Nima bo'lgan edi?

yoxud konditsioner parragidagi jasad

Keyingi kunlarda butun dunyoda kechayotgan Covid-19 pandemiyasi sabab turli xil nuqtai nazarlar, muhokamalar kuchaydi. Juda ko'plab mamlakatlar fuqarolari ayni karantin kuchaygan paytda begona yurtlarda qolib ketishdi. Hatto Rossiya, Fransiya, Italiya kabi iqtisodiy jihatdan mustahkam qudratli mamlakatlar ham bu paytda ozmi-ko'pmi esankirab qolishdi, asosiy e'tiborni mamlakat ichkarisidagi fuqarolariga qaratishdi. Biroq O'zbekiston hukumati o'zbek degan nom ortida turgan har bir fuqaroning taqdiriga e'tibor va ehtirom bilan yondashdi. Shuning ortidan mamlakatimiz fuqarolari dunyoning turli burchagidan tashkil qilingan charter reys­lar orqali o'z ona yurtlariga qaytarildilar va bu xayrli ishlar davom etmoqda. Ularga karantin markazlarida zarur bo'lgan barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

Ammo yaqinda ijtimoiy tarmoqlar orqali “karantin zonasida bir kishi o'zini osib qo'ygani” haqidagi xunuk xabar tarqaldi. Bu mudhish xabarni Bosh prokuratura va SSV vakillari rasmiy tasdiqladi.

Xo'sh, bu voqea qanday yuz berdi? Nimaga yuz berdi?

Farg'ona viloyati, Rishton tumani, “Xurramobod” mahallasida yashagan 1978 yilda tug'ilgan Sulaymonjon Sodiqov ham shu yilning 15 iyun kuni “O'zbekiston havo yo'llari” MAK tomonidan tashkil qilingan charter reys orqali “Moskva-Toshkent” yo'nalishida poytaxtimizga kelganida Covid-19 koronavirusiga chalingan yoki chalinmaganligini aniqlash maqsadida Yuqori Chirchiq tumanidagi “O'rtasaroy” karantin markaziga yotqizilgan.

O'zbekiston Bosh prokuraturasi Matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsiddinovning tahririyatimizga ma'lum qilishicha, 20 iyun kuni taxminan soat 08:00larda o'zi yotgan 21-blok, 16-xonaga o'rnatilgan konditsionerning tashqi tomondagi parragiga choyshab bilan o'zini osish oqibatida vafot etganligi aniqlangan. Sulaymon Sodiqovning murdasida bo'yin qismidagi strangulyatsion egatdan tashqari boshqa turdagi tan jarohatlari aniqlanmagan. Virusologiya markazi tomonidan taqdim qilingan yo'llanma natijasiga ko'ra S. Sodiqovda Covid-19 koronavirusi aniqlanmagan.

Ushbu holat yuzasidan surishtiruv va tushuntirish ishlari olib borilganida “O'rtasaroy” karantin markaziga xizmatga kelgan, Toshkent shahar Olmazor tuman KTMP travmatolog shifokori Shuhrat Mamadaliyev o'z tushuntirish xatida, 15 iyun kuni “O'rtasaroy” karantin markaziga xizmatga kelganligini, 21-blokka karantinga olingan shaxslarni 14 kun davomida kuzatish belgilanganligini, mazkur blokda 839 nafar fuqaro karantinga olinganligini ma'lum qilgan. Ushbu fuqarolar 15 iyun kuni Rossiya Federatsiyasi Moskva shahridan olib kelingan bo'lib, 21-blok S-31 sonli konteynerga S.Sodiqov 3 nafar fuqaro bilan joylashtirilgan. Shu kunning o'zida S.Sodiqov o'zini agressiv tuta boshlagan,   ovqatlanishni rad etgan, virusga chalinganligini, u bilan birga joylashtirilgan shaxslarga kasalligini yuqtirishi mumkinligini bildirib, boshqa alohida konteynerga joylashtirishlarini talab qilgan. Blokda tinchlik saqlash maqsadida S.Sodiqov G-16 raqamli konteynerga joylashtirilgan.   S.Sodiqov psixiatr Eshonqulov ko'rigidan o'tganida psixiatr tomonidan unga “psixoz” tashxisi qo'yilgan.

20 iyun kuni soat taxminan 07:30larda hamshira S.Ibragimova ertalabki nonushtani olib kelib, konteyner eshigini ochganida S.Sodiqovni kondi­sioner parragiga osilgan holatda ko'rgan. Markazdagi mutaxassislar va karantinga olingan shaxs­lar S.Sodiqov karantinda bo'lib kelishi davrida hech kim bilan urishib qolmaganligini, so'nggi bor 19 iyun kuni tibbiy ko'rikdan o'tkazilganligini, biron-bir shubhali holat bo'lmaganligini bayon qilishgan.   S.Sodiqov ishi bo'yicha tekshiruv davom etmoqda.

Hayot davomida taqdir bizni goho o'zi xohlagan tomonga irg'itadi, goho ezg'ilaydi, goho istamagan tomonlarimizga sud­raydi. Biroq bizning jismu jonimiz markazidan kesib o'tguvchi chiziq bor – Iroda chizig'i. Yuqoridagi qayg'uli manzara shubhasiz, ertaning bo'yniga sirtmoq solib emas, sog'inib va munosib kutishga chog'laydi. Axir insonlikning bosh matlabi ham munosib yashab o'tmoqlikdir.

G. Rajabova.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nine + 15 =