To'g'ri yo'ldan adashganlar

Mamlakatimizda yoshlarga yaratilgan sharoitlar, imtiyoz va imkoniyatlar qanchalik kengaygani sayin, turli qing'ir yo'llar bilan jinoyat ko'chasiga kirib qolayotgan yoki kimningdir ig'vosiga uchib, o'g'irlik sodir etayotganlar soni yil sayin ko'payib borayapti…

Bir qarashda hayot bir tekis kechayotgandek, odamlar yurtimizda kechayotgan tinchlik zamonida ancha sokinlashib qolgandek tuyuladi. Birov bilan birovning ishi yo'q. Hamma o'z tashvishi bilan band. Umr oqimi, xuddi meridian chizig'ida harakatlanayotgandek, shovqin solmay oqib bormoqda. Lekin yorug'lik bor joyda qorong'ilik ham bo'larkan-da, yo'q-sa, Obid (ismlar o'zgartirildi) ham endigina mustaqil yashashga chog'lanayotgan, turmush yukini yelkasiga oladigan payt kelganda, zo'ravonlik qilib, o'zganing mulkini o'zlashtirish, birovning hisobidan yashashni o'ziga odat qilishdek gunoh ishga qo'l urarmidi…

Toshkent shahri yildan-yilga hashamlashib bormoqda. Yangi zamonaviy me'morchilik uslubida qurilgan imoratlar haybatli, atrofi keng va bejirim bog'ga aylangan. Bu ham poytaxt aholisining dam olish kunlari madaniy hordiq chiqarishiga qulaylik yaratadi.

“Xadra maydoni” har galgidek odamlar bilan gavjum, kimdir nabirasini favvora atrofida sayr qildirar, kimdir o'rindiqda o'tirib kitob varaqlagan, yana kimdir ko'ngilga yaqin o'rtog'i bilan maydonni aylanib shirin gurunglashib yurardi. Ammo kimnidir izlayotgandek, ko'zlari atrofga olazarak boqayotgan Obidga hech kim e'tibor bermadi.

Odamlar orasida tik turgancha chuqur xayolga tolgan G'olib, atrofga qarab fikr yuritayotgandek, ajib manzaradan ma'no axtarayotganga o'xshardi. Shu payt unga yaqinlashgan Obid “yaxshimisan”, dedi, G'olib cho'chib tushdi va yalt etib unga qaradi. Notanish, endigina mo'ylabi chiqa boshlagan yigit unga jilmayib qarab turardi. Qisqagina so'rashgach, “nima gaping bor edi”, degandek savol nazari bilan ko'z tashladi. “Telefonim o'chib qoldi, bir daqiqaga berib tursang, o'rtog'imga qo'ng'iroq qilib olay”, dedi Obid. G'olib ishondi.

Oradan ma'lum vaqt o'tgach, Obid kutilmaganda: “Cho'ntagingda puling bormi?” deb so'rab qoldi. G'olib ortiqcha puli yo'qligini, bori ham o'ziga kerakligini aytgach, Obid: “Senga bir soat muhlat, bir million topib kel! Ungacha telefoning menda turadi”, dedi sovuqda to'nib qolgandek qoraygan basharasini lo'q qilib. G'olib yalingansimon telefoniga qo'l cho'zdi. Kutilmaganda bilagiga kuchli zarb kelib tushdi. “Tushunmadingmi?! Bor jo'na!”

Beixtiyor o'ylab qolasan, odamning vaxshiylashishi uchun, u qaysi muhitda tarbiya olmog'i kerak? Axir dunyoga pokiza kelib, olam munavvarligidan rang olib, oila tarbiyasida voyaga yetadi. Nahotki tarbiyada darz bo'lsa… Nahotki tuzukkina ko'ringan odam bir lahzada insoniy qiyofasini yo'qotib, hayvonlashsa… Obidning ota-onasi o'g'lining jinoyat ko'chasiga kirib qolganini bilisharmikin… Yoki mahalla-ko'yda: “Bizning farzandimiz odobli, tarbiyali, birovga yomonligi yo'q. Undan umidimiz katta. Hali ko'rasizlar, keksaysak bizga suyanch bo'ladi”, deb maqtanib yurishganmikin. Yana ham kim biladi…

