“Ixtiyoriy obuna” ne degani?

Sentyabr oyining   oxirrog'ida qishlog'imga bordim. Qavmu qarindoshlar yig'ilishdi. Jurnalist bo'lganim bois   gap mavzusi aylanib,   matbuotga taqaldi. “Tarmoq” gazetasi   keladi (qo'shtirnoqqa olganimga   sabab shuki, u aynan   gazetaning nomini aytdi).   Varaqlab ham ko'rmasdan   qirs ettirib teshib, taxlamga joylab qo'yaman”, – dedi jiyanim. “Ochib   ko'rmaysizmi? Hech qursa, sarlavhalarini   o'qimaysizmi?”. “Yo'q. Hatto sarlavhalarini o'qisam jinim qo'zg'aydi. Nimani o'qishim mumkin? G'irt   shablon?!”.

Shunda ota uyimizdan sal narida yashaydigan   faxriy muallima, yozuv-chizuv bilan   shug'ullanib, kitob chiqarib yurgan   Gavhar Matqurbonovaning   bir   gapi yodimga tushdi. “Quronboy akaning oilasidan ikki   kishi “Darakchi”ga obuna   bo'libdi”, degan edi   u. Hayron qolayotganimni ko'rib, izoh   berdi: “Men avval   o'qiyman, deb tortishar ekanlar. Quronboy aka: yana biring   obuna bo'l, debdi. Obuna bo'libdilar. Hozir ularning uylariga ikki   dona   “Darakchi” keladi”.

Mazkur gazetani   tashkil qilingan vaqtidan   beri kuzatib kelaman. Avvallari san'atkorlar   to'g'risida ko'p narsa   yozar edilar. Dahanaki “jang”larigacha… Keyinchalik   gazeta jiddiylashdi. Mavzu doirasi kengaydi.   Siyosat xususida qiziqarli   materiallar beriladi. Jamiyatimizda ro'y bergan   qiziq hodisalar tezkorlik   ila aks ettiriladi.   Adabiyot masalalari ham…   Deylik, men o'zim shu   gazetada taniqli adabiyotshunos   Ibrohim G'afurovning   avangard   adabiyot borasidagi fikr-mulohazalarini o'qidim.

Ha, darvoqe. “Qirs ettiradigan” jiyanimning   saviyasi baland. Gaplashib ko'rsam, umuman men ism-sharifini eshitmagan   adiblarning asarlarini o'qirkan. Rus tilidagi   kitoblarni… Koinot mavzusi   uni qiziqtirar ekan. “She'rga unchalik hushim yo'q”, deydi   u.

Bunga o'xshash   gaplarni ko'p eshitganman. Urganchlik ijarador   Zarifboy aka: “Oqsoqol iltimos   qilib hech qo'ymagani   uchun bir-ikki gazetalarga obuna bo'lganman, mahalla   idorasiga jo'natishadi, shu gazetalarni   olishga ham erinaman. Chunki, biror qiziq   narsa yo'q. Bir-biridan ko'chirib   yozadilar; kabinetida o'tirib yozadilar;   xalqning ichiga kirmaydilar; o'g'ri, poraxo'r, “qo'g'irchoq   rahbarlar” haqida yozmaydilar”, dedi. O'zining aytishicha, Zarifboy aka yog'-moy zavodida o'ttiz   yilcha ishlab, ko'p voqealarga   guvoh bo'libdi.

Hozirgi davrda   odamlarning fikrlash darajasi   ijobiy tarafga o'zgaryapti. Tafakkur miqyosi   kengayib bormoqda. Ular “qolip”   maqolalarni xush ko'rmaydilar, o'ylashga chorlaydigan   maqola, suhbatlarni topib o'qiydilar. Xuddi shuningdek, gazeta, jurnal   mas'ullari aksariyat hollarda   “chetdagi mualliflar”ning yozganlarini   nashr etishmaydi. O'z   xodimlari bilan birgalikda   ish ko'radilar.

Eski davrda qanday edi?

Esimda, dadam bir kuni: “O'g'lim, sen ham   maqola yoz”, deb qoldi. O'n yoshga yaqinlashayotgan edim. 1970 yilning kuzagi… Eh, shungayam   ellik yil bo'libdimi?   Yarim asr.

Bolalarcha “Unda   nima bo'ladi?” — deb so'radim. “Tiyin yuboradilar”, dedi dadam. Boy-badavlat yashardik. (O'qituvchilar ko'p   maosh olishardi. Dadam astranomiya, fizika, onam matematika   fanidan dars berardi).   Ammo o'zimning pul topishim   qiziq tuyuldi. “Qanday yozaman?”   — dedim. “Qog'oz, ruchka ol”. Yozdim. Pochta orqali gazetaga jo'natdim. Alalxusus, tumanimiz gazetasida   ism-sharifimni o'qib, osmoni falakka   uchgandek quvondim. “29   sentyabr. 1970 yil. Shu kuni pochtalon   gazeta olib keldi. Unda o'g'lim Bahromning maqolasi chiqibdi.   Xursand bo'ldim”, deb   yozibdi dadam kundaligiga.

Avvalgi davrlarda   gazetalarni barmoq bilan   sanasa bo'lardi: tuman, viloyat gazetasi,   respublikaning ikki-uch gazetasi, “Pravda”, “Izvestiya”… Pochtalonni   ilhaq bo'lib kutganlarimiz yodimda. Gazeta o'qimaydigan odam   deyarli topilmasdi. Ayniqsa, o'qituvchilar ko'p gazeta o'qirdilar. Tuman, viloyat gazetalaridan qishlog'imizga muxbir kelsa, ovozaga aylanib ketardi.

