“Gurvak…” qog'ozda qolib ketmasin-da!

Kuni kecha do'stlarimdan biri: “Hurriyat” gazetasida Sizni qiziqtirgan mavzuda maqola chiqibdi. Shu gazetni topib o'qing, dedi. Ochig'ini aytsam, keyingi yillarda matbuotga avvalgi shaydoligim susaygan edi. Sababi, davr shitob bilan o'zgarmoqda-yu, ana o'sha o'zgarish jarayonlari gazetalarda aks etmay turibdi. Qisqacha qilib aytganda, bosma nashrlar elektron matbuot “changida” butkul qolib ketgan deb o'ylab yurgandim. Yo'q, xato o'ylabman. Hali jonli chiqishlar qilayotgan bosma nashrlar bor ekan. Faqat matbuot sahifalarini kuzatmayotganim bu — katta xotoimligini anglab yetdim. Binobarin, kamina internet “titkilab” axborot olishga ko'nikkan edim.

Xullas, do'stim maslahatiga ko'ra “Hurriyat” gazetasining joriy yilgi 9 sentyabr sonini varaqladim-u ko'zlarim quvnadi. Sarlavhalarning o'zi diqqa­tingni “qo'yib yubormaydi”: “Matbuot o'z yolg'onlarining qurboni bo'ldi…mi?”, “Mavlon Umurzoqov: “Siyosatchi ham romantik bo'lmog'i kerak”, “Kitoblar “qamoqdan” chiqarildi”, “Jimlik falsafasi”, “Gurvak kurmakka aylanmasin yoki Vamberi maqtagan Xorazm qovunlari qani?”… Suhbatlar, maqolalar biri -biridan qiziq ekan. Ishtiyoq kuchayib, gazetani boshdan-ayog' o'qib chiqdim-u ichimdan: “Ana endi bu gazeta o'z nomini oqlabdi” deb qo'ydim.

“Hurriyat”ning o'zagi “Hur”. “O'zbek klassik adabiyoti asarlari uchun qisqacha lug'at” kitobida bu atama quyidagicha izohlangan: “HUR — ­­­­1) ozod, erkin; 2) pokiza”. Yana mazkur atama majoziy ma'noda ham ishlatilar ekan: “HURVASh” — hurga o'xshash, juda go'zal”. Mening nazdimda “Hurriyat” juda go'zal gazetga evrilgandek. Do'stimning tavsiyasi bois ushbu davrning doimiy mushtariylari safidan o'rin egallashni niyat qilib qo'ydim.

Endi “Gurvak kurmakka aylanmasin yoki Vamberi maqtagan Xorazm qovunlari qani?” sarlavhali maqolaga munosabat bildirib o'tsam. Ko'nglimizdagi gap gazetga chiqibdi. Mavridi kelganida bir hangomani aytib o'tmoqchiman. Ayni paxta yakkahokimligi davri qizg'in tus olgan mahallarda “Xorazm pedagogi” maxsus poezdida Leningrad (endilikda Sankt- Peterburg) shahriga borgan ziyolilarimiz “Belaya noch” (Oydin oqshomlar)ni ko'rib, lolu hayron bo'lib qolgan ekanlar. Shunda muallimlardan biri: “Yo'q, oq tunlar bizga to'g'ri kelmaydi. Shu tun Xorazmda paydo bo'lsa, brigadirlar bizlarni terim mavsumida kechalari ham paxta terdiradilar” deb barchani kuldirgan ekan. Bu haqiqatan ham ro'y bergan voqea. 1974 yil iyun oyi oxirlarida…

Xo'sh, nima demoqchiman? Paxta yakkahokimligi butun mamlakat ahli, shu jumladan, xorazmliklarning hayot tarzini, ong-shuurini o'zgartirib yuborgan edi. Ana o'sha inersiya hali taqqa to'xtamagan.

O'zingiz o'ylab ko'ring: qaysi davr­larda Xorazm paxtachiligi bilan jahonga dovruq taratgan? Biz buni bilmaymiz. Ammo qadimda Xorazm boldan totli shifobaxsh qovunlari bois yetti iqlimga ovoza bo'lganini manbalardan o'qib bilgan edik. Xorazm qovunlari maxsus sovutgichli qoliplarda Arab davlatlariga olib borilgani va shu asnoda qovunlarimiz jahon bozorlarida katta pullarga sotilgani xususidagi xabarlar yozib qoldirilgan.

Jurnalist Bahrom Ro'zmatov o'sha maqolasida Herman Vamberi fikrlarini sharhlab o'tibdi. Iqtibos menga judayam ma'qul tushdi: “Ke­yinchalik u “Ayniqsa, Hazorasp olmasi, Xiva nashvatisi va anori, qovunlari, hatto, Rossiya bozorlarida ham ancha qadrli va qimmat turadi” deb yozgan”. Men iqtibos olingan Davlatyor Rahim va Shixnazar Matrasul qalamlariga mansub “Feruz” kitobini mutolaa qilganman. Mualliflar Vamberining Xorazm ahli xarakteri, yashash tarzi, bog'dorchiligi, dehqonchiligi to'g'risidagi mulohazalarini chiroyli zaylda sharhlaganlar.

