Davron Safarov: «Ko'rinmas to'siqlarni yengib o'tish oson emas»

Ma'naviyat sarchashmasi bo'lgan matbuot nashrlari – gazeta-jurnallar, kitob­larning odamlar qo'liga yetib borishi, ulardan bahramand bo'lishi ko'p hollarda ularni yetkazib beruvchilar va sotuvchilarga bog'liq. Shu jihatdan mamlakatimizda mazkur sohada ham qator o'zgarish va yangilanishlar jarayoni kechmoqda.

Aytaylik, bundan 5-10 yil avval asosan “O'zbekiston pochtasi” AJ va “Matbuot tarqatuvchi” AKning filiallari – matbuot nashrlariga obuna uyushtirib, sotuvi bilan shug'ullangan bo'lsa, bugun turli xususiy “Tezkor pochta”lar ham paydo bo'ldi. Bu bir jihatdan yaxshi, o'zaro raqobat kuchayishi, ushbu tizimda ijobiy siljishlarga turtki bo'lishi lozim edi.

Ammo… Ming afsuski, bu borada o'ylanganidek holat ko'zga tashlanmadi. Aksincha, matbuot nashrlarini yetkazib berish, sifatli obuna xizmatlari va sotuvini yo'lga qo'yish masalasida jiddiy muammolar, pala-partishliklar kelib chiqdi. Buning jabrini esa o'z-o'zidan ayonki, xalq – iste'molchilar ko'rayapti.

Xo'sh, yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish uchun qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda? Sohani takomillashtirish borasidagi vazifalarga nechog'li e'tibor qaratilyapti?

Yuqoridagi savollar va tizimdagi qator boshqa muammolar yechimi yuzasidan “Matbuot tarqatuvchi” aksiyadorlik kompaniyasi Bosh direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Davron Safarov bilan “Hurriyat” muxbiri suhbatlashdi.

— Davron Safarovich agar qarshi bo'lmasangiz, suhbatimizni birdaniga tizimdagi mavjud muammolar va ularning yechimlari xususidagi savol bilan boshlasak.

— Ma'qul.

— So'nggi paytlarda tizimda yo'l qo'yilgan xato va kamchiliklar tufayli kompaniya faoliyati nafaqat tahririyatlar, balki mushtariylarning ham jiddiy e'tirozlariga sabab bo'lmoqda. Bu e'tirozlar qanchalik o'rinli?

— Gapingizda jon bor. Tahririyatlardan kompaniyaning qarzi ham katta. Xo'sh, bu qarzlar qanday qilib yuzaga kelgan? O'rganish jarayonida ma'lum bo'ldiki, asosiy sabab obunaning nosog'lom tashkil qilinishida ekan.

Endilikda obunachining o'z vaqtida pulni to'lab bermasligi yoki obuna pullarini maqsadsiz ishlatib yuborishdek suiiste'molchiliklar, noxush holatlar barham topdi.

O'tgan vaqt mobaynida kompaniya bilan tahririyatlar o'rtasida ba'zi tushunmovchiliklar, o'zibo'larchiliklar tufayli ahvol yomonlashgan. Avvalo, tahririyatlar bilan kompaniya hamkorlikda ishlashi kerak. O'zim ham jurnalistman. Bitta stol atrofida o'tirib masalani uzil-kesil hal qilib, unga yechim topmasak, har ikki tomon yutqazadi. Otaxon tahririyatlarga borib ustozlar bilan sohani isloh qilish bo'yicha fikr almashish niya­tim bor.

Ko'pgina davlatlarda matbuot tarqatish sohasi alohida-alohida tizimlarga bo'lingan. Bizda bu tizim saqlanib turibdi. Agar beparvo bo'lsak, tizimda o'nglanish, rivojlanish mushkullashaveradi.

Matbuot tarqatuvchi sifatida faoliyat yuritishimiz uchun yangi qaror loyihasi tayyorlaganmiz. Mazkur loyihani takomillashtirib, taraflarning huquq va manfaatlariga to'la mos keladigan qilish qoldi. Birgalikda muhokama qilib, jurnalist, tahririyat, matbuot tarqatuvchi nuqtai nazarini umumlashtirib zamon talabiga javob beradigan darajaga keltirishimiz kerak. Shundagina har qanday muammoga yechim topiladi.

