Kitobni unutgan avlodga yozish iztirobi

Adabiyotga har birimiz o'zimiz yeta olgan, chiqa olgan balandlikdan qarashga odatlanganmiz. Asarni o'qish asnosida yozuvchining nigohi bilan dunyoga qarab, qahramon kechinmalariga o'z qalbimizda qayta ishlov beramiz. Yozuvchi bizni dengizning goh tubiga uloqtiradi, goh tog'u toshlarga otadi, goh yurakning boshi berk ko'chalariga olib kirib qo'yadi. Shunday bo'lsa-da bu kabi botiniy girdobdan bemisl qudrat, ruhiy quvvat tuyamiz. Qalbimizning hali yozuvchi qalami yetmagan nuqtalarida adabiy tashnaligimiz Xizr suvi ichgan misol qayta “tirilaveradi”.

Nazar Eshonqul — o'zbek kitobxonlariga o'zining “Urush odamlari” qissasi (1989), “Ufq ortidagi quyosh”, “Maymun yetaklagan odam” (2004), “Shamolni tutib bo'lmaydi” (2005), “Momoqo'shiq” (1991), “Yalpiz hidi” (1996), “Shaftoli guli” (2011), “Go'ro'g'li”(2018) kabi kitoblari bilan yaxshi tanilgan. Yozuvchi bilan qilgan bugungi suhbatimiz Adabiyotning o'z “siyosat”i, yozuvchining bu maydondagi mavqei va jamiyatda tutgan majburiyatlari haqida bo'ldi.

— Nazar aka, suhbat uchun oldindan rahmat. Siz xalqimizning sevimli yozuvchilaridan birisiz. Aytingchi, bugun yozuvchilarimiz xalqimiz muammolariga, depsinishlariga, orzu-armonlariga malham bo'ladigan so'zni ayta olyaptimi?   Axir o'z vaqtida Qodiriy, Cho'lpon, Fitrat ham asarlaridagina emas, publitsistik maqolalarida ham millatning, xalqning og'riqli muammolarini ko'tarib chiqishgan. Bugun xalqimiz dardiga adabiyot, ijod ahlining sherikligi qay darajada sezilayapti?

— Savolingizga “Sezilmayapti” deb javob berishim qanchalik to'g'ri bo'lsa, shuningdek, “Dardiga malham bo'layapti” degan javob ham shunchalik o'rinli bo'ladi. Har ikki javobda men ham qaysidir ma'noda o'z asoslarimga egaman. Ijodkorning “millat vijdoni bo'lishi kerak!” degan biroz balandparvoz unvoni bor. Balandparvoz bo'lsa-da, bu bor gap. Azaldan va hozir ham o'zini milliy adabiyotga daxldor deb biladiganlar (bu gapning tijoriy adabiyotga aloqasi yo'q) adib va shoirlarga millat vijdoni sifatida qarash va kerak bo'lsa talab qilish kerak ham. Millatga vijdon bo'lish o'ta sharafli va o'ta mas'uliyatli maqom. Siz aytgan Qodiriy va Fitratlar o'zlarini shu maqomda deb hisoblashgan va bu vazifani sharaf bilan uddalashgan. Ammo “vijdoni bo'lish” siz aytgan “publitsistika”dan, ya'ni bugungi har bir o'tkinchi masalalarga munosabat bildirish ko'rinishida bo'lsa, men “Yo'q, biz xalq dardiga sherik bo'lolmayapmiz!”, deb javob bergan bo'lardim. Chunki bugungi shoir va yozuvchilarimiz xalqimiz duch kelayotgan, uni qiynayotgan kundalik muammolarga Abdulla Qodiriy yoki Fitrat kabi murosasiz va faol emas. Ya'ni, u ba'zi bir hokimlarning, amaldorlarning o'zboshimchaligidan tortib, jamiyatda umuman, adolatning har qanday ko'rinishda toptalishiga qarshi faol munosabat bildirmayapti, bugungi sanoqli blogerlar kabi ularning “dardlari”, “og'riqlari”ni shu kunning o'zida ko'tarib chiqmayapti, ya'ni adabiyot xalqning kundalik “orzu-umidi”, “dardi va og'riqlari”dan uzilib qolgani, bu muammolarga yo befarq bo'layotgani yoki adabiyot kiyimini va niqobini taqib olib, atrofda yuz berayotgan haqsizlik va yolg'onni xaspo'shlayotgani, hatto manfaat uchun o'sha yolg'onning bir qismiga aylanib olayotgani ham bor gap. Bundan ko'z yumib bo'lmaydi. Ammo men tabiatimdan kelib chiqib, “kundalik muammolar va orzu-umidlarga, kundalik adolatsizlik va haqsizliklar”ga nisbatan “faol munosabatda bo'lish”ni unchalik ham adabiyotning ishi, deb bilmayman.

