“Mehrimdan bo'lak davlatim yo'q”

Taniqli adib, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi

Maqsud QORIYEVni yod etib

Bolaligimdan jurnalistikaga qiziqib, maktabni bitirgunimcha 30 ga yaqin maqola yozib, gazetalarda chiqargan ekanman. 1984 yili Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zMU) jurnalistika fakultetining 5-kursida tahsil olayotgan paytim edi. “Sovet O'zbekistoni” (hozirgi “O'zbekiston ovozi”) gazetasi bosh muharriri Maqsud Qoriyev huzurlariga tasodifiy bir omad bilan kirib qoldim. Bosh muharrir men bilan suhbatlashib: “Nasib qilsa, seni stajyor muxbir qilib ishga olamiz, birga ishlaymiz”, deb menga mehr-muruvvat ko'rsatdi. Bu menga Allohning inoyati bo'lgan edi. Chunki Maqsud Qoriyev deganda biz jurnalistikaning katta bir tog'ini tasavvur qilardik. Bu tog'ning yoniga borish qanchalar sharafli edi! Keksa jurnalistlar ham “Sovet O'zbekistoni” gazetasida aqalli bir marta maqola chiqarsa, o'zlarini baxtiyor hisoblaydigan zamonlar edi. Gazeta adadi ham bir million atrofida chiqardi.

Taniqli adib, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi, yuridik fanlar nomzodi Maqsud Qoriyev 1926 yil 1 avgustda Toshkent shahrida tavallud topgan. 1954 yildan 1963 yilgacha “Toshkent haqiqati” gazetasida bosh muharrir o'rinbosari, bosh muharrir, 1963 yildan 1984 yilgacha “Sovet O'zbekistoni” (hozirgi “O'zbekiston ovozi”) gazetasida bosh muharrir, 1984 yildan 1988 yilgacha “Mushtum” jurnalida bosh muharrir, umrining so'nggi yillarida “Mehrigiyo” gazetasida bosh muharrir bo'lib ishlagan.

“Oydin kechalar”, “Jiyda gullaganda”, “Afrosiyob go'zali”, “Turnalar baland uchganda”, “Qiz uzatib borganda”, “Oy tutilgan tunda” kabi kitoblaridagi hikoya va qissalarda yoshlar taqdiri, orzu-armonlari, oila quvonchi va baxti yuksak pardalarda kuylanadi.

Adib — “Spitamen”, “Ibn Sino”, “G'aznaviylar” tarixiy romanlari muallifi. U “Osiyo go'zali”, “Temur haqida hikoyalar”, “Qaytar dunyo”, “Tojmahal” singari qator badialar yaratgan. “Ezgulikka intilib” essesi uning mohir publitsist ekanidan dalolat beradi.

Inson umri o'tar, yozgan so'zlari qolar.

Mayli, Maqsud Qoriyevning ijodiy faoliyatiga bahoni adabiyotshunoslar bergani ma'qul. Kamina esa Maqsud akaning muharrirlik san'atini qanchalik egallagani va insoniylik fazilatlari haqida fikr bildirsam. Odamiylikni bir maktab deb biladigan bo'lsak, Maqsud Qoriyev shu maktabning muallimi edi, desak ham bo'laveradi. Chunki insoniylik jihatidan, muharrir bo'lib o'z jamoa a'zolariga mehr-shafqat ko'rsatish, ularni kerak paytida himoya qilish, otalarcha mehribon bo'lish unga xos edi. Maqsud aka huquqshunos jurnalist edi. Har bir chiqayotgan maqoladagi satrlarning mazmun-mohiyatini har tomonlama mukammal tahrir qilardi.

Maqsud Qoriyev suhbatlarda ota-onasining insoniyligi haqida juda ko'p gapirardi. Otalarining iymon-e'tiqodli inson bo'lganini, onalarining qanday mehribon ekanini so'zlab berardi. O'ylab qarasam, jurnalistika olamida ota-onasini Maqsud Qoriyevchalik e'zozlagan, har bir suhbatida ota-onasi haqida gapirgan ijodkorlarni kam uchratdim.