Vaziyat nuqtai nazaridan kelib chiqib, har bir tahririyatga kirib borishga va ular bilan ishlashga tayyormiz. Vaqtni yo'qotsak ko'p narsani boy beramiz.

— Tizimdagi muammolar sifatida, ayniqsa, viloyatdagi bo'g'inlarning qarz botqog'iga botgani, turli qing'irliklarga yo'l qo'ygani ko'p tilga olinmoqda. Bu kabi g'ayriqonuniy holatlarga qanday munosabat bildirasiz?

— 2017 yilda hududiy tashkilotlardagi qarzdorlik va mavjud muammolarni o'rganish maqsadida viloyatlarda xizmat safarida bo'ldim. Kompaniyamiz tizimidagi sho''ba korxonalari alohida yuridik maqomga ega mustaqil tashkilot hisoblanadi. Ular to'g'ridan-to'g'ri shartnoma tuzishadi yoki moliyaviy faoliyat olib borishadi. Shu bois ba'zi viloyatlardagi sho''ba korxonalarimizda o'zibo'larchilik, buxgalteriya hisob-kitob ishlarini to'g'ri yuritmaslik singari kamchiliklarga yo'l qo'yilgan.

Qashqadaryo, Xorazm, Surxondaryo viloyatlarida yuritgan faoliyati bo'yicha huquq tartibot organlariga murojaat qilishga majbur bo'ldik. Lekin samarali ish olib borayotgan viloyatlar ham bor. Ularning faoliyatiga ozroq zamonaviylik kiritilsa, maqsadga muvofiq bo'ladi. Sho''ba korxonalardan Buxoro viloyatini, mas'uliyati cheklangan jamiyat sifatida Andijon bo'limini misol keltirishim mumkin. Ularda moliyaviy faoliyat ancha yaxshi tartibga solingan, samaradorlik oshgan.

Uzoq yillar davomida yuqorida tilga olingan sabablar tufayli qizg'in hamkorlik olib borishimiz qiyin bo'ldi. Hozirda viloyatlardagi korxonalar bilan qilinayotgan ishlar, chora-tadbirlarning amalga oshirilishi bo'yicha muntazam fikr almashamiz. Agar oldindan nazoratni muntazam olib borganimizda, yanada aniqrog'i, hamkorlik yaxshi yo'lga qo'yilganida bunday xunuk ahvol ro'y bermasdi. Qolaversa, kompaniyaning ichki hujjatlaridagi band­lar vaqtida o'zgartirilmagani ham noxush holatni yuzaga keltirgan. Aniqlangan kamchiliklarni tuzatish, bevosita nazorat yoki tekshiruv nuqtai nazaridan emas, balki ularning moliyaviy faoliyatini to'g'ri va shaffof olib borishida ko'maklashish, hamkorlik qilish maqsadida viloyat sho''ba korxonalari ustavi hamda bir qator hujjatlarga o'zgartirishlar kiritildi. Kompaniyaning yaqinda o'tkazilgan aksiyadorlar umumiy yig'ilishida Ustav tasdiqlandi.

