Matbuot xizmatlari qanday ishlashi kerak?

Joriy yilning 23 sentyabrida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi hamda Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining Vazirlar Mahkamasi kotibiyati o'rtasida Memorandum imzolandi. Unda mamlakatimizda davlat organlari va tashkilotlar matbuot xizmatlari rahbarlarining malakasini oshirish borasida hamkorlik aloqalari ko'zda tutilgan edi. Ushbu hamkorlik doirasida Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida britaniyalik mutaxassislar yurtimiz vazirlik va idoralarining matbuot xizmati rahbarlari uchun malaka oshirish seminari o'tkazdi. Quyida ushbu seminar doirasida olingan ma'lumotlar o'z aksini topgan.

OAV erkin bo'lgan jamiyatda jurnalist har qanday savol bilan davlat idoralariga murojaat qilishi mumkin. Shunga yarasha davlat idoralari matbuot xizmatlari xodimlari ham savollarga javob berishga doim tayyor bo'lishiga to'g'ri keladi.

Buyuk Britaniyada davlat idoralari matbuot xizmatlari orasida o'zaro muvofiqlashgan ish ko'rish amaliyoti yo'lga qo'yilgan. Mamlakatda bunday shaklda ish yuritishni amalga oshirish uchun yigirma yil talab etilgan.

Bugungi kunda Buyuk Britaniya hukumati qoshidagi kommunikatsiya  xizmati uchta asosiy yo'nalishda ish olib boradi: davlat xizmati kengashida to'rt mingta kommunikatsiya xodimlari ishi muvofiqlashtirilib, faoliyati rejalashtiriladi. Direktorlar bo'limi kommunikatsiyalarga mas'ul bo'lgan rahbarlar bo'limidir. Aynan shu yo'nalish vakillari tomonidan muhim qarorlar qabul qilinadi. Guruh rahbarlari bo'limida esa muntazam uchrashuvlar bo'lib turadi. Ushbu bo'limlarda qabul qilingan qarorlar ijrochi xodimlarga yetkaziladi.

Har bir bo'limning funksional  vazifasi bo'lib,  ular qu­yidagicha:

OAV bo'limi. Unda muhim tadbirlar o'tkaziladi, ijtimoiy tarmoqlarga ma'lumotlar kiritiladi. Matbuot kotiblari bevosita shu bo'limda ishlaydi.

Ichki kommunikatsiyalar bo'limi yangi yo'nalish bo'lib, idoradagi ichki axborotning o'zaro tezkor almashinuvi, ma'lumotning tizimli tarqalishiga xizmat qiladi.

Strategik kommunikatsiyalar bo'limida uzoq muddatli istiqbolli rejalar ishlab chiqiladi.

Manfaatli tomonlarni jalb qilish bo'limida hamkorlik, o'zaro manfaatdor kelishuv bo'yicha tomonlarni jalb qilish ko'zda tutilgan.

Strategik kommunikatsiyalar bo'limi uzoq muddatli rejalashtirishni maqsad qilsa, perspektiv rejalashtirish qisqaroq muddatni nazarda tutadi. Bunda kim bilan muloqotga kirishish zaruriyati aniqlanib, ma'lumotlarga asoslangan holda, kerakli qarorlar qabul qilinadi. Strategik kommunikatsiyalar bo'limida kamchilik va yutuqlardan kerakli xulosa chiqarilib, natijani tahlil qilishni o'z oldiga maqsad qilgan.

Bosh vazir matbuot xizmatining asosiy vazifasi jurna­listlar bilan uchrashuv, press konferensiya, brifinglar tashkil etish, sohani yorituvchi jurna­listlar bilan aloqaga kirishish, OAV vakillariga axborot taqdim etish, beriladigan axborotlarni rejalashtirish, rahbar bilan OAV  uchrashuvlarini uyushtirish, safar chog'ida rahbariyatga hamrohlik qilish, aholining murojaatlariga tunu kun javob berishdan iborat. Qisqasi, bosh vazir matbuot xizmati hukumat qarorlarini aholiga o'z vaqtida, tezkor yetkazib beradi.

Har haftaning dushanba kuni Buyuk Britaniyaning barcha davlat idoralari matbuot kotiblari  shaxsan uchrashib, hafta davomida qiladigan ishlarini muvofiqlashtirib oladilar. Qolgan kunlari kunlik ishlar rejalashtiriladi. Jadvalni tuzishdan maqsad, barcha idora vakillari OAVdagi chiqishlarini kelishgan holda amalga oshirishdir. Shunda davlat tashkilotlari faoliyatiga oid har bir yangilik o'z vaqtida OAVda yoritiladi.  Kommunikatsiya strategiyasi bo'limi bu ishlarning amalga oshishini nazorat qiladi.

Demokratik jamiyatda OAV vakillari kutilmagan  savollarini berishi an'anaga aylangan. Shuning uchun matbuot kotiblari hafta davomida bo'ladigan barcha yangiliklardan boxabar bo'lgan holda, tashkilot rahbarini ogohlantirib, berilishi mumkin bo'lgan savollar ro'yxatini, ularga taxminiy javoblarni tayyorlab qo'yadilar.

Davlat idoralari matbuot xizmati xodimlarining soni tashkilotda ishlaydigan mutaxassislar hajmiga bog'liq bo'ladi. Masalan, Buyuk Britaniyaning mehnat va nafaqa vazirligida to'qson mingga yaqin xodim faoliyat ko'rsatadi, shunga yarasha mazkur idoraning matbuot xizmatida yigirma besh nafar mutaxassis ishlaydi.

Bir qarashda G'arb davlatlarida OAV erkin, jurnalistlar istagan mavzudagi materialni tayyorlab, mutasaddi rahbarlarga kutilmagan savollarni berishadi,  deb o'ylaymiz. Aslida esa Buyuk Britaniyadagi davlat idoralari matbuot xizmatlari davlat siyosatiga oid axborot oqimini rejalashtirib, ma'lum bir tizim asosida ishlashlari ko'rinmoqda. Soha mutaxassislari axborot xavfsizligi nuqtai nazaridan OAV xodimlarining kutilmagan murojaatlariga doim tayyor turishadi.

Bugungi globallashuv jarayonida davlat idoralarining OAV uchun ochiqligi, axborotning erkin va tezkor tarqalishi davlat idoralari matbuot xizmatlari oldiga qator yangi vazifalar qo'ymoqda. Buyuk Britaniya davlat idoralari matbuot xizmatlari faoliyati yurtimiz soha mutaxassislari uchun o'ziga xos tajriba bo'ladi, shubhasiz.

Yulduz Ortiqova,

filologiya  fanlari nomzodi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

11 + thirteen =