Bekatdan bekatgacha…

Havo sovuq, buning ustiga “Oloy” bozori qarshisidagi bekatda odam gavjum. Avtobuslar ham serqatnov, salonidagi yo'lovchilar “to'kilib” ulgurmasidan bekatdagilar o'zlarini ichkariga urishadi.

Soat 1830 lar edi, kimdir ishdan, kimdir o'qishdan qaytadigan payt. “Chorsu”, “Maksim Gorkiy”, “Qo'y­liq”qa ketamiz, deb yo'lovchi chaqirayotgan konduktorning baland ovozi, xuddi bozordagi sotuvchilarning “kep qoling, qaynog'idan bor”, deya xaridor chaqirishiga o'xshaydi. Bozor bilan jamoat transportining farqi qolmayapti o'zi.

Ana uzoqdan 93-yo'nalishdagi avtobus ko'rindi. “Ey, nari tur, chiqdingmi, endi o'rtaga suril” degan gaplar bilan bir amallab avtobusga chiqib oldim. Ko'rib ko'zing quvnaydi, salondagi yoshu qarining qulog'ida sim quloqchin, qo'lida allambalo telefon, biri boshini sarak-sarak qilsa, biri boshini orqaga tashlab, ko'zlarini yumib miriqib ketayapti. Bilaman bari g'arb musiqasini tinglayapti. Lekin bu ularning ixtiyori.

Bunday tirbandlikda musiqa ting­lashdan boshqa yana nima ish qilish mumkin, demoqchi edim… Yo'q bo'larkan. Ana orqa tarafda, ko'rinishidan talabaga o'xshaydi, sipo kiyingan qiz kitob o'qiyapti. “Odam zo'rg'a sig'ayotgan joyda kitobga balo bormi, yig'ishtir kitob-pitobingni, uyingda o'qiysan”, jerkib berdi tiqilinchda zo'rg'a nafas olayotgan amaki. “Ilojini topsa, avtobusning tomiga ham odam chiqazadi bular”, deb to'ng'illadi boshqa yo'lovchi.

Hamrohlarim gapini eshitib borayotuvdim, haydovchiga qarab: “Avtobusga yo'lovchi sig'imi qancha o'zi, yo'nalishlar bo'yicha taqsimlangan avtobuslar grafikka to'liq amal qiladimi?! Qachongacha odamlar yo'llardagi vaqtini uzoq kutish va asabiylashishga sarflaydi?!” — demoqchi edim, xayolimni konduktorning: “Tushadiganlar yo'l haqini tayyorlasin”, degan undovi chalg'itdi.

Oylik yo'l chiptasi borlarga mazza, amallab eshik oldiga yetib olsa, marra ularniki. Qolganlar yo'l haqini berish va qaytimini olish uchun navbat kutishi kerak. Kutganing­ga yarasha qaytimini to'liq bersa mayli, ammo 2000 so'm pul uzatganlarning aksariyati qaytimiga 500 so'mni olib, jimgina tushib qolaveradi.

O'zbekmiz-da, indamay o'rganganmiz! Menim-cha yo'l haqi 1400 so'm edi. Qiziq, bunday “indamasliklar” evaziga minglab yo'lovchilardan har kuni yig'iladigan 100 so'mliklar bir kunda qancha bo'lar ekan-a?!

Jamoat transportida yo'lkira haqini to'lash tizimining yangicha usullarini amalda qo'llash vaqti yetmadimikan, siz nima deb o'ylaysiz, hurmatli yo'lovchi?

Shirinoy Azadova,

O'zJOKU talabasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen − twelve =