Viloyatlardagi qarzdorliklarning yuzaga kelishida obuna kampaniyalarining haybarakallachilik tarzida olib borilishi ham sabab bo'lgan. Aytaylik, mahalliy hokimliklarga obuna bo'yicha topshiriqlar bo'ladi. Ular esa, o'z nav­batida, xususiy matbuot tar­qatuvchi kompaniyalarga, viloyatlardagi, tumanlardagi bizning vakillarimizga: “mana shuncha obuna hisobotini berasan, biz pulini undirib beramiz”, deyishgan. Ular esa: “Ma'lum summadagi obuna uyushtirdik”, degan mazmundagi hisobotni bizga taqdim etgan. Aslida, o'sha obuna pullari o'z vaqtida tushmagan. Ba'zi bir holatlarda hatto obuna shartnomalari ham yo'q. Faqat og'zaki topshiriq asosidagi hisobotlar ko'pirtirib ko'rsatilgan, xolos. Masalan, Jizzax viloyatidagi mas'uliyati cheklangan jamiyatda shunday holat ro'y bergan. Ularga obunachi juda katta miqdorda buyurtma bergan, lekin keyinchalik bekor qilgan. Qarang, “Jizzax haqiqati” gazetasi bir milliard so'mga yaqin obuna uyushtirayapti-da, obunachi yilning o'rtalarida uni rad qilayapti. Bugungi kungacha bir necha marta shu holat yuzasidan huquq-tartibot organlariga murojaat qilindi. Ammo shunga qaramay hamon muammo yechimini topgani yo'q. Bu yerda qarzdorlik obunachi, tahririyat va obuna uyushtiruvchi o'rtasidagi tushunmovchiliklar, hisobot uchun qilingan ishlar, ko'zbo'yamachiliklar tufayli kelib chiqqan. Lekin biz xohlaymizmi-yo'qmi, “Jizzax haqiqati” tahririyati oldida qarzdor bo'lib qolayapmiz. Juda katta miqdordagi gazeta viloyat “Matbuot tarqatuvchi” MChJda egasiz holda yotibdi. Uzoq yillar davomida obuna uyushtirishdagi jarayonlarda shunga o'xshash holatlar kuzatilgan. 2019 yilgi obuna mavsumida bu kabi holatlar ro'y bermadi.

— Mana, 2020 yil uchun obuna mavsumi ham boshlandi. Nihoyatda dolzarb va mashaqqatli damlar yana oldinda…

— Ha, lekin sog'lom raqobat bor joyda rivojlanish bo'ladi. Juda ko'plab xususiy firmalar ham ishimizni ancha orqaga tortayapti. Ko'pchiligi tadbirkor kishilar bo'lib, kompaniya nomidan foydalanib ish qilayapti. Ularning faoliyati ko'p talablarga javob bermaydi. Litsenziyalanmagan holda faoliyat olib borishayotgani ham talaygina. Na mashinasi, na savdo nuqtalariga ega. Hozirda aksariyat “obunachilar” mavsum boshlanganda 3-4 oy qizg'in faoliyat olib boradi-da, keyin kutilmaganda g'oyib bo'lib qoladi. Eng qizig'i, xususiy obuna uyushtiruvchilar “Matbuot tarqatuvchi” so'zining oldiga “media”, “ekspress” kabi so'zlarni tirkab ish olib borishmoqda. Alaloqibat, kaltak bizning boshimizga kelib sinadi. Ang­lashilmovchiliklar tufayli ayrimlar yanglishib, ularning o'rniga bizni sudga bergan holatlar ham bo'ladi.

Xabaringiz bor. O'tgan yili obuna masalasida ba'zi nashrlar va ommaviy axborot vositalari tomonidan biryoqlama talqin qilindi. Asl mohiyat boshqa joyda qoldi-yu lekin targ'ibot jarayonida holat boshqacha tus oldi. Shu bois faqat tavsiyaviy xarakterga ega ishlarni olib bordik.

Obunani targ'ib qilishda uni ma'naviyatga xizmat qiluvchi omil deb qarash kerak. Obuna uyushtirish bu yil yangi bosqichda olib borilmoqda. Bu bo'yicha targ'ibot guruhi alohida, obuna uyushtirish guruhi alohida tarzda joriy yil 20 sentyabrdan boshlab “Obuna shtabi” ish boshladi. Jarayonda bir qator byurokratik hujjatlardan voz kechilib, elektron shaklda ishlash yo'lga qo'yildi. Hujjatlar soddalashtirildi.

— Sohadagi me'yoriy-huquqiy hujjatlar qay darajada amaliyotga tatbiq etilayapti? Umuman, ushbu hujjatlarni yanada takomillashtirish haqida o'ylab ko'rilayaptimi?