Respublikaning o'sha paytdagi rahbari Sharof Rashidov Maqsud Qoriyevga inoyat ko'rsatib: “Sizdek ijodkorga so'lim joyda, suv bo'yida, toza havoda ijod qilishingiz uchun sharoit yaratib beramiz”, deb Shreder bog'idan bir joy ajratib bergan ekan. Bu dala hovlida mevali daraxtlar, turfa gullar bor edi. Katta oqar suv bo'yiga so'rilar qo'yilgandi. Ustoz uchun o'sha bog'ning berilishi ham Allohdan katta mukofot bo'lgan, deb o'ylayman. Chunki ijod qilish uchun yaxshi sharoit yaratilishi juda katta gap. Maqsud aka nimaga erishgan bo'lsalar, o'ylashimcha, hammasiga ustozlarining hurmatini qilib, ijodiy izlanib, kitoblar o'qib va shogirdlariga mehribon bo'lib erishgan. Taniqli adib, mahoratli muharrirning salkam yarim asrlik ijod maktabini tadqiq etish kerak bo'ladi. Jamoada birga ishlagan paytimizda Maqsud aka Qoriyevning shunday yuksak hurmati bor edi.

“Teshik qopqa” qabristoniga borib, qabrlarini ziyorat qilib turaman. Marg'uba kelinoyi bilan yonma-yon qo'nim topishgan. Har doim davralarda, ijodiy yig'inlarda Maqsud Qoriyevning qaysidir bir xislatlarini eslayman. Sababi, u ma'naviyatning katta bir ensiklopedik olimi edi, gap-so'zlarida ma'no-hikmat bo'lardi.

Oyning o'n beshi yorug', o'n beshi qorong'i. Ishdan bo'shab turgan paytimda, ustozga “shunday holat bo'ldi”, desam, ijodxonasiga kirib ketib, Chingiz Aytmatov, Odil Yoqubov va o'zi tushgan rasmni olib chiqib: “Ukam Dilmurodjon, dunyoda yaxshi odamlar juda ko'p”, deb yozib bergandi.

Otam rahmatli duo qilardi: “O'g'lim, urushda Leningradning 900 kunlik qamalida qatnashdim, omon qoldim. Otangni Alloh saqlagan, xolos. Yarador bo'lib qiyinchiliklar ko'rdim, og'ir xastaliklarni boshimdan kechirdim, juda ko'p tuhmatlarga uchradim, qo'lim yupqa bo'ldi, lekin har qanday vaziyatda menga Alloh tomonidan yaxshi odamlar ro'para bo'ldi. Shunday kunlarda yaxshi odamlar tug'ishganimdan ziyoda yaxshiliklar qilishdi. Senga ham hayotingda yaxshi insonlar ro'para kelsin”. Shu duo ijobatini Maqsud Qoriyev bilan ustoz-shogird bo'lib yurgan davrlarimda ko'rdim. Chunki menga ko'p yaxshi odamlar ustozlik qildi.

Maqsud Qoriyevning shogirdlari bilan hozir juda inoqmiz. Eng yaqin shogirdlaridan biri — Xurshid aka Do'stmuhammad. Qanday samimiy, qanday odamiy ijodkor! Yuzlaridan, ko'zlaridan, so'zlaridan ham mehr yog'ilib turadi. U kishi ustozini shunday xotirlaydi:

“Sho'ro davrida matbuot mafkuraning qilichi vazifasini o'tagan, buni hech kim inkor etmaydi. Biroq matbuot va jurnalistikaning qudrati va sehri shundaki, bu soha vakillari har qanday mafkurabozlik dabdabasi ostida ham hayot haqiqati, insoniy aqidalar uchun xizmat qilish yo'lini, chorasini izlagan va topgan. Ijodiy mahorat, xususan, so'z san'ati imkoniyatlari qalam ahlining yuzini yorug' qilgan.

Buni qarangki, o'sha kezlarda jurnalistikaning ham, jurnalistlarning ham nufuzi nihoyatda yuqori bo'lgan. Gazeta bosh muharririning obro'-e'tiborini-ku asti qo'yaverasiz! Maqsud Qoriyev o'sha davrning erka namoyandalaridan biri edi. “Toshkent haqiqati”, “Sovet O'zbekistoni” gazetalari hamda “Mushtum” jurnaliga bosh muharrirlik qilish alohida martaba, albatta. Ammo-lekin, mening nazarimda, adib sifatidagi ijodi Maqsud aka ma'naviy-ijodiy dunyosining kengligidan, beg'uborligidan dalolat berib turadi. Katta hayotiy tajribaga ega ijodkorning hikoya va qissalari, tarixiy mavzudagi badiiy izlanishlaridan bu insonning o'ziga xos dilbar va xushdil qalb sohibi bo'lganini payqash qiyin emas.

Har qanday ijod mohiyatan da'vo hisoblanadi. Lekin Maqsud aka da'vo qilmay yashadi, da'vo-tama qilmay, jimgina ijod bilan mashg'ul bo'ldi”.

Ustoz ancha keksayib qolgan paytlari O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Shuhrat aka Jabborov bilan u kishining dala hovlisiga borib, mazali yeguliklar tayyorlab, maroqli suhbatlar o'tkazganmiz.