— Buning   adabiyotga daxli bor yoki bunisi begona deyish qay darajada o'rinli?

— Adabiyot kundalik, yo'l-yo'lakay yuz berayotgan haqsizlikni, ba'zida haqsizlik bo'lib ko'rinayotgan hali oydinlashmagan masalani emas, umuman, umummilliyatga daxldor yolg'onning mohiyatini, asosini ko'rsatish bilan shug'ullanish kerak deb o'ylayman. Kundalik yolg'onni hamma ko'rib turibdi, ammo bu yolg'onning mohiyatini faqat sof ijodkor, sof aql, ya'ni o'sha “xos iste'dod” ko'ra oladi. Men uchun adabiyot ana shu “xos iste'dod” vositasida xalqning kundalik og'riq, o'tkinchi muammolari ortida bekinib yotgan umummilliy og'riq va iztirobni, armonlarni, dardni ko'radi va ko'tarib chiqadi, bu muammoni ijtimoiy fikrga aylantiradi. Kundalik muammolarni matbuot ham ko'tara oladi. Ammo millatni, jamiyatni qiynayotgan tom ma'nodagi dard va iztirobni faqat iste'dod ko'radi va o'rtaga tashlay oladi.   Adabiyotni jurnalistikadan farqlash kerak.

— Adabiyot jurnalistikadan farqlanmaganidan emas, asarlarda ijtimoiy yukning yo'qligidan, asarlar yelimlangan dardga to'lib ketayotganidan shu savolni berayapman…

— E'tibor bersangiz, Siz aytgan Qodiriy yoki Fitratga azob bergan iztirob va dardlar ularning publitsistikasidan ko'ra badiiy asarlarida kengroq, chuqurroq, asosliroq ko'rsatib berilgan. Bu bilan men shoir-yozuvchilarning bugungi muammolarga loqaydligi va befarqligini oqlamoqchi emasman. Adabiyotning bugun bo'lmasa ertaga hal bo'ladigan, yechimini topadigan, umuman, jurnalistika shug'ullanadigan muammolarga o'ralashib qolmasligi tarafdoriman. Agar bugungi og'riq va dardlarimizni bilmoqchi, mohiyatiga yetmoqchi bo'lsak, tom ma'nodagi adabiy asarlarni tahlil qilib ko'raylik. Ularda umummilliy dard va iztiroblarimiz yotibdi. Oddiy bir misol. Men avval ham bir-ikki chiqishda aytgandim. Bizning ko'plab bugungi milliy dardimiz, iztirobimiz, og'rig'imiz, umuman qanday yashayotganimiz, ma'naviy qiyofamiz, bugun bizni asli nima qiynayotgani, misol uchun yozuvchi Ahmad A'zamning “G'ulistonga safar…” asarida o'z aksini topgan.

Mayli, uzoqqa bormay,   so'z jangida suyagi qotganlarni aralashtirmasdan, endi adabiyotga kirib kelgan Jontemir, Tillaniso, M.Norchayeva kabi yoshlarning bitiklarini o'qisangiz ham haqiqiy badiiy milliy dard va milliy iztiroblarga duch kelasiz. Aslida haqiqiy dard va iztirob adabiyotdagina o'zining butun ko'lami bilan namoyon bo'ladi. Bu xil asarlardagi iztirob va dard mohiyatini tushunmasdan, tahlil qilmasdan turib, xuddi Kafkaning Zamzasi, Ch.Aytmatovning “manqurt”i kabi bugungi badiiy asarlarda o'zimizni ko'rmaguncha, uni o'zimizning sabog'imiz va fikrimizga aylantirmaguncha, “adabiyot befarq”, deb ayb qo'yishga, shaxsan mening haqqim yo'q.