Hozir boshi   dumaloq kimki bor – gazeta tashkil qilgisi keladi. Gazetalarning son-sanog'i yo'q. Taklif ko'p-u, talab oz. Bu to'g'rida   o'ylab ko'rish darkor. Umuman olganda, o'zbek   matbuotining bu kungi   ahvoli xususida rahbarlarimiz chuqur mulohaza yuritib   ko'rishlari joiz. Masalan, bemaza ovqatlarni pishiradigan, xo'randalarni zaharlaydigan   kafe, choyxonalarni darhol   yopadilar-ku?   Matbuot mahsulotlari ruhiyatga ataladigan “taom”   emasmi? Ruh ozig'i   emasmi?

Keyingi davrlarda   turli korxonalarga, ayniqsa, maktablarga borib tahdid   qilib o'z nashriga   majburan obuna qiladigan   jurnalistlar ko'paya boshladi. Obunani taklif etadilar, ko'nmasalar “tirnoq ostiga”   qaraydilar. Jurnalist bir yeng   shimarsa bormi, qaltis nuqtalarni   topaveradi. Buni majburiy obuna, deydilar.

Xo'sh, unda “ixtiyoriy obuna” ne degani?   Obunaning bu turi   sog'lom raqobat deganidir. Ya'ni, gazeta va jurnallar   orasida sog'lom raqobat   voqelikka ko'chadi. Nashr xodimlari   mahoratlarini oshiradilar, odamlarni qiziqtiradigan mavzularda   maqolalar yozadilar, suhbatlar uyushtiradilar. Xullas, jurnalist   nashri yopilib, ishsiz qolib   ketmasligi uchun bor   imkoniyatlarini ishga soladilar.

Yana   ixtiyoriy obuna vatanparvarlik, millatparvarlik degani.   Vatanning obodligi, millatning farovonligiga astoydil   xizmat qilishga bel   bog'lagan biror gazeta   va jurnal obunasiga   kirishadigan asl vatanparvardirlar, asl millat   fidoyilaridirlar. Ular majbur   qilmaydilar, balki foydali harakatni   isbotlab beradilar.

Yana   ixtiyoriy obuna jurnalist   mehnatining xalq tomonidan   e'tirof etilishidir. Bu mening   o'ta shaxsiy   mulohazam   — jurnalistika   jabhasida   o'tkaziladigan   tanlovlarda aksariyat   holatlarda tanish-bilishchilik kayfiyati   ustuvorlik kasb etmoqda. Chunonchi, muallifning ism-sharifiga e'tibor qaratadilar, yozganlariga qaramaydilar.

Yana   ixtiyoriy obuna turli jamg'arma rahbarlarining   “uyqudan uyg'onishi” demak. Jamg'arma mas'ullari yurt ravnaqi   yo'lida maydonga chiqqan   jurnalistlarni moddiy jihatdan   rag'batlantirib turishlari darkor.

O'ylab   ko'ring. O'zbekiston   mustaqilligi uchun kurashgan   jadidlar ishni matbuotni   taraqqiy ettirishdan boshlamagan   edilarmi? Behbudiy jurnalist   edi. Abdulla Qodiriy   jurnalist edi. Abdulhamid   Cho'lpon jurnalist edi. Deylik, Qodiriyning, Cho'lponning ikki   varaq hajmdagi maqolalarini ham   hayajonlanib o'qiysiz. Ular har bitta so'zni, har   bitta iborani chertib-chertib tanlar edilar.

Bugun-chi?   Bugun gazeta va   jurnallarning   “tili” qanaqa?   Aksariyati zerikarli. Saqichsimon. Ruhsiz. Ana   o'sha jarayonga ehtimol   “ixtiyoriy obuna” nuqta   qo'yib berar?

Qo'l   uchida, miyaning bitta katagini   ishlatib maqola yozadigan   jurnalistlar bugungi kunda   amal-taqal kun ko'rishi   mumkin. Ammo ertaga yoki indinga   u inqirozga uchraydi;   qozoni qaynamay qoladi;   diplomi ko'ziga shumshuk   ko'rinadi. Bu xildagi ko'rgulikdan   Xudo saqlasin.

Hech kimga sir   emaski, bugungi kunda jurnalistlarning   moddiy ahvoli havas   qilgulik emas. Binobarin, xodimlarini moddiy va   ma'naviy jihatdan rag'batlantirishda har bir tahririyat   tashabbus ko'rsatmog'i lozim. Deylik, “Yilning eng yaxshi nashrlari” tanlovi joriy   qilinsa, tahririyatlar avvalgidan ko'ra yaxshiroq   ishlarmidi, tashabbus ko'rsatgan bo'larmidi?!

Jurnalist   ham ma'lum ma'noda   siyosatchidir. Uning   fidoyiligi jamiyat hayotiga   ta'sir o'tkazadi. Goho bir   maqola yoki suhbat   mushtariylar idrokiga muhrlanib   qolishi mumkin. Yozuv —   jamiyatni o'zgartiradigan vosita.

Binobarin, kuchimiz, quvvatimiz borida   yozuvlarimizga rang beraylik, ruh beraylik! Ezgu niyat   yo'lida birlashaylik. Chunki, shundan boshqa yo'l ham ko'p. Bir donishmand aytganki: agar chin   ko'ngildan, sof istak ila   olg'a intilsang, seni   butun koinot qo'llab-quvvatlaydi.

Bahrom Ro'zimuhammad

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 + 8 =