— Ustoz “Xalq so'zi”ga tez-tez tashrif buyurar, har safar yangiliklar haqida so'rardilar, — deydi Shuhrat aka. — “Bizning davrimizda bir maqolaga minglab xatlar kelardi”, derdi.

Bir kuni qiziq voqea bo'ldi: deraza tirqishidan bir qush adashib kirib qolibdi. Maqsud aka: “Shu qushni tutib menga beringlar”, dedilar. Aytganlarini qilsak, ustoz qushni ko'chaga olib chiqib, uchirib yubordilar. So'ng: “Tutqunlikdan ozodlikka chiqqan jonivorning quvonchini ko'rdinglarmi?” dedilar zavq bilan. Haqiqiy yozuvchining gapi edi bu.

Yigirma yil muqaddam “Maqsud Qoriyev zamondoshlari xotirasida” kitobi nashr qilingandi. O'sha kitobda ham ustoz haqida ko'p yaxshi fikrlar bildirilgan. Maqsud akaga Alloh tomonidan iste'dod degan ne'mat ravo ko'rilgandi. U kishining xotirasi juda kuchli edi, kitob javonida minglab kitoblari qoldi. Hayotini kitobsiz tasavvur qila olmasdi. “Dilmurodjon, shuncha kitoblarni endi kim o'qirkin-a?” — deb o'ylanib qolardi. Lekin o'qiydigan farzandlari ham bor. Qizi Nargiza opamiz — ma'rifatli ayol. O'z opamizdek bo'lib qolgan. Nargiza opa ham ota-onasini yaxshi ko'radigan, samimiyatda tengi yo'q ayol.

O'quvchilarimiz yaxshi biladi, Rahmat Fayziy degan ulug' adib o'tgan. U odamning ham kamtarlikda, shirinso'zlikda tengi yo'q qizi bor. O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Umida Fayziyeva ham Maqsud akaning eng yaqin shogirdlaridan biri.

Umida Fayziyeva ustoz haqida shunday deydi:

“Padari buzrukvorimdek aziz bo'lgan, farishtali, bag'rikeng ustoz Maqsud Qoriyev bilan o'zaro suhbatlarning birida u kishi o'zbek millatining faxri bo'lmish Qori Niyoziyni eslab: “Bunday alloma betakror bo'ladi, boisi u maktab yaratgan olim edi”, degandilar. To'g'ri, maktab yaratish hammaga ham nasib etmaydi. Lekin ma'nan padarimiz, shogirdlariga hamisha tirgak, yaxshi va yomon damlarda hamdard, eng yaqin maslahatgo'y bo'lib kelgan ustozning shu so'zlarini ko'p eslayman. Boisi ular umrlarining so'nggi pallasigacha qalam tebratdilar. U kishining g'ayrati, ijodining sermahsulligi, sakson yoshdan o'tib ham o'qib-o'rganishdan tolmasligi manaman degan ijodkorni, jurnalistni ortda qoldirgudek edi.

Maqsud Qoriyev o'zlari ham betinim ishlaydigan, shogirdlarini ham ishlata oladigan rahbar edilar. “Sovet O'zbekistoni” gazetasi bosh muharriri har qancha salobatli bo'lmasin, bag'rikeng, samimiy inson edi. Biror xodimga tashqaridan tosh otishlariga, nojo'ya so'z aytishlariga yo'l qo'ymasdilar. Gazeta deganlari har doim ham bexato chiqmasligini yaxshi bilamiz. Shunday kezlarda boshqa rahbarlarga o'xshab, yuqori idoralardan eshitib kelgan tanbehlarning hammasini ham sirtlariga chiqaravermasdilar. Bir narsani ko'p takrorlardilar: “Tahririyatda bir xodim kayfiyatining buzilishi, albatta, boshqalarga ta'sir etmay qolmaydi. Bu gazetada yana bir xato o'tib ketishiga olib keladi. Aybdor o'z aybini tushunib yetganining o'zi kifoya”. Bunday bag'rikenglik faqat Maqsud Qoriyevga xos edi.

Tahririyatga kelgan har bir xodim avval oddiy xat-xabar tashuvchi — kuryerlik qilishi, keyin musahhihlikning barcha pog'onalarida ishlashi, so'ng kotibiyatning tuzini totib, ming bir chig'iriqdan o'tishi lozim edi. Bu jarayonlarda toblangan yoshlarning bo'limda ishlashga ancha qo'li kelib qolar, gazetachilik “chidaganga chiqargan” soha ekanini anglab yetardi. Ustozning ajoyib odatlari bor edi. Biror topshiriq berish uchun xonalariga chaqirsalar, avval hol-ahvol so'rardilar. Undan keyingina vazifa yuklashga o'tardilar. “Ustozlar o'gitiga, ularning maslahatiga quloq tutib ish ko'rgan yoshlar hayotda sira qoqilmaydi, demak, qalami ham sinmaydi”. Bu — shogirdlarining ijodini hamisha kuzatib, ularni katta hayot yo'liga yetaklab borguvchi mehrli ustoz Maqsud Qoriyevning so'zlari edi.

