Tili “qaytgan” emish… yoki “hushtakni kim chaladi?”

Yaqinda tataristonlik bir guruh san'atkorlar ijodiy safar bilan Navoiy viloyatida bo'lishdi. Mehmonlar o'xshash urf-odatlarimiz, qadriyatlarimiz haqida gapirar ekan, o'zbek tiliga hurmatlari cheksiz ekanini bildirishdi. Hatto ularga bo'lgan rus tilidagi murojaatlarga javoban, “Tillarimiz o'xshash, qolaversa, o'zbek tili boshqacha jaranglaydi. Siz bilan o'z tillarimizda gaplashishni istaymiz”, deyishdi. Bunday munosabat o'zini o'zbekman, deb biladigan millatdoshlarimizning yuragini to'lqinlantirib yubordi.

Haqiqatda o'zbek tilining imkoniyatlari kengligi, ohangining benazirligi bundan necha-necha yuz yillar oldin ham turli manbalarda qayd etilgan. Yusuf xos Hojibning “Qutadg'u bilig”, Mahmud Qoshg'ariyning “Devoni lug'atit-turk” asarida, Ahmad Yugnakiy va Ahmad Yassaviylar qadimgi yozma adabiyot namunalari bilan til taraqqiyotida o'chmas iz qoldirgan. Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy esa “Muhokamat ul-lug'atayn” (“Ikki til muhokamasi”)da turkiy tilning naqadar go'zalligi, musiqiyligini ta'kidlab o'tgan.

Qatag'on yillari qurbonlari Mahmudxo'ja Behbudiy,  Cho'lpon, Fitrat, Qodiriy kabi allomalarimiz ham yozgan asarlari orqali ona tilimizning mavqeini oshirish uchun kurashgan.

Biroq so'nggi vaqtlarda ayrim millatdoshlarimizning tilimizga loqaydlik bilan munosabatda bo'lishi va bunga “zamonaviylik” belgisi sifatida qaralayotgani ajablanarli holdir.

Ayniqsa, o'zbek oilasida tug'ilib, tarbiya topgan ayrim yoshlarning oddiy so'zlashuvda ruschani qo'llashi, eplolmagan jumlalarni o'zbekcha qilib to'ldirishi g'ashingizni keltiradi.

Yaqinda tanishlarimdan birini uchratib, uning tili, gapirish ohangining g'alati bo'lib qolganidan taajjublandim. “Men uyga bormadi”, “Sen qachon keladi”, kabi “gaplari”ni eshitib, ochig'i, kulgim keldi. Yana gap orasida “vsyo”, “kakoy raznitsa”, “xorosho” jumlalarini takrorlayverishidan, uning bu ishi til o'rganishga bo'lgan harakat emas, shunchaki oliftalik ekanini namoyon qilib turardi. Undan nega bunaqa “o'zgarib” qolganini so'radim. Aytishicha, ishxonasidagilarning hammasi rus bo'lgani uchun, har kuni shu tilda muloqot qilishga majbur bo'lib, tili “qaytib” qolganmish.

Til — insonning o'zligi, ma'naviy xazinasi. Agar kimdir boshqa davlatda taqdir taqozosiga ko'ra tug'ilib o'sgan, o'sha yoqda voyaga yetgan, suyagi chet ellarda qotib shunday ahvolga tushsa, ehtimol tushunish mumkindir. Ammo tug'ilib o'sgan yerida o'zligini yo'qotayotgan, ma'naviy boyligidan ayrilayotgan kishining bu kabi vajlarini oqlasa bo'ladimi? Bizningcha, aslo! Shunga o'xshash yana bir voqea yodimga tushdi. Hamkasblarimdan biri respublika nashrlarini varaqlab turib, “Mana bu “kukilka” axborot bo'libdi”, deb qoldi. Axborotga berilgan ta'rifni qarang!

Ommaviy axborot vositalari vakillari aynan ona tilimizning yuzini, yutug'ini ko'rsatib beradigan, qusurlarining bartaraf etilishi hamda chin ma'noda millatning ma'naviy mulkiga aylanishi uchun jon kuydiradigan soha xodimlari emasmi? To'g'ri, ba'zida yozilgan materiallarda jiddiy bo'lmagan xatolar o'tib turadi. Ammo ataylab tilni buzib gapirish va buni “moda”ga aylantirish jurnalist­ning eng katta kamchiligidir. Yashirishga hojat yo'q. Tilimizga behurmatlikni ayrim xususiy tele-radio kanallar kerak bo'lsa, har kuni, har soatda “namoyish” etishdan aslo uyalayotganlari yo'q.