— Darhaqiqat, har bir soha rivoji huquqiy-me'yoriy hujjatlarning nechog'li mukammalligiga ham bog'liq. Kompaniyaga 2017 yilda savdo bo'yicha direktor vazifasiga ishga kelganman. Faoliyatimni tegishli huquqiy-me'yoriy hujjatlarni o'rganishdan boshladim. Kompaniya 1999 yil 13 sentyabrda Vazirlar Mahkamasining 418-son qarori asosida tashkil topgan va bu qarorda kompaniyaning vazifalari aniq belgilab berilgan. Ushbu qaror bugungi kun talabiga to'liq javob berishi qiyin. Qarorda obuna ishlarini tashkil etish va bu bo'yicha monitoringni amalga oshirish, umuman, nashrlarni obuna yoki chakana savdo orqali mushtariylarga yetkazish matbuot tarqatuvchining zimmasiga yuklatilgan. Kompaniyaning avgust oyi holatida davriy nashrlarni ham obuna, ham chakana savdo orqali tar­qatish bo'yicha ulushi 12,8 foizni tashkil etmoqda. Aynan shu kabi faoliyatni “O'zbekiston poch­tasi” ham parallel ravishda olib boradi. Mazkur tashkilotning ham ulushi xuddi shu ko'rsatkich atrofida. Demak, 70 foizdan ortig'i yuqorida aytganimdek, xususiy obuna uyushtiruvchi yoki chakana savdo bilan shug'ullanuvchi firma hamda tashkilotlar hissasiga to'g'ri keladi. Sohadagi muammolardan yana biri, qaysi nashr­ning qaerda, qancha sotilayotgani yoki tar­qatilayotgani haqidagi ma'lumotni hech bir tashkilot berolmaydi. Chunki, Vazirlar Mahkamasining 418-son qarori to'liq ishlamayapti. Matbuotni tarqatish bo'yicha bundan boshqa huquqiy-me'yoriy hujjat mavjud emas. Xo'sh, unda 12,8 foiz degan ko'rsatkich qaerdan olindi, degan savol tug'ilishi mumkin. Hech bir tashkilotdan aniq ma'lumot ololmaganimiz uchun xodimlarimiz nashr­larning tirajini hisoblaydi va shu orqali aniqlaymiz.

O'rganishlar davrida nashrlar, darslik yoki kitoblarni yetkazib berishda ham bir qator muammolar borligi aniqlandi. Yaqinda bir me'yoriy hujjatni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan hamkorlikda tayyorladik. Unda kitob savdosini yanada rivojlantirish, uni tarqatish, kitobxonlik, mutolaa madaniyatini oshirish, mavjud muammolarni hamkorlikda hal qilish, tumandagi yoki viloyatdagi vakillarimiz orqali to'g'ridan-to'g'ri tizimli va samarali yetkazish bo'yicha ham band­lar tavsiya qilingan.

— Davriy nashrlar chakana savdosi bilan shug'ullanuvchi kiosklar, ya'ni gazeta do'konlarining ahvoli qoniqarli emas. Ular faoliyati keyingi yillarda yanada yomonlashdi. Son jihatidan ham kamayib ketdi. Borlari ham talabga javob bermaydi.

