Safar aka dunyosiga bir safar

Muammoni ko'tarish birlamchi holat, uning yechimini bilish esa asosiy maqsaddir. Shu ma'noda Safar Oston so'nggi davr o'zbek jurnalistikasida huquq mavzusida yozadigan, bu tizimni soha mutasaddilaridan kam bilmaydigan kamdan-kam jurnalistlardan biridir.

Aksar kechqurunlari – ovqatlanib, sport kanallaridan futbol tomosha qilayotgan vaqtingizda qaysidir tanishingiz qo'ng'iroq qilib qoladi. Salomlashmasdanoq aytgani: “Falon kanalni ko'rayapsizmi? Safar Oston zo'r gaplarni aytayapti!” Albatta, bu paytda futbol ko'rayotganingizni ayta olmaysiz va telefonni qo'ymasdan o'sha kanalga yuzlanasiz.

Sizga qo'ng'iroq qilayotgan tanishingiz siyosatu jurnalistikadan mutlaqo uzoq odam. Biri fermer, biri o'qituvchi yoki traktorchi, ehtimol pensioner…

Bizku shu soha nonini yeb, sochlarimiz oqargan, ustozdan qanday yozish va yozmaslikni o'rgangan odamlarmiz, ammo oddiy fermer yoki traktorchini Safar Oston nega shunchalik qiziqtiradi?

Safar aka gapirayotganini eshitib, orziqib kutgan futbol o'yinidan ko'z yumib, ustoz intervyu berayotgan kanal tugmasini bosgan paytlarimiz ko'p bo'lgan. Vaholanki, o'sha kun tushlikdan so'ng u kishi bilan ko'rishgan, biror yarim soat suhbatini olgandik.

Yana o'sha savolni beramiz o'zimizga:

Nega?

Bizning kasbimizda va aksar bosh­qa kasblarda ham “olib qochish” degan ibora bor. So'zni ustalik bilan boshqa o'zanga burish, haq gapdan qochish. Tepadagilarga ham va o'zingga ham zarracha bo'lsin, tegib ketadigan gap aytmaslikning uddasidan chiqish ham o'ziga xos mahorat. Hatto ayrim noshirlar o'zining bu san'atidan faxr­lanib yuradi.

Aksarimiz uzoq yillar shu “san'atimiz” orqali tirikchilik qilib kelganimiz ham sirmas.

Ustoz Safar Oston aynan ana shu “olib qochish”dan ko'p yiroq inson, bunday uslub unga yot! U bor gapni aytadi, aytganda ham dadil aytadi, asoslab aytadi. O'ziga xos ishonch bilan aytadi.

Akamiz “Yosh leninchi” (keyinchalik “Turkiston”, hozirda “Yoshlar ovozi”) gazetasida sport va harbiy vatanparvarlik bo'limini boshqargan. O'zbek futboli, “Paxtakor” jamoasi haqida shov-shuv bo'ladigan chiqishlar qilardi. Afsonaviy bokschi Rufat Risqiyev haqida yozish asnosida ular qadrdon do'st bo'lib ketishdi. Gimnastikachi Venera Zaripova, kurashchi Sobir Xodiyev, qilichboz Sobir Ro'ziyev, futbolchi Mirjalol Qosimov xullas, kimki zo'rlarimiz bo'lsa, bari haqida yozdi, yozganda ham yuqorida aytganimizdek esda qolarli, yukli-toshli qilib yozdi. Sportchilar haqida yozganlari beshta kitob bo'lib chiqdi.

