Virtual qaramlik

Ishxonaga kelayotuvdim anchadan buyon ko'rishmagan bir tanishimni uchratib qoldim. U nima bilan bandligimni so'radi. Men: “Uyali aloqa vositalari, internet haqida” maqola yozmoqchiman dedim. U: “Ha, hayotimizni kompyutersiz, ayniqsa, telefonsiz, internetsiz tasavvur etib bo'lmay qoldi. Ayniqsa, bugungi yoshlar — XXI asrning bolasi-da. Farzandimiz hech kimdan kam bo'lmasin, deymiz. Qimmatbaho telefon olib bermasang o'rtoqlari ustidan kuladi, deymiz. Olib beramiz-da”, deydi.

To'g'ri, hozirgi yoshlar — yigirma birinchi asr yoshlari, axborot texnologiyalari asri bolalari. Lekin bola — bola-da, avval ijtimoiy tarmoqda o'z sahifasini ochadi. Virtual do'stlar orttiradi. Ammo berilayotgan axborotlar, videotas­virga olingan voqealar haqiqatan bormi-yo'qmi, biron hujjatga asoslanganmi, buni bilishga intilmasligi-ku yomon, qiziqib ham ko'rmagani o'ta xavfli.

Ijtimoiy tarmoqlardagi yolg'on targ'ibotlar sabab qanchadan-qancha yoshlar bizga butunlay begona har xil oqimlarga kirib, ota-onasidan tashqari, jamiyatga ham ancha tashvish tug'dirdi. Ayniqsa, tarmoqlar orqali, ilgari hech uchratmagan, umuman notanish odam bilan sirdosh bo'lib olishi, natijada, ba'zi axborot manbalarida yozilganidek, ko'cha-ko'yga norasida go'daklarni qoldirib ketish holatlari ham uchramoqda. Yoki o'zaro kelishuv asosida bir oila bo'lib yashayotganlar borligiga qanday chidash mumkin?!

Ana shu yoshlar ham bir ota-onaning jigarbandi, ko'zining qorasi. Shunday ekan, bolaga qimmatbaho telefon olib berishdan oldin, uning tarbiyasiga ta'siri qanday bo'lishini o'ylab olish foydadan holi bo'lmaydi. Yosh-o'spirinning virtual suhbat­doshlari ko'payishi ko'proq vaqtini “onlayn” tarzda o'tkazishiga, odamlar, oshna-og'aynilari, do'stlari bilan kamroq muloqot qilishiga olib keladi. Shu tariqa u xudbin, loqayd, ishyoqmas bo'lib ulg'aya boshlaydi. Ba'zi tadqiqotchilar bu jarayon yolg'izlikda qolgani (virtual olam aslida jonsiz muloqot tizimi, kim nimani xohlasa shuni gapirishi mumkin bo'lgan muhit) tufayli kechadi, de­yishmoqda. Ammo ruhshunos tadqiqotchilar bunday fikrning yolg'onligini e'tirof etmoqda.

Chunki, har bir o'spirin ta'lim olish uchun o'quv muassasalariga qatnaydi. Demak, uning kim bilandir do'stlashishga imkoni bor. Sinfdosh­lari bilan fikr almashish, sirlashishi mumkin. Ammo virtual hayot bolani shu qadar rom etadiki, o'zi bilmagan holda uning quliga aylanadi. O'zi ham, garchi to'g'rimi-noto'g'rimi, buni hali anglab yetmagan bo'lsa-da, “aql o'rgatuvchi” gaplar yoza bosh­laydi. Bu unga nihoyatda yoqib tushadiki, parvonasiga aylanadi. Negaki, virtual tarmoqda endi uni tinglaydigan (aslida hech kimga uning aqliy gaplari kerakmas, shunchaki, + tugmasini bosib qo'yadi xolos) “hamfikrlar” paydo bo'ladi.

Ba'zi ota-onalar farzandi vaqtini nimaga sarflayotgani bilan mutlaqo qiziqmasligi achinarli hol. Balki ular ham ijtimoiy tarmoqlardagi suhbatlar bilan banddir. Axir “Qush uyasida ko'rganini qiladi”, deb bejiz aytishmaydi-ku! Masalan, onalar uchun mavzu axtarish shart emas, har doimgi gap: dugonasi Turkiya yoki boshqa xorijiy davlatda ishlab chiqarilgan yangi libos olib kiygani, qaysi tamaddixonada taom yegani tuganmas mavzu, bugungi otalar uchun esa mansabdor bo'lish, ko'proq boylik to'plash uchun nima qilish kerakligi, kim bilan gaplashsa bo'lishi ko'proq qiziq.

O'z orzu-havaslari bilan ovora ota-ona farzandlarini to'g'ri tarbiyalash uchun vaqt “topolmaydi”. “Odnoklassniki.ru” kabi ijtimoiy tarmoqlar lo­qaydlik, hayosizlik, tubanlik targ'ibotiga “xizmat” qilayotgani ayrim kishilarni tashvishga ham solmay qo'ydi. Internet imkoniyatlaridan o'z manfaatlari yo'lida foydalanishga urinayotgan, ongi, hayotiy qarashlari shakl­lanib ulgurmagan yoshlarni to'g'ri yo'ldan chalg'itishga urinadigan g'arazli kuchlar borligi borasida-ku, o'ylab ham ko'rmaydi.

