“Har kimki meni sörsa, salomimni degil…”
Buyuk tarixiy şaxslarning maʼnaviy-ruhiy taʼsiri asrlar oşa avlodlarga özini sezdirib, bildirib turişi ayon haqiqat. Ular mansub xalqlar, millatlar öz taqdirining, eng muhimi, hal qiluvçi pallalarida buyuk ajdodlaridan kuçli madad olişlari-da, bor gap. Şu maʼnoda, özbek xalqini Amir Temur, Mirzo Uluğbek, Alişer Navoiy singari zabardast insonlarning ruhiy madadlarisiz, bir lahza bölsin, yoruğ istiqbolli kelajagini tasavvur etib bölmaydi. Bu uluğlar kahkaşonida, bundan 537 yil muqaddam çaqnagan, betimsol Zahiriddin Muhammad Boburning munavvar siymosi ham çaraqlab turibdi.
Bobur mirzo şaxsi va qoldirgan merosiga, 130 yillik istibdod ostida qolgan millatimizning oçiq közli farzandlari istiqlolni qölga olgunga qadar ham, bot-bot murojaat qilganlar. “Ötkan kunlar”dagi Yusufbek hojining Vatan himoyasining eng old jabhasida şahid bölajak öğli Otabekka qilgan sönggi dil izhorida, Abdurauf Fitrat lirik qahramonining jahongir ajdodlar sağanasi poyidagi aççiq daʼvatlarida Bobur şavkatidan imdodlar yangraydi. Xalqi yodini tiklay, deb tilidan ayrilgan Oybek domla bedor tunlarda hazrat Navoiy bilan birga Mirzo Bobur ruhiyatini qalbdan his qilgan bölsa, ne tong…
Ötmişi haqidagi haqiqatlardan ayro tutilgan xalqimizning Bobur siymosini yaqindan idrok etişida, şubhasiz, jafokaş adib Pirimqul Qodirovning xizmatlari beqiyosdir. “Yulduzli tunlar” romani tufayli yozuvçi boşiga tuşgan körguliklar, uni siyosiy basirlikda ayblagan kaslar qilmişlari xalqimiz yodidan çiqqan emas. Şukrki, Çingiz Aytmatovdek sadoqatli döstlar fidoyiligi bilan ham adib, ham asar saqlab qolingan edi.
Ayni şu yillari (1983 yil) özbekning yana bir elparvar farzandi Abdulla Oripov dilbar bobosi Bobur timsolida nomini tilga oliş mumkin bölmagan jahongirlar yodiga ham, ularning islomiy eʼtiqodiga ham işoralar qiladi:
Siz zobit — dastini çözgan dunyoga,
Siz — şoir, mangu bir alanga yoqqan.
Nainki bandalar, Sizning siymoga
Ne-ne saltanatlar kek bilan boqqan
Bahodirlik içra yor Sizga Xumoy,
Siz uluğ zotlarning izin bosgan er.
Nazmiy sajdagohda Sizga, hoynahoy,
Imomlikka ötgay faqat Alişer…
Bobur izin bosgan uluğ zotlar old qatorida, albattaki, hazrat Temur siymosi çöng salobati bilan namoyon böladi.
Keyinçalik yozuvçi Qamçibek Kenja tomonidan “boburiylardan biri”, deya alqanadigan Zokirjon Maşrabov esa öşa yillari Andijon şahri markazida hammaga qörquv solib turgan Lenin boşçiligidagi bolşeviklar tödasiga qöyilgan ulkan qora haykal yonidan köngliga bir yoruğ niyatni tugib ötar edi: “Xudo xohlasa, bir kun kelarki, şu haykal örnida Andijonning çin öğloni Bobur mirzoning siymosi qad rostlagay!”
Nihoyat, ötgan asrning 80-yillari oxirida, şörolar mamlakatida “qayta quriş” degan harakat avj olib, hamma özi bilan özi ovora bölib turgan payt buzib taşlanayotgan eski haykalning kamyob bölgan bronza metalini közdan pana joyga yaşirib, keyinçalik Bobur mirzoning muazzam haykalini yaratiş uçun işlatişga taqdim etgan ham ayni şu fidoyi inson edi.
Zokirjon aka umrini özi ixlos qöygan yurtdoşi Bobur mirzo hayoti va ijodiga doir maʼlumotlarni, badiiy asar va ilmiy tadqiqotlarni butun dunyodan topib, bir joyga jamlaşdek, maşaqqatli işga baxş etayotgani bor gap. Endi bir tasavvur qilaylik: barça uluğlarimizning mana şu Zokirjon ustozdek jon çekarlari, tinim bilmas, beminnat ixlosmandlari oyoqqa qalqqanida yurtdoşlarimizning bu uluğlar töğrisidagi bilim va tasavvurlari qançalar boyigan bölar edi…
Xalqimizning isteʼdodli şoira qizi — Qutlibekaning Xonzodabegim lafzidan aytgan mana bu çaqiriqlarida parçalangan meros ona yer — ona Turkistonining XX asrga kelib tuşib qolgan holidan bezovta, biroq istiqlolidan umidvor xalq ruhini sezgan, özi-da şu ruh ila kuçlangani ufurib turadi:
Yöllar mungdir — boravering, Boburjon!
