Elkadagi yuk zalvori
yoxud mas'uliyat, mahorat va mehr-oqibat bilan uyg'un ijodkor, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist, taniqli adib Ashurali Jo'rayev haqida dil so'zlarim
Aksariyat kasb va hunar egalari bitta ustoz qo'lida tarbiya topish asnosida o'z sohasining yetuk mutaxassisi darajasiga chiqishi mumkin. Ammo san'atkor, adib va jurnalist kabi ijodkor ahli uchun ustozlarning ko'p bo'lgani yaxshi. Faoliyatda serqirralikka erishish istagi shuni taqozo etadi. Ahamiyat berilsa, ular o'zidan oldingi avlod vakillariga “ustoz” deb murojaat qiladi. Bu bejiz emas. Yoshlar o'zidan bir-ikki ko'ylak ko'proq to'zitgan ijodkordan nimadir olishi mumkin va olishi ham kerak.
“Ijodkorni elga qalam tanitadi. Uning obro'-e'tibori, mansabi, mukofoti ham qalam. Xudo hech vaqt qalamdan ayirmasin”. Bu ayni shu sifati bilan xalq hurmatini qozongan adib Ashurali Jo'rayevning o'zi sadoqat ko'rsatib kelayotgan qalamidan to'kilgan durdona bitiklar jamlangan “Sahifaga sig'magan satrlar” kitobidagi qaydlardan biri. Darhaqiqat, el tanigan ijodkor borki, qo'lidagi ana shu “qurol”iga sodiq qolgani uchun ham bugun ustozlik maqomiga erishgan.
Ashurali aka jurnalist, yozuvchi, san'atshunos sifatida ko'plarning ustozi. Kimlargadir qanday yozish, maqolani qanday tahrir qilish yoki qayta ustidan ko'rib chiqish, bayon qilish, imlo va uslubiy xatolar bilan ishlash, maqola syujeti, kompozitsiyasi, yo'nalishi, uslubini takomillashtirish bo'yicha bevosita saboq bergan, o'rnak bo'lgan. Kamina ham jurnalistika olamiga kirib kelgan kezlarim sohamizning o'nlab darg'alari qatori ustozning yozganlarini o'qib, mutolaa qilib, ozmi-ko'pmi bu narsalarni bevosita bo'lmasa-da, bilvosita o'rganganman.
Ashurali akani serqirra va sermahsul ijodkor degim keladi. Negaki, uning ijodida qamrab olingan yo'nalishlar ko'lami ancha keng. Ustozning badiiy asarlari ham o'zgacha olam. Ularni mutolaa qilib zavqlanasiz, uning ichiga sho'ng'ib ketganingizni sezmay qolasiz. Voqeani kitobxonga sodda va ravon tilda, ba'zida yumor orqali oson yetkazish uslubi o'ziga xos. “Yurak bo'ronlari”, “Senga ko'ngil bersam”, “Vijdon qo'ng'irog'i”, “Sahifaga sig'magan satrlar”, “Konvert odam” kabi kitoblarini qayta-qayta o'qish mumkin.
Hayotimizda shunday insonlar bo'ladi, ular nafaqat o'z kasbi bilan, balki insoniy fazilatlari bilan ham yuksak hurmat qozonadi. Bizning ustoz ana shunday ziyolilardan — ijodkor, yozuvchi va jurnalist sifatida nafaqat qalam ahli orasida, balki shogirdlari qalbidan ham chuqur joy olgan inson. Ashurali Jo'rayevdan bilvosita o'zlashtirgan jurnalistika sohasining ayrim sir-asrorlari haqida yuqorida aytdim. Bevosita u kishidagi men o'zimga yuqtirishga harakat qilayotganim bir fazilati haqida ham gapirmasam bo'lmas:
Bu — oqibat, odamiylik! Ustoz oqibat ko'rsatish bo'yicha etalon. “Ustoz-shogird” an'anasining sodiq va beminnat davomchisi. Maqtovga berilib ketganga yo'ymang-u, ustozlariga qanday mehri, e'tibor va oqibati baland bo'lsa, shogirdlariga ko'rsatadigan muruvvati ham undan kam emasligiga ko'p bor guvoh bo'lganman.
Ashurali akaning davriy matbuotda jamiyat muammolari, san'at va madaniy hayotga oid o'tkir maqolalarini havas bilan kuzatib, uni sirtdan bilgan paytlarim maktabning yuqori sinfida o'qiyotgan davrimga to'g'ri keladi. Otam boshqa soha kishisi bo'lsa ham, mendan avval u kishi bilan yaqindan tanish, hamfikr bo'lgan. Gap shundaki, o'tgan asrning 80-90-yillari aksariyat tahririyatlar o'z faoliyatini “Sharq” nashriyot-matbaa konserni bilan hamkorlikda olib borgan. Gazeta-jurnallarni chop etish jarayoni bilan bog'liq qog'oz, adad, nashrlarni obunachi yoki sotuvga yetkazib berish, rahbariyat va xodimlarga transport xizmatini ko'rsatish va boshqa ayrim masalalar bevosita ushbu yirik matbaa korxonasi orqali amalga oshirilgan.