Bugungi insonning dard va iztiroblarini aks ettirgan, bu dard va iztiroblarni keltirib chiqargan asosga, ildizga, muhitga murosasiz bo'lgan asarlar bugun ham yozilayapti. Ammo biz hali ularni “o'zimiznikiga” aylantirganimiz yo'q, to'g'rirog'i, o'qiyotganimiz, tahlil qilayotganimiz yo'q. Bu asarlar bugunning dard va iztiroblari ekanini anglay olganimiz yo'q. Biz agar bugungi yozilgan tom ma'nodagi badiiy asarlardagi og'riqlarni, dardlarni his qilganimizda, uni o'zimiznikiga aylantirganimizda, ulardagi ramziy-timsoliy ilmlarni (kodlarni) anglay olganimizda boshqacharoq yashayotgan, bugungi ko'plab muammolarni allaqachon hal qilib qo'ygan bo'lardik… Badiiy asar o'qish bugun juda noyob fazilatga aylanib borayapti. Didimiz siz aytmoqchi informatsion texnologiya vositalarining, blogerlarning, bir paytlar “sariq matbuot” deb atalgan jamiyat hayoti ko'pigining maromiga, didiga, yo'siniga moslashib qolgani bor gap. Eng qizig'i, bu holat kitob o'qish davlat siyosatiga aylangan paytda yuz berayapti. Hamma narsa o'zimizga bog'liq bo'lib qolgan pallada. Hamma narsa ichki ehtiyojimizga, shaxsiy intilishimizga bog'liq pallada… Biz bugun so'zda adabiyotga qanchalik yaqinlashgan bo'lsak, amalda undan shuncha uzoqlashib borayapmiz. Bugungi haqiqiy shoir va yozuvchilar chekiga kitob o'qimaydiganlar, kitobdan uzoq, kitobni unutganlar uchun kitob yozish mahkumligi tushgan. Bugungi tom ma'nodagi adabiyot, tom ma'nodagi badiiyat mana shu iztirob, dard ila yashayapti.

— Juda og'riqli gapni aytdingiz.

— Xususan, bugungi elektron asrni men aynan shunday baholayman. Aslida bu kitoblar yoqilgan, toptalgan, qabristonlarga ko'mib qo'yilgan davrlardan ham ayanchliroqdir.

— Xalqni kitobga qaytarish uchun nimalar qilish kerak Sizningcha? Tadbir va tanlovlar bilan kitobxon avlodni tarbiyalab bo'ladimi?

— Odamlarni kitob o'qi, deb kitobga jalb qilib bo'lmaydi. Bu masala bitta davlat rahbarining yoki shoir-yozuvchining gardanidagi yumush emas. Avlodlarimiz kitobxon bo'lmog'i uchun har birimiz, avvalo, o'zimiz kitob o'qib turishimiz lozim. Bu uchun og'izda emas, qalban kitobxon bo'lishimiz kerak.Tadbir va tanlovlar esa tomoshabin bo'lishdan o'zimizni qutqarish, xolos.

— Yaxshi bilamizki, har bir millatning millat sifatida shakllanishida, taraqqiy etishida ularni birlashtirib turadigan umumorzulari, umummaqsadlari bo'lgan. Bugun o'zbekning millat sifatidagi eng ulkan orzusi nima deb o'ylaysiz?

— Butun xalqning orzusini yelkamga olib, gapirish ilojsiz, lekin mening eng katta orzuim — millatimizning tom ma'nodagi millat bo'lishi. Shunday. Milliy tafakkurimiz, yashash tarzimiz, atrofga, dunyoga, olamga, jamiyatga munosabatlarimizdan kelib chiqsak, biz hali ham ulkan orzularga talpinayotgan, ammo manzil sari ko'pam oshiqmayotgan odamlarmiz.