…Maqolamizni ustozning navbatdagi chiqishini ko'rish va u kishidan o'rganish uchun sevimli futbol tomoshasidan kechganimizdan boshlab edik. Aslida… Safar akaning mustaqil yurtimizda sportning bir qator turlari, shu jumladan, futbolning ommalashuviga qo'shgan hissasi alohida bir mavzu. Bu savobli ishlari hali “Sport” gazetasiga bosh muharrir bo'lishidan ko'p oldin boshlangan…

Shu yo'sin u respublika sport gazetasi “Fizkulturnik Uzbekistan-O'zbekiston fizkulturachisi” gazetasiga bosh muharrirlikka tayinlandi. Faqat statistik ma'lumotlar, musobaqa protokollaridan iborat gazetani avvalo nomini, keyin mazmun mundarijasini mutlaqo yangiladi. “Sport” va “O'zbekiston futboli” gazetalari tashkil etildi. Muxlislar bu nashr­larni gazeta kioskalarida navbatga turib olib, o'qiydigan bo'lishdi.

Uning ijod yo'li, kasbiga sadoqati, dovyurakligi, kimlargadir yoqmasa-da ko'pchilik manfaati uchun haqiqatni aytishga harakat qilishi bugungi yosh jurnalistlar o'rganishi kerak bo'lgan maktab deb o'ylaymiz. Bu o'z davri uchun kutilmagan jasorat, boshqa hamkasblari uchun betimsol ibrat namunasi edi.

…Jurnalistikada “ixtisoslashish” degan tushuncha bor. Bu jurnalistning o'zi qalamga olayotgan sohani kamida shu tizim xodimi darajasida bilishini anglatadi. To'g'rida, o'zing bilmagan tarmoq yoki tizimdagi haqiqiy ahvolni yaxshi bilmay turib, uning ichiga kirib bormasdan qanday qilib muammolarini ko'tarib chiqish mumkin? Muammoni ko'tarish birlamchi holat, uning yechimini bilish esa asosiy maqsaddir. Shu ma'noda Safar Oston so'nggi davr o'zbek jurnalistikasida huquq mavzusida yozadigan, bu tizimni soha mutasaddilaridan kam bilmaydigan kamdan-kam jurnalistlardan biridir.

…O'tgan asrning 83-89 yillarida sovet hukumati topshirig'i bilan xal­qimiz boshiga navbatdagi qatag'on solinganini bugungi keksa avlod yaxshi biladi. Har kuni har bir viloyatdan o'nlab rahbar shaxslar qamoqqa olinardi. Ular bo'yniga to'qilgan jinoyatni ilish uchun tergovchilar turli xil g'ayriinsoniy usullardan foydalanishardi. Qaysidir rahbarni ayb­dor qilish uchun u bilan birga ishlaganlarni, hatto oila a'zolarini qamoqqa olib azob berishardi.

Moskvada nashr etiladigan gazeta va jurnallarda, televidenie ko'rsatuvlarida o'zbek xalqi sha'nini yerga uradigan maqolalar, ko'rsatuvlar ko'paygandan ko'payib borardi. Xuddi 37-yillarda bo'lganidek, odamlar qo'rquv va sarosimada yashardi. Sobiq markazdan yuborilgan tergovchi va prokurorlardan odamlar azroildan qo'rqqandek qo'rqishardi. Chunki ularning aytgani aytgan, degani degan edi.

Ana shunday bir og'ir sharoitda kutilmaganda “Yosh leninchi” gazetasida Safar Ostonovning “Toptalgan taqdirlar” sarlavhali bir sahifalik tanqidiy maqolasi e'lon qilindi. Unda sobiq markazdan yuborilgan, respublikamiz prokuraturasini boshqarayotgan Buturlin, Usatov, Gaydanov, Laptev, ichki ishlar vazirligiga xo'jayinlik qilib turgan Didorenko, Taitov kabi qatag'onchilarning noqonuniy ishlari xal­qimizga nisbatan o'tkazilayotgan zug'umlari, aybsiz odamlarni, xususan, ayollarni asossiz ravishda qamoqqa olib, ushlab o'tirgani misollar asosida fosh etildi.

