Vengriyada yashagan o'zbek olimi

Dunyoga mashhur vengriyalik turkshunos Herman Vamberi Duna Sherdaxili ( Nidermarkt ) nomli kichik shaharchada, 1832 yilda 19 martda   tug'ilgan edi. Herman garchi ota-onasidan erta yetim qolgan, oqsoq va nimjon   bo'lsa-da, bilim olishga, ayniqsa, til o'rganishga qiziqadi. Ma'lumotlarga ko'ra, u o'spirinligidayoq venger, lotin, fransuz, ingliz, yahudiy, rus tillarini yaxshi o'zlashtirgandi. Ke­yinchalik bu tillarning yoniga nemis tili ham qo'shildi. 20 yoshga kirganida Vamberining venger tilining kelib chiqishini o'rganishga qiziqishi uni – turkologiya­­ga jalb qildi. Ma'lumki, venger tili oltoy tillari oilasiga kiradi. Vamberining orzusi venger tilini oltoy tillari oilasining fin-ugor guruhlarigami yoki turkiy tillar guruhiga kirishini aniqlashdan iborat edi. Shu maqsadda u 1857 yili Osiyo mamlakatlaridan eng yaqini bo'lgan Turkiyaga yo'l oladi.

Herman bolaligidanoq ilmga chanqoq bo'lish bilan birga shijoatli va tavakkalchi edi. Istanbulda u bir necha yil turk tili va adabiyotini, musulmonlarning yashash tarzini va mentalitetini jiddiy o'rganadi. Avval Usmonli davlatining amaldorlaridan Posha Husayn Doim xonadonida, so'ngra do'sti va maslahatchisi Mulla Ahmad afandi ta'sirida deyarli usmonli turk qiyofasiga kiradi hamda Fuod Posha idorasiga ishga o'tadi. “Bir necha yil turk xonadonlarida bo'lishim, islom maktablariga va kitob do'konlariga qatnab yurishim”, deb eslaydi, Herman Vamberi, “meni tezda turkka, hatto afandiga aylantirib qo'ydi”. Herman bu yerning shart-sharoiti­­ga va muhitiga shu qadar o'rganib ketgan ediki, u Usmonli davlatining hukmron doiralari bilan yaqinlashishga va keyinchalik Usmoniy davlatining katta amaldorlaridan Mehmet Fuod Poshoning kotibi darajasiga ko'tarilishga erishdi.

Vamberi Turkiyadalik paytida turk, o'zbek, arab va fors tillarini ham chuqur o'zlashtirib oladi. Islom dini qonun-qoidalarini chuqur egallaydi. Shuningdek, u tilshunoslik borasida katta ish qilib, 1858 yilda 14 ming so'zdan iborat “Nemischa — turkcha”, 1860 yilda 40 ming so'zni o'z ichiga olgan “O'zbekcha — nemischa” lug'atni Istanbulda nashr ettiradi. Tilshunoslikka doir asarlarni yaratgani, turkchadan qilgan tarjimalari va turkiy tillarga doir tadqiqotlari uchun Vengriya Fanlar akademiyasi muxbir a'zo­ligiga saylangan va Yevropaning yetuk sharqshunoslari orasida shuhrat qozonganiga qaramay O'rta Osiyoga borishga ahd qiladi.

“Tillarni o'rganishdagi mening muvaffaqiyatlarim, — deb xotirlaydi u “O'rta Osiyoga sayohat” asarida: — Sharq bo'ylab sayohatni davom ettirishim uchun meni ruhlantirdi. Men O'rta Osiyo bo'ylab sayohat qilishga bel bog'lar ekanman, afandi qiyofasini saqlab qolishni va Sharqqa shu mamlakatlarning tabiiy fuqarosi sifatida kirib borishni to'g'ri deb hisobladim”.

Nihoyat, Vamberining orzusi ushalib Mozandaron, Bolqon va turkman cho'llari orqali 1863 yili 30 mayda Xivaga kirib keladi.