— Tuzumlar, zamonlar har qanday davrda Adabiyotga o'z “muhr”ini qo'ygan. Biroq har qanday qaltis zamon ham o'zining shoh asarlarini kelajakka uzatgan. Nima deb o'ylaysiz, biz kelajakka qaysi asarlarni olib o'ta olamiz?

— “Biz” deganingiz asrni anglatayaptimi, ellik yilliknimi yoki o'n yillikni? Bir asr yoki yarim asrlik jarayon haqida bo'lsa, bular haqida vaqt o'zining so'zini aytib bo'lgan. Agar keyingi o'n, o'n besh yil haqida gap ketayotgan bo'lsa, bu savolga ham vaqt javob beradi. Mening vaqtga hakamlik qilish niyatim yo'q. Qanchalik xomtama bo'lmaylik, Vaqt o'z so'zini aytadi. Lekin baribir shu yillarda yozilgan ma'lum bir asarlarga ham kelajak muhri allaqachon bosilganiga ishonaman. To'g'risini tan olaylik, aslida o'tkinchi va azaliy badiiy so'z asli nimaligini his qilgan, anglagan, didi va badiiy vijdoni toza,   har bir odam bu savolga javob topib bo'lgan.

— Umuman, adabiyotda avlod tushunchasiga qanday qaraysiz? Avlodlar haqiqiy ma'noda avlod bo'lib shakllana olyaptimi, ular nari borsa mahalliychilik, guruhbozlik maqomida qolib ketmayaptimi? 60-70 yillardan keyin adabiyotda avlodlar paydo bo'ldimi?

 — Avlod haqida mening qarashlarim o'ta juz'iy. Adabiyotshunoslar nuqtai nazari bilan qarasak, o'ta nisbiy deyish ham mumkin. Men uchun didni va ifoda usulini, adabiy qarashlarni   yangilagan, So'zning ko'lamini yangi bosqichga olib chiqqanlargina avlod deyilishga munosib. Shu ma'noda Hamza, Qodiriy, Cho'lpon, Abdulla Qahhor 40-50 yillarda ijod qilganlarini bir avlod deb bilaman. 60-70-80 yillar adabiyotga kirib kelganlar ham men uchun bir avlod. Biri boshlagan, ikkinchisi oxiriga yetkazgan. 90-yillar va yangi asr boshida adabiyotga kirib kelganlar o'zlarining qarashlarini endi maromiga yetkazayapti. Keyingi o'n yillikda adabiyotga kirib kelayotganlar, ayniqsa, she'riyatda, katta umid uyg'otayapti. Men adabiyotshunoslarning diqqatini men yuqori deb sanagan kabi o'nlab yoshlarning ijodini, So'zlaridagi o'ziga xosliklarni, yutuq va nuqsonlarini kengroq tahlil qilishga, shu orqali ularning dardini, adabiy ko'lamini his qilishga qaratishlarini so'ragan bo'lardim. Bu yoshlar so'zning nafaqat obrazliligini, balki uning shijoati va intellektual jihatini ham ko'tarishga urinishmoqda.

— Bugungi o'quvchi sms-xabarlarni o'qish ritmida shakllanyapti? Qisqalikka ko'nikayotgan yoshlarda   “Telba”, “Uliss”, “Uning ismi Roza”, “Xazar lug'ati” kabi semiz-semiz, shuning barobarida badiiy pishiq kitoblarni o'qiydigan va yozadigan avlod shakllanadimi?

— Esimda yo'q, kimdir alam bilan aytgandi: “Bugungi avlod o'zining pasportini ham oxirigacha o'qimagan”, deb. Shu ma'noda siz haqsiz. Ammo masala shundaki, zamon yukini, intellektini, saviyasini “SMS” bilan shakllangan omma yoki olamon emas, dunyoda o'qilishi shart bo'lgan kitoblarni o'qigan sanoqli kishilar hal qiladi. Agar bugungi avlod davr jilovini o'z qo'liga olmoqchi bo'lsa, qalin yoki yupqaligidan qat'i nazar, o'zigacha yaratilgan o'qilishi shart bo'lgan bashariyat ongi va tafakkuri mahsuli bo'lgan kitoblarni o'qishi shart. Yo'qsa, inson haqidagi bilimlari kemtik bo'lib qolaveradi. Kemtiklik bilan esa dunyoni o'zgartirib bo'lmaydi, uni faqat tanazzulga yetaklash mumkin. Qaysi yo'lni tanlash avlodning o'z qo'lida…

