Siringni ayon et, Xo'jamushkent!

(Esse)

Xo'jamushkent, xo'jamushkent. Bu qandaydir sir-sinoatli kent? Bag'ringda nelar yashirin, Xo'jamushkent?

Ziyoratchilar oqimi aslo to'xtamaydi. Ruhiy madad so'rab keluvchilar qadami uzilmaydi. Xo'jamushkent, mo''jizang siri nimada? Necha yillarki oshkor etmaysan. Bu sirlarni, mo''jizalaring qudratini ayon etmaysan, qanday sirli zotsan?!

Aslida, Xo'jamushkent ota boshqa ziyoratgohlarga o'xshab unchalik nomdor, hashamatli emas. Oddiy. Ziyoratgohdagi masjid ham nafis qurilgan. Qator buloqlardan o'tadigan ko'priklar, yo'laklar, ayvon — hamma-hammasi oddiy. So'ng tik zinalardan tepalikka Xo'jamushkent ota ramziy qabri sari ko'tarilasiz. Ko'tarilgan sari ruhingiz yengil tortadi, qandaydir ko'zga ko'rinmas kuch sizni yuqoriga ohista chorlaydi. Maqbaraga kirishingiz bilan yana bir mayin sokinlik sizni bag'riga oladi. Qur'on tilovati ruhingizni yanada yuksaklarga ko'taradi. Xo'jamushkent otaning ramziy qabri go'yo maqbaraga sig'may salobat bilan turibdi.

Maqbaraning ichida katta qabriston. Bu qadimiy qabristonga tutash tepalikda og'zi temir panjara bilan bekitilgan ikkita g'or bor. Aytishlaricha, bu muqaddas qadamjo Xo'ja ibn Isoq shaxsi va nomi bilan bog'liq. Rivoyat qilishlaricha, Xo'ja ibn Isoq ismli kishi islom olamida yuksak obro'-e'tiborga ega karomatgo'y avliyo bo'lgan. U kishi muqaddas dinimizni targ'ib-tashviq qilish bilan odamlarni muqaddas islomga chorlagan. O'z inisi Chilmahram ota bilan hozirgi Xo'jamushkent qishlog'ining kunbotar tomonidan kelganlar. Ular bir yolg'iz kampirnikida tunash uchun joy so'raydilar. Kampir ularni ochiq chehra bilan kutib olib, mehr bilan mehmon qiladi. Kampirning mehmondo'stligidan benihoya xursand bo'lgan aka-uka unga ham bir yaxshilik qilib ketishni dillariga tugadi. Kampirning bir echkisi bo'lib, har kuni undan bir kosa sut sog'ib olar va o'sha hududdagi boynikiga eltib berardi. Shu tariqa zo'rg'a kun ko'rib tirikchilik qilgan. Ular kampirga tol novdalaridan bir chovli to'qib beradilar. Boyning xonadoniga olib borishdan avval sutni ana shu chovlidan o'tkazish kerakligini aytib, yo'lga tushadilar. Kampir ular aytganini qilgan ekan, chelak sutga to'larmishu lekin kosadagi sut tugamas emish. Bundan xabardor bo'lgan boy kampirni qiynoq-qistovga oladi. Kampir boy odamlarining zulmiga chidayolmay, hammasini aytib beradi. Natijada, boyning odamlari aka-ukalarni qo'lga oladilar. Ularni qiynab boyning huzuriga olib keladilar. Bu avliyolarning karomati tufayli boy hisobsiz mol-dunyoga ega bo'ladi, katta boylik to'playdi. Kunlar kelib, aka-ukalar ketish vaqti bo'lganini boyga aytib, ruxsat so'rashadi. Boy ularga xazinasidan istagancha boylik olishni taklif qiladi. Ular bunga rozi bo'lmaydi. Lekin boy ularni quruq qo'l bilan ketishlariga yo'l qo'maydi. Aka-uka avliyolar majbur bo'lib, boyning podasi ichida bir ko'k buqa borligini, uni so'yib go'shtini aholiga tarqatishni, terisining o'rnicha keladigan yerni ularga berishini aytadilar. Bundan boy hayron bo'lib, aka-ukaning ustidan rosa kuladi. Ularni nodonlar, deb ataydi.

