Intiq derazalar umidi börtar

* * *

… Xalqim, özligingga ğubor qönmasin,

Ajdodlar çiroğin nuri sönmasin,

Közlaringga zinhor yoşlar unmasin,

Vatan suvratiga suvrat böl, xalqim!

Kangul maydonimda ösgan sabrimsan,

Oqibat-orimga töla mardimsan,

Qadrimni tik tutgan – baland qadrimsan,

Vatan suvratiga suvrat böl, xalqim!

Tabarruk tufroğning bağriga boylan,

Hurlik nasibasin joyiga joylan,

Jovid vaqtning jovudiga aylan,

Vatan suvratiga suvrat böl, xalqim!

Bergan berganini bir kun söraydi,

Ming xil minnat, ming taʼnaga öraydi,

Iddaoli sira heç porimaydi,

Vatan suvratiga suvrat böl, xalqim!

Sabab va taaddu möldir nihoyat,

Özin oqlaş uçun töqir rivoyat,

Ruhi öngning özi aylar inoyat,

Vatan suvratiga suvrat böl, xalqim!

Idrokdan yöğrilgan asil iroding,

Ğam körsagin, ğaming kanglum tiladi,

Mehringning mehriga jodir murodim,

Vatan suvratiga suvrat böl, xalqim!

U yöldan-bu yölga turlanib köp bor,

Kelib-ketaverar yölovçi bisyor…

Eʼtiqodga quvvat bölib intizor –

Vatan suvratiga suvrat böl, xalqim!

* * *

… O, ona tabiat – mangu sinoat,

sinoat qançalar qadrli eding?

O, ona tabiat – bölib qanoat,

sabrni bardoşga aylantirarding.

O, ona tabiat – seni soğindim,

dardingni, ğamingni özimga olib.

O, ona tabiat – ruhingga indim,

qayğungning sirini qayğumga solib.

O, ona tabiat – qöyganingça lab,

qandayin edinga, olam imkoni.

O, ona tabiat – tongni bağirlab 

quyoş bölar edi mehrning koni.

O, ona tabiat –  bir mahal, bir payt,

kenglik siymosiga intilarding, oh!

O, ona tabiat – yana bir bor qayt –

kanglumning tubidan ketmagin, nogoh!..

* * *

… Tunning bağrini çaraqlatar oy,

tunning bağriga şuʼlasin qadab.

Tunning sathini yaraqlatar oy,

tunning sathiga murodin qadab.

Tunning imdodiga qörlarin tökib,

tunning imdodini siriqtirar oy.

Tunning hodisiga nurlarin tökib,

tunning hodisini biriktirar oy.

Tunning abrlariga sehrini yöllab,

tunning abrlarin parçalaydi oy.

Tunning şodasiga mehrini yöllab,

tunning şodasini naqşlaydi oy…

* * *

… Burgutlar osmonga parvozin taqib,

osmonning toqida yayrab uçadi.

Quyoş nurlariga intizor boqib,

havoning zarbini mağrur quçadi.

Burgutlar osmonga boylagay ohin,

qanotlarin qoqib, behud talpinmas.

Osmon – burgutlarning qadim nigohi,

burgutlarga osmon qilgaydir havas…

* * *

… Daraxtlar quşlarning maskani,

şoxlardan-şoxlarga qöngaydir.

Daraxtlar bergaydir taskinin,

intilib-intilib undaydir.

 

Daraxtlar novdalarin ilar –

bir-biriga bosganiça lab.

Daraxtlar barglari siypalar

quşlar qomatini erkalab.

Daraxtlar muttasil yönalar,

quşlar nigohiga qovuşib.

Daraxtlar quşlarga xuşlanar,

oğuşiga surib dovuşin.

Daraxtlar quşlarga beradi

taʼmin havo nimtaqasida.

Daraxtlar tutaşib turadi,

zamin ufqin mintaqasida.

Daraxtlar quşlarning maskani,

şoxlardan-şoxlarga qöngaydir.

Daraxtlar bergaydir taskinin,

intilib-intilib undaydir…

* * *

…Bulutlar orasidan çiqib kelar oy,

intiq derazalar umidi börtar.

Misoli şafaq burji tortgan yoy

bulutlarning quroq tönini yirtar.

Yoritib zulmatning qaʼrin, hoynahoy,

kökning mehvarida furuğ böliblar:

tiniqlaşib, baland kötarilar oy,

boyğizi*day pastga enar bulutlar…

*— Quruq maqtançoq, hovliqma.

* * *

…Yöllar çekkalaydi.

Bölmayin halak.

Senga yetkazişni körmaydi ravo.

Kanglum qavatida xörsingan lak-lak

soğinç şodasiga qilmaydi parvo.

Manzillar ziğirça yonlamas royiş,

yiroq olib,

özin tortgani-tortgan.

Ayroliq naqşiga berib oroyiş,

kanglumga ğamlarni ortgani-ortgan.

Seni öylab,

köksim gullari sölsa,

naçora?

Umidlarim — hijron ozuği.

Kanglumga mulk yangliğ bitilgan bölsa

bu dunyoda seni kutib ötiş yozuği…

                         * * *

…Sabr,

dariğ tutib bir tomçi boling,

ming tomçi oğungni rizq etding menga.

Balki,

seni ravo körgan-çun tole,

kanglumga birdayin HAQ qurbi engay.

Yölda ketayapman.

Yurgan yölimda

duç kelsa goh quvonç, gohida jabr —

ne holotkim,

                    Paydo bölib kanglumda,

paymonimga oro kirgaysan, sabr.

Vujud —

maydon.

Maydon içra köp taqqi

yolğon örgimçagi töqiydi taʼbir.

Sen özingni yoron bilganing haqqi

bir umr kanglumda östirdim sabr…

 

Ikrom Otamurod

Ikrom Otamurod — Kasbi tumanidagi Xöjakasbi qişloğida tuğilgan. 1969-1974-yillarda Toşkent davlat universiteti (hozirgi Özbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetida öqigan. Şoirning «Vaqt ranglari», «Janub quşlari», «Törğayli manzillar», «Ufqlar orti bepoyon», «Xaritaga tuşmagan joylar»  «Uzoqlaşayotgan oğriq», «Sopol siniqlari», «Sen», «Içkari va taşqari», «Ruhimning qayğusi», «Kanglum, özing», «Tavr», «Tağazzul», «Huviyyat» singari şeʼriy kitoblari çop etilgan.

Yangiliklarni döstlaringizga ulaşing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan