Mirzo Qo'qonboy kim bo'lgan?

Ko'hna Samarqand tarixida shunday shaxslar borki, ularning nomini yaqin-yaqin vaqtgacha faqat ma'lum bir ziyolilar doirasi — shoirlar, yozuvchilar, adabiyotshunos olimlargina bilardi, xolos. Shunday siymolardan biri — jadid, yozuvchi, tarjimon, huquqshunos Mirzo Qo'qonboy Abduxoliqzodadir.
Bu yozuvchi haqida adibning nevarasi Tal'at Abduxoliqzoda kaminaga bundan 15 yil avval aytgan edi. Uning so'zlariga ko'ra, 1997 yilgacha Mirzo Qo'qonboy Abduxoliqzodaning adabiy merosi haqida 1940 yilda Stalinobod (hozirgi Dushanbe)da nashr qilingan “Tojik adabiyoti namunalari” to'plamidagi uning “Namoz” romanidan parchalardan boshqa hech narsa ma'lum emas edi.
Mirzo Qo'qonboyning o'limidan 49 yil o'tib, o'sha paytda prokuror Tal'at Abduxoliqzoda istiqomat qilgan Samarqand shahridagi adib uyi yerto'lasini ta'mirlash chog'ida u yerdan eskirib ketgan bir jomadon topiladi.
Tal'at va uning ukasi Shuhrat kutilmagan topilmani ochib qarasa, jomadon eski daftarlar, vaqt o'tishi bilan rangi o'chib ketgan fotosuratlar va hujjatlar bilan to'lib ketgan ekan. Ular orasidan arab, lotin va kirill alifbolarida fors-tojik, o'zbek va rus tillarida yozilgan 12 va 24 sahifali jami 200 ta daftar chiqadi.
Bu daftarlarning asosiy qismini yozuvchi asarlarining qo'lyozma nusxalari, shuningdek, yozuvchi hayotidan alohida jild shaklida saqlangan turli hujjatlar tashkil etardi.
Tal'at va Shuhrat Abduxoliqzodalar arab tilini bilmagani uchun qo'lyozmalarning salmoqli qismini o'qiy olmadilar.
Yozuvchining nevaralari qo'lyozmalarning mazmuni bilan tanisholmasalar ham, topilgan chamadondagi xazina — bobosining bebaho merosi ekanini anglab yetadilar.
* * *
Aka-uka dastlab nima qilishni bilmay qolishdi. Topilgan materiallarni har kimga ko'rsatish kerak emas edi. Chunki hujjatlarning mazmuni noma'lum, muammolar paydo bo'lishi mumkin edi.
1997 yilning oxirida dushanbelik taniqli adabiyotshunos olim, professor Rasul Hodizoda o'g'li Faridun bilan Samarqandga tashrif buyuradi. U Tal'at Abduxoliqzodaning oilasida mehmon bo'ladi. Shunda Tal'at aka olimga bobosining merosini ko'rsatadi. Rasul Hodizoda har bir daftarni diqqat bilan o'qib chiqadi va Faridunga: “Bu “Namoz” romanining qo'lyozmasi, bu yozuvlar esa “Esdaliklar” asariga tegishli. Boshqa qo'lyozmalarda o'sha davr uchun yangi bo'lgan jadidlik harakati haqida qimmatli ma'lumotlar bor”, — deydi.
Keyin esa uy egasiga yuzlanib: “Bu asarlar bugun ham o'z ahamiyatini yo'qotmagan. Ularni kirill alifbosiga o'girib, tezroq chop etish kerak”, — deb ta'kidlaydi.
Ko'p o'tmay Dushanbedagi “Guli murod” jurnalida professor Rasul Hodizodaning Mirzo Qo'qonboy Abduxoliqzoda hayoti va adabiy merosiga bag'ishlangan maqolasi e'lon qilindi. Nashr tufayli o'quvchilar ilk bor XX asrning birinchi yarmida Samarqandda Sadriddin Ayniy, Mahmudxo'ja Behbudiy, Hoji Muin kabi atoqli adiblar qatorida iste'dodli yozuvchi va tarjimon Mirzo Qo'qonboy Abduxoliqzoda ham yashab ijod qilganidan xabar topadilar.
