Samarqand — do'stlik muloqoti maskani
“Birodar shaharlar” xalqaro forumi xalq diplomatiyasi, hududlararo hamkorlik va millatlararo do'stlik g'oyalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilgan nufuzli muloqot maydoniga aylandi.
Bugungi kunda O'zbekistonda qo'shni va xorijiy davlatlar bilan o'zaro ishonchga asoslangan hamkorlikni mustahkamlash, xalq diplomatiyasini rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biriga aylangan. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan ochiq va konstruktiv tashqi siyosat mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirish, do'stona munosabatlarni kengaytirish va xalqlar o'rtasidagi ishonchni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Samarqand azaldan turli xalqlar, madaniyatlar va sivilizatsiyalar tutashgan, Sharq va G'arbni bog'lagan tarixiy maskan bo'lib kelgan. Shu bois “Birodar shaharlar” xalqaro forumining aynan shu zaminda o'tkazilishi chuqur ramziy ma'no kasb etadi.
30 iyul — Xalqlar do'stligi kuni munosabati bilan 23-31 iyul kunlari mamlakatimizda o'tkazilayotgan “Do'stlik” festivalining eng nufuzli tadbirlaridan biri sifatida 24-25 iyul kunlari Samarqand shahrida “Birodar shaharlar” xalqaro forumi bo'lib o'tdi. Mazkur anjuman O'zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo'yicha qo'mitasi hamda Samarqand viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etildi. Forum davomida shaharlararo hamkorlik, madaniyat, turizm, ta'lim, investitsiyalar va gumanitar sohalardagi aloqalarni kengaytirishga doir muhim tashabbuslar muhokama qilinib, qator memorandumlar imzolandi.
Bugun axborot makonida ishonchli va xolis ma'lumotning ahamiyati har qachongidan ham ortdi. Xalq diplomatiyasi ham aynan shu tamoyilga tayanadi. Mamlakatlar haqidagi tasavvurni faqat rasmiy muloqotlar emas, balki ommaviy axborot vositalari orqali yetkazilayotgan haqqoniy axborot ham shakllantiradi. Shu ma'noda, “Birodar shaharlar” xalqaro forumi jurnalistlar uchun ham muhim ijodiy va kasbiy maktab bo'ldi.
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi hamda O'zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo'yicha qo'mitasi o'rtasida yo'lga qo'yilgan hamkorlik doirasida mazkur forumni tezkor, xolis va keng qamrovda yoritish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillaridan iborat maxsus mediaguruh shakllantirildi. Mediaguruh tomonidan forum jarayonlari, muhokamalar, uchrashuvlar va madaniy tadbirlar mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari, jumladan, markaziy va mahalliy telekanallar, internet nashrlari hamda bosma OAV orqali keng yoritib borildi. Bu esa xalq diplomatiyasi g'oyalarini keng targ'ib etish, forumning mazmun-mohiyatini jamoatchilikka xolis yetkazish hamda mediahamkorlikning amaliy samarasini yana bir bor namoyon etdi.
Umuman olganda, ushbu ikki tashkilot o'rtasidagi aloqalar bugungi kunda xalq diplomatiyasini mustahkamlashga xizmat qilayotgan muhim ijtimoiy hamkorlik namunasiga aylanib bormoqda. Zero, zamonaviy axborot makonida har qanday ezgu g'oya va tashabbus o'zining haqiqiy qiymatini ommaviy axborot vositalari orqali jamoatchilikka xolis va ta'sirchan yetkazilgandagina namoyon etadi.
Shu ma'noda, ushbu hamkorlik nafaqat millatlararo totuvlik va bag'rikenglik g'oyalarini targ'ib etishga, balki xalqaro maydonda O'zbekistonning ijobiy imijini, tinchlikparvar siyosati va xalq diplomatiyasi sohasidagi yutuqlarini keng yoritishga ham xizmat qilmoqda. Matbuot anjumanlari, xalqaro forumlar, mediaturlar va ijodiy muloqotlarda jurnalistlarning faol ishtiroki jamiyat bilan davlat hamda xalq bilan davlat o'rtasidagi ishonch ko'prigini yanada mustahkamlamoqda. Buning natijasida tayyorlanayotgan tahliliy materiallar, reportajlar va publitsistik maqolalar yurtimizda amalga oshirilayotgan ezgu islohotlarni xalqchil, hayotiy va ta'sirchan ruhda keng ommaga yetkazishda muhim o'rin tutmoqda.
Axborot — bugungi davrning eng katta kuchlaridan biri. Uni haqqoniy va xalq manfaati yo'lida xizmat qildirish davlat idoralari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda jurnalistlarning umumiy mas'uliyatidir.
“Birodar shaharlar” xalqaro forumi yakunlangan bo'lsa-da, “Do'stlik” festivali tadbirlari 31 iyulga qadar davom etadi. Samarqandda kechgan ushbu muloqotlar yana bir bor haqiqiy do'stlik muloqotdan, muloqot esa ishonchdan boshlanishini yorqin namoyon etdi.
Navbahor DARXONOVA,
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi
Axborot xizmati rahbari.
