Xalqaro hayot sharhini kim yozadi?

Dunyoda har soniyada qandaydir voqea-hodisalar sodir bo'lmoqda. Bir soniya ichida uning xabari jahonga tarqalyapti. Har qanday axborotga o'z vaqtida munosabat bildirish, ularning to'g'ri yoki noto'g'riligi haqida ma'lumotlar berib borish milliy ommaviy axborot vositalari, xususan, xalqaro sharhlovchilarning vazifasi bo'lishi kerak.

Bir necha yil avval mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarida xalq­aro sharhlovchilar maktabi shakllangan edi. Televidenie, radiokanallar hamda matbuotda kunora xalqaro voqea-hodisalarga munosabatlar berilib borilar edi. Ayni paytga kelib esa bu jarayon ancha oqsamoqda. Xususan, matbuotda xalqaro sharhlarni topish juda mushkul. Jahonda yuz berayotgan voqealar deyarli yoritilmayapti. Berilayotgani esa qisqa satr­larda aks etmoqda. Sharhlar deyarli yo'q. Xal­q­aro sharh yozadigan jurnalistlar yetishmovchiligi ham kunday ravshan.

O'zbekiston davlat jahon tillari universitetida O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshidagi Xalqaro sharhlovchilar kengashi hamda universitet hamkorligida o'tkazilgan “OAVda xal­qaro hayot shar­hi: muammo va yechimlar” mavzuidagi davra suhbatida ushbu muammolarga e'tibor qaratildi.

Dastlab jahon axborot maydonida mamlakatimiz imidjini mustah-kamlashda OAVning o'rni va xalqaro tajriba, xal­qaro sharhlarni tayyorlashga qo'yiladigan talablar, ularning samaradorligi, ta'sirchanligi-ni oshirishning asosiy omillari borasida fikr almashildi. So'ngra xalqaro aloqalar, axborot-siyosiy texnologiyalarni qo'llash, shu bilan birga, internet tarmog'ida jurna­listlar odob-axloq me'yorlariga amal qilish qoidalariga oid masalalar muhokama etildi.

Unda O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa'dulla Hakimov, O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “Dunyo” axborot agentligi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi Sadriddin Suyarov, O'zbekiston davlat Jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakulteti dekani Amri­llo Karimov, O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshidagi Xalqaro sharhlovchilar kengashi raisi Qobilbek Karimbekov, «Dunyo bo'ylab» telekanali bosh muharriri G'ofir Jamolov, «O'zbekiston-24» radiokanali bosh muharriri Sharofiddin To'laganov va boshqa ijodkorlar so'zga chiqdilar.

— Dunyo hamjamiyatida mamlakatimiz xalqaro munosabatlarning to'la huquqli sub'yekti hisoblanadi, — dedi G'ofir Jamolov. — Uning tashqi siyosati davlatlarning suveren teng­ligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning daxlsizligi, nizolarni tinch yo'l bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik qoidalariga va xalqaro huquqning umum­e'tirof etilgan bosh­qa qoidalari va normalariga asoslanadi. Mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari ham xalqaro sharhlarda ana shu omillarga amal qilishlari shart. Xalqaro sharhlovchi bo'lish uchun bo'lg'usi jurnalistlarda qiziqish va intilish bo'lishi kerak. Doim o'qish va izlanishda bo'lgan yoshlardan yetuk xalqaro sharhlovchilar chiqadi.

— O'zbekiston hamkorlikdan manfaatdor bo'lgan barcha mamlakatlar bilan diplomatiya munosabatlarini yo'lga qo'ygan, qator yirik davlatlar bilan o'zaro munosabatlarimiz strategik sheriklik darajasiga ko'tarilgan, — deydi Sadriddin Suyarov. — AQSh, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Rossiya shular jumlasidan. Biz jurnalistlar, xususan, xalqaro sharhlovchilarning vazifasi xorijiy davlatlar bilan teng huquqli, do'stona munosabatlarning bugungi holatini aks ettirgan materiallar yozishdan iborot. Afsuski, matbuotimizda bunday sharhlar juda kam. Bugungi kunda O'zbekistonning tashqi siyo­satda, xususan, qo'shni mamlakatlar bilan iqtisodiy-siyosiy, madaniy-ma'rifiy sohadagi pozitsiyasini ochib beradigan sharh­larni yozadigan malakali, xorijiy tillarni biladigan mutaxassislarga katta ehtiyoj sezilayapti. Ushbu masala yechimida xalqaro jurnalist kadrlar tayyorlovchi O'zbekiston davlat Jahon tillari universitetining xalqaro jurna­listika fakulteti muhim o'rin tutadi. «Dunyo» axborot agentligi mazkur ta'lim dargohi bilan hamkorlik o'rnatishga tayyor. Zero, bunday amaliyot xalq­aro sharhlovchilarning yangi avlodi yetishib chiqishiga xizmat qiladi. Yana bir gap, talabalar kamida uch-to'rtta tilni mukammal o'rganishlari kerak.

Anjumanda milliy omma­viy axborot vositalarida xalqaro sharhlovchilar maktabini shakllantirish va sharhlar sonini oshirishga doir takliflar ham muhokama etildi.

Jobir Xo'jaqulov.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × 5 =