“Men avval Xivaning shunchalik chiroyliligini faqat qiyosdan bo'lsa kerak deb o'ylardim. Yo'q, yo'q! Xiva atrofidagi baland minoralar, soya tashlab turgan kichik hovlilar, ko'm-ko'k yaylovlar va to'kin-sochin bozorlar hozir ham, Yevropaning g'oyat go'zal shaharlarini ko'rganimdan so'ng ham men uchun chiroyli bo'lib tuyulayapti” deya yozgandi keyinchalik Vamberi o'z kitobida.

Ayniqsa, Vamberini Gurlan sholisi, Yangi Urganchda yetishtirilgan paxta, Hazorasp pillasidan olinadigan ipak, Xiva noki, Karvak olmasi, butun dunyoga mashhur Xorazm qovunlari nihoyatda hayratga soladi.

“Dunyoda Amudaryoga o'xshashi yo'q, hatto mashhur Nil daryosi ham bunday emas. Aminmanki, men bilgan daryolar ichida suvi shirini Amudaryodir. Mevalari Eron va Turkiyadagina emas, butun yevropadagilardan totli. Tengi yo'q, ajabtovur qovunlari Pekingacha ma'lum. Aytish­laricha, Usmon saltanatining sultoni vaqti-vaqti bilan Urganch qovunlarini xushlab qolar ekan. Bu qovunlar Rossiyada ham yuqori baholanadi. Bir arava qishki qovunga, bir arava shakar to'lashadi. Ularning shirinligi to'g'risida yevropalik hatto tasavvur ham qilolmaydi. Ular shu darajada shirin va xushbo'yki og'izda eriydi. Agar ular non bilan yeyilsa, bizga in'om etgan eng yaxshi taom shu bo'ladi”, deya taassurotlarini qog'ozga tushirgandi u keyinchalik o'zining sayohatnomasida.

Shu tariqa u bir oy Xivada bo'lib Madaminxon madrasasining mudarrisi bo'lgan Ishoq Ibrohim o'g'lini o'zi bilan safarga olib chiqadi. Ular birgalikda Buxoro va Samarqandda ham bo'lib, Qarshida uch kun turishgach, Amudaryoni kechib o'tib Hirotga, undan Mashhadga, so'ngra Tehron va Istanbul orqali Budapeshtga borishadi.

Suratda: (chapdan) Ishoq Ibrohim va Herman Vamberi. Tehron. 1864 yil

Ishoq Ibrohim Xiva xonligining Qo'ng'irot bekligidan bo'lib, 1836 yilda tug'ilgan, ya'ni Vamberidan 4 yosh kichik edi. Tarixiy manbalarga ko'ra, Ishoq Ibrohim o'g'li mashhur tasavvufshunos Hakim ota-Sulaymon Boqirg'oniyning 27-avlodi bo'lgan.

Budapesht shahriga borganidan keyin Ishoq bir qancha muddat yevropacha ovqatlarni yeya olmay yurgan hamda o'z milliy kiyimi (oq ko'ylak, uzun oq ishton, chopon, salla)ni yevropa kiyim-kechagiga almashtirmasdan, boshda salla, ustda chopon, shahar bilan tanisha boshlagan. Biroq asta-sekinlik bilan Ishoq Ibrohim o'g'li Yevropa muhiti, odatlariga tezda ko'nikib, venger tilini ham tezda o'zlashtirib oladi.

Vamberi Angliya safariga otlanarkan, Ishoqni til o'rganasan, deya do'sti Yo'zef Budenz (1836-1892)ga topshirib ketadi. Ikkovlon Xalas (Halas) tomonga, Aro'n Siladi (Áron Szilády) yoniga borishadi. Xalas XIII asrdan beri quman turklari joylashgan eng muhim makonlardan biri bo'lib, u “turkologiyaning kichik shahar-davlati” hisoblanar edi.

Bu paytda Jász (Yas — keng maydon)dagi qumanlar tili va tarixini tadqiq etayotgan taniqli olim, Vengriya Fanlar akademiyasining muxbir a'zosi Ishtvan Giyartash (István Gyarfás) ham Xalasda yashardi. Adabiyotshunos Aro'n Siladi va tilshunos Yo'zef Budenz maslakdosh, qadr­don edilar. Ana shunday olimlar davrasiga tushib qolgan Ishoq yetuk aqlu salohiyati bois tezda venger tilini o'rganadi.

