Yasama qo'g'irchoqlar sahnani bosdi

Keyingi paytlarda “Oynai jahon”­ni xorij seriallari biroz tark etgach, o'zimizning milliy seriallarimizni ko'ra boshladik. Milliy qadriyatlarimizni qadrlashga o'rgatadigan seriallarning ko'paygani yaxshi albatta, ammo ochiq va dangal aytaman: ayrim aktrisalarning holati ta'bimni xira qildi.

Negadir ekranda ba'zi aktrisalarni bir-biridan farq­lash qiyin. To'g'rirog'i, inkubatordan chiqqandek qosh-ko'zi, labining shakli bir xil. Obdon kuzatsangiz o'zingiz ham yoqa ushlaysiz. San'atkorlarning shishirilgan lablari-yu, ulama soch va kipriklariga ko'nikkandik, endilikda yosh-yosh aktrisalarda ham bu holat uchrayotgani, o'zbek qizlarida tabiiylikdan asar qolmayotganini bildiradi. Bugungi seriallardagi aktrisalarning deyarli hammasi yasama “qo'g'irchoq” go'yo. Ammo go'zallikning soxtasi ham insonni charchatar ekan!

Xabaringiz bor, xonanda Ozoda Nursaidovaning litsenziyasi yaqinda qaytarib berildi. Katta sahnaga qaytgan xonanda muxlislari uchun “Ajdodlar” deb nomlangan qo'shig'i va unga ishlangan klipni taqdim etdi. Shuncha yillik tanaffusdan keyin ilk klip qanaqa chiqibdi deya, ko'rishga chog'landim. Yashirmayman, klipni tarixiy film tomosha qilgandek ko'rdim. Klip uchun tanlangan aktyorlar jamoasi, dekoratsiya va ishlatilgan jang qurollari va kiyimlar o'tmish davri ruhiyatini ochib bera olgan. Biroq… bosh rolda To'maris obrazini o'ynagan xonandaning “botoks” labi va “rastushovka” qilingan qosh-kipriklari klip qiyofasiga soxtalik berib turibdi. Axir, qadimda “botoks” va shishirilgan lablar bo'lmagan-ku! Mayli, bu endi bir san'at asari, klip deb chalg'irmiz, ammo hozirgi kunda hatto kollej o'quvchilarining ham soxta go'zallik ortidan quvib ketayotgani odamni jiddiy mushohada qilishga chorlaydi.

Yaqinda feysbuk ijtimoiy tarmog'ida internet foydalanuvchilaridan biri o'z sahifasida qoldirgan “Zamona zayli bilan chiroyli qizlarning husniga ham ishonib bo'lmay qoldi…” degan fikriga ko'zim tushgandi. Buni hazil tariqasida aytilgan, ammo achchiq haqiqat zamirida yotgan iqror deyish mumkin. O'zbek qizlari nafaqat ibo-hayosi, andishasi, balki tabiiy chiroyi bilan azaldan maqtalib, madh etib kelingan. Afsuski, ayni kunda tabiiy chiroy bilan kifoyalanib qolayotganlarga nisbatan “zamondan orqada qolgan”, degan oshkora nopisand qarash paydo bo'lgan. Bu tushuncha ayniqsa, shou-biznesda ijod qilayotgan xotin-qizlar orasida keng yoyilganidan har qadamda ularning tabiiylikdan yiroq, yasama go'zalligi aks etgan suratlariga duch keladigan bo'lib qoldik. Eng yomoni, bu toifadagi yulduzlar ko'pchilikni, ayniqsa, o'sib kelayotgan yoshlarni soxtalikka, sun'iylikka o'rgatib, ko'niktirib qo'yayotganidir. Axir muxlislar orasida ularga mahliyo bo'lib, husnu jamolini maqtab, olqishlayotganlar, hatto salkam go'zallik ma'budasiga aylantirib qo'yyayotganlar kammi? Ha, mashhurlarimizning ochiq-oydin g'arb yulduzlariga ergashayotgani sir emas. Ammo biznikilar o'z taqlidi bilan xorijlik hamkasblarini yo'lda qoldirib ketayotganiga nima deysiz?

Oddiygina misol, ayni paytda barcha telekanallarda namoyish etilayotgan turk seriallarida rol ijro etgan aktrisalar bilan o'zimizning kinoyulduzlarni bir taqqoslab ko'ring: shishirilgan lablar, sun'iyligini besh metr uzoqda turib ham sezish mumkin bo'lgan ulama kipriklar va chizilgan qoshlar kimda? Albatta, o'zimiznikilarda!

Siz ham e'tibor bergan bo'lsangiz, turk aktrisalarining hatto ayrimlari tatuaj u yoqda tursin, qoshini termagan. Yana bir achchiq savol tug'iladi: kiyinishu muomala-munosabatda, yashash tarzida ovropalashib ketgan turk xonimlari o'zining tabiiy go'zalligi bilan dunyoni mahv eta olayotganda, nega bizning aktrisalar soxta go'zallik ta'siriga bu qadar berilib ketishmoqda?

Eng achinarlisi, voyaga yetib kelayotgan qizlarning shu aktrisa va qo'shiqchilarga havas qilib, kerak bo'lsa taqlid qilib hali turmushga chiqmayoq bu “amaliyot”ni qo'llayotgani achinarli emasmi?

Uzoqqa bormay, bundan ikki yil ilgari bir tanishim to'yidan oldin kiprik “ektirib” keldi. Ammo to'ydan uch oy vaqt o'tmay og'ir ahvolda shifoxonaga tushdi. Aniqlanishicha, kiprik “ekayotgan”da salon xodimlari gigiena qoidalariga amal qilmagan va oqibatda unga gepatit S kasalini yuqtirishgan. Yashirin tarzda organizmda ushbu xastalik rivojlanib, qisqa muddat ichida tanishimni “yiqitgan”. Xullas, uni yana sog'­lom turmush tarziga qaytarish oson kechmadi.

Maqolada ismini sir tutishni istagan rejissyorning fikri:

— Film suratga olayotganda, imkon qadar hammaning me'dasiga tekkan soxta “qo'g'irchoqlar”ni olib chiqmaslikka harakat qilamiz. Ammo har doim ham tabiiy chiroyli va iqtidorli aktrisani topa olmaymiz. «Bizning «yulduz»lar g'arbga ergashyapti» degan fikringizga uncha qo'shilmayman. G'arbliklar ham bunchalik kilolab chaplamaydi. Gollivud kinolarida chehralar obrazlarga mos. Bizda esa…  hatto serial qahramoni reanimatsiyada yotsayam pardozi dahshat. Bunda rejissyorlarni ayblashadi, tabiiysini topolmasak nima qilaylik?

Film suratga oladigan rejissyorning bu gapidan so'ng hafsalam yanada pir bo'ldi. Gapga qarang-a? “Tabiiysini topolmasak nima qilaylik” emish.

“Baliq boshidan…”, deganlaridek, kinoni oluvchi boshliqning ahvoli shu bo'lgach, yana kimdan o'pkalaysiz! Qani bu yerda haqiqiy san'at, qat'iy talab va iroda?..

Nima ham derdim: yasama, bo'yama kinolaringizni olavering, tomoshabin asabini qaqshatavering, janob rejissyor!

Feruza Rahimova,

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

13 − 5 =