Kutilmaganda avliyolar yana bir karomat ko'rsatadilar. Ikkalasi terining ikki chekkasidan tortgan vaqtlarida teri cho'zilgandan cho'zilib, boyning yer hududining yarmini egallaydi. Ikkinchi tomonidan tortganda ham shunday hodisa ro'y beradi. Johil boy ularni sehrgar, deb e'lon qilib, o'ldirishga buyuradi.

Xavfdan ogoh bo'lgan aka-ukalar ikki tomonga qochadilar. Ta'qibchilar Xo'ja ibn Isoq ortidan quvadilar. Shunda u ziyoratgoh hududidagi buloqlar oqib turgan joyga kelib yashirinadi. Avliyoning karomati bilan buloq suvlaridan parda hosil bo'ladi. Buni sezgan dushman askarlari unga qarata kamonlardan o'q va nayzalar bilan hujum qiladi. So'ng avliyo qochib tepalikka chiqadi, Allohga astoydil yolvorib, baquvvat qo'llari bilan toshlarga musht uradi. Allohning mo''jizasi bilan shu yerda g'or paydo bo'ladi va avliyo aka unga kirib, ko'zdan g'oyib bo'ladi.

U yomonlar, yomonliklar va yomon niyatli odamlardan qochib, g'orga kirib ketadi. Yovuzlardan, ochko'zlardan, molparastlardan qutulish uchun g'orni mangu makon tutdi. Odamzot boylikka to'ymasligi, boylikning quliga aylangani bois har qanday johillikdan, qotillikdan qaytmasligini anglab yetgan avliyo g'orda yashashni afzal bildi. G'orda qancha yashadi, qanday yashadi, qancha umr kechirdi, yolg'iz uning o'zi va Alloh biladi.

Xo'jamushkent, xo'jamushkent ilohiy mo''jizangni ayon et, ayon et,

Xo'jamushkent, xo'jamushkent mo''jizang ila illatlarni to'zon et, to'zon et.

Xo'jamushkent bobo, sizga dushman bo'lgan yovuz to'da hali-hanuz yashab kelayotir. O'sha olg'irlar, yeb to'ymas ochko'zlar ashaddiy ta'magirlar, yuzsiz yolg'onchilar, xushomadgo'ylar, riyokorlar, afsuski, oramizda hamon topiladi. Ayrim yomon toifalar har qadamda uchraydi, yonginangda ishlaydi, yashaydi. Ba'zan ularning riyokorligini, qilmishlarini ko'rib qochging keladi, ulardan batamom bekinging keladi, ular bilan yashashni istamaysan. Na iloj?! Hammasini Allohga solasan, jazosini Alloh bersin, deb qo'l siltaysan. Qaergadir qochging keladi, Sizga o'xshab g'orga kirib ketishni istaysan. Qani o'sha g'or? G'or ochishga bizning mushtimiz kichik va mo'rtlik qiladi. Sizday ulug' avliyoning muborak va qudratli mushti oldida bizning oddiy, nimjon mushtchalarimizga yo'l bo'lsin! Sizning mushtingizda ilohiy kuch bo'lgan…

Men g'ordan emas, halol, pok va yaxshi insonlar panohidan najot topdim. Ular quyosh misol yo'llarimni yoritdilar. Yomonlarga qalqon bo'ldilar, balo-qazolardan asradilar. Ehtimol, shunday insonlar bor uchun ham hayot davom etayotgandir. Tiriklik qo'shig'i hamon yangrayotgandir. Ehtimol, Sizday ulug' avliyolar, pirlarning mo''jizalari tufayli insonning ma'naviy qiyofasi nurlanib borayotgandir…

Sizning muborak qadamjoingizni obod qilganlarni hamisha Alloh siylasin, Yaratganning o'zi har doim panohida asrasin. Hali bu aziz va mo''tabar tarixiy qadamjo qancha-qancha ziyoratchilarni hayratga solishiga ishonamiz. Lekin yaxshi niyatlar bilan kelayotgan har bir ziyoratchi Sizning mo''jizalaringiz sirlarini bilishga qiziqadi. Ularning qalblarida bir savol mudom aks-sado beradi: Xo'jamushkent sirlaringni ayon et, mo''jizalaringni bayon et!..

Ashurali Jo'rayev.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

6 − four =