Aro'n Siladining 1864 yil 30 sent­yabrda Budenzga yozgan maktubidagi fikr­lariga qaraganda, Ishoq Ibrohim til o'rganish bobida katta muvaffaqiyatga erishgan.

Vamberi 1865 yilda Londondan Budapeshtga qaytib keladi va Ishoq haqidagi tasavvurlarini shunday qog'ozga tushiradi: “Bir yildan so'ng Angliyadan qaytib kelsam, qaysi ko'z bilan ko'rayki, mullam venger libosida, sallaning o'rnida so'ng­­gi modadagi prichyoska. Venger tilini tez o'rganib olgan. Mening mullamni hamma yoqtirib qolgan. Ikki yil avvalgi Xiva madrasasi mullasining bashang ko'rinishini qarang”.

Budapesht universiteti oltoyshunoslik va fin-ugorshunoslik kafedrasiga mudirlik qilgan, shu sohadagi ilmiy ishlari uchun Vengriya Fanlar akademiyasiga haqiqiy a'zo etib saylangan Yo'zef Budenz (1836-1892) “Tilshunoslik xabarlari” jurnalining 1865 yil sonlaridan birida shunday yozgan edi: “O'tgan (1864) yil may oyining oxirida bu yer (Pesht shahri)ga Herman Vamberiga Turkis­ton yo'lida hamrohlik qilgan Qo'ng'irot shahrilik (24 yoshlar atrofida) yosh o'zbek Mulla Ishoq kelgan edi. U bilan uch oy birga bo'ldim va bunday ajoyib imkoniyat mening Xiva o'zbeklari shevasini o'rganishimga katta naf keltirdi. Men bu borada yozgan bir necha qo'lyozmalarimni uning talaffuzi asosida mukammallashtirishga erishdim. Xiva xonligidagi hozirgi o'zbek tilining namunalari bo'lgan bu qo'lyozmalarimni oz bo'lsa-da, turkiy tillarni bilishga qiziqqan kishilar e'tiboriga havola qilaman. Keltirilgan qisman to'liq (vengercha) tarjima turkiy tillar tuzilishi bilan ma'lum darajada tanish bo'lganlar uchun ma'lumotnoma vazifasini o'tashi mumkin. Bundan tashqari, matnlar e'lon qilinganidan so'ng qiziqqan o'quvchilar uchun Xiva — o'zbek shevasi asos­lari haqida qisqacha grammatik ocherk ham ilova qilish niyatidaman. Venger tilidagi asl nusxalarni o'zbek “libos”ida ko'rish shu mamlakat tilshunoslari uchun, ayniqsa, maroqli bo'ladi, deb o'ylayman”.

Shu tariqa Yevropaga moslashgan, venger tili va yozuvini o'rgangan Mulla Ishoq Vamberi hamda uning do'stlari yordamida Fanlar akademiyasining sharq qo'l­yozmalari bo'limiga ishga kiradi. Ishoqning vazifasi sharq qo'lyozmalarini tadqiq etish va tarjima qilish, shuning­dek, sharq tillari o'qituvchisi ham edi. Uning ona tili o'zbek tili edi, shuning­dek, u o'rta asrlardagi O'rta Osiyo turkiy adabiy tilini — chig'atoychani mukammal saviyada bilar edi. Ishoq Qo'ng'irotiy o'sha paytdagi yevropalik tilshunoslar uchun qanday qiymatli xazina ekanligini tasavvur qilish uchun aytsak, muqoyasa qilsak, bu hol qadimgi Odisseya kemasidagi dengizchilarning zamonaviy Gollandiya dengiz akademiyasiga dengiz tugunlarini yechish bo'yicha master-klass saboqlari (mahorat darslari) berish uchun kelishi kabi g'aroyib bir hodisa edi.