— To'g'ri, eng oxirgi kiosklar 2012 yilda yasalgan. U qaysidir ma'noda talablarga sal yaqin bo'lishi mumkin. Lekin bugungi shiddat bilan o'zgarayotgan zamonga uncha javob bermaydi. Bugungi kun mushtariylarining talabi bosh­qa. Toshkent shahrida 184 ta kiosk bor. Ulardan 150 ga yaqini ishlaydi. Qolganlarining ishlamayotganining ham o'ziga xos sabablari bor. Rentabelligi pastligi, ya'ni kutilgan natijani bermayotgani uchun ham ayrimlari vaqtinchalik faoliyat olib bormayapti. Umuman, kiosk savdolari qanday tartibda olib boriladi? Nashr­lar asosan kechqurun keladi. Shundan keyin saralovchilar tomonidan tonggi soat 4 dan boshlab saralash ishlari olib boriladi. Nashrlarning kelishiga qarab saralash biroz kech yoki vaqtliroq tugatiladi. Agar bitta yoki ikkita nashr kechiksa, bu ham kompaniyaga ancha-muncha ta'sir ko'rsatadi. Chunki, qaytadan o'sha nashrni yana tarqatib chiqishga to'g'ri keladi. Sarf-xarajat ham o'z-o'zidan ikki barobar oshadi. Toshkent shahrini shartli ravishda yettita xalqaga bo'lganmiz. Yettita yo'nalishda chakana savdo bo'yicha mashinalar nashrlarni tarqatadi. Asosan ertalab soat 6.30-7.00 atrofida mashinalarimiz yo'nalishlarga chiqib ketadi. Bu yildan boshlab ularga har bir kioskka ko'pi bilan 3,5 daqiqa vaqt sarflashi bo'yicha me'yor belgilangan. Ana shu 3,5 daqiqa ichida hisob-kitob qilish, vedomost to'ldirish, kassa qilish, umuman, tezkorlik bo'lsa, hammasiga bemalol ulgurish mumkin. Qanchalik vaqt ko'p ketsa, bu tag'in kompaniyaga zarar. Bilasiz, ertalab soat 8-9 atrofida shaharda transport vositalari qatnovi ko'payadi. Tir­band­liklar yuzaga keladi. O'z-o'zidan bu bizning ishimizga ham salbiy ta'sir ko'rsatadi. Ya'ni xarajatlarning ko'payishiga, nashr­larning o'z vaqtida yetib bormasligiga olib keladi. Bir qator mashinalarga GPS nazorati sinov tariqasida o'rnatilgan bo'lib, bu or­qali ularning harakat yo'nalishi aniqlanadi. Ular qachon, qaerga borishi, qancha vaqt sarflashi barchasi nazorat ostida bo'ladi. To'g'ri, kompaniyamizning moliyaviy faoliyati uncha yaxshi bo'lmagan bir paytda bu ortiqcha xarajat bo'lishi mumkin. Ammo u o'zini qoplayapti, ko'p xarajatlarni iqtisod qilish imkoniyatini berayapti. Avvalo, ekspeditor xodimlarning ishiga bo'lgan mas'uliyatini oshirayapti. Faqatgina yuridik manzili o'zgarganlar murojaat qilganini inobatga olmaganda Toshkent shahridagi obunachilardan deyarli shikoyat tushmadi. Biroq, barcha viloyatlarda shu tizim bo'yicha ish olib borishga hozirgi kunda na moliyaviy, na jismoniy jihatdan imkoniyatimiz yo'q.

— Gazeta do'koni, ya'ni kiosk sotuvchilari qanday mezonlar asosida ishga qabul qilinadi? Ularga qanday talablar qo'yiladi? Kiosk sotuvchilarini ham zamon talablariga moslashtirish vaqti kelmadimi? Muomala, saviya degandek…

— Haftaning seshanba va juma kunlari kadrlar komissiyasi tomonidan kiosk sotuvchilari suhbatdan o'tkaziladi va bir haftalik tajriba almashishga yuboriladi. Shunday kiosk sotuvchilari borki, ular o'qishni tamomlab to'g'ri shu yerga ishga kelgan va 40-45 yildan buyon ishlaydi. Ota-onalarining kasbini davom ettirayotgan kioskirlar ham bor. Hozir kioskda savdo qiladigan ishchi-xodimlarimiz asosan katta avlod vakillari. Tajribali kioskirlarga yoshlarni ish o'rganishga yuboramiz. Tajriba o'rgangan yoshlar qayta suhbatdan o'tkazilgach, ishlashga tavsiya etiladi. Lekin yoshlar negadir kam murojaat qilishadi. Kioskirlarimizga maosh ishiga qarab belgilanadi. Qancha ko'p savdo bo'lsa, shunga qarab oyligi ham ko'tariladi. O'z-o'zidan raqobat paydo bo'ladi. Yaqinda bir kioskda, garchand gavjum joy bo'lsa-da, savdo hajmi tushib ketdi. U yerga yosh kadr — kollej bitiruvchisini qo'ygan edik, savdo hajmi uch barobarga ko'tarildi. Demak, savdoning “oltin qoida”si — muomala o'z natijasini ko'rsatdi.

