Qadrdon inim

“Nega dollarda?”, “Nomzodingiz soqov emasmi?”, “Qog'ozbozlik hali o'lmagan”, “Qotil kim?” kabi tahliliy-tanqidiy maqolalari keng jamoatchilik e'tiborini tortganini ta'kidlab o'tmoqchiman. Vaholanki, B.Egamqulov yillar davomida bunday maqolalardan ko'pini yozgan va yozib kelmoqda.

Jurnalistika shunday sohaki, uni hamma ham birdek egallay olmaydi. Bu kasbni tanlagan odam faqat qalamni tebrata biladigan emas, balki samimiy, fidoyi, dunyoqarashi keng, bilimdon, o'z pozitsiyasiga ega, professional bo'lishi talab etiladi. O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Bekqul Egamqulov shunday xislatlarga ega insonlardan biri.

Qirq yillik jurnalistlik faoliyati davomida u “O'zbekiston adabiyoti va san'ati”, “Xalq so'zi”, “Mahalla”, “Iste`molchi” kabi gazetalar, O'zbekiston Milliy axborot agentligi — O'zAda turli lavozimlarda ishladi. Ayni paytda esa “Biznes-Daily Media” noshirlik uyi bosh direktori vazifasida faoliyat ko'rsatish bilan birga, “O'zbekis­ton qishloq va suv xo'jaligi” jurnalining ham yuqori saviyali, o'qishli bo'lishligiga hissa qo'shib kelmoqda.

“O'zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasidagi muhit Bek­qulni halollik, kasbga sadoqat, bilimdonlik ruhida ul­g'aytirdi. Shu yerda u “O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist” unvoniga musharraf bo'ldi. Bekqul o'sha yillarni faxr bilan yodga oladi, zero, adabiyot gazetasi uning hayotida kamolot maktabi vazifasini bajardi. Bu maktabda olgan amaliy bilim va ko'nikmalarini O'zbekiston Milliy axborot agentligi, “Xalq so'zi” gazetasida ishlagan yillarida yoshlarga ham o'rgatishga intildi. Ulardan zinhor maslahatlarini ayamadi. Bugungi kunda uning sho­gir­d­lari turli tashkilotlarda mas'ul lavozimlarda, nufuzli nashr­larda mehnat qilib kelmoqda. Ijod ahlining ko'ngli nozik bo'ladi. B.Egam­qulov shogirdlariga bag'­rikeng­lik bilan, xato-kamchiliklarini go'yo rag'batlantirishdek qilib, o'qitib, uqtirib keladi. Shogird­lar ham ko'nglidaryo ustozlarini eslab, yo'qlab turishi B.Egam­qulov uchun katta bir davlat.

Biz Bekqul bilan o'ttiz yillik qadrdonmiz. Undagi samimiyat, kamtarlik, ijodga moyillik go'yo ajdodlardan merosdek tuyuladi menga. Otasi Egamqul bobo bilan suhbatlashgan odam uning obrazli, yengil yumorga boy qochirimli iboralar bilan fikrlarini bayon etishini ko'rib hayratlanardi. Vaholanki, otaxon bir umr qishloqda mirob bo'lib ishlagan. Bundan sakkiz yil muqaddam sevimli yozuvchimiz Pirim­qul Qodirov Bekqulning uyiga qo'ng'iroq qiladi. Go'shakni Egamqul bobo oladi va ular bir soatdan oshiqroq suhbatlashadilar. Ertasi kuni Pirimqul aka Bek­qulga qo'ng'iroq qilib “Otangiz bilan miriqib suhbatlashdik, go'yo qishlog'imga borib kelgandek bo'ldim. Otangizning gaplaridan shundoqqina qishloqning hidi kelib turibdi”, deydi hayajonlanib. Volidasi Buvxol momo ham har bir gapini maqol bilan ifodalaydigan onaxon edi.

B.Egamqulovning qirq yillik muxbirlik yo'liga nazar tashlab qanoat hosil qilasan, e'tiqodga sodiqlik, prinsipiallik bu kasb sohiblarini (boshqa kasblarda ham) yuzini yorug', ko'nglini xotirjam etajagida muhim omil ekaniga amin bo'lasan kishi. Zero, qaysi ijodiy dargohda ishlamasin u el-yurt manfaati mezonidan chekingan emas. Hozir ham shu mezondan kelib chiqib jamiyatimizdagi voqea-hodisalarga o'z nuqtai nazarini bildirib kelmoqda. “Nega dollarda?”, “Nomzodingiz soqov emasmi?”, “Qog'ozbozlik hali o'lmagan”, “Qotil kim?” kabi tahliliy-tan­qidiy maqolalari keng jamoatchilik e'tiborini tortganini ta'kidlab o'tmoqchiman. Vaholanki, B.Egamqulov yillar davomida bunday maqolalardan ko'pini yozgan va yozib kelmoqda.

