Qozilashgan qarindosh bo'lmas

Qiziq, bu kabi nizolarning ma'naviy yechimi qaerda, degan savol tug'iladi. Nahotki, bunday insonlar o'tgan umrini ortga qaytarib bo'lmasligini tushunmasalar?! Turmushdagi ijtimoiy va mulkiy nizolarni sud, albatta hal etadi.

Ha, qozilashgan qarindosh bo'lmas, deb bejiz aytishmagan ekan. O'z qondoshingni sudga yetakladingmi, o'rtadagi rishtalar avvalgi holiga kelishi mushkul…

Yoz faslining jaziramali kunlaridan biri edi. Biz sud tarkibi bilan belgilangan manzil bo'yicha sayyor sud majlisiga chiqdik. Fuqarolik ish yurituvida fuqaro Adizov Ravshanning singlisi Zokirova Saidaga nisbatan uy-joyni bo'lish haqidagi da'vosi mazmunan ko'rildi. Nizoli turar-joyda aka-singillar, ya'ni da'vogar va javobgar o'z oila a'zolari bilan birgalikda yashab kelganlar. Ular uy-joydan foydalanish tartibi va mulkni bo'lish borasida o'zaro kelisha olmaganliklari sababli aka da'vo arizasi bilan sudga murojaat etgan. Tuman sudining qarori bilan Ravshanning da'vosi qanoatlantirilib, taraflarga nizoli uy-joydan foydalanish tartibi qonuniy asoslarga ko'ra bo'lib berildi. Aniqlanishicha, nizoli Toshkent shahar, Uchtepa tumani, Lutfiy ko'chasi, 115-uyning 1/3 qismi vorislik haqidagi guvohnomaga asosan da'vogar R.Adizovga, qolgan 2/3 qismi esa ushbu guvohnoma hamda hadya shartnomasiga asosan javobgar S.Zokirovaga tegishli.

O'zbekiston Respublikasi FKning 116-moddasiga muvofiq ikki yoki undan ortiq shaxsning egaligida bo'lgan mol-mulk ularga umumiy mulk huquqi asosida tegishli bo'ladi.

Mazkur kodeksning 219-moddasiga ko'ra, ulushli mulkdagi umumiy mol-mulkka egalik qilish va undan foydalanish uning barcha ishtirokchilarining kelishuviga muvofiq amalga oshiriladi. Bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda, ulushli mulkdagi umumiy mol-mulkka egalik qilish va undan foydalanish sud tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Kodeksning 223-moddasiga asosan ulushli mulk ishtirokchilar o'rtasida ularning kelishuviga muvofiq taqsimlanishi mumkin. Bunda ishtirokchi o'z ulushini umumiy mol-mulk­dan ajratib berishni talab qilishga haqli. Ulushli mulk ishtirokchilari umumiy mol-mulkni taqsimlash yoki ulardan birining ulushini ajratish usuli va shartlari to'g'risida kelishuvga erisha olmasalar, o'z ulushini asl holida ajratib berishni sud orqali talab qilishga haqli.

O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Yakka tartibda qurilgan uyga bo'lgan mulk huquqi bilan bog'liq nizolar bo'yicha sud amaliyoti to'g'risida”gi qarorining 19-bandida tushuntirilishicha, umumiy ulushli mulk bo'lgan uydan ulushni asl holida ajratib berish (uyni bo'lish) mumkin emas. Lekin bu umumiy ulushli mulk ishtirokchisining uydan foydalanish tartibini belgilab berish haqidagi talab bilan arz qilish huquqidan mahrum etmaydi.

Bunday talabni hal etayotganda sudlar uydan foydalanishning amalda shakllangan va umumiy mulkdagi ulushlarga batamom mutanosib kelmasligi ham mumkin bo'lgan tartibini, mulkdorlardan har birining uydan foydalanishga bo'lgan ehtiyojini hamda birgalikda foydalanishning real imkoniyatini inobatga olishlari zarur.

Mulkdorga foydalanishi uchun kirish-chiqish yo'li alohida, shuningdek, alohida bo'lmagan yashash xonalari ajratib berilishi mumkin. Bunday holda, umumiy mulk bo'lgan uyga nisbatan mulk huquqi bekor bo'l­maydi. Yordamchi imoratlar va qurilmalar (pillapoyalar, yo'lak-dahlizlar, isitgich asboblar va shu kabilar) umumiy foydalanishda qoldirilishi mumkin.

Ushbu norma talablarini O'zbekiston Respublikasi FKning 5-moddasiga asosan mazkur fuqarolik ishiga ham tatbiq etish mumkin bo'ladi. Sud ish holatiga oydinlik kiritish maqsadida sudga oid qurilish-texnik ekspertizasini ham tayinlagan. X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazining xulosasiga ko'ra, nizoli uy-joyni bo'lish varianti mavjud bo'lib, o'zboshimchalik bilan qurilgan imoratlar umumiy foydalanuvida qoldirilishi ko'rsatilgan. Unga ko'ra, ayvon o'rtasini yopish, jumladan, ayvondan hamda umumiy foydalanishdagi darvozadan alohida kirish-chiqish yo'lini ochish mumkinligi aniqlangan. Sayyor sud majlisida raislik etuvchi taraflarga ekspert xulosasidan kelib chiqib, o'zaro kelishgan holda nizoni tinch yo'l bilan hal etishni va kirish-chiqish yo'lagini alohida, boshqa yerdan ochish taklifini berdi. Bunga da'vogar R.Adizovning javobi shunday bo'ldi: “Hurmatli sudya, agar men uyning boshqa joyidan darvoza ochsam, ertaga machitga chiqishga qiynalaman, menga uzoqlik qiladi…”. Bu javob nafaqat sud tarkibini, balki Siz gazetxonni ham hayratlantirishi tabiiy.

Qiziq, bu kabi nizolarning ma'naviy yechimi qaerda, degan savol tug'iladi. Nahotki, bunday insonlar o'tgan umrini ortga qaytarib bo'lmasligini tushunmasalar?! Turmushdagi ijtimoiy va mulkiy nizolarni sud, albatta hal etadi. Biroq qarindoshlik, mehr-oqibat kabi tushunchalar, ya'ni ma'naviy muammolarni bartaraf eta olmaydi. Shunday ekan, har bir inson umrining har lahzasidan unumli foydalanib, vaqtini behuda gaplarga emas, xayrli ishlarga sarflashi, atrofidagilarga oqibatli bo'lishi zarur. Aks holda na qarindoshlik, na insoniylik burchi bajariladi.

Sayyora Rahmatullayeva,

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × three =