Talaba qachon o'qish-o'zlashtirishga qiziqmaydi?

Korrupsiya — zamonaviy jamiyatning global hamda ko'hna muammosi bo'lib, dunyoning barcha davlatlarida u yoki bu ko'rinishda mavjud. Ushbu salbiy illat faqat yuridik ahamiyat kasb etmasdan, ijtimoiy, siyosiy hamda ma'naviy oqibatlarni ham yuzaga keltiradi. Shuning uchun korrupsiyaga qarshi kurash hamda uning oldini olish har bir davlatning ustuvor vazifasi ekanligi ayni haqiqat.

Mazkur illatning oldini olishda ta'lim — eng kuchli qurol ekanligi isbot talab etilmaydigan haqiqatdir.

Shu o'rinda savol tug'iladi, ta'lim sohasida korrupsiyani yo'qotish mumkinmi? Shu kabi savollarga javob olish maqsadida Toshkent davlat yuridik universitetining Jinoyat huquqi va kriminologiya kafedrasi professori, yuridik fanlari doktori Gulchehra To'laganova bilan suhbatlashdik.

Prezidentimizning korrupsiyaga qaratilgan tanqidiy so'zlari amalda natija berayotgan bo'lsada, bu illat oliy ta'lim tizimida hamon saqlanib qolmoqda. Bunga asosiy sabab nima deb o'ylaysiz?

— Tan olish kerakki, bugungi kunda  ta'lim sohasini “korrup­siyasiz soha”ga aylantirish yuzasidan olib borilayotgan ishlar tahsinga loyiq. Mamlakatimizda xalqaro standartlar talablariga mos ravishda oliy ta'lim dargohlariga qabul jarayonlarining shaffofligiga erishish, ta'limdagi korrupsiya va poraxo'rlikning oldini olishga astoydil kirishildi. Lekin ba'zi talabalarda hamon bilim olishga intilishning yo'qligi, dangasalik hamda berilgan vazifalarni bajarmasdan, uni moddiy tomondan hal qilishga, o'z muammosini egri yo'llar bilan yechishga urinish korrupsion holatlarning saqlanib qolishiga olib kelmoqda.

Korrupsiyaga yo'l qo'ymaslik uchun qanday amaliy ishlarga o'tish kerak, deb o'ylaysiz?

— Oliy ta'lim tizimidagi korrupsiya bilan bog'liq muammolarni hal etishda, avvalo, muammoning ildiziga nazar solish kerak, deb o'ylayman. Masalan, ish beruvchiga bilimsiz, lekin diplomli xodim nima uchun kerak? Aksariyat tashkilotlarda hanuzgacha oshna-og'aynigarchilik, qarindosh-urug'chilik, tanish-bilishlik asosida ishga qabul qilish holatlari saqlanib qolayapti. Ayrim tashkilotlarga ishga qabul qilish jarayonida xodimning bilimi emas, uning diplomi, qanday rahbarga aloqadorligi  e'tiborga olinayapti. Qachonki, jamiyatimizdagi insonlar ongida, eng muhimi, diplomning mavjudligi emas, balki bilim va ko'nikmalarga ega ekanlik, ya'ni “asosiysi salohiyatli kadr” g'oyasining ustuvorligini  ta'minlashga erishsak, kadr­lar tanlashda xodimning kimligi emas, uning bilim darajasi asosiy mezon qilib olinsa, korrupsiyaga qarshi kurashda oldinga jiddiy qadam tashlangan bo'ladi.

Aynan yuqoridagi salbiy faktorlarning mavjudligi ta'lim tizimidagi korrup­siyaning saqlanib qolishiga zamin yaratadi. Qolaversa, ushbu jinoyatga yo'l qo'ymaslik uchun ta'lim jarayonida jamoatchilik nazorati institutlari faol ishlashi lozim. Aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yanada oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni kuchaytirish bilan birga, davlat organlari va tashkilotlarining hisobdorligi va faoliyatining shaffofligini oshirish zarur.

— Janubiy Afrika Respublikasidagi bir universitet peshtoqiga shunday so'zlar yozib qo'yilgan ekan: “Har qanday millatni yo'q qilish uchun atom bombasi yoki uzoq radiusga ta'sir qiladigan raketalarga hojat yo'q. Faqat ta'lim sifati pasaytirilsa va imtihonlarda talabalarga aldov uchun imkoniyat yaratilsa, bas!”. Siz bu fikrga qanday qaraysiz?