Kioskirlarning aholi bilan muomala qilishda layoqati bor yoki yo'qligi kadrlar komissiyasi tomonidan suhbat jarayonida aniqlanib, tushuntirish ishlari olib borilayapti. O'quv seminarlari, turli ma'rifiy tadbirlar o'tkaziladi. Har dushanba kuni kioskirlar bilan yig'ilish o'tkazilib, nashrlar sotilmay qolinayotganining sabablari o'rganiladi. Ba'zi jurnallar bir joyda sotilmasligi mumkin, ammo boshqa joylarda xaridorgir bo'ladi. Buning ham monitoringini yuritib, unga individual yondashamiz. Shu sababli bu yil yoz faslida ham nashr­lar savdosi u qadar tushib ketmadi. O'tgan yildagilarga nisbatan 50-60 million so'mga farq qildi, xolos. Shunday kioskirlar borki, nashrlarning deyarli asosiy qismini o'qib chiqishadi. Biror korxona, tashkilot haqida yozilgan bo'lsa, o'sha yerning telefon raqamini topib ularga shu maqola haqida aytishadi. Bu ham reklamaning bir turi.

— Kiosklarning gavjum bo'lishi uchun qanday yangiliklar tatbiq etilayapti?

— Asosiy mushtariylar kim va qanday nashrlarga talab ko'proq, degan mazmunda kiosk sotuvchilari o'rtasida so'rovnoma o'tkazdik. So'rovlardan ma'lum bo'lishicha, 30 yoshdan kichik bo'lgan xaridorlar eng kam qismni tashkil etdi. Eng katta qism 50 yoshdan yuqori bo'lgan aholiga to'g'ri keldi. Ular hatto 40 foizni tashkil qildi. O'rta yoshdagilar 20-25 foizni tashkil qildi. Qaysi nashr­lar ko'proq sotiladi, degan savolga esa, xususiy nashrlar asosiy qismni tashkil etdi. Bu yil boshida o'tkazilgan so'rov edi. Yaqinda o'tkazilgan so'rovda esa foizlarda o'sish bor. Birinchidan, yoshlar orasida ijtimoiy-siyosiy nashrlar sotib olish ko'paygan. Yil boshida bu ko'rsatkich 10-12 foiz edi, oxirgi ko'rsatkichda bu 17-18 foiz bo'ldi. Bu juda katta farq bo'lmasa-da, yoshlarimizning bugungi kundagi islohotlarga befarq emasligi odamni quvontiradi. Bugungi yoshlar zamonaviylikka, axborot texnologiyalariga, yangiliklarga qiziqadi. Shuning uchun kiosklarda bepul WiFi hududini joriy qilish, masalan, ko'proq nashr sotib olgan mushtariyga bir necha daqiqa internetdan bepul foydalanish imtiyozini berish haqida o'ylab ko'rayapmiz. Ishonasizmi, shunday yoshlarimiz bor ekanki, garchi juda zarur bo'lsa-da, kioskka kelib o'zi izlayotgan gazeta-jurnallarni olishga uyalar ekan. Biz qachon shu darajaga kelib qoldik? Nahotki kiosk haqiqiy ma'rifat maskani ekanini ular tushunmasa? Axir u kaysidir ma'noda yoshlarning uyalishiga sabab bo'lib qoladigan oddiy “butka” emas-ku.

Yangi xizmat turlarini joriy etish maqsadida Italiyada chop etiladigan FIFAning ommabop jurnalini sotishni yo'lga qo'ydik. Futbol shinavandalarining sevimli jurnali bo'lgani uchun tez sotilmoqda. Ushbu sinov yaxshi natija berdi. Bu kabi loyihalarimiz ko'p.

