Ota-onalar majlisiga Prezident keldi yoxud Turkiya Respublikasi ta'lim tizimiga bir nazar

Amaldagi ta'lim tizimiga Turkiyani yorug' kunlarga olib chiqqan Mustafo Kamol Otaturk asos solgan. Turkiya ta'lim tizimi mamlakat Konstitutsiyasi, ta'lim-tarbiya to'g'risidagi qonunlarga ko'ra, Milliy maorif vazirligining tuzilishi va vazifalari belgilab berilgan. Turkiya Konstitutsiyasining 42-moddasida: “Barcha kishilar ta'lim-tarbiya olish huquqiga egadirlar”, deb yozib qo'yilgan hamda fuqarolarning bilim olish huquqlari kafolatlangan.

Turkiyada barcha turdagi ta'lim to'liq davlat nazoratida bo'lib, bunday nazoratga kirmaydigan ta'lim-tarbiya maskanlarini ochish mumkin emas. Xususiy maktab­lar ham davlat ta'lim standartlari talabiga mos kelishi va davlat dasturlarini to'la bajarishga majbur. Ta'lim bosqichlari quyidagi tarkibga ega:

Maktabgacha tarbiya;

Boshlang'ich maktab.

O'rta ta'lim boshlang'ich ta'limga tayangan holda, kamida uch yil, umumiy, kasbiy va texnik ta'lim muassasalarini o'z ichiga oladi.

Boshlang'ich ta'lim maktabgacha tarbiya bosqichidan so'ng 2 qismga: 5 yillik boshlang'ich va 3 yillik o'rta maktablar bosqichiga bo'linadi. Har ikki bosqichda ham maktabni bitirganlik haqida o'quvchilarga attestat beriladi. Aholi siyrak va tarqoq qishloqlarda maktab markaziy qish­loqlardan birida ochiladi, guruhlashtirish imkoniyati bo'lmagan tumanlarda esa internatlar tipidagi o'quv muassasalari shakliga ega bo'ladi.

Oliy ta'lim — mamlakatda malakali kasb mutaxassisliklarini, ilmiy tadqiqot ishlari olib borishga qodir kishilarni yetishtirib beradi. Turkiyada 160 dan ortiq Oliy ta'lim muassasalari mavjud bo'lib, 104 tasi davlat, 62 tasi xususiy hisoblanadi. Turkiya Boloniya jarayoniga a'zo va ta'lim sifati yuqori, shuning uchun aksariyat turk oliygohlari diplomi butun jahonda tan olinadi. Bu davlatda oliy ta'lim odatda pullik hisob­lanadi. Agar talaba o'z qobiliya­ti, iqtidori bilan o'zini namoyon etsa, unga homiylik yoki davlat stipendiyalari asosida grantlar taqdim etiladi. Oliy ta'limda 2 xil ko'rinishdagi stipendiya mavjud:

Samarali ta'lim uchun;

Davlat tomonidan taqdim etadigan stipendiya.

Lekin ikkinchi ko'rinishdagi sti­pen­diyada o'qigan talaba o'qishni bitirgach, ushbu mablag'larni qaytarishi lozimdir.

Bundan bir muddat oldin ijtimoiy tarmoqlarda Turkiya maktab­larining birida oddiy o'quvchi va Prezident bilan bog'liq qiziq holat kuzatilgani haqida ma'lumot tarqalgandi.

“Qo'ng'iroq chalinib sinfga ustoz kirib keldi. U bolalar bilan salomlashgach o'tirishga ruxsat berdi. Keyin partada tizilib o'tirgan o'quvchilarga bir-bir qarab chiqqach, qat'iy ohangda e'lon qildi:

— Kelasi haftaning shanba kuni ota-­onalar majlisini o'tkazamiz. Majlisga har bir o'quvchining otasi yoki onasi kelishi shart. Chunki har birlari bilan alohida-­alohida suhbat bo'ladi.

— Mening otam keladi.

— Mening onam keladi, otamning vaqti yo'q, — chug'urlashib ketdi bolalar.

Faqatgina o'rta qatorning eng so'nggi partasida o'tirgan bolakay chuqur xo'rsindi-yu, indamadi. Chunki uning na otasi, na onasi bor. Yolg'izgina buvisi esa keksa, maktab­ga yetib kelishga madori yetmaydi. Bolakayning o'ychan yuzi xayoliga kelgan fikrdan yorishib ketdi: “Topdim, men vasiylikka mamlakatimiz Prezidentini aytaman. Axir u yurt otasi, demak, mening ham otam. Bilaman, u bolalarni juda yaxshi ko'radi”…

Birmuncha avval Turkiya teleradiokompaniyasi uyushtirgan 38-bolalar bayrami ishtirokchilarini prezidentlik Kul­liyasida qabul qilgandi. Ularni har biri bilan, o'z bolasiday, mehr bilan so'rashgandi. O'shanda Erdo'g'an janoblari bolalarning beg'ubor nigohlariga tikilib: “Bolalari bo'lmagan dunyo qanchalik quruq, jonsiz va  ma'nosiz, hatto, xayol ham qila olmayman, eng sof, eng toza sevgi bolalarning ko'zlarida, yuzlarida va kichik qo'llarida mavjud”, degandi…

Demir qat'iy ishonch bilan Prezidentga maktub yozishga kirishdi. Maktubda ota-onalar majlisining maqsadi, uning qachon va qaysi vaqtda bo'lishini yozgach, bosh harflar bilan: “Mening ota-onam yo'q. Shu bois Siz janobi oliylaridan o'sha majlisga kelishingizni  va mening vasiyim bo'lishingizni so'rayman. Bilaman, bolalarga bo'lgan cheksiz mehringiz bois, men yetimchaga vaqt topa olasiz”, deb maktubini tugatdi. Albatta, ustozi yordamida… Ustozi xatning ustiga davlat rahbari manzilini yozib, pochta qutisiga tashladi…

Majlis boshlandi. Bolakay umid bilan sinf eshigiga ko'z tashlar, yuragi xavotir va hayajon bilan dukullab urardi. Nihoyat… nihoyat bolaning ko'zlari charaqlab, o'rnidan turib ketdi. Chunki ro'parasida o'zi har doim televizorda ko'rib yurgan Turkiya mamlakatining Prezidenti — Rajab Tayyib Erdo'g'an jilmayib turardi. “Sen mening o'g'limsan, o'ksima”, dedi u bolakayni quchib…

Bu oddiy bir bolaning maktubini nazardan qoldirmagan, uning o'ksik qalbiga malham bo'lishni istagan Turkiya Prezidentining xalqiga, yurtiga bo'lgan ulkan muhab­bati edi.

Islom Asilbekov,

O'zbekiston Jurnalistika va

ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

9 − eight =