Otam — Qobiljon Mahmudov uzoq yillar “Sharq” nashriyotida haydovchilik qilgan. Turli tahririyat bosh muharrirlari va o'rinbosarlari bilan ishlagan. Kitob, gazeta o'qish jonu dili bo'lgani, samimiy fe'li bilan ko'pchilik qalam ahlining hurmatini qozongan. Pensiya yoshiga yetganda mehnat faxriysi maqomida nafaqaga chiqqan. 1987-88 yillar bo'lsa kerak, bir kuni “Toshbaqalar poygasi” degan uncha qalin bo'lmagan kitob ko'tarib keldilar. Qarasam, Ashurali Jo'rayevning “Hurmatli Qobil akaga ezgu tilaklar bilan muallifdan”, degan dastxati ham bor. Kitobchani katta qiziqish bilan o'qib chiqqan edim.
Ashurali aka har gal telefon orqali suhbatlashsak yoki yuzma-yuz ko'rishgan paytlarimiz, albatta, otam haqida yaxshi gaplar bilan birga ishlashgan kezlarini eslaydi, sog'liqlarini so'raydi, salom aytadi. Men ham u kishining avvalgi salomiga javoban otamning alik va yo'llagan duolarini yetkazaman.
Ustoz shunday — har bir shogirdiga alohida e'tibor bilan yondashadi, ularni qo'llab-quvvatlaydi, ilhomlantiradi. Nafaqat uning ishi va ijodi, ota-onasining sog'lig'i, farzandlarining o'qishi bilan qiziqadi, balki oilaviy quvonch va tashvishlariga sherik bo'ladi. Shuning uchun ham bugun shogirdlari turli sohalarda faoliyat yuritib, ustozning nomi va o'gitlarini sharaf bilan davom ettirib, uning yuzini yorug' qilib kelyapti.
Ashurali aka o'z ijod yo'li davomida ko'plab maqola va asarlar yozib, jamiyatdagi muhim masalalarni yoritib kelmoqda. Uning har bir bitgan so'zida chuqur ma'no, hayotiy tajriba va insonparvarlik ruhi mujassam. Yozuvchi sifatida u qalblarga yo'l topa olgan bo'lsa, jurnalist sifatida haqiqatni aytishdan hech qachon chekinmaydi. Zero, jurnalist uchun eng muhim fazilat — haqiqatga, haq so'zga sodiqlik. Ashurali Jo'rayev ana shu tamoyilga umr bo'yi amal qilyapti.
Qarang, uning “Yurak bo'ronlari” hujjatli qissasi 1989 yilda G'afur G'ulom nomidagi Adabiyot va san'at nashriyotida ellik ming nusxada chop etilgan va qisqa muddatda kitobxonlarning sevimli asariga aylangan edi. Ko'pchilik yaxshi biladi, unda o'zbek milliy estrada san'ati asoschisi, O'zbekiston xalq artisti Botir Zokirov hayoti va fojiali taqdiri ta'sirchan tasvirlangan. Afsuski, 20-25 yillar avval buyuk san'atkorga e'tibor qandaydir sabablar bilan susaydi, soha vakillari va bir-ikki fidoyi qalam ahlidan boshqa hech kim katta iste'dod sohibini eslamay, e'tibor qaratmay qo'ydi.
2020 yilga kelib, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bu kemtikka barham berdi. Shu yil 2 dekabr kuni “O'zbekiston xalq artisti Botir Zokirov tavalludining 85 yilligini keng nishonlash to'g'risida”gi qaror tufayli haqiqat yana yuzaga chiqdi. Buyuk san'atkorning o'lmas xotirasi qayta tiklandi. Uzoq yillar unutilgan farzand yana ona Vatani bag'rida qad rostladi: unga mahobatli haykal qo'yildi. Haykalni esa muxlislarning mehr va sog'inch gullari burkadi… Botir Zokirov nomidagi milliy estrada san'ati instituti faoliyat boshladi.
Xalqimizning suyukli san'atkori Botir Zokirov nomi, avvalo, taniqli adib Ashurali Jo'rayevning “Yurak bo'ronlari” hujjatli qissasi tufayli yana san'at muxlislari tili va diliga tushdi. San'atkor tavalludining 85 yilligi munosabati bilan yozuvchi Ashurali Jo'rayev ushbu asarni qayta ishlab, yangi ma'lumotlar bilan boyitib, ma'rifiy romanga aylantirdi.
Ustoz Ashurali Jo'rayev Botir Zokirovning 50, 60, 70, 80 yilliklari nishonlanmagani haqida kuyunib gapiradi. Prezidentimizning fidoyiligi, jasorati tufayli Botir Zokirovning hayoti va o'lmas ijodi mangu yorug'likka chiqqanidan bolalarcha quvonadi.
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist, Jurnalistlar hamda Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, faol va fidoyi ijodkor Ashurali Jo'rayevdan o'rganadigan jihatlarimiz hali juda ko'p. Uning ijodiy salohiyati hali uzoq yillar o'zining totli mevalarini berishda davom etadi va barchamiz o'quvchi hamda kitobxon intiqib kutadigan, zavqu shavq bilan mutolaa qiladigan kitob va maqolalar ko'rinishida ushbu mevalar mazasidan bahramand bo'lamiz. Ustozning yelkasidagi mas'uliyat, mahorat va mehr-oqibat yuki shuni taqozo etadi.
Nodir MAHMUDOV,
O'zbekiston Jurnalistlar
uyushmasi a'zosi.