Atrofga nazar tashlasangiz xabariy matbuot tahliliy matbuotga qaraganda tobora ortib bormoqda. Bu turli voqea-hodisalardan tezkor xabardor bo'lish nuqtai nazaridan yaxshidir, lekin bunday holatda savodxonlik ikkinchi darajaga tushib qolayotgani ham bor gap. Mazkur jarayon ayniqsa, “sariq matbuot”­da, ijtimoiy tarmoqlardagi sayt­lar va qaysidir sohaga ixtisoslashgan xususiy nashr­larda ko'p kuzatilayotir. Shular haqida mulohaza qilib aytish mumkinki, B.Egam­qulov kabi tahliliy maqolalar yozadigan jurnalistlar mehnatining qadri juda balanddir.

Bekqul so'nggi yillarda dunyo­ga mash­hur odamlar hayoti haqida ham maqolalar yozayapti. Ularda bu insonlarning taqdiridagi irodali-irodasiz onlari, qalb kechinmalari, turmushidagi baxt­li, qayg'uli kunlari haqida hikoya qilinadi. Uning ushbu maqolalari yaqinda chop etilgan “Baxt yarim, qayg'u yarim…” nomli kitobidan o'rin olgan. Kitobga kiritilgan Jek London, Iogann Motsart, Adriano Chelentano, Alisher Usmonov, Muhammad Ali kabi ko'plab taniqli insonlar haqidagi maqolalar o'quvchini qiziqtiradi, shubhasiz. Zero, ularni o'qigan kishi ko'plab yangi ma'lumotlar oladi, maqola qahramonlarining noma'lum qirralarini kashf etadi.

Men ushbu kitobni o'qib bo'lgach shunday xulosaga keldim. Maqsad o'quvchilarni mash­hur odamlarning hayoti, bosib o'tgan yo'li, quvonch va tashvishlari, fojialari bilan tanishtirishgina emas, balki ularning hayotidan xulosa chiqarishga undashdir. E'tibor bergan bo'lsangiz, dunyo taniydigan, boyligining cheku chegarasi yo'q odamlar ham to'la baxt­li emas, hayotining qaysidir joyida kemtiklik bor, qayg'u bor, fojia bor. Demoqchimanki, mashhurlik, boylik hech narsani hal qilmaydi. Inson to'la baxtli bo'lishi uchun shuning o'zi yetarli emas.

Kitobda qahramonlar qalbiga kirishga, ularning ma'naviy, ruhiy dunyo­sini ochishga harakat qilingan. Men mazkur kitobni o'qigunimga qadar Merlin Monro haqida mutlaqo boshqacha tasavvurda edim. Mashhur aktrisa haqi­dagi maqolani mutolaa qilgach, tasavvurlarim o'zgardi. “Gollivud bir bo'sang uchun ming dollar beradigan, ammo qalbingni sariq chaqaga ham olmaydigan maskan. Men u yerdagilarning ko'piga rad javobini berganman, mening qalbim sotilmaydi… Bu dunyoda yetishmaydigan narsa insonlarning bir-biriga bo'lgan mehridir…” deydi aktrisa. Menimcha, bu gaplar mashhurlik va boylik tufayli hech narsaga erisha olmagan insonning xulosalari.

Inson sha'ni mashhurlikdan ham, boylikdan ham osmon qadar baland. Kitobda taniqli bokschi Muhammad Ali haqidagi maqolani o'qiganimda aynan shunday xulosaga keldim. U Olimpiada chempioni bo'lib, AQShga qaytgach, uni qora tanli bo'lgani uchun restoranga kiritishmaydi. Bunday xo'r­likka chiday olmagan Muhammad Ali Olimpiada oltin medalini daryo­ga uloqtiradi. Menimcha, bu ham insonni o'ylashga, xulosa chiqarishga undaydigan voqea.

Umuman olganda, muallif mashhurlar qalbiga nazar tashlaydi va ular hayotidagi shunday nozik jihatlarni topadi ham. Kitobning tarbiyaviy ahamiyati ham shunda.

Yuqorida ta'kidlaganimizdek, jurnalistika fidoyilik talab qiladigan kasb. Ba'zan kunni tunga ulab gazeta chiqarishga, ba'zan bitta maqola yozish uchun bir necha kunlab viloyatlarda, olis qishloqlarda qolib ketishga, ba'zan odil yo'ldan toymaslik uchun kimlargadir yomon ko'rinishga to'g'ri keladi. Bekqul do'stimiz shularning hammasini boshidan kechirib, jurnalis­tikaning qattiq, lekin beminnat nonini yeb kelayotgan fidoyi jurnalistlardan biridir.

Tohir Doliyev.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × 1 =