Muallim qadri
Bahrom amakiga sobiq sinfdoshi Tohirsavdo qo'ng'iroq qilib, choyxonada o'tkaziladigan gapga birga borishini tayinladi.
— Biroz kutib turing, o'rtoq, hozir yoningizga boraman, — dedi.
Kelishilgan vaqtda qadrdon do'stlaridan yana biri G'ulomjon ham yetib keldi. Qishloqchilik, undan-bundan suhbatlashib, yo'l tanobini torta boshladilar.
— “Jip”da kelay, dedimu sizlarning g'ashlaringizga tegmay, deb piyoda yo'lga chiqaverdim, — deb qoldi Tohirsavdo dabdurustdan.
— Nega endi g'ashimiz kelar ekan, sergaklandi G'ulomjon amaki.
— Ikkovingizdayam mashina yo'q, ikkovingiz ham o'qigansizlar. Bitta menda oliy ma'lumot yo'q. Shu holiga bunday mashinani qaysi puliga oldi, deyishlaringiz mumkin-da!
— Chakki qilibsiz, birodar, bizning xayolimizga bunaqa bema'ni gaplar kelmaydi. Xudoga shukr boriga baraka, deb yashab turibmiz.
Bahrom amaki bu gaplarga aralashmaygina o'tgan-qaytganlar bilan hol-ahvol so'rashib borayotgan edi. Tohirsavdo birdan unga yuzlandi.
— Mana, o'zingiz ayting, Bahrom, haligacha otangizdan meros qolgan uyda yashab kelyapsiz. Men esa to'rtala o'g'limni ham uyli-joyli qildim. O'zimniki-ku Amir Olimxonning saroyidan qolishmaydi. O'qimagan bo'lsam ham barini savdoning orqasidan topdim.
— Shukr qiling, Tohirboy, shukr qiling, topganingiz o'zingizga buyursin. Biz ham bekor yurganimiz yo'q. Xalqning farzandalarini savodli qilamiz, deb qirq besh yildan beri jon kuydirib yuribmiz. Mana, ko'ryapsiz, hamma-o'tgan qaytgan salomini kanda qilayotgani yo'q. Xizmatlarimizni el bilsa bo'ldi. Shu gaplarni aytishingiz shartmidi?
— Bir gapirgim keldi-da, quruq savlat bilan osh pishirib bo'larmidi, bunday o'zlaringni ham o'ylanglar, demoqchi edim-da.
Shu payt qishloq guzari yonidagi do'kondan chiqib kelayotgan mahalla oqsoqoli Boqivoy amaki ularning istiqboliga qulochini ochib, deyarli yugurgilab keldi va Bahrom amakini bag'riga bosib, alqadi:
— Bahromjon, do'stim, baraka toping, qilgan mehnatlaringizga rozi bo'ling. Nevaram Mirzakarimjon Toshkentdagi xalqaro universitetga, byudjetga o'qishga kirdi. Sizga rahmat aytib qo'ying, dedi. Imtihonlarda ustoz o'rgatganday javob berdim, borsam, ziyorat qilib qaytaman, — dedi.
— Baraka topsin, juda yaxshi ish bo'libdi. O'ziyam uquvli bola edi. Omadini bergani rost bo'lsin. Tilov buvaning qiz nevarasi ham o'qishga kiribdi. Qo'ng'iroq qilib, rahmat aytdi. Xursand qildingiz. Olloh rozi bo'lsin. Biz vazifamizni o'tadik, oqsoqol, kelajak shularniki endi.
G'ulomjon hamrohi Tohirsavdoni “ko'rdingmi”, degandek turtib qo'ydi.
Hamrohlar jimgina yo'lida davom etdilar. Tohirsavdo deganlari do'stlarining dilini og'ritib qo'yganini sezib, bezovta bo'la boshladi. Ular shu ko'yi choyxonaga yetib kelishdi. Qolgan qadrdonlar ham yig'ilishib turishgan ekan. Qani-qani, sizdan bo'lsin, sizdan bo'lsin, deyishib, bir-birlarini to'rga o'tqazishga undashardi. Oxiri, davraning to'riga Bahrom amakini o'tqazishdi. Hamma joy-joyiga o'tirishgach, umumiy duo qilindi. O'zaro suhbat qizidi. Bir payt, poygaroqdan o'rin tegib qolgan Tohirsavdo o'rnidan turib, Bahrom amakiga yuzlandi:
— Do'stim, qadrdonim, Bahromjon, hali kelayotganimizda beixtiyor og'zimdan chiqib ketgan gaplar uchun sizdan, G'ulomjondan uzr so'rayman. Men molu dunyo topibmanu, e'tibor topmabman. Mana, kelayotib necha-necha kishilar siz bilan quchoq ochib so'rashdi. Davramizning to'ri ham sizga nasib qildi. Bilishimcha, siz eng qimmatli boylik, xalqning hurmat-muhabbatini qozongan ekansiz. Bundan ortig'i bo'lmasa kerak, deb ko'ksiga qo'lini qo'yib, boshini egdi.
Davra bir zum jimib qoldi. So'ng, hamma qarsak chalib yubordi. Yonidagilar Tohirsavdoning yelkasiga qo'lini qo'yib, yaxshi qildingiz, deyishdi. Shundan so'nggina uning dili yorishdi. Bahrom amaki esa qo'liga dastro'molini olib, yuz-ko'zini artgan bo'ldi.
O'ktam Xayrullayev.