Matonatli ayol

Ocherk

Hayotning baland-pastidan o'tib kelayotgan bu ayol o'zi aytganidek, qiyinchiliklarga taslim bo'lmadi. O'tgan yillar davomida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, senator sifatida ham faoliyat olib bordi.

Qiziltepa tumanining O'rtacho'l hududi yaqin o'tmishda dehqonchilik qilish maqsadida o'zlashtirilgan. Qishi sovuq, yozi issiq, tuprog'i injiq va e'tibortalab yerlar. Shunday bo'lsa-da, bu hudud dehqonlari davlatga paxta topshirish rejasini birinchilardan bo'lib uddalab kelmoqda.

Kuzda qirmizi shafaqning barcha rang­lari ko'zga yaqqol tashlanadi. Ana shu qirmizilikka tutashib ketgan cho'l hayoti, yakkam-dukkam daraxt, yulg'un, saksovul teatr dekoratsiyasi kabi ajib ko'rinishga kirgan. Sahro sukunatini buzib, qum barxanlari ichra yelib borayotgan avto tuman markazidan o'n besh kilometrlar yurgach, cho'lning qoq o'rtasida ko'zga tashlangan kaftdek yam-yashil maskanga qarab harakatlandi. Tobora bu yashillikka yaqinlashavergach, bug'doyzorlar, paxtazoru daraxtzorlar aniq ko'rinish oldi. Yo'l chetida to'xtab, go'zal tabiatga suqlanib boqdik. Sahroning sof havosiga qorishgan g'o'zalarning hidi atrofni tutgan. Bepoyon dalalarda paxta hosilini ortgan yuk traktorlari asta-sekin o'rnidan siljiy boshlagach, odamlar orasidan ajralib bizga qarab yurib kelayotgan ayol “El-yurt hurmati” ordeni sohibi Ra'no Valiyeva ekanini tanib oldik. Biydek sahroning o'rtasida paydo bo'lgan paxtazor, ekin-tikin, bog'u rog', daraxtzorlar shu inson boshchiligidagi jamoaning mehnati samarasi, peshona teri mahsuli edi. Opa bilan salomlashib, uning fermer xo'jaligi hovlisiga ichkariladik. Kiraverishda mo''jazgina hovuz qurilgan. Atrofida ajib chamanzor bo'lib, unda gultojixo'roz, atirgul, ra'nogullar barq urib o'sayotir. Daraxtlar soya solib turgan hovli sahnida o'rindiqlar, so'ri, stol-stullar qo'yilgan. Opa bizni o'tirishga taklif etar ekan, atrofdagi xonalarni birma-bir ko'rsatdi. Oshxona, novvoyxona, yuvinish xonalari, yotoqxona yangidan ta'mirlanibdi. Ishchilarning madaniy hordiq chiqarishi uchun katta zalda zamonaviy televizor, radio, kitob javoni bor. Unda badiiy, siyosiy asarlar, gazeta va jurnallar ko'zga tashlanadi.

