Bobur ijodi rus maktablarida

Maktabimizda turli millatga mansub oila farzandlari rus tilida tahsil olishadi. Ularga boy milliy merosimizni o'qitish, ulardan bahramand etishning birmuncha mashaqqatli va maroqli jihatlari bor, albatta. Chunonchi, ular o'zbek tilining bugungi imkoniyatlaridan kelib chiqib fikrlashadi, gapirishadi va muloqotda bo'lishadi.

Mumtoz adabiyotimiz namunalarini, aynan Zahiriddin Muhammad Bobur ijodini o'rganishda bolalar birmuncha qiyinchiliklarga duch kelishlari mumkin. Mumtoz adabiyotimizda istifoda etilgan so'z va terminlarni, Boburning yuksak darajadagi badiiy mahoratini o'quvchiga yetkazib berish o'qituvchidan yuqori salohiyat talab qiladi.

Deylik, yuqori sinflarda Boburning ushbu ruboiysi o'qitiladi:

Tole' yo'qi jonimg'a   balolig' bo'ldi,

Har ishniki ayladim xatolig' bo'ldi.

O'z yerni qo'yib Hind sori yuzlandim,

Yo rab, netayin, ne yuz qarolig' bo'ldi.

Bir qarashda soddagina, yurt hajrida, Vatan sog'inchida, ona-diyordan mosuvolik og'rig'ida bitilgan ushbu ruboiyni tamoman boshqa bir mentalitetda tarbiya topayotgan o'quvchi qalbining tub-tubiga olib kirishning birmuncha mashaqqatli jihatlari bor, albatta. Chunonchi yurtni, Vatanni, oilani tashlab o'zga bir yurtga yo'l olish boshqa millat vakillari uchun bizdagiday fojiali tuyilmasligi mumkin.

Yoki boshqa bir ruboiysida yozadi:

Har kimki vafo qilsa, vafo topqusidur,

Har kimki jafo qilsa, jafo topqusidur,

Yaxshi kishi ko'rmagay yomonlig' hargiz,

Har kimki yomon bo'lsa, jazo topqusidur.

Biz albatta, Bobur ijodini o'rganishda, bu asarlarning tub mag'zini chaqish uchun, avvalo, o'zbek bo'lib tug'ilish kerak, degan qarashlarga amal qila olmaymiz. Chunki har qanday asar umuminsoniy g'oyalarni o'zida ifoda etadi va shunisi bilan umuminsoniyat uchun xizmat qiladi. To'g'ri, rus tilli bolalar bu asarlarni baribir o'ziga xos aksent bilan ifodali o'qishadi. Biz uchun muhimi, bu emas. Muhimi, o'quvchi Bobur ijodini tushunishda, mag'zini chaqishda, uning tushunchalarida aksent bo'lmasligi kerak.

Shuningdek, “Boburnoma” asarining o'qitilishi ham bolalar uchun qiziqarli. Jahonga dong'i ketgan bu asar asosida qator badiiy asarlar yaratilgan. Ma'lumotlarga ko'ra, Flora Anna Stilning “Boburxon” (Parij, 1940), Fernard Grenardning “Bobur” (Parij, 1930), Harold Lembning “Bobur-yo'lbars” (Nyu-York, 1961) romanlari, Vambek Gaskonining “Bobur va uning avlodlari yoki Buyuk mo'g'ullar” (Nyu-York, 1980) esse-romanlari alohida e'tiborga molik.

Hindistonlik Muni La'l boburiylar tarixiga asoslanib 6 ta roman yozgan. O'zbek adabiyotida Oybek, Pirimqul Qodirov, Xayriddin Sultonov Boburga bag'ishlab roman, qissa va dostonlar yaratdilar. Xurshid Davron buyuk vatandoshimizga bag'ishlangan “Samarqand xayoli” qissasini va “Bobur sog'inchi” pyesasini yozdi. Shubhasiz, bularning hammasi rus maktablarida ham Bobur hayoti va ijodini o'rgatishda o'ziga xos o'rin tutadi.

Dildora Saidxo'jayeva,

Chilonzor tumanidagi

163-maktabning o'zbek tili va adabiyoti fani o'qituvchisi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen − 15 =