Unutilmas kunlar
…O'shanda Samarqandda Qoraqalpoq adabiyoti kunlari davom etmoqda edi. Navbatdagi uchrashuv manziliga avtobusda ketayotganimizda bundan ko'p yillar oldin bo'lib o'tgan yosh yozuvchilar seminaridagi voqealar haqida suhbatlashdik. Ana shunda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O'zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid:
— Albatta, u kunlar xotiralarini qog'ozga tushirish kerak. Qandayin zavqli, unutilmas kunlar edi, — dedi va kutilmaganda men tomonga o'girilib: — Marat, siz shuni yozing, — deb qoldi.
Shoir birodarimning bir og'iz so'zi menga turtki bo'ldi. Rostdan ham, bundan qirq yil burungi Do'rmon kunlarini tez-tez eslab turardim. U kunlar haqiqatan unutilmas edi. Har xil uchrashuvlarda bu haqda aytib yurardim-u, lekin ularni qog'ozga tushirish haqida o'ylab ko'rmagan ekanman…
1980 yildan boshlab Qoraqalpog'iston Yozuvchilar uyushmasi huzurida har oyning so'nggi chorshanbasida “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etiladigan bo'ldi. Yaxshi esimda: bu tadbir o'sha davr yosh ijodkorlari uchun g'oyat katta ahamiyat kasb etgan, taniqli yozuvchi-shoirlar bilan uchrashuvlar, ularning saboqlari, yo'l-yo'riqlari haqiqiy mahorat maktabi vazifasini o'tagan edi. O'zbekiston va Qoraqalpog'iston xalq yozuvchisi, Qoraqalpog'iston Yozuvchilar uyushmasi raisi To'lepbergen Qaipbergenov bu xayrli ishlarga bosh-qosh edi.
O'shanda zamonamizning mashhur allomalari — Jo'lmirza Oymirzayev, Tilovbergen Jumamuratov, Xo'jabek Seyitov, Tajetdin Seyitjanov, Bayniyaz Qayipnazarov, G'alim Seyitnazarov, Guloysha Esemuratova, Genjamurat Esemuratov, Adanbay Tajimuratov, Ismoil Qurbonboyev, Jo'ldasbay Dilmuratov, Maten Seytniyazovlar bilan yaqindan tanishdik, ularning hayotiy va ijodiy tajribalari, o'gitlaridan bahramand bo'ldik. Bu esa bizga katta ilhom, zavq-shavq va, eng muhimi, ishonch bag'ishladi. Ulardan keyingi avlod shoir-yozuvchilari — Shovdirboy Seyitov, Uzoqboy Pirjonov, Kamol Mambetov, To'lepbergen Matmuratov, Abdimurat Otajonov, Guliston Shamuratova, To'liboy Qobulov, Kengesboy Rahmonov, Seydabulla Pirjonov, Tengelboy Sarsenbayev, Mambetali Qayipov kabilar ham biz uchun yo'l ko'rsatuvchi adabiy mayoq bo'lib, o'z ortlaridan ergashtirishdi.
Mana shunday har oyda o'tkazib turilgan seminar-kengashlar asnosida adabiyotga ilk qadam qo'ygan yoshlar orasidan Respublika yosh ijodkorlarining ikkinchi seminariga qatnashadigan vakillar tanlab olindi.
Respublika yosh yozuvchilarining ikkinchi seminari 1982 yil avgust oyida Toshkentdagi Do'rmon yozuvchilar ijod uyida bo'lib o'tgan edi. Rosa o'n kun davom etgan seminarda Qoraqalpog'istondan shoir Baxtiyor Genjemuratov, adabiyotshunos Kenesbay Reyimov, rus tilida ijod qiluvchilardan Gulnara Jiyanmuratova va nasr sho''basidan kamina — jami to'rt nafar ijodkor ishtirok etdik. Bizni ushbu seminarga katta ustozimiz (keyinchalik O'zbekiston Qahramoni unvoniga sazovor bo'lgan) To'lepbergen Qaipbergenov boshlab bordi.
Do'rmon ijod uyiga joylashgan kunimizoq u kishi bizni ulug' ustoz, O'zbekiston xalq shoiri Zulfiya Isroilova hamda atoqli adabiyotshunos va mashhur tarjimon (keyinchalik O'zbekiston Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan) Ibrohim G'afurovlar bilan uchrashtirdi.
— Mana, bizning ertangi yozuvchi-shoirlarimiz, — dedi To'lepbergen og'a bizni ism-sharifimiz va tanlagan sohamiz bo'yicha bir-bir tanishtirarkan. Suhbat asnosida ustozlar adabiy qarashlarimiz bilan qiziqdi, savollar berdi, o'zlarining eng xayrli maslahatlarini aytdi. O'sha yerda To'lepbergen og'a “Mening do'stim” degan hikoyam qo'lyozmasini Ibrohim G'afurovga uzatdi (ushbu hikoyam ko'p o'tmay “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasida (1988 yil 20 avgust, №34) bosilib chiqdi. Bundan tashqari, Baxtiyor Genjemuratov va Kenesbay Reyimovning ham she'rlari chop etildi).