Bu maqolaning chiqishi katta shov-shuvga aylanib ketdi. “Desantchilar” oyoqqa turishdi. Biz guvohmiz — o'shanda qo'rquvda yashab kelayotgan odamlarda umid uchquni paydo bo'lgan edi. Tahririyatga har kuni o'nlab odamlar kelishardi. Kimdir rahmat aytish uchun, kimdir yordam so'rab… Ammo Safar akaning taqdiri xavf ostida edi. Qancha-qancha rahbarlarni, respublika rahbarlarini ham qamoqqa olayotgan qatag'onchilar uchun bir jurnalist­ni badnom qilish yoki jazoga tortish hech gap emas edi. Biz tahririyat xodimlari katta xavotir bilan voqealar rivojini kuzatardik. Safar akani Gaydanov prokuraturaga ikki marta chaqirtiradi. Lekin aka bormaydi. “Gaydanovning menda gapi bo'lsa o'zi kelsin” deydi. O'zbekis­ton Kompartiyasi Markaziy Komitetining ikkinchi sekretari Anishchev (aslida u o'sha vaqtda respublikaga xo'jayin edi) topshirig'i bilan gazeta muassisi — respublika yoshlar tashkiloti Markaziy Komitetida O'zbekiston SSR prokuraturasining tergov ishlari bo'yicha o'rinbosari O.Gaydanov ishtirokida maqola muallifi Safar Ostonov, Bosh muharrir Jabbor Razzoqov va uning o'rinbosari Qulmon Ochilov muhokama etiladi. Gaydanov muallifni noxolislikda, asossiz gaplarni yozganlikda ayblaydi. Qattiq bahs-munozara bo'ladi. Safar Ostonov “meni nega bu yerga chaqirtirib so'roq qilyapsiz, norozi bo'lsangiz sudga bering”, deydi. Yoshlar tashkiloti rahbari “hozir oshkorlik, mayli, maqolaga e'tirozingizni yozing, gazetada e'lon qilamiz” deb masalani yumshatadi. Ikki kun o'tib, Oleg Gaydanovning tahririyatga ochiq xatini olib kelishadi. U maqolani butunlay rad etib, muallifni jinoyatchilarni himoya etayapti, deb ayb­laydi. Uning ochiq xati e'lon qilinadi, o'sha sonda Safar Ostonovning “Ochiq xatga ochiq javob” sarlavhali maqolasi chop etilib, Gaydanovning da'volari asossizligini isbotlab beradi.

Bunday voqealar Safar aka Ostonov hayotida bir necha bor bo'lgan. Fuqarolar huquqlarini himoya qilib yozgan maqolalari uchun uni shahar prokuraturasiga chaqirib so'roq qilingan, tushuntirish xatlari olgan. Ichki ishlar vazirining birinchi o'rinbosari Didorenko huzuriga chaqirtirgan, po'pisa qilmoqchi bo'lgan.

“Toptalgan taqdirlar”dan so'ng “Tergov tegirmoni”, “Huquqlari-mizni himoya qilishingizni so'raymiz”, “Bizni otuvga hukm qilishmoqchi edi” kabi qator maqolalari aynan qatag'onchilarga qaratilgan chiqishlar edi. Bular haqida hozir gapirish oson, o'sha paytda Safar akaning qanchalik asablari yemirilgan, ruhan azoblar tortgani faqat o'ziga va Yaratganga ayon.

Safar akaning Ahmadjon Odilov va bir guruh dehqonlarning Moskvada, Oliy sudda ko'rilgan ishida qatnashib, yozgan maqolasi ham bir jasorat bo'lgan. SSSR Oliy sudining noxolis olib borgan sud majlisi, sudlanuvchilarning qonuniy talablarini bajarmagani to'g'risidagi maqola uchun ham u so'roq qilingan, uni ayblashmoqchi bo'lishgandi.

