqidan qo'rqsa kerak…”

“…Uning qo'llari so'zlar, oyoqlari hikoya qilar, nigohi she'r aytardi…”

“…U tomoshabinni daryo qayiqni qalqitgandek qalqitar va tebratardi…”

“…Olamni kezgan sayyohlar deydiki, hokimiyatning haqiqiy belgisi libos emas, xulqdir…”

“…Ichimda ozgina xavotir ham bor edi, ammo odamning oyog'i yurgan joyida tili ham aylanadi, deydilar…”

“…Chunki o'zbek nonini dunyoning hech yeridan topib bo'lmaydi. Ayniqsa, bu onalar yopgan non bo'lsa…”

“…Menga ulug' bir haqiqat ochilgandek bo'ldi: barcha xalqlar aslida bir xil, ularni ba'zida til to'sadi, ba'zida esa dil. Buni tushunish uchun yo'lga otlanmoq kerak, bunga esa umringni sarflasang arziydi…”

“…Kibrsiz kishilardan tashkil topgan jamiyat rivojlanmay, yana qaysi jamiyat rivojlansin?! Taraqqiyotning siri, ehtimol, aynan shundadir…”

“…Tarixni faqat tarix bo'lgani uchun o'qimaslik, balki undan kelajak uchun ko'prik yasash lozimligidir…”

Bu mushohadalar o'qiyotgan, uqayotgan, izlanayotgan va hayratlar og'ushidagi Mardonbekning dunyoni anglash sari mardona bitilgan mushohadalaridir.

Mardonbek siyratidagi zehn va samimiylik Xitoydalik vaqtida asqatgan va unga unchalik qiyinchilik tug'ilmagan desa bo'ladi. Safardan kelganidan so'ng esa xitoy tili, yozuvini o'rganishga jazm qilgani, Xitoyga oid o'tmishu bugunda neki voqelik, jarayon bo'lsa, kuzatayotgani uning haqiqiy xitoyshunos bo'lishidan darak beradi.

Boya ta'kidlaganimdek, yozish uslubi va voqelikni tasvirlashi esse janriga xos. Bu esa muallifning iqtidori va yozish qobiliyati yuksakligini anglatadi. Shu tufayli Mardonbekdan vaqt o'tib, xuddi Mirkarim Osim singari tarixiy mavzulardagi qissa va hikoyalarni ham mutolaa qilib qolsak, ajab emas. Safarlar va sayohatnoma bitiklari esa davom etaverishini tilab, hayratlar tark qilmasin deb qolaman.

Umid BEKMUHAMMAD,

Xorazm Ma'mun akademiyasi

katta ilmiy xodimi,

tarix fanlari bo'yicha falsafa doktori, dotsent.

 

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × 2 =