Izlanish, o'z ustimizda ishlash kundalik vazifamiz. O'zbekturizm­ga o'xshagan hamkor tashkilotlar bilan qilinajak ishlarning loyi­halari tayyorlangan. Faqat davriy nashrlarni sotib daromad olish emas, balki turli reklamalar qilish, qo'shimcha xizmatlarni taklif etish orqali ham faoliyatni kengaytirishni rejalashtirayapmiz. Jumladan, kiosklarimizni zamonaviy, ko'p funksiyali qilish niyatimiz bor. Mijozlar faqat kiosk oynasidan engashib gazeta, jurnal olibgina qolmasdan, balki ichkariga kirib bemalol tanishib yana qo'shimcha xizmatlardan foydalansa deymiz. Yil oxirigacha kamida ikkita ana shunday kiosklarni Toshkent shahrida o'rnatib faoliyatni kengaytirmoqchimiz.

— Darhaqiqat, har qadamda yemakxona va savdo shoxobchalariga duch kelamiz. Ammo kiosklar yakkam-dukkam bo'lib, ular ham pana-pastqamlarda qolib ketayapti…

— Bu bo'yicha biz ko'proq ommaviy axborot vositalariga murojaat qilishga majburmiz. Chunki, deyarli barcha yuqori turuvchi organlarga yozma murojaat qilib bo'ldik. Hali birortasidan jo'yali javob olmadik. Ammo natijasini kutadigan bo'lsak, vaqt yo'qotamiz. Chunki, bor kiosklarimiz ham yanada “pana-pastqamlar”da qolib ketishi mumkin. Hatto kiosk­ni oldirib o'rniga gumma reklamasi qo'ydirilgan holatlar ham bo'ldi. Buni hech qanday so'z bilan izohlab bo'lmaydi. Bu bo'yicha fotofaktlar ham bor. Nahotki gumma afzal degan mazmunda sayt­larda chiqish ham qildik. Baribir o'sha joyga kioskni qaytarish imkoni bo'lmadi, ya'ni gumma sotuvchi ustun keldi. Ba'zan: “Falon joydagi kiosk bir rahbarga yoqmabdi. Oldirib tashlashni talab qilayapti”, deb qolishadi. Afsuski, bunday holatlar juda ko'p. Kiosk kimgadir yoqmasa, oldirib tashlaydigan oddiy bir buyum emas-ku. U haqiqiy ma'rifat sarchashmasi. U yerdan qancha odam foydalanadi. Shu bois imkon qadar saqlab qolishga harakat qilamiz. Hozir hamma yelib-yugurib yuradi, vaqti tig'iz. Kioskka duch kelib qolsagina kerakli nashr­larni yo'l-yo'lakay sotib olishi mumkin. Har doim ham aholi gavjum joylarga kiosklarni qo'yish qiyin. Bizga bog'liq bo'lmagan turli sabablar bor. Shahar arxitekturasidan ruxsat olishimiz va belgilangan tartibda kiosklarni qo'yishimiz kerak. Biroq “Hokim o'tar ekan, bu ko'chadan kioskni ol”, “Falonchi kelayapti, kiosk­ni olib tur”, degan og'zaki topshiriq, arzimas vaj-karsonlar tufayli oldirib tashlash holatlari ham uchraydi. Ko'rinmas to'siqlarni yengib o'tish oson emas. Biz uchun bitta kioskni biror joyga o'rnatish salkam “hayot-mamot” masalasi.

— Demak, bu ahvolda taraqqiy etgan davlatlar tajribasini o'rganib, sohaga tatbiq etish ham qiyin bo'lsa kerak?

— Dastlabki ish boshlaganimda ko'plab xalqaro tajribalarni o'rganishga, kiosklarning ish tartibi haqida ma'lumot olishga harakat qildim. Yaqin qo'shnilarimiz, shuningdek, rivojlangan davlatlar muammoli vaziyatdan qanday chiqayotganini o'rganishga harakat qildim. Ming afsuski, qo'shni davlatlarga nisbatan sohada ancha orqadamiz. Qozog'iston, Tojikistondagi kiosklarni ko'rib havasimiz keldi. Hatto aholi jon boshiga gazeta taqsimotida ham quyi o'rindamiz. To'g'ri, elektron nashr­lar, internet saytlar juda rivojlangan davlatlar bor. Masalan, Yaponiyada eng ko'p. Shunga qaramay, bu davlatda aholi jon boshiga taxminan 600-800 nusxadan ortiq gazeta to'g'ri keladi. Yurtimizda esa, bu ko'rsatkich ming afsuski, 8 donaga to'g'ri keladi. Bu juda ayanchli.

