Daxldorlik tuyg'usi

O'tgan hafta qishloqqa bordim. Mahalla guzarida yoshi ulug' bir hamqishlog'imiz savolga tutdi. “Raqamli iqtisodiyot nima degani, bizga sodda qilib tushuntiring”. “Mayli, yoshlarni ham chorlang, birga gurung qilamiz”, dedim. So'ng ular so'rashganday sodda izoh bera boshladim.

— Esingizdami, 35-40 yillar ilgari sobiq ittifoq hududida ishlab chiqarilgan “Rekord”, “Gorizont”, “Foton” kabi rusumli televizorlar bo'lardi. Ekrandagi tasvir xiralashib, to'lqinli chiziq hosil bo'lardi. Shunda televizorning tepa qismiga gursillatib urardik. Shu zarbadan so'ng egri-bugri chizgilar to'g'rilanar, agar kanal almashtirgich sinib qolsa, bu murvatni ombir bilan aylantirardik. Endi hozirgi paytda yurtimizdagi “Artel” rusumli televizorni ko'z oldingizga keltiring. Uni o'tirgan joyimizdan pult tugmalarini bosish orqali boshqaramiz. Yangi zamon televizorlariga raqamli texnologiya tatbiq qilingan. Eski televizor chiqarilgan paytda raqamli texnologiya umuman bo'lmagan. Demak, raqamli iqtisodiyot taraqqiyot, rivojlanish hosilasi ekan.

Ilm, ma'rifat o'sishi hisobiga raqamli iqtisodiyot namoyon bo'lmoqda.

Tinglovchilar sodda misoldan ta'sirlanib, savol berishdi. “Ayting-chi, raqamli texnologiyaga inson omili aralashmaydi, degani nima?” Tushuntirish uchun yana misolga murojaat qildik. “Bundan to'rt-besh yil muqaddam plastik kartochkangizdagi naqd pulni qanday yechib olardingiz?”. “Eh-he, esimizdan ham chiqayozibdi, ayrim chaqqonlar orqali 15-20 foiz hisobiga naqdlashtirardik. Endi Prezidentimizga ming rahmat, naqd pul muammosi umuman yo'q”.  Juda yaxshi, istalgan infokioskda millionlab so'm pulni tegishli raqamlarni bosish orqali 1 foizlik xizmat haqi evaziga naqd pul qilib olyapmiz. 15-20 foiz qaerdayu 1 foiz qaerda? Ko'ryapsizmi, bu ishga inson omili aralashmayapti. Yana raqamli texnologiya jonimizga oro kiryapti. Kim bilsin, shu texnika bajaradigan ish biror odamga topshirilsa, “Naqd pul kamaydi, agar foizni oshirsangiz, hojatingizni chiqarib beramiz” deyisharmidi?!

Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasi, ko'pchilik kutganiga yarasha, yangiliklarga boy bo'ldi. Mana shunday yangiliklardan biri: “Jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish, davlat va jamiyat o'rtasida o'zaro yaqin hamkorlik o'rnatish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Jamoatchilik palatasini tashkil etishni taklif qilaman”. Shu gap yangraganda butun zal oyoqqa turib olqishladi. O'ylovdimki, Murojaatnoma e'lon qilingandan keyin Jamoatchilik palatasi masalasida juda ko'plab takliflar tushsa kerak deb. O'zbekistonda 10 mingdan  ziyod nodavlat-notijorat tashkilotlar faoliyat yuritayotgan bo'lsa, nahotki ularda fikr uyg'onmagan bo'lsa?! O'sha soha vakili bo'lgan bir tanishimdan sekin so'radim: “Nega Jamoatchilik palatasi haqida hech kim fikr bildirmayapti?”. Javob shunday bo'ldi: “Avval davlatimiz rahbari imzosi bilan hujjat e'lon qilishini kutyapmiz”. Ana, xolos! Biz uchun hamma narsani Prezident qilib berishi kerakmi?! Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg'usi qani?

Keyinchalik o'tkazilgan anjumanda Prezidentimiz Jamoatchilik palatasini tashkil etganda milliy mentalitetimizga xos azaliy qadriyatlar hisobga olinishini ta'kidladi. Ya'ni, donishmand va oqil xalqimizning maslahat va kengash asosida ishlashi naf keltirsin. Yana bir muhim qirra esa jahon mamlakatlarining ijobiy tajribasini hisobga olishdir. Jamoatchilik palatasiga kimlar a'zo bo'lishi kerak? Hayotning past-balandi, issiq-sovug'ini ko'rgan xalqimiz yaxshi yashashi uchun nimalar qilinishi kerak, degan savolga javob beradigan yurtdoshlarimiz o'z bilim va tajribalarini baham ko'rishi nazarda tutiladi. Ushbu palata a'zolari, avvalo, vatanparvar, yurtsevar, g'ururli, faol bo'lishlari lozim. Ilm-fanda yuksak cho'qqilarni egallagan, sport arenalarida O'zbekiston nomini dunyoga taratgan millat fidoyilari, el-yurt ichra katta obro'ga sazovor shaxslar ushbu palata safida bo'lishlari ayni muddaodir. Bitta misol keltiraylik. “Munosabat” tok-shousida eng dolzarb masalalar muhokama qilinadi. Shu ko'rsatuv boshlovchisi O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Quddus A'zamov Jamoatchilik palatasiga a'zo bo'lsa, juda ko'p ibratli fikrlarni berishi mumkin. Bu bir mulohaza, fikr albatta.

Prezident siyosati, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati, Hukumat amalga oshirayotgan ish tutumi xalq tomonidan qanday qabul qilinyapti, yana qanday yangicha vazifalarni hayotga tatbiq etish mumkinligi Jamoatchilik palatasi faoliyatida namoyon bo'lmog'i lozim. Prezident Murojaatnomasida aytilganidek, “Jamoatchilik ma'qul desa — ma'qul, noma'qul desa — noma'qul bo'ladi”.

Xalqimiz tabiatida ajoyib udum bor: kimdir muhim ishga qo'l urmoqchi bo'lsa, yoshi ulug' tabarruk insonlar maslahati va fotihasini oladi. Shunda hammaning ko'ngli to'q, niyati aniq, qadami dadil bo'ladi. Faqat Vatan taraqqiyoti, el-yurt obodligi, xalq farovonligini o'ylaydigan Jamoatchilik palatasida ezgu ishlarga yorug' yo'llanma berishi ko'ngillarga madad bo'ladi. Ana shu duoni olish “halollik vaksinasi” bilan emlanishga teng. Ko'ngilda ezgulik ahdi, metin e'tiqod jo'sh ursa, Yaratgan ham qo'llab-quvvatlaydi.

Prezidentimizning “Qonunlarning yagona manbai va muallifi xalq bo'lishi kerak” degan qanotli iborasi yuqorida bayon etilgan fikrlarimizni tasdiqlaydi. Jamoatchilik palatasi davlat hokimiyatining birdan-bir manbai — Xalq aql-zakovatidan oziq oladi. Asriy tajribalar hayotimizni yanada yaxshilashga xizmat qiladi. Shunday yondashuv har bir fuqaroning ertangi kunga ishonchini, dildagi g'urur tuyg'usini oshiradi. Xalqning qudratli kuchi Vatan taraqqiyotini yuksaltirishga sabab bo'ladi.

Shuhrat Jabborov,

O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 + one =