— Cho'lda internet yo'q, — deydi Ra'no opa samimiy kulib. — Dunyo va yurtimizdagi barcha yangiliklarni ana shu gazeta-jurnallardan o'qib bilib olyapmiz. Qolaversa, matbuot siyosatning bir ustuni, xalq minbari. Undan ajrab qolib bo'lmaydi. Men eski gazetalarni ham saqlayman, axir, ular ulkan bir tarix, ishdan ortib birma-bir varaqlayman, o'tgan davrlarni eslayman, xotiralarim jonlanadi. Yaqinda Asil Rashidovning “Akam haqida” kitobini o'qib, tanish voqealarga ko'zim tushdi. Qancha yaxshi-yomon kunlarni ko'rdik! Bugungi dorilomon zamon shunchaki jarangdor so'zlar emas. Buni ikki davrga guvoh bo'lganlar yaxshi biladi. 1976 yildan buyon dalada mehnat qilib kelayotgan bo'lsam, bugunga qadar dehqon boshidan o'tgan ko'p savdolarga guvohman. “Paxta ishi”, qo'shib yozishda nohaq ayblanganlar, yoshu keksani ayamagan tergovlar bugun unut bo'lib ketgan bo'lsa-da, jabri hamon yuragimizda turibdi! Holbuki, biz bugungidek yer egasi emas edik. Ko'rgan foydamiz ham cho'ntagimizga tushmasdi. Xususiy mulk yo'q, hammasi kolxozniki bo'lsa-da, javobgar shaxs edik. Sovetlarning jazo mashinasi yildan-yilga millatning ilmli, zukko, uyg'oq farzandlarini barcha sohalardan yoppasiga qirishga odatlangan yillar bo'lgan. Faqat Mustaqillikdan keyingina fermer xo'jaliklari tashkil etilib, deh­qon ko'ksiga shamol tegdi. 1999 yilda tuman hokimi Shabon Nabiyev meni chaqirib, O'rtacho'l yerlarini o'zlashtirish taklifini aytib qoldilar. Ochig'i, mehnat bilan bog'liq masalalarda lug'atimda “bajarolmayman”, “yo'q”, degan so'zlar uchramaydi. Doim topshiriqlarga “labbay” deb javob berganmiz. Cho'lni o'zlashtirish taklifi mening ko'p yillik tajribamga bildirilgan ishonch, mas'uliyat edi. Fermer xo'jaligimiz ishchilari bilan kelib O'rtacho'l hududlarini ko'zdan kechirdik. Tap-taqir yer, bir giyoh unadigan siyog'i yo'q, ayrim joylari toshloq, sho'rxok edi. Mexanizatorimiz “Ra'no opa, bu yerdan hosil olguncha ona sutimiz og'izdan keladiyov”, deya xavotirlandi. O'zimning ko'nglimdan ham shunday fikrlar o'tib turgan bo'lsa-da, hadigimni jamoaga bildirishga haqqim yo'q edi, axir, ishchilarni ruhlantirish vazifam. Qachonki, rahbar ikkilansa yoki og'ir vaziyatda qo'rqoqlik qilsa, u yerdan baraka ketadi. Shularni o'ylab darhol o'zimni qo'lga oldim-da, yaxshi niyat bilan mehnat qilinsa, toshdan gul unadi, holbuki, bu yer ekan, dedim. Qolganlar so'zlarimni ma'qulladi. Yengni shimarib, g'ayrat bilan ishga kirishdik. Dastlab, cho'ldagi 20 gektar yer o'zlashtirilgan bo'lsa, keyingi yil 40 gektarga shu tuproqqa mos «Buxoro 6» navli chigit ekib, yaxshi hosil oldik. Nihoyat, bugunga kelib 91 gektar yerdan 52 gektarida g'alla, 33 gektarida paxta yetishtiryapmiz. G'alladan davlat rejasi joriy yil 136 tonna etib belgilangan edi, biz esa ortig'i bilan 150 tonna don topshirdik. Paxtadan birinchi terimdayoq shartnomaviy rejani ortig'i bilan bajarib kelganmiz. Ko'rib turganingizdek, tabiat injiqliklari bu yil ishni biroz ortga surdi. Lekin terimchilar muvaffaqiyat bilan ishga kirishgan, o'n ish kunida rejani uddalashni niyat qilib turibmiz. Bir paytlar kimsasiz bo'lgan O'rtacho'l yerlari endilikda mo'l hosil garoviga aylandi. Bunda yuqori hosil olish mumkinligini ko'rib, boshqalar ham birin-sirin ko'chib kela boshladi. Bugun O'rtacho'lda mehnat qilayotgan fermer xo'jaliklari soni 50 taga yetdi.

Opa bilan suhbatlashib dalalarni aylandik. Chanoqlarda hosil mo'l, yog'inli kunlargacha g'ayrat qilinsa, nobutgarchiliklarsiz yig'ishtirib olsa bo'ladi. Muhimi, paxta terimi uchun to'lanadigan haq oshdi, maoshlar har besh kunlikda tar­qatiladi.

— Agar davlatimiz bizni qo'llab-quvvatlamasa, bugungidek natijalarga erishmagan, ko'zlagan hosilni ololmagan bo'lardik, — deydi Ra'no opa yangi tizim haqida gapirar ekan. — Paxtachilik klasteri yaratilgani dehqonlarning ertangi kunga bo'lgan ishonchini oshirdi. Xomashyoning xaridori aniq, hosilni terib olish, ish haqlarini tarqatish bo'yicha muammolar, ortiqcha ovoragarchiliklar barham topdi. Agrotexnik tadbirlar o'z vaqtida bajarilishida ham klasterchi korxonalarning xizmatiga tayanayapmiz.