Tahririyatda o'ziga xos maktab shakllana boshlaganini, balki, o'sha paytlari anglamagandirmiz. Bugungi kunda esa Maqsud Qoriyev yaratgan maktab o'quvchilari — jurnalistlarning ko'pi katta ijodkor, mashhur yozuvchi, ayrimlari hukumat idoralarida faoliyat yuritishyapti. Qay birlari nashriyotlar rahbari, radio, televideniening mas'ul xodimlari. Mamlakatimizning qaysi go'shasida bo'lmasin, ustoz yaratgan bog'ning nihollari bor.

“Insonning ulug'ligi — uning kamsuqumligi, kamtarligidadir”, “Ko'ngling pok bo'lsa, o'zingdan xavotir olma”, “Mehrimdan bo'lak davlatim yo'q”, “Ustoz — ma'naviy otangdir”.

Bu — ustozimizning so'zlari. U kishining har bir kalomi purma'no, har bir sabog'i hayotiy, har bir o'giti umrga tatigulik edi, desam, mubolag'a bo'lmas. Zero, maktab yaratgan insonlar shunaqa kamsuqum, kamtar, ko'ngli pokiza, o'zi farishtali, iymoni butun, mehrigiyoli bo'lishsa kerak”.

Ustozning shogirdlarini sanab adog'iga yetib bo'lmaydi. Necha-necha huquqshunoslar, yuristlar, prokurorlar bilan suhbatlashib o'tirib, tasodifan Maqsud Qoriyevning nomi tilga olinadigan bo'lsa, ular haqida juda uzoq suhbatlar davom etadi.

Dunyoda baxtli jurnalistlardan biriman. Hayotda, ijodda shunday ustozdan saboq olish — omad. To'g'riso'zlik, qo'li ochiqlik, adolatlilik Maqsud akani boshqalardan ajratib turardi. Hammaga ham nasib etavermaydigan xislati bor edi — hech qachon birovni g'iybat qilmas edi.

“Ustoz otangdan ulug'”, deb bejiz aytilmagan. “Ota duosi — tog', ona duosi — bog'”, deb iqtibos keltiramiz. Ota duosi tog' bo'lib, bo'ronlardan, dovullardan asrarkan, ona duosi bog' bo'lib, noz-ne'matlar berar ekan, dasturxonlarni to'kin-sochin qilar ekan, turli xil balo-qazolardan asrarkan. Lekin ustozning duosi — qaysi kasb egasi bo'lsangiz, haqiqiy duo olgan shogird o'sha kasbning eng mahoratli vakiliga aylanar ekan…

…Yana “Teshik qopqa” qabristoniga borib, ustozni ziyorat qildim. Agar hayot bo'lganlarida, u kishi shu kunlarda yuz yoshga kirardilar. Umr shu ekan-da, kelganlarning ketmog'i bor…

Hayot oqar suvdek oqib ketar ekan. Maqsud aka yaxshiliklari bilan, odamiyligi bilan, shogirdlariga mehribonligi bilan qalblarimizda abadiy, unutilmas iz qoldirgan. Bir kitobiga shunday dastxat yozib bergan ekan: “Dilmurodjon, men hayotimda hech kimga yomonlik qilmadim. Shuning o'zi yaxshilik bo'lsa kerak”. O'qigan edim: “Agar inson hech qachon yomonlik qilmasa, shuning o'zi ham yaxshilik kabidir”, deyilgan edi. Maqsud Qoriyevning so'zlash uchun doimo yaxshi, ta'sirli so'zi bo'lardi.

Shuning uchunmi, o'zaro suhbatlarda “Mehrimdan bo'lak davlatim yo'q”, deb aytib yurardilar. Yaratganga shukr, ustozning shu davlatidan bahramand bo'lgan baxtli shogirdlaridan biriman.

Maqsud akaning hayoti, ijodiy faoliyati bizlarga ibrat maktabi bo'lib xizmat qiladi. Joylari jannatda bo'lsin. Zurriyotlarimizdan ham Maqsud Qoriyevga o'xshagan olim-ulamolar, fuzalolar chiqsin!

Dilmurod QIRG'IZBOYEV,

O'zbekiston Jurnalistlar

uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 − 14 =