Yöllar tundir — boravering, Boburjon!
Yurt tuzay deb yölga çiqqan yigitga
Yöllar öngdir, boravering, Boburjon!..
Özbekiston xalq şoiri Xurşid Davronning Bobur siymosiga ixlosi, unga bölgan eʼtiqod va intilişi bir zum susaygan emas. Bu kayfiyat şoirning “Bahordan bir kun oldin” — Istiqlol arafalarida bitgan ham ötli, ham armonli misralarida mana-man deb börtib turadi.
Maʼlumki, Bobur bobosi Amir Temur singari ota yurtida katta, mustahkam saltanat qurmoqni orzu qildi, şu yölda boşiga tuşgan jamiki ğamu kulfatga doş berdi. Lekin bu niyat amalga oşmadi. Har qança urinmasin, boşqa temuriyzodalarni şu buyuk tarixiy yumuşga boş qöşişga muntazam daʼvat etmasin, barça intilişlari bekor ketdi. Axiyri Kobulda taxt qurdi, Hindistonni zabt etdi, lekin vatanni — Andijonu Samarqandni qayta topa olmadi.
Bobosining mana şu holini, aççiq qismatini iç-içdan his qilgan Xurşid Davron Vatan — Onasi diydoriga sönggi bor tikilgan mard öğlon holatini bizning — 80-yillar avlodining yodiga mana bu tarzda muhrladi:
“… Zahiriddin, bu qanday savdo,
Qora hijrat sari yuz tutmoq?
Yuragingni etar-ku ado —
Tirik turib Vatandan ketmoq?
Zahiriddin, ortga bir qara,
Ortga bir boq, toki sen omon,
Axir keyin tuşlaringda ham
Bu tuproqni körmoğing gumon”.
Ot pişqirib töxtar, çavandoz
Uzangiga tirar oyoğin
Va böğziga töplar beovoz
Vujudiga tölgan titroğin.
Alam bilan yuragi urar,
Şivirlaydi titroq lablari:
“Hamma yerdan körinib turar
Samarqandning minoralari”.
Şoir Qadam Saidmurodov yuqoridagi asarning bir misrasi (“Zahiriddin, ortga bir qara”) epigraf qilib olingan şeʼrida bu alamli vidolaşuv sahnasini oxiriga yetkazib qöygandek:
Olğa-olğa, armonlar, qani,
Zulm qiling şu keça otga.
Qaramanglar, qaragan — ğanim,
Ketolmaymiz, qarasak ortga…
Hayotning, taqdirning şafqatsizligini qarangki, Bobur bilan birga “Hind sori yuzlonğon” boşqa har qanday kişida, jumladan, askardan tortib oşpazgaça ona yurtga — Andijonga qaytiş, Vatanga töyiş imkoni bor edi-yu podşoh Boburda, qölini çözsa har qanday joyga yetadigan çeksiz imkoniyatlar egasida, şu oddiy imkoniyat yöq edi. Oddiy askar va oşpazning qaytişi bilan Boburşohning qaytişi örtasida juda katta farq şu ediki — toki saltanatlar yaşar ekan, heç qaçon yöqolmaydigan buyuk qutqu boş kötaraveradi…
Toki mustabid tuzumlar bölar ekan, Boburdek şaxslarning nafaqat öz davrida, balki keyin ham xalq yodiga qaytişiga tösqinlik qiliş davom etaverişini Muhammad Yusuf “Andijon” şeʼrida alam bilan şunday ifodalagandi:
Qirq yil çorla, gördan çiqmaydi Bobur,
Çiqsa ham bağringga siğmaydi Bobur,
Hindu quçoğida uxlaydi Bobur,
Nega yiğlamaysan, ahli Andijon?..
Yaratganga şukrki, millatimiz, mamlakatimiz 1991 yil — hazrat Navoiy nomi bilan atalgan yilda öz istiqlolini qölga kiritdi. Yurtga, elning yodiga uning jömard farzandlari qayta boşladi. Özbek özining kim bölganini, qanday uluğ ajdodlar merosxöri ekanini qayta anglaşga kirişdi. Xuddi şu yillari XX asrning eng öktam va ölmas şoirlaridan biri Şavkat Rahmon “Boburiylar” nomli şeʼrining biror örnida uluğ ajdodi ismini tilga olmay, millat xotirasiga qaytayotgan barça madadkor siymolarni şu nom ostida ifodaladi. Va Siz bilan bizni özlikni, millatni anglaşdek masʼuliyatli işga tayyor bölişga, hargiz huşyorlikni yöqotmaslikka, haq-adolatga zaxa yetkazmay, yurtdagi uçinçi daryo bölib uyğoq yaşaşga mangu daʼvat qilib ketdi:
Ular kelar…
Nahot eşitgan,
nahot, ular bölgan xabardor
ikki daryo oraliğida
haq-adolat topdi deb qaror.
Birodarlar,
böling ehtiyot,
birodarlar,
yöllarga boqing —
Tangri kabi keksa oçunda
siz uçinçi daryoday oqing.
Rahmon Qöçqor.