Bug'doydan bo'shagan yerlarga takroriy ekin sifatida tariq ekilgan. Hosili yetilib qolgach, uni ikki-uch kunda yig'ishtirib olib, eksportga chiqarish mo'ljallanmoqda. Poliz mahsulotlari, sabzavotlar, olma, uzum, shaftoli meva solgan bog'lar fermerning 40 yillik tajribasidan darak berib turibdi. Xo'jalikda chorvachilik rivojlangan, 100 boshga yaqin qoramol parvarishlanmoqda, parrandachilik yo'lga qo'yilgan. Viloyat aholisining go'sht, sut va sut mahsulotlariga bo'lgan talabini qondirishda xo'jalik mehnatkashlari o'z hissasini qo'shib kelmoqda.

“Mustaqillikdan keyin, dehqonchilikda ko'pchilikka ustoz bo'lgan bobomning nomiga atab «Valiobod» fermer xo'jaligini tuzdik, — deydi fermer. — 20 kishi bilan ish boshlagan bo'lsak, bugun xo'jalikda faoliyat yuritgan doimiy xodimlar 50 nafardan oshdi. 100 nafardan ortiq mavsumiy ishchi ham bor”.

Hayotning baland-pastidan o'tib kelayotgan bu ayol o'zi aytganidek, qiyinchiliklarga taslim bo'lmadi. O'tgan yillar davomida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, senator sifatida ham faoliyat olib bordi. Necha yillarki, davlatga paxta, g'alla topshirish rejasini birinchilardan bo'lib uddalab kelmoqda. Hammasi bir ayolning bilagidagi kuchi, ishtiyoq va g'ayrati mevasi ekanini ko'rib, Ra'no Valiyeva nega shu vaqt­gacha mukofotga tavsiya etilmagan, deya ajablanardik. Oradan 40 yil o'tib, fermerning mehnati qadr topdi. 2017 yilda “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlandi. Bu dehqon hayotidagi e'tirof, sabru qanoati, mehnatu mashaqqatlar mukofoti bo'ldi!

— 2017 yil xotiramda unutilmas yil sifatida muhrlangan, — deydi opa mamnuniyat bilan. — O'sha yili birinchi bor mamlakatimizda qishloq xo'jaligi xodimlari kuni bayram sifatida nishonlandi. Tuman hokimligidan qo'ng'iroq qilib, Toshkentga — bayramga borishim kerakligini aytishganida, hayajondan shoshib qoldim. Tantanali anjumanda ishtirok etish, uzoq yil ko'rmagan hamkasblar diydorini ko'rish ishtiyoqi yuragimni orziqtirdi. Tayyorgarlik ko'rib, yaxshi niyat bilan yo'lga chiqdim. Tantanada davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning ishtirok etib, yuksak mukofotni u kishidan shaxsan qabul qilib olganim hayotimdagi eng baxtli hodisa bo'ldi. “Navoiy xalqini hurmat qilaman, qiziltepaliklarni yaxshi ko'raman”, degan samimiy so'zlari hamon qulog'im ostida jaranglaydi.

…Tandirda yopilayotgan nonning shirin hidi atrofni tutdi. Ishchilar uchun kechki dasturxon hozirlandi. Ra'no opa bug'doy ham, un ham o'zimizniki, sabzavotu poliz mahsulotlari, mosh, loviya, no'xat hammasi o'z yerimizdan chiqadi, deya ta'kidlaganiga qaraganda, bozordan hech nima xarid qilinmaydi. O'choqda damlangan osh ishdan horib qaytgan mehnatkashlarning ishtahasini qitiqladi. Bir pasda katta davra hosil bo'lib, bir-biriga hazil-huzil qilayotgan ishchilar opani to'rga o'tqazib qo'yishdi. Kim choy tutgan, kim ahvol so'ragan. Katta bir bayramni, to'yni eslatardi bu davra. Ana shunday ahillik, birlik bor joyda unum, baraka bo'ladi. Xo'jalik rahbari ayolmi, erkakmi, muhimi, uzoqni ko'ra oladigan, ishning ko'zini bilgan yetakchi bo'lsin ekan!

… Yulduzlar birin-sirin miltillayotgan oqshom chog'i cho'l bag'ridan qaytar ekanmiz, inson irodasi mustahkam bo'lsa, hamma chig'iriqlardan mardonavor o'tishi, mehnati mevalaridan bahramand holda, yutuqlaridan faxrlanishiga yana bir bor guvoh bo'ldik.

Hilola Ismatova

Navoiy viloyati.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

8 − seven =