Ob-havo: kechagi taxmin bugunga to'g'ri kelmaydi

So'nggi yillarda kovush ko'madigan qor ko'rmayotgan bo'lsak-da, ostonada turgan qish qanday kelar ekan, degan o'y har bir yurtdoshimizning ko'nglidan o'tadi. Kelayotgan qish fasli ob-havosi barcha uchun qiziq ekanligini hisobga olib, O'zgidromet bosh sinoptigi Irina Zaysevani suhbatga chorladik.

— Sir emaski, har bitta sohada innovatsion g'oyalar qo'llanilmoqda. Ob-havoni aniqlashda mutaxassislar qaysi usullardan, aniqrog'i, uskunalardan foydalanmoqda?

— Oxirgi yillarda kuzatilayotgan jadal ilmiy-texnik rivojlanish meteorologiya sohasini ham chetlab o'tmadi. Yangi innovatsion texnologiyalar O'zgidromet faoliyatida ham keng foydalaniladi. Ob-havoni avtomatik rejimda kuzatadigan yangi avlod meteorologik stansiyalari o'rnatildi. Asosan, Yerning sun'iy yo'ldoshlari va meteorologik lokatorlardan olinadigan ma'lumotlardan foydalanamiz. Ob-havoni taxminlashtirish tizimining o'zida, so'nggi yillarda, ancha o'zgarishlar ro'y berdi. Endilikda eng zamonaviy superkompyuterlardan murakkab hisoblarni chiqarishda foydalanilmoqda. Gidrometeorologik ma'lumotlar tayyorlash sohasidagi innovatsiyalar iqlim o'zgarishi aniqligini, ularning samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

— Ob­­­-havoni qancha muddat oldindan aniqlash mumkin?

— Ilm-fanning oxirgi yutuqlari va innovatsion texnologiyalarning joriy etilishi natijasida havo harorati o'zgaruvchanligini o'n kun oldin belgilash imkonini beradi. Biroq atmosfera – bu juda murakkab tizim bo'lib, jarayonlar rivojlanishida ko'pincha tashqi omillar ta'sir qiladi. Shuning uchun oldindan aytish muddati qancha katta bo'lsa, noaniqligi ham yuqori bo'ladi.

O'zgidrometda har kuni olti kunlik ob-havo taxmini tayyorlanadi va tarqatiladi. Bu hozirda butun dunyoda eng ishonchli hisoblanadi, biroq buni ideal deb bo'lmaydi. Tabiatda noqulay sinoptik vaziyatlar yuzaga kelishi ehtimoldan xoli emas. Kutilmagan ob-havo hodisalari har doim bo'lgan, bundan keyin ham bo'ladi.

— Xorijlik hamkasblaringizning ish tajribasini o'rganib turasizlarmi?

— Sohamizda “ob-havo chegara bilmaydi” degan ibora bor. Bu haqiqatan ham to'g'ri va buni gidrometeorologiya sohasida ishlovchi xodimlar juda yaxshi biladi. Ko'p yillardan beri Jahon meteorologiya tashkiloti (JMT) bilan hamkorlikda ishlab kelamiz. Bu hamkorlikning asosiy tamoyili gidrometeorologik ma'lumotlar bilan fikr almashishdan iborat. O'zgidromet mamlakatimiz mustaqilligining birinchi kunlaridanoq JMTning mazkur tashkilotning to'laqonli a'zosi hisoblanadi. Albatta, eng yaqin sheriklik munosabatlari yaqin qo'shnilarimiz – Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya bilan o'rnatilgan. Meteorologiyaning turli yo'nalishlari bo'yicha Koreya, Xitoy, Germaniya, Finlandiya va boshqa mamlakatlarning meteo xizmatlari bilan o'zaro aloqalar o'rnatilgan.

— O'zbekistonda ob-havo ma'lumotlarini aniqlash va uni xalq­qa yetkazish xizmati qachondan boshlangan?

— O'zbekistonda, aniqrog'i, Turkiston o'lkasida gidrometeorologik xizmat faoliyati XIX asr­ning 70­­-yillarida Toshkent astronomiya va fizika observatoriyasining tashkil etilish davriga to'g'ri keladi. XIX asrning oxiri XX asrning boshlarida ilk meteorologik stansiya va postlar qurilgan. Birinchi ilmiy-ekspeditsiya uyushtirilgan, meteorologiya va gidrografiya bo'yicha ilk ilmiy tadqiqotlar olib borilgan.

Keyin, gidrometeorologiya xizmati shakllantirilib, kuzatuv tarmog'i kengaydi, ob-havo xizmati tashkil etildi, ilmiy tadqiqotlar ko'­paydi. Taxminan o'tgan asrning 20-yillarida O'rta Osiy meteorologiya instituti O'rta Osiyo hududi bo'yicha birinchi ob-havo ma'lumotini tar­qatishni boshladi.

— Oldinda bizni qish fasli kutayapti. Ayting-chi, bu yil qish qanday keladi?

— Boya aytganimdek, dunyoda 5-7 sutkalik taxminlar eng ishonchli hisoblanadi. 10 kundan ortig'ida noaniqlik bo'ladi. Uzoq muddatli, masalan, oylik va mavsumiy harorat masalalari bilan, jamoatchilikning talabini e'tiborga olgan holda, dunyo tad­qiqotchilari, olimlar shug'ullanadi. Biroq mavsumiy iqlim o'zgarishi metodikalari mavjud emas.

