Qush uyasida…

Har qanday taqlidning zamirida shaxsning o'zligini anglamasligi yotadi. Shaxsning o'zligini anglamasligi zamirida esa ilmsizlik yotadi.

Bugungi kunda davrimizning ijtimoiy-ma'naviy muammosi bo'lgan «ommaviy madaniyat» xuruji aynan qaerdan kelib chiqdi?

Yoshlarimizning, farzandlarimizning dunyoqarashlari qayoqqa qarab ketayotganligi va ularning kimlarga ergashayotganligi bugungi kunimizning eng muhim, eng dolzarb, eng og'riqli muammosidir!

Yoshlarimizning “ommaviy madaniyat” ta'siri ostida buzilish halokatida turgan ma'naviy qiyofasida biz kattalarning ham aybimiz bor. Mash­hur nemis shoiri va donishmandi Gyote aytadiki: “Millatni qutqarish uchun aslida ko'p narsa kerak emas. Ota-ona va o'qituvchi kifoya qiladi xolos”. Shu o'rinda bir haqli savol tug'iladi. Shu bugungi kunda “ommaviy madaniyat” xurujiga yo'liqqan bu telba-teskari oqimda oqinga uchragan xasdek, nochor ahvolga tushgan bugungi ayrim yoshlar — o'spirin yigitchalar, o'smir qizaloqlar boshqa sayyoradan kelib qolmaganlar-ku?

Ular aynan bizning ko'z o'ngimizda ulg'ayib shu ahvolga tushmayaptilarmi?

Demak, ularning ruhiyatidagi ma'naviy bo'shliqni bizning tar­biyamiz emas, “ommaviy madaniyat” o'z sayoz jozibasi bilan to'ldirgan ekan, bunga biz ayb­dormiz. Qadimgi O'rxun-Enasoy bitiklarida: “Bolang aytganingni emas, qilganingni qiladi”, deb bitilgan ekan. Demak, bizning kichik xatolarimiz ham, ularga katta o'rnak bo'ladi. To'ylarda o'zini bilmaydigan darajada o'lardek ichib, raqqosa bilan ming muqomda buralib o'ynayotgan shirakayf ota, qanday qilib o'g'liga odobdan saboq bera oladi? Uyda, kun bo'yi oldi-qochdi seriallarni tomosha qilib, kechgacha telefon va g'iybatdan bo'shamaydigan, kech­qurun esa ishdan charchab kelgan eri bilan shang'illab, og'zidan bodi kirib, shodi chiqib, behayo haqoratlar bilan urishadigan ona qiziga hayodan o'rnak bo'la oladi deb ayta olamizmi? Har bir millatni millat qiladigan, uning milliy qiyofasini, milliy butunligini ta'minlaydigan ulug' qadriyatlari bo'ladi. Shu qadriyatlarga darz ketgach, millatning ruhi ichdan yemiriladi. O'sha milliy ruhni, o'sha millatning ruhiy qiyofasini ta'minlaydigan milliy qadriyatlarni yoshlarning ongiga darz yetkazmasdan singdirish bizning eng avvalo ota-onalar va o'qituvchilarning fidoyiligiga bog'liq.

Yaqinda, “facebook” ijtimoiy tarmog'ida 17-16 yoshli qizlari bor uy bekasi bo'lgan onaning turli xil ko'rinish va holatdagi suratlariga ko'zim tushdi. “Men selfi qilishni sevaman” degan mazmundagi suratlarga qarab turib, yuragimni achchiq bir o'y tirnab o'tdi. O'zini ming ko'yga solib, suratga tushayotgan (ya'ni o'zining iborasi bilan aytganda, “selfi qilayotgan”) bu ona qizlariga: “selfi qilmang”, deganda ham shu onaning qizlari birovga quloq soladimi?

Mana sizga masalaning og'riqli nuqtasi. Balog'atga yetib-etmagan qizaloqlarning o'ta shaxsiy hududi bo'lmish yotoqxonalarida turib, barcha-barchaga havoiy o'pichlar yo'llashlarida selfini yaxshi ko'radigan onajonlarining hissasi yo'q deya olamizmi? Yaqinda, ijtimoiy tarmoqlarda Vengriyada 16 yoshli bir o'smirning juda katta tezlikda ketib borayotgan poezd ustiga chiqib selfi qilaman deb tiriklayin yonib ketgani haqida o'qidim. Bugungi kun o'smirlarining deyarli kundalik turmush tarziga aylanib ulgurgan selfi degan bekorchi bema'niliklariga o'z vaqtida yondashib sog'lom nuqta qo'ymasak, bu odat borib-borib ulkan fojialarni keltirib chiqaradi. Tom ma'noda sog'lom, ma'nan barkamol farzandlar sog'lom oilalarda tarbiyalanadi.

Sog'lom va ma'nan yetuk farzandlarni, ma'nan yetuk ota-onalar dunyoga keltiradilar. Sog'lom ruhiyatni sog'lom muhit shakllantiradi.

Sog'lom muhitni esa biz shakllantiramiz, ya'ni, shu jamiyatning har bir ongli fuqarosi sog'lom muhit shakllanishiga o'z hissasini qo'shishi shartdir. Aslida muhit bu bizning o'zimiz, bizning olamga bo'lgan munosabatimizdir. Bizning jamiyatga o'tkazadigan ma'naviy-axloqiy ta'sirimiz ham muhitdir!

Aytish mumkinki, o'z oilasini tash­qi salbiy ta'sirlardan kuchli ma'naviy-axloqiy qadriyatlar mezoni bilan himoyalab, sog'lom boshqargan ota-ona o'ziga tiriklik chog'idayoq haykal yaratgan buyuk me'mordir.

Hazrat Navoiyning:

Ranj ko'rmay kishi toparmu farog',

Bag'ri o'rtanmayin yonarmu charog'.

Tuxum yerga kirdiyu, chechak bo'ldi,

Qurt jondan kechib, ipak bo'ldi.

Har qanday vaziyatda sustkashlikka yo'l qo'ysak, buning ham jazosini olmay qolmaymiz. “Qush uyasida ko'rganini qiladi”, degan naql bejizga aytilmagan! Toki biz kattalar o'z ma'naviy olamimizda “ommaviy madaniyat”ga qarshi kurash immunitetini shakllantirmas ekanmiz, yoshlarimizni bu xurujdan mutlaqo asrab qololmaymiz. Shunday ekan, “ommaviy madaniyat”ga qarshi milliy qadriyatlarimizga asoslangan yuksak ma'naviyat bilan kurashmog'imiz zarur.

O'rolbek Chutboyev,

O'zbekiston “Adolat” SDP

Yakkasaroy tuman kengashi

“Yosh adolatchi”lar qanoti raisi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × five =