OTA — oila qo'rg'oni

Xalqimizda azal-azaldan oilada otaning mavqei yuqori turadi. Oila boshlig'ining ko'chadan hovliga salobat bilan kirib kelishi, jiddiy va sinovchan nigohlari hammada allanechuk hadik, hushyorlik uyg'otadi. Biror ishni qilishdan oldin hamisha «otam bunga nima derkin», degan andisha bo'ladi. Ko'pincha qilib qo'ygan nojo'ya harakatimizdan emas, balki ko'proq otamizning beradigan tanbehidan cho'chiymiz. Onamizning «Otangga aytib beraman», kabi po'pisasining o'zidanoq esimiz kirib qoladi…

Ammo so'nggi paytlarda milliy o'zligimizga putur yetkazayotgan «ommaviy madaniyat»ning ko'rinishlari bu mustahkam qo'rg'onga ham o'z ta'sirini ko'rsatayotir. Hozir ayrim yigit va qizlar «Shaxsiy fikrim» deya tiliga kelgan so'zni otadan avval gapirishlari, ota tanbehini nazarga ilmayotgani kishini o'yga toldiradi. Avvallari qizlarimiz otasiga salom berayotganida ham qizarardi. Bugun esa ona qolib, ota bilan ham bemalol sirlashadigan, kalta va tor kiyimlarda padari oldida xotirjam yuradigan qizlarni ham uchratmoqdamiz. Taajjublanasan, kishi…

Balki kimdir kiyinishning odob-axloqqa, ota va qiz munosabatlariga hech qanday daxli yo'q, deb hisoblar. Biroq erta-indin bir oilaning bekasi bo'ladigan qizlarning ota oldida o'zini haddan ziyod «erkin» tutishi qaysi odob-axloq me'yorlariga to'g'ri keladi? Yoki ayrim qizlarning otasiga «Papashka», «Paxan» kabi so'zlar bilan murojaat qilishlari odamning ensasini qotiradi. Nahotki, qizlarimiz (ayrimlari) zamonaviylik deb o'z ota-onasiga shunday muomala qilsa?!

Yo'q, menimcha bu o'zligimizga yot, milliy qadriyatlarimizni, ma'naviyatimizni yemiruvchi kurmakning o'zi. Agarda biz bu illatni o'z vaqtida payqab, chora ko'rmasak, u ertaga katta muammolarga aylanishi mumkin. Zero, katta-katta muammolar zamirida kichik, e'tiborsiz bo'lib ko'ringan jihatlar yotishi barchamizga ayon. Qo'rg'on mustahkam bo'lmas ekan, oila atalmish qal'ada gulu ray­honlar emas, butun borliqni egallab nafasni siqadigan alaf va zarpechaklar unishi hech gap emas. Shunday ekan, turmush tashvishlari-yu arzimas sabablar tufayli qo'rg'onlar yemirilib ketmasligi kerak.

Islom Asilbekov,

O'zbekiston Jurnalistika va

ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

six − 5 =