U aytgan pulni bir soatda topib kelolmasligini bilgan G'olib, shu yaqin-atrofdagi ichki ishlar bo'linmasiga borib, bo'lgan voqeani gapirib berdi. Bundan bexabar Obid qing'ir yo'l bilan undirgan qora rangli “Red Mi 5” rusumli telefon apparatini bozorga olib borib pullab yubordi. Va yana nav­batdagi talon-torojlik rejasini tuza boshladi…

Ichki ishlar xodimlari ham anoyilardan emas, darrov “Xadra maydoni”ni nazoratga olishdi. Zo'ravonlik sodir etilgan joyda surishtiruv ishlari olib borishdi…

Navbatdagi “o'lja”

Zilola o'qishdan uyga qaytardi. Darslaridan mamnun o'zicha jilmayib qo'yardi. U bilmasdiki, orqasidan kissovur tushgandi, xoli joyda to'xtatib tunamoqchi edi. Obid anchagacha ortidan ergashib bordi. “Xadra maydoni” ortidagi ko'chada odamlar siyraklashgach, qadamini tezlatdi. Zilolaga yetib oldi.

Keyingi paytlarda bor-budini ustiga ilib, o'zini ko'chada ko'z-ko'z qiladiganlar ko'payib qoldi. Zilolani ko'cha qizlaridan deb bo'lmaydi, ammo ota-onaning orzu-havasi bor. Uning siynasini to'ldirib turgan tillo zanjirini, qulog'dagi qizlar havas qilsa arzigulik tillo ziragini, barmoqlaridagi tillo uzuklarni Obid ko'rgandi. Uni qo'rqitib tortib olmoqchi edi.

Avvaliga zo'ravonning yech deganiga darrov yechib bermadi. Atrofdan ilinj kutdi. Ko'chada yurgan odamlar ham beparvo edi. Baqirib chaqirsa ham yordamga kelmasligini bildi. Obidning: “Zanjiringni yech, bo'lmasa bo'g'ib o'ldiraman!” — degan do'q-po'pisasidan oyoq-qo'li qaltirab qolgan Zilola bor taqinchog'ini yechib, o'z qo'li bilan qaroqchiga tutqazdi. Uning baxtiga Shayxontohur tumani ichki ishlar bo'limi xodimlari shu atrofda ekan…

2019 yil noyabr oyida jinoyat ishlari bo'yicha Toshkent shahar Shayxontohur tuman sudi binosida bo'lib o'tgan ochiq sud majlisida, raislik qiluvchi sudya A.Ergashov Obid Akbarovning jinoiy qilmishlarini ajrim qildi. O.Akbarovning aybiga iqrorligi, mahalla fuqarolar yig'ini tomonidan berilgan ijobiy tavsifnoma, ota-onasining bundan keyin nazoratga olishini inobatga olib, unga 3 (uch) yilu 10 (o'n) oy, 24 (yigirma to'rt) kun muddatga ozodlikni cheklash jazosini belgiladi.

Bir qarashda hamma ish qoyilmaqom bajarilganday ko'rinsa-da, eng muhim jihati, Obidning ertangi hayoti endi qanday kechadi? Ota-onaning yumushi ko'p, o'g'lini ozod qildi bo'ldi, ertaga bir gap bo'lar qabilida yuraveradimi yo va'da qilishganidek, nazoratga ola bilishadimi. Bunisi endi qoron­g'i. Anig'i shuki, Mahalla fuqarolar yig'ini baribir nazoratga ololmaydi, boshqa yumushi ham ko'p. Agar oilasida, mahalla-ko'yda e'tibor bo'lganida Obid bu ahvolga tushmasdi ham…

Hamma gap Obidda qoldi, o'ziga insof bersin endi…

Yusuf Jo'rayev,

“Hurriyat” muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nine − five =