AQShda nashrlar asosan obuna orqali yetkazilar ekan. Bu davlatda ham 2008 yilda sohada muammolar ko'p bo'lgan. Ba'zi nashrlar oylab kechikkan. Hozir ham muammo yo'q emasdir. Kanadada esa AQSh va boshqa davlatlarning ham nashrlariga ehtiyoj ko'proq bo'lib, shu sababli obuna ko'p qilinar ekan. Logistika, ya'ni yetkazish barcha davlatlarda eng qimmat xarajatlarni tashkil qiladi. AQShda ham xarajatlarning 55 foizi logistikaga sarflanadi. Germaniya, Angliya, Fransiyada obuna o'zini uncha qoplamas, nashrlar asosan chakana savdo orqali yetkazilar ekan. Lekin deyarli barcha davlatlarda tahririyatlar, nashriyotlar uchun yetkazish va boshqa xizmatlarda o'ziga yarasha imtiyozlar bor. Faqat Xitoyda imtiyozli subsidiya, ya'ni foizsiz qarz berilar ekan. Qolgan davlatlarning qonunchiligida soliqda imtiyozlar belgilab qo'yilgan.

Shu o'rinda Fransiya tajribasiga e'tiboringizni qaratmoqchiman. Sarkozi saylovoldi dasturlarida 17-21 yoshdagi yigit-qizlarni 40 dan ortiq nashrlarga davlat tomonidan obuna qildirishi haqida to'rt yillik loyihani taqdim etgan ekan. U prezident bo'lganidan so'ng bu g'oyani amaliyotga qo'llagan. U davlatda nashrlar juda qimmat. O'sha paytda Fransiyaga bu 4 million yevrodan ziyodroq mablag'ni tashkil etgan. Qizig'i, to'rt yillik loyihadan keyin beshinchi yili yoshlar ixtiyo­riy ravishda o'zlari tashabbus bilan nashrlarga obuna bo'lishi keskin ko'paygan. Eng muhimi, aynan o'sha yoshdagilar o'rtasida jinoyatchilik ham sezilarli kamaygan. Aksincha, sport bilan shug'ullanuvchi yoshlar ko'payib, kitobxonlikka qiziqish oshgan.

— Baribir, hech kimni majburlab o'qitib bo'lmaydi…

— Aholimiz o'qimay qo'ydi, bosma nashrlar davri o'tdi, hamma elektron nashrlarni o'qiyapti, degan fikrlarga qo'shilmayman. Negaki, Toshkent shahrining o'zida chakana savdoda hozirgi kunda bir oyda 800-900 million so'm atrofida nashrlar sotilayapti. Bu yanayam odatda mavsum nisbatan sust bo'lgan yoz oylaridagi ko'rsatkich. Boisi aholi asosiy e'tiborni dam olish, turli yumushlarni bajarishga qaratgani uchun bu payt­da savdo uncha bo'lmaydi. Ammo odamlar o'qiyapti. Aks holda nashr­lar sotilmasdan qolib ketar edi. Balki obunani tizimli tashkil etishni yo'lga qo'ya olmayotgandirmiz yoki targ'ibot to'g'ri olib borilmayotgandir. Ishonchim komil, maqsad mushtarak bo'lsa, har qanday to'siqlarni yengib o'tish mumkin. Shunday ekan, katta-yu kichik, yoshu qarini birdek ma'rifatdan bahramand qiladigan matbuotimiz, davriy nashrlarimiz taqdiriga befarq bo'lmasligimiz lozim.

— Mazmunli suhbatingiz uchun katta rahmat.

Suhbatdosh:

Hidoyat Jo'rayeva.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

six − four =