Nima ham derdik? Aynan qaysi TV va ulardagi qaysi ko'rsatuv, eshittirishlar haqida gapirayapsiz, deysizmi?

Ularni nomma-nom sanashimizga hojat bormikan?

Nega shunday, nega nazorat yo'q?

Tilimiz bu — bizning boyligimiz, madaniyatimiz belgisi-ku!

Hamma balo shundaki, turli baqir-chaqir sheva va ajnabiy so'zlarni qalashtirib tashlashni oddiy hol, kerak bo'lsa “madaniyat”, “zamonaviylik” deb biladigan qator ko'rsatuv “ijodkorlari”ga biror kishi: “E, bu qanaqasi, bas endi”, demayapti.

Rassom xandasi. Sh.Muzaffar chizgan karikatura.

Shunday bo'lgach, yana kimdan o'pkalaymiz?

“O'zimiz” ona tiliga shunday beparvo munosabatda bo'lsak, boshqa soha egalariga, ayniqsa, yoshlarga bu borada nimani tar­g'­ib qilamiz?

Nashrlardan birida filologiya fanlari doktori, professor Baxtiyor Mengliyevning qu­yidagi gaplarini o'qib qoldim: “Tillararo notenglik tillarning moddiy foyda berish darajasi bilan belgilanadi. Qaysidir til muhimroq, obro'liroq, qulayroq bo'l­sa, unga muayyan bir jamiyat yoki dunyo miqyosida ko'proq e'tibor qaratiladi. Tabiiyki, odamlar o'zi va farzand­lari uchun ijtimoiy ustuvorlik beradigan tilni tanlashadi. Masalan, bizning sharoitda rus tiliga, ingliz tiliga berilayotgan e'tibor — buning bir ko'rinishi. Odatda, maktab va oliy o'quv yurtlarida o'qitilayotgan bu “katta” tillar — mansab pillapoyalaridan yuksalishning muvaffaqiyatli garovi. Yosh avlod o'z kelajagini o'zbek tilida emas, ingliz, rus, koreys, yapon va xitoy tillarida ko'radi. Shuning uchun ularni sevadi, ularga intiladi…

Aslida, bu holat hammamizning og'riqli nuqtamizga aylanishi kerak. Ya'ni, ba'zida bolalar bog'chasiga yoki maktabga farzandini bermoqchi bo'lgan ota-onalarning aynan rus guruhlari uchun navbat kutayotgani, shu yo'l bilan ularni “zamonaviy” qilishga urinayotganlarining guvohi bo'lamiz. Achinarlisi, ularning aksari bu tillarni umuman bilmay turib yosh bolani majburlashga urinishadi. Bu ham yetmagandek, kattalar orasida “Sizning bolangiz hali ham o'zbek muassasasidami, meniki ruschada o'qiyapti” kabi qarashlarning yuzaga kelayotgani haqiqatan xavotirli holdir. Bolasining til o'rganishi uchun sharoit yaratish yaxshi, lekin bu ona tilini mensimaslik evaziga bo'lmasligi kerak.

Bugun ayrim rasmiy idoralarda ham davlat tili o'zbek tili bo'lishiga qaramay, hujjatlar ruschada tayyorlanyapti. Birgina misol, eng yirik korxonalarimizdan biri — “Qizil­qum­sement” aksiya­dorlik jamiyati haqida maqola tayyorlash uchun ma'lumot so'raganimizda, ular buni ruschada taqdim etib, bu kabi hujjatlar faqat shu tildagina tayyorlanishini bildirishdi. To'g'ri, “Davlat tili haqida”gi Qonunda ish respublikaning davlat tilida, zarur hollarda bosh­qa tillarda yuritilishi belgilangan. Shu ma'noda bu hech qanday qonun buzilishiga kirmasa-da, davlat tilining ustunligiga erishishni har birimiz yuksak vazifamizga aylantirishimiz lozim emasmi?

Farzandlarimizning o'zbekcha — ruschani qorishtirib gapirishidan g'ururlanishdan ko'ra, avvalo ona tilida chiroyli so'zlashini targ'ib qilaylik! Zero, tajribali so'z ustalarining ta'biri bilan aytganda, hozircha til qoidalarini buzganga “hech kim hushtak chalmaydi”. Shuning uchun ham o'zimizda til qoidalariga amal qilish madaniyatini yuksaltiraylik, kelajak avlodga o'rgataylik. Toki, bizdan keyin ular “qoidabuzar”ga aylanmasin.

Zebo Qutliyeva

Navoiy viloyati.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 − nine =