Masalan, endigina tetapoya bo'lib yura boshlagan go'dak bir amallab stulga, so'ngra stolga chiqadi-da, hali o'z tanasi muvozanatini saqlay olmasligi, xavf-xatar nimaligini bilmasligidan yiqilib tushadi. Mabodo jiddiy shikastlansa, ota-ona, aslida o'zlariga taskin berib, “bola yiqilib katta bo'ladi-da” deya ovunishadi. Bu bilan bolaning sog'lig'i, uning barkamol voyaga yetishidagi o'zlarining mas'uliyatini xaspo'shlashlarini o'zlari bilarmikinlar?.. Bu ota-onalar virtual tizimda o'tirgan bolasiga nisbatan ham shunday fikrlashga borib qolishmayaptimikin?..

Albatta, yoshlarda axborot iste'moli madaniyatining sustligiga sabab turli xabarlar oqimidan eng zarurini ajratib olishda bilim, malaka, ko'nikma yetishmasligida. Natijada foydasiz suhbatlar bilan ovora bo'lib qimmatli vaqtini havoga sovurishadi. Internetda “topishgan”lar ham bir-birlarini umuman bilishmaydi. Bunday paytda ijtimoiy tarmoqda o'zini oilasiz deb tanishtirgan odam bola-chaqali ekanligidan noligan qizlar ham uchrab qolsa ajablanmasa bo'ladi.

Yoki o'zini puldor, boyvachcha qilib tanitgan odam tirnog'igacha qarzdor ekani, boyvachcha xonimni “ildirsa” qutilish ilinjida yurganini yozgan aldangan ayolning “profil”ini o'qib yoqa ushlashdan boshqa ilojingiz qolmaydi. Homiylikka da'vat qilayotganlar-chi, axir ba'zilarining g'irt kissavur ekanligini organ xodimlari isbotlashmoqda-ku! Bu singari misollarni istagancha keltirish mumkin.

Shu narsa aniqki, yosh-o'spirin yigit yoki qiz hayotda aytarli do'st topishga ulgurmay, internet orqali butun dunyoning bekorchilarini yaqin tanishiga aylantirishi ehtimoldan xoli emas. Internet ana shunday “ulkan imkoniyat”lar ham taqdim etadi. Lekin hali shaxs sifatida shakllanmagan, o'zining mustaqil fikri va sog'lom dunyoqarashida sobitlik bo'lmagan yoshlar uchun bugun internet muayyan darajada xavfli hududga aylandi. Sababi, odamlar bilan muomala qilishda yetarli tajribaga ega bo'lmagan o'smir bilib-bilmay buz­g'unchi kuchlar, odam savdosi bilan shug'ullanuvchi jinoiy to'dalar ta'siriga tushib qolishi hech gap emas.

Qolaversa, ijtimoiy tarmoqlarga kirgan kishini qo'rquvga soladigan voqea-hodisalarni joylashtiruvchilar soni ham ortib borayapti. Kimdir avtomobil halokatiga tasodifan guvoh bo'ladi-da, qo'lidagi telefonida shoshilmasdan tasvirga oladi. Yoki tepa qavatdan kimdir o'zini pastga tashlasa, ro'y berayotgan fojiani his etmay, bamaylixotir videoga olib, ijtimoiy tarmoqqa “onlayn” tarzida to'g'ridan-to'g'ri uzatishni qanday tushunish mumkin? Axir tasvirga olish emas, birinchi navbatda, jarohatlangan odamga yordam ko'rsatish kerak emasmi?!

Ma'lumotlarga qaraganda, bir necha yillar ilgari Jazoirda faqat internetga, ijtimoiy tarmoqlarga mukkasidan ketgan, Afrika qit'asidagi “internet-fanatizmi” kasaliga chalinganlarni davolaydigan noodatiy klinika o'z ish faoliyatini bosh­lagandi. Shaxsiy akkauntiga kirmasdan, yangiliklar lentasini doimiy ko'rib chiqmasdan, virtual do'stlarning fotosuratlari va “postlar”ini ko'zdan kechirmasdan tura olmaydigan darajaga kelishi kasallikning asosiy belgisi sifatida e'tirof etilgandi. Bir qarashda xavfsiz tuyulgan ijtimoiy tarmoqlar ruhiy zo'riqish, asab kasalliklarini keltirib chiqaradi.

Ko'rinib turibdiki, bularning barchasi, hech shubhasiz, shaxsni tanazzulga olib keladi. Biron narsaga qaramlik odamni tashqi dunyodan mutlaqo uzib qo'yadi. “Men uyimning darvoza va eshiklarini doim mahkam berkitib o'tira olmayman. Chunki unga toza havo kirib turishi kerak. Va shu barobarida eshik va derazalarimdan kirayotgan havo dovul bo'lib xonadonimni ag'dar-to'ntar qilib, o'zimni yiqitib tashlashini ham xohlamayman”, degan ekan Hindistonning mashhur davlat arbobi Mahatma Gandi.

Demak, internet tarmoqlaridan o'rinli foydalanish, ijtimoiy tarmoqlardagi axborotlarni ham yuksak saviya bilan farqlash uchun har bir insonda, avvalo, saviya, tafakkur bo'lishi, shakllanishi zarur. Yo'qsa, inson go'yoki o'zini jarlikka, tanazzulga yetaklaydi. Buning uchun esa oilada shakl­lanadigan tarbiya, ma'naviyat sarchashmalaridan bo'lgan kitob, gazeta va jurnallar muto­laasidan bahramand bo'lmoqlikdan o'zga najot yo'q!

Anvar Qobilov,

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

11 + 10 =