O'zgidromet mutaxassislarining jahonning yetakchi ob-havo markazlari ma'lumotlari va hisob-kitoblariga tayanib berayotgan baholariga ko'ra, kelayotgan qish sharoitlari keskin o'zgarishlar bilan tavsiflanadi. Harorat foni ham o'rtacha ko'p yillik qiymatlar atrofida bo'ladi.

Hozircha faqat dekabr oyi to'g'risida aytishim mumkin. Hisoblarga qaraganda, dekabr o'rtacha nam va shu oyga xos bo'lgan haroratli bo'ladi. Kechasi harorat 2-7 daraja iliqdan 0-5 daraja sovuqqacha, kunduzi 10-15 daraja iliqdan 0-5 daraja iliqqacha kuzatiladi. Yanvar va fevralning qanday kelishi to'g'risida gapirishga hali juda erta.

O'zbekistonda qishlar qisqa va kamqorli bo'lishi odatiy holga aylandi. Lekin qish mavsumining o'zigi xosligi shundaki, harorat keskin o'zgarishi mumkin. Issiq va sovuq havo to'lqinlari qish davomida bir-birini almashtirib turadi. Sovuq tushganda yoqqan qor havo ilishi bilan erib ketadi. Shuning uchun bizda barqaror qor qoplashi kuzatilmaydi.

So'nggi yillarda juda sovuq ob-havo kuzatilgan qish fasli 2007-2008 yilga to'g'ri keladi. O'shanda sovuq davr dekabrning oxiridan fevral o'rtasigacha davom etgan.

— Butun dunyoda iqlim o'zgarishi kuzatilayapti. Iqlimning keskin o'zgarib borishi qanday oqibatlarga olib keladi?

— Kundalik hayotda odamlar ko'pincha ob-havo va iqlim tushunchalarini chalkashtirib yuboradi. Albatta, bu tushunchalar bir-biri bilan bog'liq, ammo ular bir-biriga o'xshash emas va ular orasidagi farq juda katta.

Ob-havo ma'lum bir hududda atmosferaning bir lahzali holatidir. U barcha meteorologik ko'rsatkichlar bilan tavsiflanadi — harorat, bosim, namlik, shamol yo'nalishi va tezligi, bulutlilik, yog'ingarchilikning mavjudligi yoki yo'qligi va boshqa meteorologik hodisalar.

Iqlim — bu ma'lum bir hududda kuzatiladigan ko'p yillik ob-havo rejimi. Iqlimni relefning kengligi, dengiz sathidan balandligi, okeanlardan uzoqligi, topografiyasi, yer osti turi hamda atmosfera aylanishiga qarab belgilanadi.

Ob-havo ham, iqlim ham o'zgarmoqda. Ammo ob-havo doimo o'zgarib turadi. Iqlim — bu o'n yillar davomida shakllanib kelgan barqaror hodisadir. Iqlim ob-havo singari keskinlik bilan o'zgarmaydi.

— O'tgan yili va bu yil yoz fasli yuqori haroratda o'tdi. Ma'lumotlarda esa haqiqiy ob-havodan past ko'rsatkich qayd etildi degan gaplar ko'paydi va keng muhokamalarga sabab bo'ldi…

— Dunyo bo'yicha havo harorati Jahon meteorologik tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan umumiy standartlarga muvofiq o'lchanadi va O'zbekiston umumiy qoi­dalarga rioya qiladi.

Ochiq quyoshda bo'lgan odamlar havoning haroratini emas, balki turli xil narsalarning issiqlik nurlanishini va tananing sirtiga quyosh nurining ta'sirini sezadilar. Ushbu ta'sirni o'lchash mumkin emas. Yashil maysazorda tursangiz havo salqinroqqa, asfalt oldida tursangiz jazirama issiqqa o'xshaydi. Issiqning ta'sirini bilish uchun, hatto kiyimning rangi ham muhim ahamiyatga ega. Ammo shu narsa aniqki, odamning quyoshda his qiladigan haroratini o'lchash yoki taxmin qilish mumkin emas.

Dunyodagi eng yuqori haroratning mutlaq rekord ko'rsatkichi 56,70 dir, bu 1913 yilda O'lim vodiysi AQShning Kaliforniya shtatida kuzatilgan. Yopiq harorat Afrika va Yaqin Sharqda turli yillarda qayd etilgan.

Shu o'rinda aytmoqchimanki, internet tarmog'ida juda ko'p ob-havo saytlari mavjud, bu sayt­lardagi ma'lumotlar turli mamlakatlarning meteoxizmatlari tomonidan, kelib chiqishi noma'lum bo'lsa-da, avtomatik ravishda amalga oshirilayotgan hisob-kitob natijasi hisoblanadi. Shuning uchun ham butun dunyoda milliy gidrometeorologiya xizmatlari tomonidan tayyorlangan ma'lumotlar ishonchli axborot manbai hisoblanadi. Bizning mamlakatimizda bu O'zgidromet tomonidan tayyorlangan o'l­chamlar ishonchli va tekshirilgandir.

Feruza Rahimova cuhbatlashdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 − two =