Yaqinda “Mahalla” telekanalida “Hayot haqiqatlari” deb nomlangan ko'rsatuvda ushbu voqealar ham tilga olindi, Safar akaga nisbatan jismonan chora ko'rishga harakat qilinganini ham guvohlar gapirishdi. Hali-hali odamlar shu ko'rsatuvni gapirib yurishadi…

Akamiz ancha yillardan beri xalq­da “otaxon gazeta” deb e'tibor topgan “O'zbekiston ovozi” gazetasini baland maqomlarda boshqarib kelmoqda. To'g'risi, zamon shitoblarida ko'plab nashrlar tijoriy yo'llarga kirib ketmoqda, ko'plari yopilar alpozda ishlayapti. Bosh muharrir akamiz otaxon gazetaning azaliy qadriyatlarini saqlab kelmoqda, xalq­chillik bosh mezon bo'lib kolmoqda. Hozir bu katta ish, katta mahorat…

Ko'pincha qaysidir bir muammo bo'yicha murojaatchining arzi asosida maqola tayyorlash kerakligini ustozga eslatganimizda… u kishi nafaqat bu tashabbusni qo'llaydilar, balki masalaning tub mohiyatini ochish, maqola yoritilgach, shu fuqaro muammosi yechimini topishi uchun nima qilish kerak va hatto hali yozilmagan maqolaga qanday sarlavha qo'yish kerakligini ham sira erinmasdan aytib, kerakli o'rinlarda qaysi qonunning qaysi moddasi yoki amaldagi kodekslarning qay bandiga urg'u berish kerakligini ham uqtiradi.

Biz shogirdlar, do'stlari o'rganib qolganmiz, Safar akani shanba, yakshanba kunlari ham ishxonadan topamiz. Biror joyga — bir piyola choyga taklif qilsak, “rahmat, ish ko'p, borsam baribir xotirjam o'tirolmayman”, deydi. Shanba kunlari ham odamlarni qabul qiladi, erinmay gaplashadi, hujjatlarni o'qib chiqadi, maslahatlar beradi, joylardagi rahbarlar, prokuror, sudya, militsiya­ning boshliqlariga hat yozadi, sim qoqadi, tushuntiradi. Qanchalab, odamlarning ishi bitadi, adolat tiklanadi, yig'lab kelganlar duo­lar qilib ketishadi. Bunday holatlarning shaxsan o'zimiz ko'p bor guvohi bo'lganmiz, ko'zlarimizga yosh kelgan, ich-ichdan og'amizga tan berganmiz. Bir vaqtlar yoshlar gazetasidagi ustozimiz Rustam Shog'ulomov aytgan gap yodimizga tushaveradi. “Safar o'zi kichkina bo'lsa ham, otning kallasiday yuragi bor”. Bu gap to'g'ri ekanligiga yillar asnosida qayta-qayta guvoh bo'lib kelyapmiz.

Safar aka katta miqyosdagi jamoat arbobiga aylanib bo'lgan. Deyarli har kuni turli-tuman tadbir, konferensiya, seminar, davra suhbatlarida qatnashadi, so'zga chiqadi, aniqrog'i, so'zga yozib qo'yilgan bo'ladi. Ayrimlariga zo'rg'a ulgurib kirib boradi va uni to'g'ri minbarga chiqarishadi. Dadil, aniq, batafsil gapiradi, hatto reglamentdan chiqib ham ketadi, muhimi, hech kim zerikmaydi, esda qoladigan gaplarni aytadi.

Safar akaning bosh muharrir sifatida ishi qanchalik tig'iz bo'lmasin, jamoat ishlari qanchalik ko'p bo'lmasin, yozishdan to'xtamaydi. Joriy yilning o'zida uning ayollar qamoqxonasidan yozgan “Yig'layotgan ayol”, “Mo'ynoqda tong otmoqda” sarlavhali publitsistik maqolalari, ayniqsa, jamoatchilik tomonidan e'tirof etildi.

To'g'risi, har bir yurtning, millatning qiyofasini, ma'naviyatini belgilaydigan insonlar bo'ladi. O'sha odamlarga qarab o'sha xalqqa baho berilsa, ko'p ham adashilmaydi. Safar Ostonov ham ana shunday baxtga, balki mas'uliyatga musharraf insonlardandir…

Ro'ziboy Hasanov,

Ahror Ahmedov.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × five =