Yozuvchilar uyushmasining raisi Sarvar Azimov seminarni ochib, hammamizni bu tarixiy voqea — adabiyot bayrami bilan tabrikladi. Ishtirokchilar janrlar bo'yicha guruhlarga ajratilib, mashg'ulotlar boshlandi. Biz shu choqqacha faqat nomlarini eshitgan, asarlari orqali tanish bo'lgan mashhur ijodkorlar bilan bevosita uchrashdik, mahorat darslarida qatnashdik. Jumladan, Zulfiyaxonim, Odil Yoqubov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Sunnatilla Anorboyev, Ibrohim G'afurov, Tohir Malik, O'tkir Hoshimov, Aleksandr Faynberg, Abdulla Sher, Nurali Qobul, Mashrab Boboyev, Gulchehra Nurillayeva, Halima Xudoyberdiyeva kabi ustozlar biz yoshlar bilan mashg'ulotlar olib borishdi.
Seminarga kelgan yosh yozuvchilar orasida birinchi to'plamlari chiqqanlar ham, kitoblari chiqmagan bo'lsa-da, allaqachon tanilib qolganlar ham bor edi. Nasr seksiyasida bugungi kunda o'z qiyofasiga ega yozuvchilar bilan birga bo'ldim. Ulardan toshkentlik Ma'suma Ahmedova, Orziqul Ergash (asli samarqandlik), farg'onalik Alisher Ibodinov, Matluba Egamberdiyeva, Maqsuda Ergasheva, jizzaxlik Abulqosim Mamarasulov, Mustafo Nurli, Venera Ibrohimova, navoiylik Rahim Qodir, sirdaryolik Hayotxon Ortiqova, Bahor Xolbekova va boshqa ijodkorlar bor edi (ehtimol, oradan shuncha yillar o'tib ketdi, ehtimol, ko'plarining ismlarini unutgandirman).
2022 yili O'zbekiston xalq yozuvchisi O'tkir Hoshimovning 80 yilligi munosabati bilan “Tanlangan asarlar” to'plami qoraqalpoq tilida nashr etildi. Men ham ustozimiz oldidagi shogirdlik burchimni ozgina bo'lsa-da ado etayin deb, adibning bir necha hikoyasini qoraqalpoqchaga o'girdim.
O'shanda O'tkir aka endigina qirq yoshga to'lgan, biroq allaqachon elning ardoqli, atoqli va yetuk yozuvchisiga aylanib ulgurgan, kamtarin, kelishgan, mo'min qiyofali kishi edi. Uning vazmin, dona-dona so'zlashi, ovozidagi mayin ohang va musiqiylik kishini o'ziga jalb etar, bu ovozni quloq bilan emas, qalb bilan tinglayotganingni his qilarding.
Kuni kechagidek yodimda: yoshlar navbat bilan o'z asarlarini o'qib berarkan, bir mahal O'tkir aka: “Qani endi, bizning Maratjon ham o'qisin, ming chaqirim masofadan kelib o'tiribdi…”, deb qoldi. “Bizning Maratjon…” Yuragim bir qalqib tushdi. Axir tasavvur qiling, mendek boshlovchi bir qalamkashni o'ziga yaqin olib, shunchalar lutf qilyapti! Keyin e'tibor qilsam, u davradagi har bir ijodkorga ana shunday samimiyat bilan munosabatda bo'lib, bu bilan davraga iliqlik bag'ishlayotgan, o'zimizni erkin tutishimiz va dadilroq bo'lishimiz uchun imkoniyat yaratayotgan ekan.
Bugun, mana, necha o'n yillar berida turib o'sha unutilmas kunlarni ko'z oldimga keltirsam yoki Do'rmon bog'idagi ulkan chinorlar ostidagi yo'laklar bo'ylab kezinsam, nazarimda, qarshimdan o'sha ulug' ustozlarimiz chiqib kelayotgandek tuyulaveradi.
Yana bir narsa yodimga tushyapti: 18 avgust mening tug'ilgan kunim edi. Shuning uchun seminarga ketayotib Nukusdan baliq va turli yeguliklar olgan edim. Umrimda birinchi marta tug'ilgan kunim Toshkentda, ustoz va tengdosh ijodkorlar davrasida nishonlangan edi… Kunduzgi seminar mashg'ulotlaridan keyin, kechqurun mayin shabada esib turgan Do'rmon bog'ini oralab sayr qilamiz. Suhbatlar, adabiy bahslar o'z-o'zidan mushoiralarga, ashula, o'yin-kulgilarga aylanib ketardi. Buning tashabbuskori ko'pincha Sirojiddin Sayyid bo'lardi.
— Xo'sh, qani endi navbat musiqaga, — derdi u, masalan, — sintezatorda Baxtiyor Genjemuratov, gitarada Marat Tovmuratov, childirmada Mirza Kenja, o'yinda… — deya atrofidagi yoshlardan xohlagan bittasining nomini tilga olar, davraga chorlar edi…
…2022 yilning yoz kunlarida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida Qoraqalpoq adabiyoti kunlari bo'lib o'tganda biz Do'rmonga joylashdik. Men bu safar uchinchi qavatdagi bir xonada yaxshi shoir ukamiz Rivoj Otarboyev bilan birga bo'ldim. O'shanda bundan qirq yil oldingi kunlarning nafasi shu atroflarda kezib yurganday tuyulaverdi menga. Go'yo xonamdan chiqib hovliga tushsam, daraxtzorni oralasam-u, o'sha qirq yil burungi tengdosh yigit-qizlar davrasi ustidan chiqib qolsam… Va xuddi o'shandagidek do'stim Sirojiddin davraga fayz kiritib, hazil-huzul qilayotgan yoki hammani lol qoldirib she'r o'qiyotgan bo'lsa… deya beixtiyor hayajonlanib ketdim. Biroq bularning bari xayolimizdagi, endi sira qaytib kelmaydigan sog'inchli kunlar xotirasi edi, xolos…
Marat TOVMURATOV,
yozuvchi.