Yo'zef Budenz Mulla Ishoqning venger tilini o'rganishi hamda akademiya kutubxonasida shug'ullanishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib bergan. Mulla Ishoq hatto uning yordami bilan buyuk venger shoiri Shandor Pyotefining do'sti, 1865-1879 yillarda Vengriya Fanlar akademiya­sining bosh kotibi bo'lib xizmat qilgan Yanosh Aro'n (1817-1882) bilan tanishgan va uning “Ajabli (ajoyib) ohuning hikoyati” degan asarini o'zbek tiliga tarjima qilgan. Bu asarning venger kitobxonlari uchun ahamiyatli tomoni shundaki, unda qadimgi venger va xunlarning Sharqdan kelib chiqqanligi haqidagi rivoyat tasvirlangan edi. Ishoq Ibrohimning tarjimasi Vengriyadagi “Kosoru” jurnalining 1865 yil 9-sonida nashr etiladi.

1865 yil. Vengriya. Ushbu davlat Fanlar akademiyasining filologiya bo'limi o'sha sanada “Tilshunoslik axboroti”ning 4 tomlik 2-sonini chop etib, 271-315-sahifalarda o'zbek xalq maqollarini nashr qildi. 44 ta maqol, ertak, topishmoqlar kiritilgan to'plam tez orada Yevropa ilmiy jamoatchiligida katta shov-shuvga sabab bo'ldi. Chunki, shungacha bo'lgan davrda Yevropada o'zbek xalq maqollarini hech kim chop ettirmagandi. Qolaversa, ushbu maqol, topishmoq va ertaklarni nashr qildirgan shaxs ham o'rta osiyolik muxojir edi-da. Ishoq Ibrohim quyidagi maqollarni tarjima qilgandi.

Bundan tashqari, Mulla Ishoq 13 ta latifa, ertaklarni ham o'zbekchadan vengerchaga tarjima qilgan. Xullas, asli qo'ng'irotlik Ishoq 1865 yildayoq o'zbek xalq og'zaki ijodini Yevropaga targ'ib qilgan edi. Ya'ni, Xorazmdan kelgan Ishoq Ibrohim Yevropada yetuk sharqshunos, folklorshunos va tarjimonga aylandi. Tabiiyki, Yo'zef Budenz, Shandor Pyotefi, Yanosh Aro'n singari o'z davrining eng peshqadam, taniqli olimlari bilan hamkorlik qilgan Ishoq Ibrohimning qisqa fursat ichida bunday keng ko'lamdagi ishni amalga oshirishi uning yetuk aqlu salohiyatidan darak berib turibdi.

Shuningdek, Y.Budenz venger matnlarini Ishoq Ibrohimga tushuntirib, ularni o'zbek tiliga tarjima qildirgan. Shu yo'l bilan Ishoq venger shoiri Yanosh Aro'nning “Buddaning vafoti” qahramonlik eposining oltinchi qo'shig'ini ham o'zbekchalashtirgan. Tabiiyki, Ishoqning bu tarjimasi Budenz uchun o'zbek va venger tillari tuzilishini taqqoslash, qiyoslash uchun kerakli bo'lgan bu Ishoq Ibrohimning venger tilidan o'zbek tiliga qilingan ilk badiiy tarjimasi hisoblanadi.

Shuningdek, Ishoq Ibrohim Herman Vamberining 1867 yilda “Yusuf va Ahmad” dostonini asliy matni va nemischa tarjimasini nashr etish ishida bevosita ishtirok etgan. Yuqori tarjimonlik qobiliyati uchun uni Vamberi “jonli lug'at” deb atagan. Ba'zi manbalarda Vamberi Xiva xonligi hududlarida ekanida “Oshiq G'arib va Shohsanam” dostonini yozib olgani va bu ishda unga mulla Ishoq yordam berganligi qayd etiladi.

Ishoq Ibrohim 1865 yil 7 iyulda adabiyotshunos Aro'n Siladiga yozgan xatida Vengriya Fanlar akademiyasi kutubxonasiga ishga kirib, xizmatni bosh­laganini aytgan. Bu va bunga o'xshash tarixiy maktublardan bizga ayon bo'lishicha, u kutubxonadan oyiga 25 fo'rint (forint) oylik olgan; kutubxona byulletenida u haqda “kutubxona xodimi” deb yozilgan; Ishoqning kutubxonaga ishga joylashuvida Yo'zef Budenz tavsiyasi hisobga olingan; akademiya boshqaruv­ning 1866 yil 21 yanvardagi qarorida ham uning rasman kutubxona xodimi vazifasida ishlayotgani ta'kidlangan.