Bu kutilmagan kashfiyot Tal'at Abduxoliqzodada katta taassurot qoldirdi. Uning sa'y-harakati bilan samarqandlik sharqshunos olimlar Mohira Boboyeva va Vafo Nazarovlar ishtirokida “Duxtari kuhiston” (“Tog' qizi”) romani arab yozuvidan kirill alifbosiga, so'ngra o'zbek tiliga tarjima qilindi. Bu asar nashr etilgandan so'ng ma'rifatparvar samarqandlik adib haqida adabiy jamoatchilik muhim bir ma'lumotga ega bo'ldi.
* * *
Qo'qonboy Abduxoliqzoda (Abduxoliqov) 1869 yil 10 sentyabrda Samarqandda hunarmand oilasida tug'ilgan. Eski maktabni tugatgach, madrasaga o'qishga kirib, u yerda 2-3 yil arab tilida o'qigan, lekin kursni tugatmay, chiqib ketgan. O'sha paytda u 19 yoshda edi.
1889 yilda Qo'qonboy Abduxoliqzoda uylanadi. Birinchi farzandi tug'ilgunga qadar u xotinini Qo'qondagi qarindoshlariga olib borgan ekan. Shu tufayli uni Qo'qonboy deb ataganlari ehtimoldan xoli emas.
Qarindoshi Mamadaminboy bilan mehmonga kelgan savdogar Xidir-naymon o'rtasidagi bir kelishmovchilik tufayli taqdir taqozosi bilan Qo'qonboy Abduxoliqzoda Moskvaga ketadi.
Tafsiloti qisqacha shunday. Savdogar Xidir-naymon Mamadaminboyning eskirgan kostyumi haqida mensimay gapiradi va unga molni bermaydi. Janjal mushtlashuvga aylanadi va Xidir-naymon yaralanadi. Natijada Qo'qonboyning qarindoshi qamoqxonaga tushadi. Uni ozod qilish uchun Mamadaminboyning oila a'zolari pul yig'ib, Qo'qonboyni Moskvaga borib, ishni qayta ko'rib chiqishga ko'ndiradilar. Qo'qonboyning poytaxtga yetib borishiga ikki oy vaqt ketadi.
Moskvada Qo'qonboy Nikolay poshshoning jiyanlaridan birining uyida yashaydi. U Moskvada 2 yil — 1892 yildan 1894 yilgacha bo'ladi. Qo'qonboy o'z bilimi va o'tkir zehni bilan sud hukmining o'zgarishiga erishadi va o'z qat'iyati bilan chor imperiyasi amaldorlarini mag'lub etib, qarindoshining qamoqdan ozod etilgani haqidagi hujjatni Samarqandga olib keladi.
* * *
1925 yilda Tojikiston Respublikasi tashkil etilgandan so'ng Qo'qonboy Abduxoliqzoda tarjimon sifatida Tojikiston davlat nashriyoti — “Tojgosizdat” xizmatiga kirdi.
1930 yilda u soxta ayblovlar bilan qamoqqa tashlanadi. Ammo 49 kundan keyin u ozodlikka chiqadi. Bu davrda Qo'qonboy Abduxoliqzoda badiiy ijod va tarjima bilan faol shug'ullangan. Biologiya va kimyo darsliklarini rus tilidan tojik tiliga tarjima qilgan, birinchi ruscha-tojikcha lug'atlardan birini yaratgan edi.
1936 yilda Qo'qonboy Abduxoliqzoda Jizzax qo'zg'oloni va uning ishtirokchilaridan biri — jajji bola taqdiri haqida hikoya qiluvchi “Namoz” romanini yozib tugatdi. Ushbu romanning bir qismi “Tadjikskaya literatura” — “Tojik adabiyoti” jurnalida chop etilgan. Roman O'rta Osiyo xalqlari adabiyotida bu janrdagi birinchi asarlardan bo'lgandi.
Muallif Namozni shaxsan 1899 yili Dahbedda qozi qarorgohida ko'rgan. U o'sha paytda qozi bilan birga xizmat qilayotgan edi.
Qo'qonboy Abduxoliqzoda ham Namozning yolg'on ayblar bilan ayblanib, Sibirga surgun qilinganini bilardi. Namoz hibsda bo'lganida kameradoshlari bilan 250 metr uzunlikdagi yashirin tunnel qazib, u orqali 53 nafar mahbus, jumladan, 3 nafar rossiyalik qochib ketadi.
Keyin Namoz boylarni talon-toroj qilib, o'ljani kambag'allarga tarqata boshladi. Boylarga bosqin uyushtirgani uchun Samarqand tumani hokimining o'rinbosari uni ta'qib qilib, Chashmai Ob qishlog'ida hibsga olmoqchi bo'lgan, biroq u yana qochib ketishga muvaffaq bo'ladi.
Yozuvchi Namoz taqdiriga oid boshqa real faktlarni ham bilardi. Masalan, u kambag'allarni emas, faqat boy odamlarni talon-toroj qilgan. O'limidan keyin merosxo'rlariga hech narsa qoldirmaydi.
Agar uning hayotiga oid barcha faktlar o'rganilsa, Namozni o'z davrining ilk qahramonlaridan biri, kelajakdagi voqealarning xabarchisi deb hisoblash mumkin. Ammo bu vaqtda inqilob uchun ob'yektiv shart-sharoitlar hali pishib ulgurmagan edi va Namoz o'z harakatlarining aynan mana shu jihatdan ahamiyatini anglamas edi.
* * *
Mirzo Qo'qonboy Abduxoliqzodaning ikkinchi asari “Tog' qizi” romanidir.
Abduxoliqzoda bu ikki romandan tashqari “Istadjon” va “Qamchisidan qon tomadi” nomli ikkita qissa ham yozgan. Ularda eski usul bo'yicha ta'limning yaroqsizligi tasvirlanadi.
1940 yilda Qo'qonboy Abduxoliqzoda SSSR Yozuvchilar uyushmasiga a'zo bo'ladi.
Uning aksariyat asarlari nashr etilishiga Ikkinchi jahon urushi to'sqinlik qildi. Qo'qonboy Abduxoliqzodaning barcha asarlari tarixiy bo'lib, ulardagi voqealar rus inqilobidan oldingi davrga borib taqaladi.
Qo'qonboydan qolgan sanoqli hujjatlar orasida uning chor qo'shinining harbiy kiyimida, chopon va milliy libosda tushgan turli suratlari bor. Ba'zilarida u oilasi bilan suratga tushgan.
Adibning shaxsiy arxivida uning “Namoz”, “Tog' qizi” romanlarining qo'lyozmalari, “Jizzax qo'zg'oloni”, “Esdaliklar” tarixiy asarlari, xotiralar, “Qamchisidan qon tomadi” va “Istadjon” qissalari hamda lug'atlar va muallif tomonidan tarjima qilingan ayrim darsliklar saqlanib qolgan.
U umrining so'nggi yillarini Anna Karpovna degan rus ayoli bilan Samarqandning markazida joylashgan, shu kungacha saqlanib qolgan uyda o'tkazadi. Qo'qonboy Abduxoliqzoda 1948 yilda vafot etgan.
* * *
…Bir so'z bilan aytganda, ko'hna Samarqandda ijod qilgan yozuvchi va tarjimon Mirzo Qo'qonboy Abduxoliqzoda o'tmishdagi adabiy an'analarni asrab-avaylash va davom ettirishga munosib hissa qo'shgan yorqin namoyandalardan biri bo'lgan.
Shu munosabat bilan Mirzo Qo'qonboyning Markaziy Osiyo adabiyoti va ijtimoiy tafakkuri tarixidagi o'rni va ahamiyatini o'rganish, uning milliy ziyolilar shakllanishiga qo'shgan hissasini baholash zamonaviy adabiyotshunoslikning dolzarb masalalaridan biri.
Yormamat RUSTAMOV