— G'afur G'ulom nomidagi nashriyotda “Go'ro'g'li” romaningiz chop etildi…

— Roman yigirma yillar stolimda yotdi. Ikkita nashriyot olib, qaytarib berdi. Yumshoq qilib aytganda, qarashlarimiz to'g'ri kelmadi. 2016 yil shoira Oydinniso chop etish taklifi bilan chiqdi. O'zi olib ketdi. Nashriyotdagilar qo'lladi. Shu. Kitob holida chiqqach ko'plarda roman haqida to'laqonli tasavvur paydo bo'ldi. O'qiganlarda meni tanqid qilish yoki xayrxohlik bildirish imkoni tug'ildi. Kech bo'lsa ham Oydinnisoga, nashriyotdagilarga o'z minnatdorligimni bildiraman.

— Ijod laboratoriyangiz bilan tanishtirsangiz… Asarlaringiz ustida qanday ishlaysiz?

— Jarayon har xil kechadi. Ba'zilari birdan hammasi tug'iladi. Faqat sayqallash qoladi. Uzoq o'ylab yurib, yozish kerakligini his qilganimdan so'ng yozaman. Birdaniga bir necha mashqlarni boshlab, tashlab qo'yib, qaysi biriga ayni ruhiyatim tushsa, o'shanga qaytib, xullas, o'zni gohida nodon, gohida daho his qilib, shayton va rahmon kurashini tanamda jo aylab, o'zimning yozuvchiligimga ming bir marta shubha qilib, bir ilojini qilib oxiriga yetkazaman.

— Siz uchun aniq bir adabiy etalon bormi? Adabiy olamingizning eng cho'qqisidagi yozuvchi tirik bo'lganida qaysi asar(lar)ingizni uning qo'liga hech ikkilanmay tutgan bo'lardingiz?

— Etalon ko'ngilning tubiga cho'kib yozish. Ko'ngil tubiga cho'kib yozilganlarini qaysi daho o'qimoqchi bo'lsa o'qiyversin. Xulosa uniki. Men hech bir yozganimni “falon yozuvchi o'qisa” deb ilinj qilmaganman. Umuman, men asarimni daho bo'ladimi yoki oddiy odammi, tushunib, anglab o'qisa, bo'ldi. O'quvchilarni maqomlarga, darajalarga, unvonlilarga ajratib tasavvur qilib ko'rmaganman. Men uchun o'quvchi ikkiga bo'linadi: o'qigan va o'qimaganlar. Lekin baribir agar shunday qilishning imkoni bo'lsa, Kafka, Borxes, Folkner bilan ijodiy laboratoriyalari haqida suhbat qilgan bo'lardim.

— Adabiyot xaritasini qanday chizasiz…

— Adabiy xaritammi? O'zimni o'zbek adabiyotidanman deb o'ylayman, albatta. Yana adabiyotshunoslar bilguvchidir. Nasr shahrida ko'proq yashayman. Ba'zan tirikchilik yoki dilchilik qilib, ssenariy, dramaturgiya qo'rg'onlariga ham borib qolaman. Bir paytlar nazm ko'chasida ham yashab ko'rganman. Ruhiyatim tushmagani uchun tashlab ketganman. Dunyoning baland cho'qqilari bo'lmish Kafka, Kamyu, Folkner, Onetti, Dostoyevskiy kabi tog'larga borgim keladi. G'arb, Amerika, Yaponiya, umuman, dunyoning adabiy sayohat qilsa bo'ladigan, diltortar barcha burchaklariga sayohat qilib turaman. Buyuklarga ixlos qilib, “Ters ota” degan badiiy makon yaratgim keladi. Orzuga ayb yo'q, nimaiki yozsam, o'zbek adabiyoti fuqarosi bo'lsa deyman.

Go'zal Begim suhbatlashdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × five =