Mulla Ishoq sharq va g'arb madaniyati orasidagi farqlarni chuqur anglagan, hayotdan saboq olgan zamonaviy, madaniyatli shaxs bo'lgan. Mullaning mojor tilidan tashqari olmon, lotin, yunon, fransuz va ingliz tillarini ham o'rgangani ma'lum. Bu uning ham oddiy odamlardan biri bo'lmaganligini, favqulodda iqtidorli shaxs bo'lganini bildirmoqda. U Mojoris­tonning turli viloyatlari va shaharlariga sayohat qilgan. Uning Vena, Estergo'm, Giyo'r, Ko'maram va Po'zso'ni (Bratislava) (Viyana, Esztergom, Györ, Komárám ve Pozsony (Bratislava) shaharlariga borgani ma'lum”   Vengriyadan olis xorazmlik yigit shu tariqa Vengriya Fanlar akademiya­sida faoliyat ko'rsatib, Yevropa shaharlarini kezganicha hayot kechiradi. Hattoki oila qurib Yevropacha asosda yashay bosh­lagan.

Janob Ishoq Ibrohim akademiyada ishlamagan paytda, Shando'r Ko'vachining aniqlashicha, 1888-1892 yillarda Vamberining xizmatida bo'lgan va Budapesht­dagi Farang Jo'zef ko'chasidagi 24-uyda, o'z oilasi, bola-chaqasi bilan birga uning yonida yashagan.

O'sha paytdagi venger matbuotidagi yozuvlarga tayanib shularni aytish mumkin: janob Ishoq Ibrohim Valanja shahrilik (Velence) Fajar (Fejér) degan qiz bilan turmush qurgan va 1892 yilda Vengriyada vafot etgan.

Vengriya Fanlar akademiyasining akademigi Y.Budenz (1836-1892) Ishoq Ibrohimning o'ziga katta yordam berganini e'tirof qilib shunday yozgandi: “Ishoq bilan uch oy birga ishladim va bunday ajoyib imkoniyat menga Xiva o'zbeklari dialektini o'rganishim uchun katta foyda keltirdi. Men bu borada yozgan bir necha qo'lyozmalarimni uning talaffuzi asosida mukammallashtirishim mumkin edi”.

Vamberining asarlari O'rta Osiyo tarixini o'rganishda katta ahamiyatga egaligi dunyo ilmu fanida tan olingan va e'tirof etilgan. Ayniqsa, uning “o'tmishi ko'milgan millatning istiqboli ham zulmat pardasi ostidadir” degan fikrlari o'zining keng qamrovi bilan nasihatomuz maqol darajasida o'zbek ziyolilari orasida keng tarqalgandir.

Shunday ekan, Vamberining barcha asarlari bizning tariximizni boshqa manbalarga taqqoslab o'rganuvchi noyob manbadir. Shularni e'tiborga olib, kino sohasidagi ushbu mavzuni davom ettirib “O'zbekkino” DAK tomonidan Vamberi va Ishoq Ibrohim haqidagi serialni Vengriya, turkiyalik kinoijodkorlar bilan ishlansa, xalqaro darajadagi san'at asari yuzaga kelardi.

Shu kabi Vamberi asarlarining O'rta Osiyo tarixini o'rganishdagi ahamiyati katta ekanligi, uning bevosita Xorazmda bo'lganligini e'tiborga olib, yana Xiva shahrida uning nomiga ko'chalardan birini nomlash o'rinli bo'lardi. Bunday e'zoz va e'tirofni esa Vengriya Fanlar akademiyasida ishlash darajasiga yetgan uning hamrohi va shogirdi — Ishoq Qo'ng'irotiyga ham ko'rsatish, uning nomi ham Xiva ko'chalaridan biriga qo'yilsa, adolatdan bo'lar edi.

Tabiiyki bularning bari yurtimizning turistik salohiyati yuksalishiga, Vengriya — O'zbekiston do'stlik aloqalarining yanada yuksak pog'onalarda davom etishiga omillardan biri bo'lardi.

Umid   BEKMUHAMMAD

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

6 + six =