— Haqiqatan ta'lim sifatining pasa­yishi, iqtidorli yoshlar o'rniga tasodifiy kadrlarning sohaga kirib kelishi, millat tanazzuliga olib keladi. Uning har qanday bombadan xavfli ekanligi isbot talab qilmaydi. Shu jihatdan, ta'limda korrupsiyaga qarshi kurashishda muhim tashkiliy-huquqiy islohotlar amalga oshirilishi kerak. Mazkur sohada korrupsiyaga qarshi kurashda keng jamoatchilikni jalb etish o'z samaralarini beradi, deb hi­soblayman.

— Nima deb o'ylaysiz, o'qituvchilarning oyligi so'nggi ikki yilda ketma-ket oshirilgani ta'limdagi korrupsiyani kamaytirishga xizmat qilmoqdami?

— Albatta, o'qituvchi, shifokor va bosh­­qa byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdori ro'zg'or xarajatiga munosib bo'lsa har qanday holatda ham ularni noqonuniy pora olishga majbur qilmasligi aniq. Natijalarga qaraydigan bo'lsak, maoshlar oshirilganligi natijasida korrupsiya holatlari oldingi yillarga qaraganda sezilarli darajada kamaydi. Shuningdek, hozirda pedagog-xodimlarga ustamalar va moddiy rag'batlantirishlar berilayapti. Bularning bari korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlardir.

Shu yildan boshlab oliy ta'lim muassasalarini bosqichma-bosqich, o'zini-o'zi moliyalashtirish tizimi joriy qilinmoqda. Oliy ta'lim muassasalari mustaqil bo'lgach quyidagi huquqlarga ega bo'ladi: xodimlarga ustamalar va moddiy rag'batlantirish va boshqa turlari miqdorini mus­taqil belgilaydi. Shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlaridan bo'lgan talabalarni moddiy rag'batlantirish va qo'llab-quvvatlash tizimi yanada adolatli tartibga olinadi.

Bilamizki, Kembridj, Oksford kabi nufuzli universitetlar poytaxtdan bosh­­qa okruglarda joylashgan. Poytaxtda yashash va umuman hayot kechirish ko'p xarajat talab qilishini inobatga olsak, bizda ham ayrim oliy o'quv yurtlarini poytaxtdan tashqariga olib chiqish maqsadga muvofiq bo'ladi. Bu, birinchidan, poytaxtdan tashqaridagi hududda urbanizatsiya darajasini oshiradi. Ikkinchidan, perife­riyadagi turmush tarzi yaxshilanadi. Uchinchidan, talabalarning sarf-xarajatlari minimal darajada bo'ladi. Masalan, hozirgi kunda Jismoniy tarbiya va sport universiteti Chirchiq shahriga ko'chirildi. Bu ham talabalarga ancha qulayliklar yaratdi.

— Yuqorida, ta'lim tizimida, albatta, yengil-elpi yo'lni tanlagan talabalar ham korrupsiyaga yo'l ochadi, dedingiz. Bunday vaziyatlarda o'qituvchi qanday yo'l tutmog'i zarur?

— Ta'lim sohasida korrupsiyaning borligini miyasiga singdirgan  yoshlarda bilim olishga bo'lgan qiziqish pasayadi. Baholar sotib olinadi, degan o'yda yurgan yoshlar soni ko'paysa, bu achinarli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Natijada universitetni kam yetarli yoki mutlaqo yetilmagan mutaxassislar bitirib chiqadi. Bu, o'tgan yillarda, mamlakatimizda iqtidorli kadrlar yetishmasligiga sabab bo'lgandi. Bunday holatlarda o'qituvchi korrupsiyaga yo'l qo'ymasligi kerak. Yo'qsa, korrupsiyaga qarshi kurash bo'yicha qancha choralar belgilamaylik, agarda ta'lim muassasasidagi har bir xodim, u oddiy pedagogmi, professormi yoki yordamchi xodimmi, vij­donan poraxo'rlikka qarshi turmasa, shuningdek, o'zida halollik immunitetini hosil qilmasa, kutilgan natijalarga erishib bo'lmaydi.

Feruza Rahimova suhbatlashdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 3 =