Men o'zim Hazorasp tumanining Pichoqchi qishlog'ida tug'ilib o'sganman. Qirq yetti yildirki, Toshkent shahrida yashayapman. Har gal qishlog'imga qovunlarimizni, olmalarimizni qo'msab boraman. Mo''jizaviy ne'matlarni tanovul qilar ekanman, xuddi bolalikka qaytgandek bo'laman.

Shu o'rinda qiziq ma'lumotni keltirib o'tmoqchiman. Vamberi “Hazorasp olmasi” deb yozganida Karvak olmasini nazarda tutgani ehtimoldan xoli emas. Buning sababi shundaki, bizning Karvak qish­log'ida olmaning g'aroyib turi o'sadi. Rang-ro'yi ko'rimsizroq, ammo o'sha olmani yesangiz karsillagan ovozni eshitasiz — bol va gul isi aralash bir ne'mat dimog'ingizni chog' qiladi, ishtahangizni ochadi. Karvak olmasi bosh­­qa joylarda o'smaydi, deydilar. Bu quyosh harakati hamda tuproq tarkibiga bog'liq bo'lsa kerak.

Gurvak to'g'risida ham shu farazlarni aytmog'imiz mumkin. Gurvak quyosh shu'lalarini, suvni, tuproqni tanlaydi, deydilar. B.Ro'zmatov maqolasida masalaning aynan o'sha jihatlariga e'tibor qaratilibdi. “Taxminimizcha, “gurvak” atamasi negizida “qo'r”, ya'ni issiqlik alomati mujassam. Gurvak bahor quyoshining harorati ila yetiladigan ertapishar qovundir. Kamina mamlakatimizning boshqa viloyatlarida gurvak yetishtirilishini eshitmaganman” deb yozibdi muallif. Af­suski, ana shundoq qovun shifobaxshligi xususidagi gurunglar ertakka aylangan. Hozirgi davrda avvalgi gurvaklar yo'q. Menimcha, bu hodisa dehqonlarimizdagi tashabbuskorlik xislatlari susayganiga borib taqaladi. Dehqon yerni, quyoshni, suvni jonu dili bilan sevmas ekan, undagi ixlosu ishtiyoq so'nib boraveradi.

Tabiat ne'matlari, taomlar — ajdodlardan meros qadriyat. Nafaqat gurvak, balki ajoyib ekinlarning boshqa turlari ham yurtimizda unutilib bormoqda. Masalan, 1960 – yillarda Xorazmda uylar gultaroshlik uslubida qurilgan. Chunonchi, quyosh nurlari yoz oylarida sinib tushib, devorlarni qizdirmagan. Ichkari salqin bo'lib turardi. Har bir uyga kiraverishda talak ­­­(tepadagi omborxona) bo'lguvchi edi. Talakda chiroyli yo'sinda osib qo'­yilgan g'uj-g'uj oq jo'xorilarga ko'zingiz tushar edi. Ana o'sha oq jo'xori unidan jugan kurtuk degan taom qilinardi. Xorazmning xos taomi! Jugan unga kadi (qovoq) suvi aralashtirib zog'ora tayyorlanar edi. Bugungi kunda bu xildagi taomlar o'tmish merosiga aylandi-yov… Nega shunday? Nega biz borgan sari qadriyatlarimizni yo'qotmoqdamiz? “Gurvak kurmakka aylanmasin yoki Vamberi maqtagan Xorazm qovunlari qani?” sarlavhali maqola mutolaasi chog'ida kaminani shu so'roqlar ham bezovta qildi, o'yga cho'mdirdi.

Pirovardida “Gurvak…” qog'ozda qolib ketmasligi kerak” qabilida xulosa yasadim. To'g'ri, bu tarzdagi maqolalarni ko'pchilik o'qiydi. Ammo o'qish barobarida fikrlarga nuqta qo'yilaversa – bundan ne naf? “Hurriyat”chilar qovunchilik sohasi mutaxassislari, fermer xo'jaligi rahbarlari, dehqonlar fikr-mulohazalarini gazeta sahifalariga olib chiqsalar ayni muddao bo'lur edi.

Ha, darvoqe, ustozimiz, buyuk hofiz Komiljon Otaniyozov Toshkent shahrida yashaganlarida muxlislari hamisha ul zotga Xorazm meva-chevalaridan, qovunlaridan jo'natib turgan ekanlar. Yodnomada yozilishicha, jurnalist Husain Rahmonov ota qadr­doni hovlisiga “ to'lib-toshib” borganida ustoz: “Oh-ho! Xorazm­ni Toshkentga ko'chiribsan-ku?!” degan ekan. Bu — faxru iftixor belgilaridir. Chindan ham Xorazm yeri o'z ne'matlari bilan qadimgi tamaddunni eslatib turadi.

Shermat Xo'ja,

hofiz, shoir,

tadqiqotchi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

12 − 10 =