Qadriga kuyaman-da…

Qadrli Zuhriddin aka! «Hurriyat»ning o'tgan (2020 yil 16 sentyabr) sonida Sizning «Shap-shap deguncha…» sarlavhali maqolangizni o'qidim. O'qigan zahoti ichimdan o'tgani — ichimdagilar yozilganini his qilish bo'ldi.

Bu olamda hamma narsaning qadri bor. Toshning, suvning, yaylovning, odamning… tilning. O'zini yerga urgan kishiga qarata: «Qaddingni tut! Qad­ringni to'kma!» deymiz. Xo'sh, tilimizning asrlar davomida qad bo'lgan qadrini kim tushirayapti? O'zimiz emasmi?!

Darhaqiqat, turfa nomu tashkilotlar otini, buning natijasida tilimizni nihoyatda murakkablashtirib yubordik, qadrini to'kdik. Shuning uchunki, bugun birov «Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamg'armasi»ga keta­yapman, demaydi, bil'aks «Raysobez»ga ketdim, deydi. Bu odatdan joylarga nom berayotganda ham qutula olmadik. Alal-oqibat odamlarimiz og'izda «Surum», «Mustaqillik», «Hurriyat» yo «Nurafshon»ga emas, balki o'sha eski «Kirov» (?!), «Avangard», «Mikrorayon» yo «To'ytepa»ga borib kelishayapti.

Bultur qo'shni ko'chaga «Oriyat» degan nomni yopishtirib ketishibdi. Dunyo-dunyo bo'lganidan beri mahalla-ko'y «Toshloq» deydi shu ko'chani. Hozir birovdan «Oriyat»ni so'rasangiz, aytib berolmaydi! Hokimlarga Davlat tilini rivoj­lantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'­yicha maslahatchi shtati nega tashkil etildi bo'lmasa?!

Kezi kelganda aytay: siz sanagan uzundan-uzoq nomlar, lavozimlar nihoyatda urchigan zamonda yashayotgandekmiz. «Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikka qarshi kurashish vazirligi», «tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag'allikni qisqartirish masalalari bo'yicha birinchi o'rinbosari – iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish bo'limi boshlig'i», «shahar hokimining yoshlar siyo­sati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha o'rinbosari», «maktabgacha ta'lim tashkiloti» («bog'cha» deyishmoqchi) degan kishi aqli bovar qilmaydigan nomlarni topadigan azamatlar bilan zamondoshmiz.

Bilasizmi, sinfda 18 o'quvchi edik. Sinfdosh­larimiz orasida qozoqlar ham va bir tatar yigit ham bor edi. Qozoq do'stlarim ona tilidan a'loga o'qishardi, adabiyotdan o'zbekchada she'r­larni dona-dona yod olishardi. Ammo kundalik o'zaro muloqotda qozoq tilida suhbatlashishardi, biz bilan esa o'zbekchada gaplashardi. Ular oila doirasida ham qozoqchada fikrlashishadi. Ha, biz-chi?! O'zbekning bolalari rus maktabida o'qiydi; o'zbekning bolalari rusiyzabon; o'zbekning bolalari o'zga tilda hujjat yuritadi; o'zbekning bolalari ota-onasi bilan ruschada gap­lashadi. Mana tilimizning qadri.

Tilimizning qadri nega to'kilayotir? deb so'roqlayman tez-tez. Idora-yu tashkilotlarimiz otini sun'iylashtirish oqibatida va oilaviy muhitda tilimizning qiymatini bepisand qilishimiz oqibatida bugun shu ko'yga tushmadikmi?

Men yana bir narsaga tushunmayman: «Hokimiyatdanmiz», «Falon tuman hokimiyatidan bezovta qilayapmiz», degan so'zlar bugun tilimizda odatiy shaklu shamoyil kasb etayapti. Bular hokimiyat bilan hokimlikning farqiga boradimi, yo yo'q?!

Siz tilimiz grammatikasini yaxshi bilasiz. So'z birikmalari uch shaklda: moslashuv, boshqaruv va bitishuv yo'llari bilan o'zaro bog'lanadi. Ikki so'z moslashuv yo'li bilan bog'lansa tobe so'z bosh so'zga moslashadi. Bunda tushum, jo'nalish, o'rin va chiqish kelishiklari qo'shimchalari qo'llaniladi. Masalan, maktabga bormoq, daraxtni oqlamoq kabi. Bitishuv yo'li bilan bog'lanayotgan so'zlarga hech qanday qo'shimchaga hojat yo'q. Ular ohang yordamida bog'lanadi. Qizil olma, sokin tovush singari.

So'zlar boshqaruv yo'li bilan birikayotganda qaratqich kelishigining hamda egalik qo'shimchalarining yordami kerak bo'ladi. Bo'lmasa, so'zlar birikmaydi-yu! Mahallaning oqsoqoli, ko'chaning yuzi, kitobning sahifasi kabi. Ayrim hollarda qaratqich kelishigining qo'shimchasi «yo'qolgan» vaziyatlar ham bo'ladi. Masalan: O'zbekis­ton Res­publikasi, televizor ekrani, Toshkent vi­loyati, Nurafshon shahri. Bunday holatlarni egalik qo'shimchasi orqali sezishimiz tabiiy.

Biroq ba'zi ustamonlar «shahar»ga egalik qo'shimchasini qo'shishni istashmaydi. Jigaringdan sug'urib bermayapsan-ku, degim keladi ich-ichimdan.

Mening nazarimda, g'ururimiz bo'lganida, ko'ksimizning chap tarafida zig'ircha bo'lsa-da orimiz turganida, o'zlikni tushunib yetganimizda hammasi bosh­qacha bo'larmidi?! Agarda tilimizning qadri oila muhitidan to davlat idoralarigacha qiymatli bo'lganida Davlat tili(ni rivojlantirish) departamentiga ehtiyojimiz bo'lmasmidi?! Agarda tilimizning qadrini sezganimizda, Mariya Zaxarova deganlar tilimizga oid ishlarimizga arasholmasmidi?!

Tilimizning qadriga kuyaman-da, domla…

Otabek Isroilov,

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

9 − 3 =